Buyuk Britaniyaning Kembrij shahrida ochilgan Yevropadagi birinchi eko-masjid 8 ming kishilik Kembrij musulmon jamiyatiga xizmat qiladi.
Kembrij masjidi havo issiqlik nasoslari, germetik izolyatsiya, quyosh panellari va suvni iqtisod qiluvchi texnologiyalar bilan jihozlangan.
Ochilish marosimiga taniqli nashidlar ijrochisi Yusuf Islom tashkilotchilardan biri bo‘lgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘onni ham taklif etdi. Masjid 10 ming atrofidagi jismoniy va yuridik shaxslarning xayriya mablag‘lari hisobiga bunyod qilingan bo‘lib, homiylik yordamining aksari Turkiya tarafidan ko‘rsatilgandir.
Masjidga homiylik qiluvchi “Cambridge Mosque Trust” xayriya fondi vasiylarining ta’kidlashicha 70 dan ziyod etnik guruh vakillarini o‘zida birlashtiruvchi Kembrij musulmonlar jamiyati o‘zlarining ekologik masjid qurish haqidagi azaliy orzulari ro‘yobga chiqqanidan mamnun ekanliklarini bildirdi. Mazkur fondga 2008 yilda Kembrij musulmon kolleji dekani, shayx Abdulkarim Murod nomi bilan mashhur bo‘lgan akademik Tim Vinter va Yusuf Islom tomonidan asos solingan.
Ushbu innovatsion masjidning ayrim xususiyatlari haqida masjidning imom-xatibi Ali Tus quyidagilarni so‘zlab berdi: “Biz masjid tomiga tushgan yomg‘ir suvlarini ko‘chatlarni sug‘orish va rakovinalarni tozalash uchun yig‘amiz. Tomga quyosh batareyalari o‘rnatilgan bo‘lib, u orqali qish kunlarida masjidning 30%, yozda esa 40% energiya ehtiyojini qoplaymiz. Masjid tomlariga o‘rnatilgan issiqlik nasoslari orqali hattoki juda kichik miqdordagi issiqlik to‘lqinlari ham yutilib, katta idishlardagi suvlarni va masjid yerini isitishda, shuningdek, tahoratxonada ishlatiladi. Masjidga o‘rnatilgan hisoblagichlar tufayli xonaqohda kislorod kamayib ketganda yoki havo isib ketganda yuqorida joylashgan tirqishlar ochilib, u yerdan toza havo kira boshlaydi”.
Hozirda masjidga hatto musulmon bo‘lmaganlarning ham tashrifi juda ko‘paygan. Ular masjid xususiyatlari bilan tanishish bilan birga Islom to‘g‘risida ham ba’zi ma’lumotlarga ega bo‘lib qaytmoqdalar.
Saidjamol MASAYITOV
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi", deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taoloning salavot aytishi - bandasiga rahmatini yuborishi va savobini ko‘paytirib berishini anglatadi.