«Allohumma solli va sallim va barik ’ala sayyidina Muhammadinil-fatihi lima ug‘liqo val-xotimi lima sabaqo, Nasiril-haqqi bilhaqqi, val hadiy ila sirotikal-mustaqim va ’ala alihi haqqo qadrihi va miqdarihil-’aziym».
Ma’nosi: Yo Alloh! Suyukli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga salot va salomlar bo‘lsin. Bizga berkitilgan narsalarni ochib bergan Udir. Payg‘ambarlar halqasining oxiri Udir, Haqning haqiqiy yordamchisi Udir, insonlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan Udir! Unga va yaqinlariga so‘ngsiz salot va salomlar bo‘lsin.
Saloti tafrijiya
«Allohumma solli solatan komilatan va sallim salaaman taamman ala Sayyidina Muhammad tanhallu bihil ’uqodu va tanfariju bihil kurobu va tuqzo bihil hovaiju va tunaalu bihir rog‘oibu va husnul xovatimi va yustasqol g‘omamu bivajhihil karimi va ala olihi va sohbihi fi kulli lamhatin va nafasin bi adadi kulli ma’lumin lak».
Ma’nosi: Yo Alloh, har lahzayu har nafasda Sayyidimiz Muhammadga, u zotning oilalariga va sahobalariga O‘zingga ma’lum narsalar adadicha komil salavot va tugal salom yo‘lla. U bilan chigalliklar yechilsin, balolar arisin, hojatlar ravo bo‘lsin, istaklarga va go‘zal xotimalarga yetilsin, u bilan yomg‘irlar yog‘sin.
O‘MI matbuot xizmati
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD