O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2017 yilda tashkil etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan o‘tgan qisqa davr mobaynida buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish, nufuzli xalqaro markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bugungi kungacha dunyoning 24 ta yetakchi islom tadqiqot markazlari, universitetlar bilan hamkorlikka oid memorandumlar imzolandi.
Ana shu xalqaro hamkorlik aloqalarining samarasi o‘laroq, joriy yil yanvar oyida Buyuk Britaniyaning “Al-Furqon” fondi dunyo kutubxonalarida saqlanayotgan nodir qo‘lyozma asarlarning kataloglari va boshqa manbalardan iborat yuzga yaqin kitoblar to‘plamini Markazga hadya qildi, deya xabar bermoqda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati. Ular orasida dunyo fondlarida saqlanayotgan arab, turk, fors tillaridagi nodir qo‘lyozmalar, kataloglar, shuningdek, qo‘lyozmalarni tahqiq va tahrir qilishga oid asarlar, islom ilmiga doir kitoblar mavjud.
Anjumanda Buyuk Britaniyadan keltirilgan kataloglarning nodir qo‘lyozma manbaalarni tadqiq etishdagi ahamiyati, Markazning o‘tgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlari va istiqboldagi rejalari haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, Markaz Turkiyaning nufuzli universitetlari bilan ham ilmiy hamkorlikni amalga oshirmoqda. Har ikki davlat yosh olimlarining o‘zaro tajriba almashishi yo‘lga qo‘yilib, xalqaro ilmiy-amaliy seminarlarda ishtirok etib kelmoqda. Ana shu hamkorlikning amaliy ifodasi sifatida Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot fakulteti tomonidan Markazga Imom Moturidiyning 18 jildlik “Ta’vilotul Qur’on” asari taqdim etildi.
Tadbir doirasida mazkur kitoblarning ham taqdimoti o‘tkazilib, ishtirokchilarga yaqindan tanishtirildi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, ayni vaqtda Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Imom Moturidiyning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish ishlari jadal olib borilmoqda.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati
Ulamolar biror bir mazhabga ergashish borasida Quron oyatlari va hadisi shariflardan ishoralar keltirib aytishadiki,«...Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz» (16:43).
Huzayfa roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan hadisda: «Men sizlarning orangizda yana qancha qolishimni bilmayman. Shunday ekan, mendan so‘ng u ikkisi: Abu Bakr va Umarga iqtido qiling» (Termiziy, Ibn Moja, Ahmad), deyilgan.
Imom Muslim «Sahih» asarining sharhlovchisi Imom Navaviy muayyan imomga taqlid qilishning shartligini sharhlab: «Sabab shundaki, mazhablardan birini tanlashga ruxsat berish kishilarni, ular o‘z xohishlariga mos keladigan oson narsaga ergashishiga olib keladi. Ular halol va harom, ruxsat etilgan va man etilgan narsalarning orasidan o‘zlariga mosini tanlaydilar. Bu mazhablar osonlashtirilmagan, tizimlashtirilmagan yoki mashhur bo‘lmagan ilk islom davridan farqli ravishda mas’uliyat tashvishidan ozod qilishga olib keladi. Shular asosida kishi o‘zi qat’iy ravishda amal qiladigan mazhablardan birini tanlashi lozim bo‘ladi», degan .Boshqa manbada: «Bu ummat ijmo qilgan, to‘g‘irlangan, yozib qo‘yilgan to‘rt mazhabdir. Bizning kunimizgacha odamlar unga taqlid qilishib o‘zlarini o‘shandan deb hisoblaydilar. Bunda, ayniqsa, qat’iyatlilik kamaygan, xohishlarimiz ongimizga o‘rnashgan va odamning ahmoqona ehtirosi xuddi fazilat sifatida qaraladigan bugungi kunda, ko‘pgina aniq ustunlik bor», deb yozgan.
Yangi Namangan tumani "Abdulloh ibn Mas’ud" jome masjidi
imom-xatibi Sh.To‘xtabayev