frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ilm – saodat kaliti, ilmsizlik – jaholatdir

03.02.2020   46112   11 min.
Ilm – saodat kaliti, ilmsizlik – jaholatdir

Har bir mamlakatning, jamiyatning taraqqiyoti u yerda ilmu fanning naqadar rivoj topgani bilan uzviy bog‘liqdir. Ilmga va uni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor o‘sha davlatning ertangi kunini belgilab beradi.

Ilm — aql nuridir. U insonlarni borliqni his etish, voqelikni idrok etish, ma’naviy va moddiy olamni anglashga, tafakkurini shakllantirishga undaydi. Ilm yashash chirog‘idir. U insonlarga baxt keltiradi, yorug‘likka chorlaydi, jaholatdan yiroqlashtiradi. Ziyoli insonlar jamiyatning yetakchilari hisoblanadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deya marhamat qilganlar. Beshikdan to qabrgacha ilm egallashga intilish mo‘min kishining hayot tarzi bo‘lishi kerak. 

Bilim to‘g‘risida xalqimizning ham juda ko‘p maqol va iboralari mavjud. Bilim olishning erta-kechi bo‘lmaydi, deydi dono xalqimiz. “Ilm olish igna bilan quduq qazish”, deb bekorga ta’kidlamaydi. Ilm cheksiz olam, tubsiz quduqdir. U chek-chegarasiz, uni to‘liq egallashga umrlar yetmaydi, keragini o‘qish ilm sohibining mahoratiga, tajribasiga, sabr-toqatiga va albatta ustozu muallimlar ko‘rsatmalariga bog‘liqdir.

Ma’rifatga ega bo‘lmay turib maqtanish bu jaholatdir. Shuning uchun donolar aytadiki,  ilm egarlangan otdir, bilganga do‘st, bilmaganga dushmandir.

Ta’kidlash kerakki, tarixda ham ilmsizlik oqibatida yuzaga kelayotgan barcha munosabatlar nizolarga aylanib, jamiyatning taraqqiyotiga rahna solgan. Ilmli insonlar yashaydigan, istiqomat qiladigan, faoliyat yuritadigan makonlar charog‘on hisoblansa, ma’rifatsizlar makoni, ularning istiqomat manzili zimistondir. Ular ilmli insonlarga hamisha xasad ko‘zi bilan boqadi, ularni orasiga turli nifoqlar solib, obro‘ va manfaat topishga harakat qilishadi.

Ilmli insonning so‘zi ravon, aniq va tushunarli bo‘ladi, ilmsiz odamda ishonchsizlik kuchli bo‘lib, nutqida mavhumlik ko‘proq bo‘ladi. Johil kimsa aniq bir manfaatni ko‘zlab ilm yo‘lida yursa-da, manfaatga erishganidan so‘ng shu ilmga sodiqlikni yo‘qotadi, ilmning sof fazilatlarini soxtalashtirib, yangi foyda sari odimlaydi. Bunday insonlardan barcha yiroqda yurishni lozim deb biladi. 

Ta’kidlash joizki, oila qurish uchun ham ilm o‘rganish lozim. Binobarin, oilaviy masalalarning yechimi tajribalar asosida bitilgan asarlarda mujassamdir. Shuningdek, bu dunyo saodatini topish uchun ham, oxirat saodatini topish uchun ham ilm o‘rganish kerak. Ilm chegarasiz ummondir. Shuni ham ta’kidlash muhimki, ma’rifatli bo‘laman, o‘zi uchun, oilasi uchun, jamiyat taraqqiyoti uchun ilm o‘rganaman degan inson, avvalo, yaxshi ustozga bormog‘i lozim. 

Dinimizning bosh manbasi Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomda ekanligi ta’kidlangan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida ko‘plab dalillar kelgan. Ilmning har bir sohasida kashfiyotlar qilingan, buyuk ulamolar yetishib chiqqan. Shunday ekan, ilmga rag‘batsizlik, undan yuz o‘girish johillik hisoblanadi.

Insonlar tug‘ilganidan to so‘nggi nafasigacha ilm talab qilib, uni to‘la his qilgan holda umr bo‘yi o‘zini tolibi ilm hisoblab yurishi lozim, bu ularning ikki dunyo saodatga erishish kalitidir.

Qur’onning oyati karimalarida ilmning chegarasi yo‘q ekanligi, u insonlarni yuqori darajalarga ko‘tarishi, ilmli, olim kishilarning sha’ni nafaqat jamiyat orasida, balki Yaratganning nazdida ham yuksak bo‘lishi ta’kidlangan.

Ilmu  ma’rifat sabab inson maqsadlariga yetadi. Bilim egallashning ayni pallasi esa yoshlikdir. Binobarin, “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh misolidir”.

Yurtimizda bilimli bo‘lish uchun barcha sharoitlar yetarli.  Biz ilm sirlarini mukammal o‘rganish yo‘lida jahon kezgan, hayotini irfonga bag‘ishlagan buyuk allomalarning avlodi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Biz ajdodlarimizdan faxrlanamiz, shuning barobarida zimmamizga yuklagan mas’uliyat zalvorini ham his etamiz. Qimmatli vaqtimizni bekorchi ishlarga sarflamasligimiz hamda biz uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda ma’rifatli bo‘lishga jiddu jahd qilishimiz lozim.

Vaqt bilan hamnafas yashash, bugunning yangiliklaridan boxabar bo‘lish zamondan orqada qolmaslikning muhim shartidir. Shu jihatdan, bugungi kunda yoshlarni dunyoviy ilmlar egasi va kasb hunarli bo‘lishlari muhim vazifalar sirasiga kiradi.

Muborak hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zi ilmni o‘rgangan va o‘zgalarga ham o‘rgatgan kishini – o‘ziga suvni singdirib, so‘ngra ko‘plab o‘t-o‘lanlarni o‘stirgan yerga o‘xshatganlar. Ilmga e’tibor bermagan kishini esa – mo‘l yomg‘ir yog‘sa-da, na suv to‘plamaydigan, na ekin o‘stirmaydigan tekislikka qiyoslaganlar. Darhaqiqat, ilm o‘rganuvchi barchaga kerakli inson bo‘lib, undan atrofdagilarga hamisha manfaat yetadi. Ammo, ilmga qiziqmaydigan, bee’tibor kishining na o‘ziga va na boshqalarga foydasi bo‘ladi. Bu hikmatni bugungi kunimizga taqqoslasak, mazmun yanada oydinlashadi. Ayni paytda, ilm va fan tezlik bilan rivojlanayotgan asrda bilimsizlik bu – taraqqiyotdan orqada qolish ham demakdir. Shu bois zamon bilan hamnafas yashash uchun, bilimlar olamidan chetda qolib ketmaslik uchun, qoloqlikka mubtalo bo‘lmaslik uchun ham ilm egallashga jiddu jahd qilish zarurdir.

Ilmsizlik jamiyat taraqqiyotining kushandasidir, bilimsizlik oqibatida oilalar buzilmoqda, aka-ukalar begonalashib ketmoqda, qarindoshchilik rishtalari uzilmoqda, do‘stlar, qadrdonlar oqibatsiz bo‘lib, yiroqlashmoqda. Natijada esa ichki xotirjamlik, oilalardagi xalovat ham yo‘qolmoqda.

Ilmsizlik natijasida yoki ilmning sof manfaatini o‘rniga o‘zining shaxsiy manfaatini oldinga qo‘yish oqibatida jamiyatda nizolar yuzaga kelmoqda, kelishmovchiliklar vujudga kelmoqda.

Ma’rifatning kishilarga foydasi behisobdir. Ilmli insonda sabr – toqat shakllanadi, qiziqqonlik quyi darajada bo‘ladi, qaror chiqarishga shoshilmaydi, qalblarni og‘ritishdan yiroqlashadi, xato ish qilsa to‘g‘rilashga shoshadi.

Hozirgi kunda odamlarda, ayniqsa, yoshlarda ustozlarni ortidan quvib, ilm izlash sustlashib, zamonaviy telefonlarga mukkasidan ketish jadallashib ketgan. Kitoblarni varaqlab, ustozlarga murojaat etish kamayishi natijasida chalasavodlik yuzaga kelmoqda. Chalavasodlikning oqibati yaxshi emasligi hammaga ma’lum.

Ustozlardan ilm o‘rganish ahamiyati juda katta, buni tarix isbotlagan. Ulamolar ilm olish odoblari haqida gapirar ekanlar, bu borada muallimga bo‘lgan ehtirom katta ahamiyatga egaligini alohida ta’kidlaydilar. Talabaning bilim olayotgan ustoziga bo‘lgan ehtiromi bois ham unga ilmning nuri singib boraveradi. Muborak dinimizning manbalarida ham ustozga hurmat ko‘rsatishga chaqirilgan, olimlarning darajasi yuqori maqomga qo‘yilgan.

Yurtimiz – ilm-fanning o‘chog‘i, allomalar Vatanidir. Ilmu ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoq azaldan xalqimizning qoniga singib ketgan. Buyuk bobokalonlarimiz o‘zlarining yuksak aql salohiyatlari bilan dunyo tamadduniga  o‘z hissalarini qo‘shganlar. Tarixdan ma’lum, she’riyat mulkida shohu sulton Alisher Navoiy, hadis olamida musulmonlar amiri bo‘lgan Imom Buxoriy, tibbiyotda olamshumul kashfiyotlar bilan “Tibbiyot otasi” nomini olgan Abu Ali ibn Sino, “tarixdagi eng ulkan aql egasi” deya tan olingan Abu Rayhon Beruniy kabi bobokalonlarimiz har bir o‘g‘il-qiz uchun buyuk namunadirlar.

Muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning ibratli hayot yo‘llari ilm olish uchun uzoq masofalar ahamiyatsizligidan darak beradi. Imom Termiziydek dahoning qat-qat to‘plamlari bilim olishda arzimas narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatadi. Ibn Sino singari qomusiy olimning asarlari esa ilm sarhadsiz ummon ekanligini, unda betinim suzmoq mumkinligini o‘rgatadi. Biz va tengdoshlarimiz ham bugun ana shu ilmlar ummonida ekanmiz, undan keragicha olib, taraqqiyot sari odimlash o‘z qo‘limizda.     

Ba’zan tolibi ilmlar ustozga savol berishni or deb hisoblaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida shunday marhamat qiladilar: “Ilm – xazinadir, uning kaliti savoldir. So‘ranglar, so‘rashda 4 kishi savobga ega bo‘ladi: So‘rovchi, olim, ya’ni o‘qimishli odam, eshituvchi va ularni do‘st tutuvchi”. Shuning bilan birga, talaba savol berish jarayonida, savolning mazmuniga, kerakliligiga ham e’tibor berish muhim. Bundan tashqari, ilm olish jarayonida internet tarmoqlaridan har doim emas, faqat kerakli o‘rinlarda foydalanish mumkin. Ana shu jihatlarga e’tibor berilsa, ilm egallashga kirishilgan vaqt zoye ketmaydi.

Inson hayoti davomida sermazmun va farovon yashab o‘tishi egallagan bilimi bilan bog‘liqdir. Ilmsiz, ma’rifatsiz kishi esa o‘z hayotini behuda o‘tkazadi, shuningdek, o‘zgalarni ham johilligi uchun aziyatga qo‘yadi.

E’tibor bersak, dunyoda sodir bo‘layotgan ko‘plab razolat, urush va nizolarga bilimsizlik, johillik sabab bo‘lmoqda. O‘zlarini bilimdon sanovchi ayrim chalasavod kimsalarning harakatlari ayanchli oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Din niqobi ostida o‘zlarining puch g‘oyalarini yoshlar ongiga zo‘r berib singdirmoqchi bo‘layotgan, muborak Islom diniga mutlaqo yot g‘oyalarni targ‘ib etayotgan kuchlarning soxta chaqiriqlariga ishonib qolmaslik uchun ham ilm kerak. Chunki ilmli kishi haq va botilning farqiga boradi, axborotlar oqimidan o‘zi uchun foydalisini ola biladi. Qolaversa, ilmsizlikka qarshi kurashadi.

Bu borada ayniqsa, islom dinini niqob qilib olgan ilmsizlarni misol qilib keltirish mumkin, ular aslida ma’rifatli bo‘lmasalarda oyat va hadislarni o‘zlariga moslashtirib sharhlab oladilar. Aslida, oyat va hadislarni sharhlash uchun ilmda ma’lum darajaga ega bo‘lish muhim sanaladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan – Allohning Kitobida o‘z ra’yi bilan gapirsa, ilmsiz fikr bildirsa xato bo‘lishi hamda og‘ir gunoh ekanligi mazmunidagi hadislar keltirilgan. Demak, kimdandir diniy ma’lumot eshitganda avvalo uni chuqur tekshirib ko‘rish, ustoz tanlashda adashmaslik muhimdir. Bu kabi aldovlardan uzoq yurish uchun esa bilimga ega bo‘lish lozim.

Ilmsizlik, ilm kashfiyotining asl maqsadidan to‘g‘ri foydalanmaslik jaholatdir. Ilmsizlik orqasidan oddiy bir jumla noto‘g‘ri talqin qilinib, umuman boshqa bir dalillar bilan asoslantirilishi oqibatida insonlarning umidsizlik darajasi ortib ketmoqda, hayotning ozgina mashaqqatlariga duch kelinsa sabrsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda, natijada, huquqbuzarliklar sodir etilib, chaqaloqlarni sotish, akaning ukasidan o‘g‘irlik qilishi, qaynona va kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, buning ortidan ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi, hattoki, o‘zining joniga qasd qilish holatlari ham kuzatilmoqda. Dunyoga tafakkur nazari bilan qarang, ilm kashfiyotlaridan to‘g‘ri foydalanmaslik, ularni noto‘g‘ri maqsadlarda qo‘llash natijasida turli kassaliklar vujudga kelmoqda, qishloqlar, shaharlar yo‘q bo‘lib, xalqlar qirilib ketmoqda, odamlar nogiron bo‘lib, qolgan umrini qiyinchiliklar bilan o‘tkazmoqda. Bularning barchasini ma’rifatsizlikdan deb baholash mumkin.    

Aslida, ilm – baxtga yetaklovchi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Yurtimizda biz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarning qadriga yetib, kelajakda shu el koriga yaraydigan, xalq manfaatlarini o‘ylaydigan barkamol inson bo‘lib yetishishimiz eng asosiy burchimiz hisoblanadi. Ma’rifatli bo‘lib, jaholatga qarshi kurashishimiz ertangi kunimiz uchun ham muhim ahamiyatga egadir.

 

Muhammad ibn Ahmad

al Beruniy o‘rta mahsus

islom bilim yurti mudarrisi:  Baratov G‘iyosiddin

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

11.08.2026   11200   3 min.
Saudiya Arabistoni xalqaro qorilar tanlovining ikkinchi kunida 33 nafar ishtirokchi o‘zaro bellashdi

Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.

IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.

Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.

Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.

Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.

Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.

Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.

Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.

Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari