Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Aprel, 2025   |   1 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:55
Quyosh
05:23
Peshin
12:25
Asr
17:15
Shom
19:21
Xufton
20:44
Bismillah
29 Aprel, 2025, 1 Zulqa`da, 1446

Hanafiy mazhabda “ishorai sabboba” qilishlik tartibi

28.01.2020   7272   6 min.
Hanafiy mazhabda “ishorai sabboba” qilishlik tartibi

Namozda ishorai sabboba qilish haqida “Ishora qilish haqida bashorat” nomli risolada sahobalardan yigirma beshta hadis rivoyat qilingani keltirilgan. Quyida ular bilan tanishib chiqsak:

Ibn Mojja Numayr Xuzoiydan rivoyat qiladilar: Nabiy sallallohu alayhi vasallamni namozda o‘ng qo‘llarini sonlarini ustiga qo‘yib, barmoqlari bilan ishora qilganlarini ko‘rdim”, dedi.

Termiziy Abu Humayddan rivoyat qiladilar: “O‘ng kaftlarini o‘ng tizzalariga, chap kaftlarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilar edilar”.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda, ya’ni tashahhudga o‘tirsalar o‘ng qo‘llarini o‘ng tizzalarini ustiga chap qo‘llarini chap tizzalarini ustiga qo‘yib bosh (ko‘rsatkich) barmoqlarini ko‘tarib duo qilardilar chap qo‘llari tizzalarini ustida turar  edi”. Ushbu hadisga sahobalar, tobeinlar, amal qilib, tashahhudda ishorani ixtiyor qildilar.                       

Ahmad Nofi’dan rivoyat qiladilar: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuma namozda tashahhudga o‘ltirsalar ikki qo‘llarini ikki tizzalariga qo‘yib barmoqlari bilan ishora qilib, ishora qilgan barmoqlariga qarab turar edilar, so‘ng Rasululloh sallalohualayhi vasallam: “Barmoq bilan ishora qilish shaytonga temirdan ham shiddatliroq”, derdilar.

Aliyyul qori “Tazyinul ibora tahsinul ishora” kitoblarida ushbu hadisni sharhlab aytadilarki, “Barmoq bilan ishora qilish urushda temir qurolni ishlatishdan ham qiyinroqdir, go‘yo tavhidga ishora qilish bilan shayton mo‘min bandani  adashtirishi,  shirkka olib borishdan bo‘lgan  umidini kesadi”. 

Imom Suyutiy “Jomeul kabir” kitoblarida Uqba ibr Omirdan rivoyat qiladilar: “Kishi namozida ishora qiladigan har bir ishorasiga o‘nta hasanot yoziladi”, dedilar.

Ibni Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli kitoblaridagi ishorai sabboba haqida vorid bo‘lgan hadislar, olti sahih kitoblarning hammasida zikr qilingan. U hadislarni hattoki, ma’naviy mutovotir deyish durust bo‘ladi deganlar.

Ishorai sabboba qilish borasida sahobalar, ularga ergashgan tobeinlar ixtilof qilmadilar. Imom Abu Hanifa va u zotning ikki shogirdlari Imom Abu Yusuf va imom Muhammmad, imom Molik, imom Shofiiy, imom Ahmad ibn Hanbal hamda mutaqaddim ulamolar ishorai sabboba sunnat ekanligiga ittifoq qilishgan.

Abu Lays Samarqandiy “Navozil”, Kamoliddin Ibnu Humom “Fathul qodir”, Alloma Alouddiyn Kosoniy “Badoius Sanoiy”, Ibn Obidiyn “Raddul muxtor”, “Mujtabo”, “Muhitul Burhoniy”, Tuhfa”, “Kanzud daqoiq”ning sharhlari “Bahrur roiq”, “Nahrul foiq”, Abdulhay Laknaviy “Umdatur rioya” kabai mo‘tabar manbalarda ham sunnat ekanligi zikr qilingan.  Bu haqida Aliyyul Qoriy ikkita “Tazyinul ibora tahsinul ishora” va “Attadhiynu littazayyun”, Hofiz Ibn Hajar “Talhisul hobir”, Ibn Obidiyn “Raf’ ul taraddud” nomli bir qator risolalarda ham ta’lif qilib o‘tganlar.

Hanafiya mazhabida ishora qilish tartibi faqatgina o‘ng qo‘l bilan ishora  qilinadi, agar qo‘li kesilgan bo‘lsa yoki qo‘lini harakatlantira olmaydigan shol bo‘lsa, boshqa barmoqlari bilan yoki chap qo‘li bilan ham ishora qilmaydi.

Ishorai sabbobaning ko‘rinishi asosan ikki hil bo‘ladi: “Munyatul musolllin”da Muhammad Qoshg‘ariy: Shahodat kalimasiga yetganda o‘rta, jimjiloq va nomsiz barmoqni bukib bosh barmoqning boshini o‘rta barmoqning chetiga qo‘yadi, yoki o‘ng qo‘lini “xinsir” ya’ni jimjiloq va “binsir” to‘rtinchi  barmoqlarini bukib o‘rta va bosh barmoqlarni  halqa qiladi,  “La ilaha”da ko‘tarib, so‘z bilan fe’lni o‘rtasi bir-biriga muvofiq bo‘lishi uchun “Illalloh”da tushiriladi. Mana shu  ikkinchsi, ya’ni halqa ko‘rinishini Shamsul aimma Halavoniy va Abu Ja’far Hinduvoniy rahimahullohlar ixtiyor qilishgan.

Namoz komil bo‘lishi va Nabiy sallallohu alayhi vasallamning: “Meni namoz o‘qiyotganimni ko‘rganlariningdek namoz o‘qinglar”, degan  so‘zlariga muvofiq tashahhudda “La ilaha”da ko‘tarib “Illalloh”da tushirib ishora qilish sunnnat sanaladi.

Ishora qilib bo‘lgandan keyin qo‘l barmoqlari yozib yuborilmaydi, balki namozning oxirigacha o‘z holatida qoladi.

Ishora qilayotganda barmoqni qimirlatmaydi, ushbu mazmunda kelgan hadislarning sanadini Imom Suyutiy va Aliy Qoriy zaif deb keltirdilar.  Ishora qibla tarafga bo‘ladi. Abdulloh ibn Zubayrdan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi va sallam barmoqlari bilan ishora qilardilar. Barmoqlarni esa qimirlatmas  edilar”. Ushbu hadisning  sanadini Imom Navaviy sahih deganlar. Bu barmoqni faqatgina bir marta ko‘tarib boshqa harakatlantirmaslikka dalolat qiladi. Ali ibn Abdurahmaon Muoviydan rivoyat qilinadi: “Meni Abdulloh ibn Umar namozda tosh o‘ynab o‘tirganimni ko‘rdi. Namozni o‘qib bo‘lganimdan so‘ng meni bundan qaytarib, Rasululloh sallolohu alayhi vasallam qilganlarini qilgin dedi. Men Rasullloh sallolohu alayhi vasallam qanday  qilganlar, dedim. Aytdiki, Nabiy sallolohu alayhi vasallam namozda o‘ltirsalar o‘ng kaftlarini o‘ng sonlarini ustiga chap kaftlarini chap sonlarini ustiga qo‘yib, hamma barmoqlarini bukib ko‘rsatkich barmoqlari bilan ishora qilardilar, chap kaftlarini chap sonlarini ustiga qo‘yar edilar” dedi.

Ibn Obidiyn  “Raf’ ul taraddud”da “Matnlardagi masalalar bilan sharhlardagi masalalar bir-biriga zid kelib qolsa, matnlardagi masalarga amal qilinadi. Matnlarda kelgani esa barmoqlarni yoyib turish. Matnlarda barmoqlarni yoyib turish degani tashahhudni boshlaganda barmoqlarini yoyib turish iroda qilingan. Bu ishorai sabbobani sunnat ekanligiga zid fikrlar kelmagan.

 

“Hidoya” o‘rta maxsus islom

bilim yurti o‘qituvchisi

 ISMOIL ISHANOV

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

28.04.2025   4676   1 min.
O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi

Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashkil topganiga 35 yil to‘lgani munosabati bilan Olmaota shahrida “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonda Islom: tarixiy an’analar va zamonaviy imkoniyatlar” mavzusida nufuzli xalqaro anjuman o‘tkazildi. Unda turli davlatlardan kelgan islom ulamolari ishtirok etishdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi direktor o‘rinbosari G‘ulomiddin Xolboyev ham qatnashib, “Sun’iy ong (intellekt) va uning hukmi”  mavzusida chiqish qildi.
 

Darhaqiqat, sun’iy ong (SO) – odam kabi fikrlab, qo‘yilgan muammoga yechim topishga yo‘naltirilgan bugungi texnologiya. Garchi u turli uskuna va jihozlar ko‘rinishida bo‘lsa ham, qaror qabul qilish, insoniy xulq-atvorga taqlid qilish kabi qobiliyatlarga ega.


Axborot asri deb atalayotgan bugunga kelib ilm-fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari juda ham tez va shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Taraqqiy etgan o‘lkalarda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish kengayib, u ko‘plab sohalarga kirib bormoqda. Ushbu “ong”ning shar’iy hukmiga aniqlik kiritish zamona faqihlari oldida turgan muhim vazifalardan. Zero, undan musulmonlar ham keng miqyosda foydalanmoqda.


O‘zbekiston ulamolari vakili G‘ulomiddin domla Xolboyevning chiqishi shu ma’noda katta qiziqish bilan tinglandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

 

O‘zbekiston ulamosi xalqaro anjumanda chiqish qildi
O'zbekiston yangiliklari