Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Dekabr, 2024   |   24 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
25 Dekabr, 2024, 24 Jumadul soni, 1446

Selfichilarga!

4.02.2020   2732   3 min.
Selfichilarga!

U qilayotgan ba’zi ishlarini xalq bilan bo‘lishgisi kelardi.

Oilasi davrasida o‘tirganda, farzandlarining kundaliklarida qanday baholari borligini hammaga e’lon qilgisi kelardi.

Ulfatlari bilan oshxona, kafelarda o‘tirganda, qanday taom yeb o‘tirgani, salatlari nimalardan iboratligi, salqin ichimliklari nimaligini hammaga bildirgisi, ko‘rsatgisi kelardi.

Ko‘chada yurganda ham o‘zi guvohi bo‘lgan biror voqeani o‘zi tahlil qilib, xulosa chiqarib qo‘yavermasdan, tarmoqqa yozib, undan tashqari o‘sha voqeada ishtirok etganlarning rasmlarini ham postiga qo‘shib joylardi. Rasmni tarqatishni egalaridan so‘rash kerakligi, umuman, ular bilan bog‘liq hodisani barchaga yoyishni so‘rab ko‘rish kerakmi-yo‘qmi, o‘ylab o‘tirmasdi.

Og‘aynilari bilan dam olishga qorli tog‘larga borar ekan, iloji bo‘lsa har bir bosgan qadamini turli tomonlardan suratga tushirib, tarmoqqa joylashga,  umrida “qor ko‘rmagan sahroi kabirliklar”ga qalin qorni g‘irchillatib bosib yurganini ko‘rsatgisi kelardi.

U qorli tog‘ bag‘rida o‘zini goh mutafakkirdek tutib, ibratli postlar yozar, goh bo‘ydoqqa aylanib, sevgi haqida she’rlar “bitardi”.

Dengiz bo‘yiga o‘xshash joylarda o‘tirgancha, “sevgi bobida omadi kelmagan oshiqdek” xayollarga berilar, iztiroblarini bayon etib, o‘z rasmini qo‘shib postlar qoldirardi.

Ba’zan shaharning allaqaysi burchagida joylashgan kafeda kim bilandir “qimmat” qahva ichib o‘tirganini va bu paytda ham o‘zini Istanbuldagi Bosfor bo‘g‘ozi sohilida o‘tirgandek his qilayotganini bildirishga urinardi.

Safarga ketayotganini, aeroport terminali derazasidan tashqariga nigoh tashlab turganini, vatani sog‘inchi uni qiynayotganini sezdirishga urinib post qo‘yar, postning ustida esa o‘zi turgan joy nomini kiritib qo‘yardi.

Uyida chiroq o‘chsa, qora rasmning ustiga “21-asr” deb yozib, tarmoqqa joylar, chiroq yonsa, ba’zan “Chiroq yondi” deb post qo‘yar, ba’zida esa chiroq yonganini aytmay qo‘ya qolardi.

Aytyapmanku, u qilayotgan ishlarining ba’zilarini xalq bilan bo‘lishgisi, xalqqa ilingisi kelardi.

Birodar, kitob o‘qiyotganingiz, Masjidga kirayotganingiz rasmini qo‘ysangiz, agar qalbingizda riyo qilishni ko‘zlamagan bo‘lsangiz, bu ikki turdagi rasmingiz boshqalarga ibrat bo‘ladi deb umid qilamiz. Ammo boshqa yumushlarni rasmga olib tarmoqqa joylayverish masalasini o‘ylab ko‘rarsiz.

Axir siz qahva ichish, toqqa borish, ulfatlar bilan osh yeyish va hokazo ishlarni xalq uchun emas, o‘zingiz uchun qilasiz-ku! Qolaversa, bunday ishlar maqtanchoqlikka aylanib ketishi xafvi bor.

Har birimiz vaqtimiz, umrimiz, pullarimizni nimalarga sarf etayotganimiz, ilmlarimizga qanchalik amal qilayotganimizga e’tibor beraylik!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsa haqida so‘ralmasidan turib oyog‘i o‘rnidan jilmaydi: umrini nimaga sarf qilgani, ilmiga qanday amal qilgani, mol-dunyosini qayerdan topgani va uni nimaga xarajat qilgani, jismini nima uchun fido etgani».

Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilgin!

 

Nozimjon Hoshimjon

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

25.12.2024   1086   1 min.
E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun

Bugun, 25 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizning turli hududlaridan kelgan fuqarolarni qabul qilib, muammo, arz va takliflarini tingladilar.


Qabul jarayonida Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand, Toshkent, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahridan kelgan fuqarolarning masjidlar holati, oilaviy masalalar, diniy ta’lim, haj-umra hamda moddiy yordam olish yuzasidan murojaatlari ko‘rib chiqildi.


Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Ayrim masalalar bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.


Darhaqiqat, birovning dardini yengillatish, uning tashvishlari osongina bartaraf etilishiga hissa qo‘shish – savobi ulug‘ amal. Chunonchi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “... Kim birodarining hojatini ravo qilsa, Alloh uning hojatini ravo qiladi. Kim bir musulmonning tashvishni aritsa, Alloh uning Qiyomat kunidagi tashvishlaridan birini aritadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).


Mana shunday qabul jarayonlari mamlakatimizdagi barcha jome masjidlarda haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun E’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillar mamnun
O'zbekiston yangiliklari