Shariatsiz kishi uchsa havog‘a,
Ko‘ngil qo‘ymang aningdek xudnamog‘a
So‘fi Olloyor
Alloh taolo butun borliqni yaratar ekan, jami mahluqotu mavjudotlarining holatini, kelajagini, taqdirini O‘zining buyuk ilmi ila taqdirga bitik qildi. Shuningdek g‘ayb ilmi, ertangi kun holati, kelajakdagi bo‘ladigan ishlarni bilish faqat Allohgagina xosdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi:
“G‘ayb (yashirin sirlar) kalitlari Uning huzuridadir. Ularni Undan o‘zga bilmas. Yana quruqlik va dengizdagi narsalarni (ham) bilur. Biror yaproq uzilib tushsa ham bilur. Yer zulmatlari (qa’ri)dagi urug‘ bo‘lmasin, ho‘lu quruq bo‘lmasin (hammasi) aniq Kitob (Lavhul-Mahfuz)da (yozilgan)dir” (An’om, 59 oyat).
Keyingi vaqtlarda kelajakdan bashorat beruvchilar, insonni taqdiri haqida xabar qiluvchilar soni ko‘payib bormoqda. Bashorat qilishning ham turli yo‘llari bo‘lib, ularga: kaftga, yulduzlarga, rasmga, qartaga, qahva quyqasiga, suvga va boshqa narsalarga qarab, insonlarning taqdiridan xabar berishadi. Bashoratchilarning o‘zlarini esa: folbin, kohin, romchi, folchi munajjim, arrof va boshqa nomlar bilan nomlanadi.
Bunday ishlarni o‘zlariga kasb qilib olganlar odamlarni qabul qiladigan xonalarida tasbeh, sham, oyna, suv, kofe, kul, pichoq, cho‘plar va boshqa narsalar bilan qabul qiladilar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi vaqtda insonlar orasida oilaviy nizolarni bartaraf etish, farzandlik bo‘lish, yo‘qotgan narsasini topish, yuqoriroq lavozimga ko‘tarilish, meros masalalari, er bilan xotinning orasini buzish kabi ishlarda folbinlarga borish ko‘payib bormoqda. Avvallari bunday ishlar faqat ayollar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda folbinlarning eshigi tagida o‘tirganlar orasida erkaklarni ham uchratish mumkin. Odamlar orasida “Romga ishonma, romsiz yurma” degan noto‘g‘ri talqin qilingan maqolga ko‘pchilik amal qilib keladi. Rom ochtirish, folga ishonish kabi amallardan islom dinimiz qaytargan.
Islomda sehrni o‘rganish man qilingan. Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Folbin – sehrgardir, sehrgar esa – kofirdir”. Folbinlar shar’iy kitoblarda “koxin”, “arrof” nomi bilan ham yuritilgan. Folbinlar insonlarni ularni kelajagini bilishi haqidagi uydirmalari bilan ishontiradilar. Ba’zilari tasodifan to‘g‘ri kelishi mumkin bo‘lsa ham, aksari ochgan follari noto‘g‘ri chiqadi. Folbinlar noto‘g‘ri follari haqida umuman gapirmaydilar. Ishonuvchan insonlarga folbinlar g‘aybni biladigandek tuyuladi.
Bir kuni shom vaqtida qo‘shnining hovlisidan baqir-chaqir eshitildi. Manzura aya: “Tinchlikmi?” - deya qo‘shninikiga yugurdi. Qo‘shni yosh oila, ikkita farzandi bor. Yigit ichkilik ichgani tufayli, er-xotin tez-tez janjallashib turardi. Manzura aya qo‘shninikiga chiqqanlarida, singil akasini bir ahvolda ko‘rib, yordamga chaqiradi.
Navbatdagi janjaldan keyin kelin ota-onasinikiga ketib qolgan, qaytib kelishni hoxlamagan. Ba’zilar yigitga “Fol ochtirib ko‘r” deb maslahat berishgan ekan. Boshqa mahalladagi folbinga borganida, u “Ko‘zimga boshqa erkak ko‘rinyapti, o‘rningni boshqa erkakka almashtirgan” deb yigitga gapiradi. Yigitga bu gap yomon ta’sir qiladi.
Manzura aya qo‘shnisinikiga chiqqanida yigit, o‘zini osmoqchi bo‘lib turgan ekan. Hay-haylab, tinchlantirishga harakat qilib, nima gapligini bilganlaridan keyin, “Ayolingni tartibliligini hamma biladi, ikkita guldek farzanding bo‘lsa, ichkilikni tashla, bolam”, deb maslahat beribdilar.
Uyga chiqib, endi dam olaman deb turganlarida, qo‘shninikidan singlisi yana yordamga chaqirdi. Manzura aya yana qo‘shninikiga chiqqanida yigit qon bosimini tushiradigan doridan anchaginasini ichib yuboribdi. Mashinasi bor qo‘shnini chaqirib, yigitni darhol kasalxonaga olib borishdi. Kasalxonada oshqozonini qayta-qayta yuvishgandan keyin u o‘ziga keldi. Yigitga ko‘p pand-nasihatlar qilinib, kelin bilan yarashtirib qo‘yildi.
Hozirgi vaqtda yigitning oilasi mahalladagi ahil oilalardan biri. Lekin folbinlikni o‘ziga kasb qilib olganlarning bashorati bir oilaning parokanda bo‘lishi bilan birga bir insonning hayotiga zomin bo‘lishiga bir bahya qoldi.
Oysha onamiz roziyallohu anho bunday deganlar: “Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ertaga nima bo‘lishini aytadilar, deb o‘ylasa, Alloh taologa katta bo‘hton qiladi. Alloh taolo bunday marhamat qilgan: “Ayting: “Osmonlar va yerdagi birorta g‘aybni bilmaydi. Faqat Alloh biladi” (Naml surasi, 65 oyat. Imom Muslim rivoyati).
Hayotimiz sinovlardan iborat, har birimiz duch kelayotgan sinovlarda aql bilan fikr yuritib, oqibatini o‘ylab har bir ishga oqilona yondashishimiz zarur. Atrofimizdagilar, yaqinlarimizga turli irimlarga ishonmaslik, biror musibat yetganda folbin, sehr qiluvchilarning oldiga bormaslikni qat’iy tushuntirishimiz zarur. Har bir ishda Yaratganga tavakkul qilish, tibbiy kasalliklarda mutaxassislarga murojaat qilish, shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘qib yurgan duolarni o‘qib yurish tavsiya etiladi.
Munira Abubakirova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Musulmon birodaringiz qilgan xatosini tan olib, sizdan uzr so‘rab kelsa, samimiy uzr so‘rayotganiga alomatlar bor bo‘la turib, uning uzrini qabul qilmasligingiz tahrimiy makruh bo‘ladi. Chunki bu vaziyatni o‘zining foydasiga suiste’mol qilish va birodardan yomon gumon qilish bo‘ladi.
Ibn Javdon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim musulmon birodaridan uzr so‘rasa-yu, ammo u qabul qilmasa, unga (nohaq) o‘lpon yig‘uvchining gunohi kabi gunoh bo‘ladi", deganlar.