2020 yil 30 yanvar kuni Toshkent shahridagi “Ubay ibn Ka’b” jome masjidiga xushxon hofiz Avazbek qori Davlatov imom noibi etib tayinlandi.
Avazbek Davlatov Akbarali o‘g‘li 1983 yil 29 iyulda Andijon viloyati Marhamat tumanida ziyolilar oilasida dunyoga kelgan. Qur’on ilmini O‘sh shahridagi Abdulmutallib qori dada rohimahullohdan olib, Qur’oni Karimni to‘liq yod olgan. Avazbek qori 1990-1999 yillarda o‘rta maktabda ta’lim olgan. 1999-2000 yillarda «Sayyid Muhyiddin Maxdum» o‘rta maxsus Islom bilim yurti tayyorlov kursida ta’lim olgan. Ta’lim davrida madrasaning katta ustozlaridan Rahmatulloh qori aka qo‘llarida Qur’oni karimni yana qayta o‘tkazib olgan. 2000-2004 yillarda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti (oliy ma’had)ni tamomlagan.
2005 yilda Saudiya Arabistonida Fahd ibn Abdulaziz nomidagi Xalqaro Qur’oni karim musobaqasida ishtirok etib, sovrinli o‘rinni egallagan.
2006-2007 yilda Damashqdagi shayx Ahmad Yusuf Dabboniyzodadan Osim qiroatining ikki rivoyati bo‘yicha Qur’oni karim ijozasini olgan.
Avazbek qori birinchi marotaba Andijon viloyatida xatmi Qur’on qilib, taroveh namozlariga o‘ta boshlaydi. Shundan so‘ng 2000-2004 yillarda Toshkent shahar «Do‘stjonboy» jome masjidida, bir necha yil «Jo‘rabek» (hozirgi Islom ota), 2017 va 2018 yillarda «Islom ota» jome masjidida xatmi Qur’on taroveh namozlarida ishtirok etgan.
2019 yilda Toshkent shahridagi Taroveh namozlarida o‘tkazilgan xatmi qur’onlarlarda qorilarning qiroati, hifz, tajvid, tarannum bilan o‘qishlarini nazorat qilish ishlariga jalb qilingan.
2018 yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan “O‘zbekiston Qur’on musobaqasi-2018”ning barcha bosqichlarida hakamlik qilgan. Alloh taolo in’om etgan ilmi va shirali ovozi bilan ko‘plab muxlis va ustozlar muhabbatiga erishib kelmoqda.
Avazbek qori Davlatovga yangi vazifada Alloh taolodan kuch-quvvat va muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Namangan viloyatida faoliyat yuritayotgan imom-noiblar uchun yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda taraqqiyotimizning yangi davrida diniy sohada juda katta islohotlar amalga oshirilayotgani, o‘z navbatida imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, mahallalarda fuqarolar bilan muntazam ishlashlik va yot g‘oyalar ta’siriga berilmaslik, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan oqilona foydalanish, unda ayrim dinni niqob qilib olgan kimsalar tomonidan targ‘ib etilayotgan mazhabsizlik, radikalizm va boshqa ekstremistik g‘oyalardan o‘zimizni va farzandlarimizni himoyalash, oilalar mustahkamligini ta’minlash, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘zining ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohada ehtiyojlarini qondirish uchun doimo izlanib, xizmat qilishlariga alohida o‘rg‘u berildi.
Uchrashuv mobaynida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimi Olimjon Jo‘rayev to‘g‘ri yo‘ldan adashganlar qismatini o‘z hayotiy misollari va yoshlarda yot g‘oyalarga qarshi immunitetini shakillantirishning muhim jihatlari haqida ta’sirli suhbat qilib berdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyati vakilligi Matbuot xizmati