Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Aprel, 2025   |   30 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:57
Quyosh
05:25
Peshin
12:26
Asr
17:14
Shom
19:20
Xufton
20:42
Bismillah
28 Aprel, 2025, 30 Shavvol, 1446

Maqolni o‘zgartiramiz: “FOLGA ISHONMA, FOLBINGA BORMA!”

03.02.2020   2645   5 min.
Maqolni o‘zgartiramiz:  “FOLGA ISHONMA, FOLBINGA BORMA!”

 Shariatsiz kishi uchsa havog‘a,
Ko‘ngil qo‘ymang aningdek xudnamog‘a

So‘fi Olloyor

 

Alloh taolo butun borliqni yaratar ekan, jami mahluqotu mavjudotlarining holatini, kelajagini, taqdirini O‘zining buyuk ilmi ila taqdirga bitik qildi. Shuningdek g‘ayb ilmi, ertangi kun holati, kelajakdagi bo‘ladigan ishlarni bilish faqat Allohgagina xosdir.

Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:

“G‘ayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas.  Yana quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq uzilib tushsa ham bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir” (An’om, 59 oyat).

Keyingi vaqtlarda kelajakdan bashorat beruvchilar, insonni taqdiri haqida xabar qiluvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bashorat qilishning ham turli yo‘llari bo‘lib, ularga: kaftga, yulduzlarga, rasmga, qartaga, qahva quyqasiga, suvga  va boshqa narsalarga qarab, insonlarning taqdiridan xabar berishadi. Bashoratchilarning o‘zlarini esa: folbin, kohin, romchi, folchi munajjim, arrof va boshqa nomlar bilan nomlanadi.

Bunday ishlarni o‘zlariga kasb qilib olganlar odamlarni qabul qiladigan xonalarida  tasbeh, sham, oyna, suv, kofe, kul, pichoq, cho‘plar va boshqa narsalar bilan  qabul qiladilar. 

Ming afsuslar bo‘lsinki,  hozirgi vaqtda  insonlar orasida oilaviy nizolarni bartaraf etish, farzandlik bo‘lish, yo‘qotgan narsasini topish, yuqoriroq lavozimga ko‘tarilish, meros masalalari, er bilan xotinning orasini buzish kabi  ishlarda folbinlarga borish ko‘payib bormoqda. Avvallari bunday ishlar faqat ayollar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda folbinlarning eshigi tagida o‘tirganlar orasida erkaklarni ham uchratish mumkin. Odamlar orasida “Romga ishonma, romsiz yurma” degan noto‘g‘ri talqin qilingan maqolga ko‘pchilik amal qilib keladi. Rom ochtirish, folga ishonish  kabi amallardan  islom dinimiz qaytargan.

Islomda sehrni o‘rganish  man qilingan.  Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Folbin sehrgardir, sehrgar esa kofirdir”. Folbinlar shar’iy  kitoblarda “koxin”, “arrof” nomi bilan ham yuritilgan. Folbinlar insonlarni ularni kelajagini bilishi haqidagi uydirmalari bilan ishontiradilar. Ba’zilari tasodifan to‘g‘ri kelishi mumkin bo‘lsa ham, aksari ochgan follari noto‘g‘ri chiqadi.  Folbinlar noto‘g‘ri follari haqida umuman  gapirmaydilar. Ishonuvchan insonlarga folbinlar g‘aybni biladigandek tuyuladi.

Bir kuni shom vaqtida qo‘shnining hovlisidan baqir-chaqir eshitildi. Manzura aya: “Tinchlikmi?” - deya qo‘shninikiga yugurdi. Qo‘shni yosh oila,  ikkita farzandi bor. Yigit  ichkilik ichgani tufayli,  er-xotin tez-tez janjallashib turardi. Manzura aya qo‘shninikiga chiqqanlarida,  singil akasini bir ahvolda ko‘rib, yordamga chaqiradi.

Navbatdagi janjaldan keyin kelin ota-onasinikiga ketib qolgan, qaytib kelishni hoxlamagan. Ba’zilar yigitga “Fol ochtirib ko‘r” deb maslahat berishgan ekan. Boshqa mahalladagi  folbinga borganida, u “Ko‘zimga boshqa erkak ko‘rinyapti, o‘rningni boshqa erkakka almashtirgan” deb  yigitga gapiradi.  Yigitga bu gap yomon ta’sir qiladi.

Manzura aya qo‘shnisinikiga chiqqanida yigit, o‘zini osmoqchi bo‘lib turgan ekan.  Hay-haylab, tinchlantirishga harakat qilib, nima gapligini bilganlaridan keyin, “Ayolingni tartibliligini hamma biladi, ikkita guldek farzanding bo‘lsa, ichkilikni tashla, bolam”, deb maslahat beribdilar.

Uyga  chiqib, endi dam olaman deb turganlarida, qo‘shninikidan singlisi yana yordamga chaqirdi. Manzura aya yana qo‘shninikiga chiqqanida yigit qon bosimini tushiradigan doridan anchaginasini ichib yuboribdi. Mashinasi bor qo‘shnini chaqirib, yigitni darhol kasalxonaga olib borishdi. Kasalxonada oshqozonini qayta-qayta yuvishgandan keyin u o‘ziga keldi. Yigitga ko‘p pand-nasihatlar qilinib, kelin bilan yarashtirib qo‘yildi.

Hozirgi vaqtda  yigitning oilasi mahalladagi ahil oilalardan biri. Lekin  folbinlikni o‘ziga kasb qilib olganlarning bashorati bir oilaning parokanda bo‘lishi bilan birga bir insonning hayotiga zomin bo‘lishiga bir bahya qoldi.

Oysha onamiz roziyallohu anho bunday deganlar: “Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertaga nima bo‘lishini aytadilar, deb o‘ylasa, Alloh taologa katta bo‘hton qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ayting: “Osmonlar va yerdagi birorta g‘aybni bilmaydi. Faqat Alloh biladi” (Naml surasi, 65 oyat. Imom Muslim rivoyati).

Hayotimiz sinovlardan iborat, har birimiz  duch kelayotgan sinovlarda  aql bilan fikr yuritib, oqibatini o‘ylab har bir ishga oqilona yondashishimiz zarur. Atrofimizdagilar, yaqinlarimizga turli irimlarga ishonmaslik, biror musibat yetganda  folbin, sehr qiluvchilarning oldiga bormaslikni  qat’iy tushuntirishimiz zarur. Har bir ishda Yaratganga tavakkul qilish, tibbiy kasalliklarda mutaxassislarga murojaat qilish, shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘qib yurgan duolarni o‘qib yurish tavsiya etiladi. 

 

Munira Abubakirova

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   2784   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari