Shu kunlarda internet tarmoqlarida “Yangi O‘zbekistonning yangi imomlari qanday bo‘lishi kerak?” nomli maqola e’lon qilindi. Dastlab ushbu mavzuning yoritilishida yurtimizdagi o‘zgarishlarga jonkuyarlik borga o‘xshaydi. Lekin teranroq mutolaa qiluvchi mushtariy ma’lumotlar faqat bir yoqlama ekani, muallif respublikadagi so‘nggi yillarda diniy sohada amalga oshirilayotgan islohotlardan bexabarligi namoyon bo‘ladi.
Avval, ushbu mavzuga qo‘l urgan muallifning ish tajribasi, ma’lumoti, salohiyati va diniy sohadan qanchalik xabardor ekani bilan qiziqdik. Ma’lum bo‘lishicha, u O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Dehli universitetida, AQSHning Shimoliy Karolina universitetida ta’lim olgan. Xorijdagi tashkilotlarda faoliyat olib borgan. “VVS”, “Ozodlik” dasturlarida ham chiqishlar qilgan. Endi bir o‘ylab ko‘ring? So‘nggi yillardagi yangilanishlarni his etmagan, aksar umrini chet elda o‘tkazgan va bugungi kunda kechayotgan jarayonlarni ich-ichidan bilmagan inson qanday qilib, yurtning buguni haqida xolis fikr aytishi mumkin.
Ta’kidlash zarurki, diniy soha o‘ta nozik va hassos bo‘lgani tufayli diniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish lozim. Ularga nisbatan ko‘r-ko‘rona munosabatda bo‘lishga hech kimning haqqi yo‘q. Har bir kishining o‘z sohasi bor. O‘sha soha doirasida xizmat qilsa, avvalo o‘ziga foydali bo‘ladi. Qolaversa boshqalar uchun ham kerakli mutaxassis bo‘ladi. Ammo, o‘z doirasidan chiqsa, avvalo o‘ziga, qolaversa atrofidagilarga noxolis ma’lumot bilan zarar yetkazadi.
Shu o‘rinda sohadan bexabar muallifga quyidagilarni bildirib qo‘yishni lozim topdik:
Birinchi, maqolada “Bugungi madrasalar dunyoviy ilmlarni bera olmaydi”, deya iddao qilingan. Aytish mumkinki, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalarida diniy fanlar bilan bir qatorda ijtimoiy-iqtisodiy va tabiiy fanlar ham o‘qitilib kelinadi. Jumladan, O‘zbekiston tarixi, fuqarolik jamiyati, matematika, informatika va axborot texnologiyalari, geografiya, pedagogika, psixologiya, mantiq, oila psixologiyasi, huquqshunoslik, falsafa, iqtisodiyot kabi fanlar o‘quv dasturiga kiritilgan.
Ikkinchi, muallif yana “Qani edi ular bu ilmlarni xorijdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qisa…” degan gapni yozishdan avval imomlar faoliyatiga doir xabarlarni ko‘zdan kechirsa yaxshi bo‘lar edi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi va al-Azhar universiteti tomonidan imzolangan hujjatga asosan masjidlarda mehnat qilayotgan imomlar Misr davlatidagi malaka oshirish kurslarida ta’lim oladi. Imomlarga al-Azhar universitetining fazilatli shayxlari, taniqli ulamolari va yetuk olimlari tomonidan diniy fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib boriladi. Shuningdek, ushbu hujjatga asosan diniy ta’lim muassasalari talabalari ham al-Azhar universitetida tahsil olishlari nazarda tutilgan.
Uchinchi, diyorimizdagi masjidlar imom-xatiblari tomonidan AQSH, Rossiya, MDH, Sharqiy Osiyo va qo‘shni mamlakatlardan kelgan takliflar asosida ushbu mintaqalardagi mahalliy aholi hamda mehnat migrantlarining diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ta’minlash va sof Islom ma’rifatini tarqatish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan ko‘rinadiki, imom-xatiblarimiz ushbu hududlardagi mo‘min-musulmonlarning ilm-ma’rifatlarini yanada oshirish uchun juda ham zarurdir.
To‘rtinchi, birgina 2019 yil davomida imom-xatiblar tomonidan 61 mingdan ziyod ma’rifiy tadbir o‘tkazilgani, televideniyeda 1500 ta, radioda 600 ta, matbuotda 1000 ta, Internetda 17500 ta chiqish qilingangi bu borada naqadar samarali ishlar bajarilgani, natija esa imom-xatiblar faoliyati jamiyat bilan chambarchas bog‘liq ekanini yaqqol ifoda etadi. Shuningdek, o‘tgan yilning o‘zida 3000 nafar ushbu soha vakilining bilim va ko‘nikmalari oshirilgani sohadagi o‘zgarishlar zamon talablariga mos holda ketayotganini bildiradi.
Beshinchidan, aksar ulamolar va imom-domlalar yurtimiz hamda xorijdagi nufuzli oliy dargohlarni tamomlaganlarini alohida qayd etish kerak. Masalan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Termirxon o‘g‘li hazratlari Marokashning “Karaviyn” dorilfununida, birinchi o‘rinbosar Homidjon Ishmatbekov Saudiya Arabistonidagi Madina islom universitetini tahsil olganlar. Yana bir o‘rinbosar Ibrohimjon Inomov Rossiya Federatsiyasidagi Omsk davlat universitetining Yuridik fakultetini tugatgan. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Nuriddin Xoliqnazarov oliy diniy ma’lumot bilan birga Farg‘ona davlat universitetini tamomlagan.
Bir qator imom-xatiblar O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi, Rossiya Federatsiyasidagi Bulg‘or islom akademiyasi kabi nufuzli dargohlarda hamda dunyoviy oliygohlarning sirtqi bo‘limlarida o‘z ilmiy salohiyatlarini yanada oshirish borasida jiddu jahd qilmoqdalar.
Xulosa shuki, bugungi kunda imom-xatiblarning bilimlari, kasb-mahoratlarini oshirish va zamon talablariga munosib din peshvolari bo‘lib yetishishlarini ta’minlash yo‘lida amaliy ishlar bundan keyin ham davom etadi.
Haq taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam qilsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Jumladan, turkiyalik moturidiyshunos olim va mutaxassislar ushbu tashabbusni tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim qaror sifatida baholamoqdalar. Anqara Yildirim Boyazid universiteti professori, doktor Ahmad Yildirim tomonidan e’lon qilingan maqola fikrimizning yorqin dalili bo‘la oladi. Maqolada yurtboshimiz qabul qilgan mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, qayta tiklash va uni jahon hamjamiyatiga tanitish yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etilgan.
Maqolada Imom Moturidiyning islom tafakkuri tarixida tutgan o‘rni alohida ta’kidlangan. Unda bayon etilishicha, Imom Moturidiy ilmiy merosi bugungi globallashuv davri muammolarini hal etishda muhim o‘rin tutadi. Imom Moturidiy o‘z davrida nafaqat diniy, balki falsafiy, axloqiy va ijtimoiy masalalarni ham qamrab olgan mukammal tizimni yaratgan. Moturidiylik ta’limoti asosan aql va hikmatga tayangan holda, insonning axloqiy mas’uliyatiga urg‘u qaratadi.
Ahmad Yildirimning ta’kidlashicha, Imom Moturidiyning hikmatga asoslangan tafakkur tizimi bugungi kun odami hayotdan ma’no izlash jarayonida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolarga ham yechim bera oladi. Maqolada e’tirof etilgan so‘zlar e’tiborga molik: “Imom Moturidiyning bugungi kunimiz uchun ham ahamiyatli bo‘lgan qarashlarini yanada chuqurroq o‘rganish, ularni yuzaga chiqarib, insoniyat taraqqiyotiga safarbar qilish lozim. Shundan kelib chiqqan holda maxsus tadqiqotlar zarurligi ayni haqiqatdir. Mana shuni anglagan holda O‘zbekistonda 2025 yil Imom Moturidiyning 1155 yilligini nishonlash yili deb e’lon qilindi”.
Shuningdek, Ahmad Yildirim O‘zbekiston Prezidentining “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan ishlar, jumladan, “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, talabalar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha musobaqa va davra suhbatlarini tashkil etish, moturidiylik allomalari hayoti va ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash hamda ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish kabi tadbirlarni ham alohida e’tirof etgan.
Ahmad Yildirim o‘z maqolasini quyidagicha yakunlaydi: “O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining oqilona rahbarligi hamda 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid qarori ortidan Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasi tarixini o‘zgartirgan allomalarning avvalgi safida turuvchi Imom Moturidiyni xotirlash va uning fikrlarini qayta jonlantirish, yosh avlodni adashgan mutaassib oqimlar tuzog‘iga tushib qolishining oldini olish, shuningdek, insoniyatga bugungi kunda odamlar o‘tmishdagidan ko‘ra ko‘proq muhtoj bo‘lgan tinchlik, bag‘rikenglik va yuksak ishonch madaniyatini taqdim etadigan yangi Islom sivilizatsiyasi binosini barpo etish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yilgan bo‘ladi”.
O‘zA