Inson zotiga Alloh taolo son-sanoqsiz ne’matlar ato etgan. Ammo, oramizda shunday insonlar borki ularni o‘zgalarga ibrat o‘laroq Alloh taolo bazi musibatlar bilan sinagan. Mana shunday toifalardan biri imkoniyati cheklangan ya’ni gapirish va eshitishda nuqsoni bor bo‘lgan shaxslardir.
Bunday insonlarni qo‘llab quvvatlash, ularga mehr va yordam ko‘rsatish dinimiz tomonidan maqtalgan, savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi.
Vatanimizda hukumatimiz tomonidan nogironligi bor bo‘lgan shaxslar uchun alohida g‘amxo‘rlik qilish yo‘lga qo‘yilgan va ko‘plab sharoitlar yaratilgan. Jumladan, ularning diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida Respublikamiz bo‘ylab, belgilangan masjidlarda juma maruzalari surdo tarjimonlari orqali yetkazilayotgan bo‘lsa, bizning “Shayx Zayniddin” jome masjidimizda esa O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan haftada ikki bor turli xil mavzularda suhbatlar uyushtirilmoqda. Shuningdek, ularni qiynayotgan turli savollarga diniy soha xodimlari tomonidan batafsil javob berilib kelmoqda.
Ta’kidlash joizki, ular bilan suhbat qurishimiz va muloqotga qilishimizda surdo tarjimonlarining o‘rni beqiyos. Ularning beminnat xizmatlari ardoqlashga arziydi.
Shu maqsadni ko‘zlab homiylarni jalb qilgan holda arzimas bo‘lsada Toshkent shahridagi gapirish va eshitishda nuqsoni bor bo‘lgan shaxslarga doimiy ravishda bizning suhbatlarimizni yetkazib berishda yaqindan yordam berayotgan Berdiyev Rustam va Xudoyberganova Oydinga sovg‘alar ulashdik.
Bular kabi vatanparvar va o‘z ishining fidoiysi bo‘lgan insonlarni hayotlarini farovon qilib, ezgu niyatlarini amalga oshirsin!
“Shayx Zayniddin” masjidi
imom-xatibi Yahyo Abduoahmonov
Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi” mavzusida chiqish qildi.
Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.
Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.
O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati