Har bir mamlakatning, jamiyatning taraqqiyoti u yerda ilmu fanning naqadar rivoj topgani bilan uzviy bog‘liqdir. Ilmga va uni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor o‘sha davlatning ertangi kunini belgilab beradi.
Ilm — aql nuridir. U insonlarni borliqni his etish, voqelikni idrok etish, ma’naviy va moddiy olamni anglashga, tafakkurini shakllantirishga undaydi. Ilm yashash chirog‘idir. U insonlarga baxt keltiradi, yorug‘likka chorlaydi, jaholatdan yiroqlashtiradi. Ziyoli insonlar jamiyatning yetakchilari hisoblanadi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: «Ilm talab qilish har bir muslim uchun farzdir», deya marhamat qilganlar. Beshikdan to qabrgacha ilm egallashga intilish mo‘min kishining hayot tarzi bo‘lishi kerak.
Bilim to‘g‘risida xalqimizning ham juda ko‘p maqol va iboralari mavjud. Bilim olishning erta-kechi bo‘lmaydi, deydi dono xalqimiz. “Ilm olish igna bilan quduq qazish”, deb bekorga ta’kidlamaydi. Ilm cheksiz olam, tubsiz quduqdir. U chek-chegarasiz, uni to‘liq egallashga umrlar yetmaydi, keragini o‘qish ilm sohibining mahoratiga, tajribasiga, sabr-toqatiga va albatta ustozu muallimlar ko‘rsatmalariga bog‘liqdir.
Ma’rifatga ega bo‘lmay turib maqtanish bu jaholatdir. Shuning uchun donolar aytadiki, ilm egarlangan otdir, bilganga do‘st, bilmaganga dushmandir.
Ta’kidlash kerakki, tarixda ham ilmsizlik oqibatida yuzaga kelayotgan barcha munosabatlar nizolarga aylanib, jamiyatning taraqqiyotiga rahna solgan. Ilmli insonlar yashaydigan, istiqomat qiladigan, faoliyat yuritadigan makonlar charog‘on hisoblansa, ma’rifatsizlar makoni, ularning istiqomat manzili zimistondir. Ular ilmli insonlarga hamisha xasad ko‘zi bilan boqadi, ularni orasiga turli nifoqlar solib, obro‘ va manfaat topishga harakat qilishadi.
Ilmli insonning so‘zi ravon, aniq va tushunarli bo‘ladi, ilmsiz odamda ishonchsizlik kuchli bo‘lib, nutqida mavhumlik ko‘proq bo‘ladi. Johil kimsa aniq bir manfaatni ko‘zlab ilm yo‘lida yursa-da, manfaatga erishganidan so‘ng shu ilmga sodiqlikni yo‘qotadi, ilmning sof fazilatlarini soxtalashtirib, yangi foyda sari odimlaydi. Bunday insonlardan barcha yiroqda yurishni lozim deb biladi.
Ta’kidlash joizki, oila qurish uchun ham ilm o‘rganish lozim. Binobarin, oilaviy masalalarning yechimi tajribalar asosida bitilgan asarlarda mujassamdir. Shuningdek, bu dunyo saodatini topish uchun ham, oxirat saodatini topish uchun ham ilm o‘rganish kerak. Ilm chegarasiz ummondir. Shuni ham ta’kidlash muhimki, ma’rifatli bo‘laman, o‘zi uchun, oilasi uchun, jamiyat taraqqiyoti uchun ilm o‘rganaman degan inson, avvalo, yaxshi ustozga bormog‘i lozim.
Dinimizning bosh manbasi Qur’oni karimda ilm va ulamolar eng oliy maqomda ekanligi ta’kidlangan. Hadisi sharifda ham ilm, uni talab qilish, ulamolar haqida ko‘plab dalillar kelgan. Ilmning har bir sohasida kashfiyotlar qilingan, buyuk ulamolar yetishib chiqqan. Shunday ekan, ilmga rag‘batsizlik, undan yuz o‘girish johillik hisoblanadi.
Insonlar tug‘ilganidan to so‘nggi nafasigacha ilm talab qilib, uni to‘la his qilgan holda umr bo‘yi o‘zini tolibi ilm hisoblab yurishi lozim, bu ularning ikki dunyo saodatga erishish kalitidir.
Qur’onning oyati karimalarida ilmning chegarasi yo‘q ekanligi, u insonlarni yuqori darajalarga ko‘tarishi, ilmli, olim kishilarning sha’ni nafaqat jamiyat orasida, balki Yaratganning nazdida ham yuksak bo‘lishi ta’kidlangan.
Ilmu ma’rifat sabab inson maqsadlariga yetadi. Bilim egallashning ayni pallasi esa yoshlikdir. Binobarin, “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh misolidir”.
Yurtimizda bilimli bo‘lish uchun barcha sharoitlar yetarli. Biz ilm sirlarini mukammal o‘rganish yo‘lida jahon kezgan, hayotini irfonga bag‘ishlagan buyuk allomalarning avlodi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Biz ajdodlarimizdan faxrlanamiz, shuning barobarida zimmamizga yuklagan mas’uliyat zalvorini ham his etamiz. Qimmatli vaqtimizni bekorchi ishlarga sarflamasligimiz hamda biz uchun yaratilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda ma’rifatli bo‘lishga jiddu jahd qilishimiz lozim.
Vaqt bilan hamnafas yashash, bugunning yangiliklaridan boxabar bo‘lish zamondan orqada qolmaslikning muhim shartidir. Shu jihatdan, bugungi kunda yoshlarni dunyoviy ilmlar egasi va kasb hunarli bo‘lishlari muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Muborak hadislarning birida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘zi ilmni o‘rgangan va o‘zgalarga ham o‘rgatgan kishini – o‘ziga suvni singdirib, so‘ngra ko‘plab o‘t-o‘lanlarni o‘stirgan yerga o‘xshatganlar. Ilmga e’tibor bermagan kishini esa – mo‘l yomg‘ir yog‘sa-da, na suv to‘plamaydigan, na ekin o‘stirmaydigan tekislikka qiyoslaganlar. Darhaqiqat, ilm o‘rganuvchi barchaga kerakli inson bo‘lib, undan atrofdagilarga hamisha manfaat yetadi. Ammo, ilmga qiziqmaydigan, bee’tibor kishining na o‘ziga va na boshqalarga foydasi bo‘ladi. Bu hikmatni bugungi kunimizga taqqoslasak, mazmun yanada oydinlashadi. Ayni paytda, ilm va fan tezlik bilan rivojlanayotgan asrda bilimsizlik bu – taraqqiyotdan orqada qolish ham demakdir. Shu bois zamon bilan hamnafas yashash uchun, bilimlar olamidan chetda qolib ketmaslik uchun, qoloqlikka mubtalo bo‘lmaslik uchun ham ilm egallashga jiddu jahd qilish zarurdir.
Ilmsizlik jamiyat taraqqiyotining kushandasidir, bilimsizlik oqibatida oilalar buzilmoqda, aka-ukalar begonalashib ketmoqda, qarindoshchilik rishtalari uzilmoqda, do‘stlar, qadrdonlar oqibatsiz bo‘lib, yiroqlashmoqda. Natijada esa ichki xotirjamlik, oilalardagi xalovat ham yo‘qolmoqda.
Ilmsizlik natijasida yoki ilmning sof manfaatini o‘rniga o‘zining shaxsiy manfaatini oldinga qo‘yish oqibatida jamiyatda nizolar yuzaga kelmoqda, kelishmovchiliklar vujudga kelmoqda.
Ma’rifatning kishilarga foydasi behisobdir. Ilmli insonda sabr – toqat shakllanadi, qiziqqonlik quyi darajada bo‘ladi, qaror chiqarishga shoshilmaydi, qalblarni og‘ritishdan yiroqlashadi, xato ish qilsa to‘g‘rilashga shoshadi.
Hozirgi kunda odamlarda, ayniqsa, yoshlarda ustozlarni ortidan quvib, ilm izlash sustlashib, zamonaviy telefonlarga mukkasidan ketish jadallashib ketgan. Kitoblarni varaqlab, ustozlarga murojaat etish kamayishi natijasida chalasavodlik yuzaga kelmoqda. Chalavasodlikning oqibati yaxshi emasligi hammaga ma’lum.
Ustozlardan ilm o‘rganish ahamiyati juda katta, buni tarix isbotlagan. Ulamolar ilm olish odoblari haqida gapirar ekanlar, bu borada muallimga bo‘lgan ehtirom katta ahamiyatga egaligini alohida ta’kidlaydilar. Talabaning bilim olayotgan ustoziga bo‘lgan ehtiromi bois ham unga ilmning nuri singib boraveradi. Muborak dinimizning manbalarida ham ustozga hurmat ko‘rsatishga chaqirilgan, olimlarning darajasi yuqori maqomga qo‘yilgan.
Yurtimiz – ilm-fanning o‘chog‘i, allomalar Vatanidir. Ilmu ma’rifatga bo‘lgan ishtiyoq azaldan xalqimizning qoniga singib ketgan. Buyuk bobokalonlarimiz o‘zlarining yuksak aql salohiyatlari bilan dunyo tamadduniga o‘z hissalarini qo‘shganlar. Tarixdan ma’lum, she’riyat mulkida shohu sulton Alisher Navoiy, hadis olamida musulmonlar amiri bo‘lgan Imom Buxoriy, tibbiyotda olamshumul kashfiyotlar bilan “Tibbiyot otasi” nomini olgan Abu Ali ibn Sino, “tarixdagi eng ulkan aql egasi” deya tan olingan Abu Rayhon Beruniy kabi bobokalonlarimiz har bir o‘g‘il-qiz uchun buyuk namunadirlar.
Muhaddislar sultoni Imom Buxoriyning ibratli hayot yo‘llari ilm olish uchun uzoq masofalar ahamiyatsizligidan darak beradi. Imom Termiziydek dahoning qat-qat to‘plamlari bilim olishda arzimas narsaning o‘zi yo‘qligini ko‘rsatadi. Ibn Sino singari qomusiy olimning asarlari esa ilm sarhadsiz ummon ekanligini, unda betinim suzmoq mumkinligini o‘rgatadi. Biz va tengdoshlarimiz ham bugun ana shu ilmlar ummonida ekanmiz, undan keragicha olib, taraqqiyot sari odimlash o‘z qo‘limizda.
Ba’zan tolibi ilmlar ustozga savol berishni or deb hisoblaydilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir hadislarida shunday marhamat qiladilar: “Ilm – xazinadir, uning kaliti savoldir. So‘ranglar, so‘rashda 4 kishi savobga ega bo‘ladi: So‘rovchi, olim, ya’ni o‘qimishli odam, eshituvchi va ularni do‘st tutuvchi”. Shuning bilan birga, talaba savol berish jarayonida, savolning mazmuniga, kerakliligiga ham e’tibor berish muhim. Bundan tashqari, ilm olish jarayonida internet tarmoqlaridan har doim emas, faqat kerakli o‘rinlarda foydalanish mumkin. Ana shu jihatlarga e’tibor berilsa, ilm egallashga kirishilgan vaqt zoye ketmaydi.
Inson hayoti davomida sermazmun va farovon yashab o‘tishi egallagan bilimi bilan bog‘liqdir. Ilmsiz, ma’rifatsiz kishi esa o‘z hayotini behuda o‘tkazadi, shuningdek, o‘zgalarni ham johilligi uchun aziyatga qo‘yadi.
E’tibor bersak, dunyoda sodir bo‘layotgan ko‘plab razolat, urush va nizolarga bilimsizlik, johillik sabab bo‘lmoqda. O‘zlarini bilimdon sanovchi ayrim chalasavod kimsalarning harakatlari ayanchli oqibatlar keltirib chiqarmoqda. Din niqobi ostida o‘zlarining puch g‘oyalarini yoshlar ongiga zo‘r berib singdirmoqchi bo‘layotgan, muborak Islom diniga mutlaqo yot g‘oyalarni targ‘ib etayotgan kuchlarning soxta chaqiriqlariga ishonib qolmaslik uchun ham ilm kerak. Chunki ilmli kishi haq va botilning farqiga boradi, axborotlar oqimidan o‘zi uchun foydalisini ola biladi. Qolaversa, ilmsizlikka qarshi kurashadi.
Bu borada ayniqsa, islom dinini niqob qilib olgan ilmsizlarni misol qilib keltirish mumkin, ular aslida ma’rifatli bo‘lmasalarda oyat va hadislarni o‘zlariga moslashtirib sharhlab oladilar. Aslida, oyat va hadislarni sharhlash uchun ilmda ma’lum darajaga ega bo‘lish muhim sanaladi. Bu haqida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan – Allohning Kitobida o‘z ra’yi bilan gapirsa, ilmsiz fikr bildirsa xato bo‘lishi hamda og‘ir gunoh ekanligi mazmunidagi hadislar keltirilgan. Demak, kimdandir diniy ma’lumot eshitganda avvalo uni chuqur tekshirib ko‘rish, ustoz tanlashda adashmaslik muhimdir. Bu kabi aldovlardan uzoq yurish uchun esa bilimga ega bo‘lish lozim.
Ilmsizlik, ilm kashfiyotining asl maqsadidan to‘g‘ri foydalanmaslik jaholatdir. Ilmsizlik orqasidan oddiy bir jumla noto‘g‘ri talqin qilinib, umuman boshqa bir dalillar bilan asoslantirilishi oqibatida insonlarning umidsizlik darajasi ortib ketmoqda, hayotning ozgina mashaqqatlariga duch kelinsa sabrsizlikka yo‘l qo‘yilmoqda, natijada, huquqbuzarliklar sodir etilib, chaqaloqlarni sotish, akaning ukasidan o‘g‘irlik qilishi, qaynona va kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, buning ortidan ona va farzand o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuvi, hattoki, o‘zining joniga qasd qilish holatlari ham kuzatilmoqda. Dunyoga tafakkur nazari bilan qarang, ilm kashfiyotlaridan to‘g‘ri foydalanmaslik, ularni noto‘g‘ri maqsadlarda qo‘llash natijasida turli kassaliklar vujudga kelmoqda, qishloqlar, shaharlar yo‘q bo‘lib, xalqlar qirilib ketmoqda, odamlar nogiron bo‘lib, qolgan umrini qiyinchiliklar bilan o‘tkazmoqda. Bularning barchasini ma’rifatsizlikdan deb baholash mumkin.
Aslida, ilm – baxtga yetaklovchi eng to‘g‘ri yo‘ldir. Yurtimizda biz uchun yaratilayotgan shart-sharoitlarning qadriga yetib, kelajakda shu el koriga yaraydigan, xalq manfaatlarini o‘ylaydigan barkamol inson bo‘lib yetishishimiz eng asosiy burchimiz hisoblanadi. Ma’rifatli bo‘lib, jaholatga qarshi kurashishimiz ertangi kunimiz uchun ham muhim ahamiyatga egadir.
Muhammad ibn Ahmad
al Beruniy o‘rta mahsus
islom bilim yurti mudarrisi: Baratov G‘iyosiddin
Ayrim ilmsiz yoshlar eng nozik va qaltis masalalarni ko‘tarib, musulmonlar birligiga raxna solish bilan shug‘ullanmoqda. Dinda g‘uluvga ketib, g‘ayridinlar haqidagi oyat va hadislarni noto‘g‘ri talqin qilgan holda ularni musulmonlarni kofirga chiqarishga qurol qilmoqdalar. Bu juda ham xatarli va qaltis yo‘l. Bu yo‘lda ko‘pchilik toyilib, adashib ketgan. Shunday pallada yoshlarni xatarlardan ogoh etish har bir ziyoli, ma’rifatparvar insonning birlamchi vazifalari sirasiga kiradi.
“Takfir” tushunchasi “birovni kofirga chiqarish”, “kofir deb hisoblash” ma’nolarini anglatadi. Shariatimizda musulmon kishini aniq hujjat bo‘lmasdan “kofir” deb hukm qilish o‘ta xatarli bo‘lib, aslo mumkin emas.
Alloh taolo Qur’oni karimda bunday degan:
﴿ولا تَقُولُوا لِمَنْ أَلْقَى إِلَيْكُمُ السَّلامَ لَسْتَ مُؤْمِناً﴾
“...Sizga salom bergan kimsaga mo‘min emassan, demanglar” (Niso surasi, 94-oyat).
Demak, Alloh taolo bu oyati karimada shoshmashosharlik bilan birovning mo‘min emasligi haqida hukm chiqarishdan qaytarmoqda.
Shariatda musulmon insonni uning musulmon ekaniga qarshi dalil topilmagunicha musulmon deb hukm qilinadi. Mo‘min kishi iymon asoslarini ochiq inkor etishi yoki kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilishi, Islomdagi qat’iy farz qilingan amallardan birini inkor qilishi yoki din shiorlaridan birini masxara qilishi bilan dindan chiqadi. Shunda ham darhol uning kofirligiga hukm chiqarilmaydi. Balki bu shar’iy masala bo‘lib, muftiy va qozilarning ishidir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Laa ilaha illalloh, Muhammadur Rasululloh” deb turgan shaxsni kofirga chiqarish xatarini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan, Rasuli akram alayhissalom bunday dedilar:
ثَلاَثَةٌ مِنْ أَصْلِ الإِيمَانِ: الْكَفُّ عَمَّنْ قَالَ لاَ إِلَهَ إِلاَّ اللَّهُ وَلاَ نُكَفِّرُهُ بِذَنْبٍ وَلاَ نُخْرِجُهُ مِنَ الإِسْلاَمِ بِعَمَلٍ.
«Uch narsa iymonning aslidandir. “Laa ilaha illalloh” degan kimsaga tegmaslik, uni gunohi tufayli “kofir” demaymiz, amali tufayli Islomdan chiqarmaymiz» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifda musulmon kishi boshqa dindoshiga nisbatan qanday munosabatda bo‘lishi borasida aniq hukm berilmoqda. Ya’ni haqiqiy mo‘min boshqa birodarini gunohi tufayli kofirga chiqarmasligi, qilgan amali sababli unga “mo‘min emas” degan so‘zni aytmaslik lozimligi uqtirilmoqda.
Yana bir hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
وَمَنْ قَذَفَ مُؤْمِناً بِكُفْرٍ فَهُوَ كَقَتْلِهِ.
“Kim mo‘min kishini kofirga chiqarsa, uni o‘ldirgandek (gunohkor) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ushbu hadisga sharh yozgan ulamolarimiz: «Musulmonni o‘ldirgan qotil qancha gunoh olsa, musulmon insonni “kofir” deb hukm qilgan kimsa ham xuddi shunday gunohkor bo‘ladi», deganlar. Vaholanki, musulmonni o‘ldirish qanday gunoh ekani haqida Alloh taolo bunday marhamat qilgan:
﴿وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا﴾
“Kim bir mo‘minni qasdan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).
Kofirga chiqarishning xatari haqidagi mashhur hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
أَيُّمَا امْرِئٍ قَالَ لأَخِيهِ: يَا كَافِر فَقَدْ بَاءَ بِهَا أَحَدُهُمَا إِنْ كَانَ كَمَا قَالَ وَإِلا رَجَعَتْ عَلَيْهِ.
«Agar kishi o‘z birodariga: “Ey kofir” desa, ikkisidan biri kofir bo‘ladi. Agar birodari haqiqatan ham kofir bo‘lsa, to‘g‘ri aytgan bo‘ladi, aks holda bu gapi kofir deguvchini o‘ziga qaytadi» (Imom Muslim rivoyati).
Shu ma’nodagi hadislarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Ularning barchasida inson boshqa musulmonlarni kofirga chiqarishga shoshmasligi, ayblangan shaxs u aytganidek bo‘lmasa, o‘zi o‘sha sifatga doxil bo‘lib qolishi ta’kidlangan.
Rasulullohning ta’limlarini olgan sahobai kiromlar va ulardan keyingi ulamolarimiz ham musulmonni “kofir” deyishdan qattiq hazir bo‘lganlar. Chunki ular bu ishda katta gunoh borligi va bu gap o‘ziga qaytib qolishidan xabardor edilar.
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonni gunohi sababli “kofir” deyishga birinchi bo‘lib jur’at etganlar xavorij firqasi bo‘ldi. Ular: “Mo‘min kishi gunoh ish qilsa, kofir bo‘ladi, Islomdan chiqadi”, dedi. Bora-bora xavorijlarning musulmonlarni kofirga chiqarishdan boshqa qiladigan ishlari qolmadi. Ularning shariatga zid bu ishlari musulmonlar orasida ixtilof va ziddiyatlarni chiqarib, qirg‘inbarot urushlarga, musulmonlarning qonlari to‘kilishiga olib keldi. Ulamolarimiz xavorijlarchalik Islomga katta zarar yetkazgan firqa bo‘lmaganini ta’kidlaydilar.
Afsuski, hozirgi kunda ham xavorijlarning g‘oyaviy izdoshlari chiqib turibdi. Zamonamiz xavorijlari ham qadimgi maslakdoshlaridan “o‘rnak” olib, fitna-fasod qilmoqdalar. Bularning ham, o‘tmishdagi maslakdoshlari kabi, musulmonlarni ayblashdan boshqa “g‘am”lari yo‘q. Bular iloji boricha ko‘proq musulmonni gunohi sababli kofirga chiqarishni o‘zlarining bosh vazifalari deb biladilar.
Ayni paytda bular ijtimoiy tarmoqlardan foydalangan holda davlat rahbarlaridan boshlab, o‘zlariga hamfikr bo‘lmagan har bir musulmonni osongina kofirga chiqaradilar. Ularning soxta fatvolarida hozirda musulmonman deb yurganlarning ko‘pchiligi mushrik va kofir bo‘lib ketgan, deyiladi (Alloh asrasin!). Ularning bu soxta “fatvosi”ning puch ekaniga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yuqorida zikri kelgan hadislaridagi: “Musulmonni gunohi tufayli kofir demaymiz”, degan qoidaning o‘zi kifoya qiladi.
Boshqa bir hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kim biz o‘qigan namozni o‘qisa, qiblamizga yuzlansa, biz so‘ygan narsalardan yesa, u musulmondir. Bizga nima huquq bo‘lsa, unga ham shu huquq va bizga nima majburiyat bo‘lsa, unga ham shu narsa majburiyatdir” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mashhur sahoba Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan bu masala borasida so‘raldi: «“Gunohlardan birortasini kufr, shirk yoki nifoq deb bilarmidinglar? U: “Alloh saqlasin! Biz gunoh qilgan kishini gunohkor mo‘min deb bilamiz”, dedi» (“Majma’uz zavoid va manbaul favoid”).
Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga ko‘ra, barcha ulamolar bir ovozdan harom ish qilgan kishi, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarilmaydi, balki fosiq, gunohkor bo‘ladi, deydilar.
Qolaversa, mazhabboshimiz Imomi A’zam rahmatullohi alayh “Fiqhul akbar” kitobida bunday degan:
وَلاَ نُكَفِّرُ مُسْلِمًا بِذَنْبٍ مِنَ الذُّنُوبِ وَاِنْ كَانَتْ كَبِيْرَةً اِذَا لَمْ يَسْتَحِلَّهَا.
“Musulmon kishi katta gunohlardan birini qilsa ham, modomiki o‘shani halol sanamasa, kofirga chiqarmaymiz”.
Buyuk muhaddis olim Abu Ja’far Tahoviy Hanafiy “Aqidatu-Tahoviya” asarida bunday deganlar: “Qibla ahllarining birontasini gunohi sababli, modomiki uni halol sanamas ekan, kofirga chiqarmaymiz”.
Bu masalada Mulla Ali Qoriy rahmatullohi alayh bunday deganlar:
قَالَ عُلَمَاؤُنَا: إِذَا وُجِدَ تِسْعَةٌ وَتِسْعُونَ وَجْهًا تُشِيْرُ إِلَى تَكْفِيْرِ مُسْلِمٍ وَوَجْهٌ وَاحِدٌ إِلَى إِبْقَائِهِ عَلَى إِسْلاَمِهِ
فَيَنْبَغِي لِلْمُفْتِي وَالْقَاضِي أَنْ يَعْمَلاَ بِذَلِكَ الْوَجْهِ.
Ulamolarimiz aytadilar: “Agar (biror so‘z yoki ish ustida) musulmonni kofir deyishga dalolat qiladigan to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, musulmon deb bilishga dalolat qiluvchi birgina dalil bo‘lsa, muftiy va qozilar uchun o‘sha bitta dalilni olish lozim bo‘ladi” (“Sharhush shifo”).
Ammo hozirgi kundagi adashgan kimsalar bu masalada: “Mo‘min deyish uchun to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lsa-yu, kofir deyish uchun birgina dalil bo‘lsa, to‘qson to‘qqiztasini chetga surib qo‘yib, o‘sha bir dalilni olish kerak”, deyishgacha borib yetdilar. Bu esa barcha ahli sunna ulamolarimizning tutgan yo‘llariga butunlay ziddir.
Hozirgi kundagi musulmonlarni kofirga chiqaruvchilarning asosiy xatolari – dinni puxta bilmaslik, oyat-hadislarni yengil-yelpi tushunish, mo‘tabar mujtahid ulamolar, mufassirlar va hadislarga sharh yozgan buyuk olimlarning so‘zlarini bilmasliklari yoki bilsalar ham, e’tiborga olmasliklaridir. Misol uchun ayrim johil toifalar
﴿فَاذْكُرُونِي أَذْكُرْكُمْ وَاشْكُرُوا لِي وَلَا تَكْفُرُونِ﴾
“Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz” (Baqara surasi, 152) oyatidagi وَلَا تَكْفُرُونِ degan joyini “Menga kofir bo‘lmanglar” deb tafsir qilishadi. Ya’ni, gapni kofirlikka buradilar.
Vaholanki, biror mufassir bu so‘zni “kufr” deb tafsir qilmagan, balki, “noshukrlik” deb tafsir qilganlar. Masalan, Imom Qurtubiy buni shunday tafsir qilgan: فَالْكُفْرُ هُنَا سَتْرُ النِّعْمَةِ ya’ni, “bu joydagi “kufr” so‘zi Alloh bergan ne’matni yashirish – noshukrlik qilishdir”, degan.
Bunday misollarni Qur’oni karim va hadisi shariflardan ko‘plab keltirish mumkin.
Shunday ekan, Qur’oni karimda yoki hadisi shariflarda “kufr” so‘zi yoki unga o‘zakdosh kalimalar kelganda, undan faqat kofirlik nazarda tutilgan deb tushunmasdan, balki mo‘tabar mufassir va muhaddis ulamolarimizning tafsir va sharhlariga qarab xulosa chiqarishimiz shart bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonni kofirga chiqarishga hech kimning haqqi yo‘q. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam, sahobai kiromlar, tobeinlar va ularga ergashgan ulamolarimiz gunohkor musulmonlarni murtad yoki kofirga chiqarmaganlar.
Shunday ekan, musulmon shaxs o‘zini sunnatga hamda salafi solihlar yo‘liga ergashishini da’vo qilar ekan ularning yo‘lini mahkam tutishi lozim.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi