Islom dini bashariyatni ikki dunyo saodatiga yo‘llovchi ilohiy ta’limot o‘laroq, ayrim hukmlar bajarilishini shart qilib qo‘ysa, ayrim xatti-harakatlardan chetlanishga, yaqiniga ham yo‘lamaslikka buyuradi. Islom shariati qaytargan amallar insonning dunyo va oxirati uchun zararli ekanida shubha yo‘q. Insonlar orasini buzuvchi, jamiyat taraqqiyotiga to‘sqinlik qiluvchi, haq-huquqlarning aralashib ketishiga, poymol bo‘lishiga sabab bo‘luvchi ana shunday illatlardan biri, shubhasiz, poraxo‘rlikdir.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang”. (“Baqara surasi”,188-oyat)
Oyati karimada o‘zgalar mol-mulkini harom yo‘l bilan o‘zlashtirishning haromligi, har bir ishda adolat qilish lozimligi, haloldan rizq izlash o‘rniga haromdan, poraxo‘rlik va sudxo‘rlik kabi gunoh ortidan mol-dunyoga ega bo‘lishdan, bu bilan oilasi va jamiyatda fasodni yoyishdan qaytarilmoqda.
وعن عبد الله بن عمرو بن العاص - رضي الله عنهما - قال: لعن رسول الله صلى الله عليه وسلم الراشي والمرتشي
Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi : “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchini ham, oluvchini ham la’natladilar”.
Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukmda pora beruvchini ham, pora oluvchini ham la’natladilar» (Termiziy, Ibn Hibbon, Hokim rivoyati). Yana bir rivoyatda: «O‘rtadagi kishini ham», deyilgan. Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytganlar: «Hukmdagi pora kufrdir. Odamlar orasidagi esa haromdir».
Yuqorida zikr etilgan uch shaxs – pora beruvchi va oluvchi hamda ular o‘rtasida vositachilik qiluvchi agar nohaq, evazsiz olgan molini o‘z egasiga topshirib, Alloh taologa tavba qilmasa, hadisi shariflarda bayon qilingan la’nat – Alloh taoloning rahmatidan uzoq bo‘lish va g‘azabiga duchorlikni keltirib chiqaradi. Musulmon inson uchun Yaratganning rahmatidan chetda bo‘lishdan ayanchliroq baxtiqarolik yo‘q.
كل لحم أنبته السحت فالنار أولى به قيل يا رسول الله وما السحت قال الرشوة في الحكم
Ibn Sirin rohimahulloh Umar, Ali, Abdulloh ibn Mas’ud, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhumdan qilgan rivoyatlarida Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Harom luqma bilan o‘sgan a’zo borki, unga Jahannam haqlidir”, – dedilar. “Ya Rosululloh, “suht” nima?”, – deb so‘radilar. U zot alayhissalom: “hukmdagi poradir”, – deb marhamat qildilar.
Poraning razolati, inson va jamiyat hayotini nopok yo‘llar tomon boshlashi, dunyoda nafrat, xorlik va kulfatga yetaklashi, oxiratda Alloh azza va jallaning rahmatidan uzoqlikka, baxtiqarolikka, alamli azoblarga sabab bo‘lishi yuqoridagi oyat va hadislar ma’nosidan ravshan anglashilmoqda.
“Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Abdulaziz FURZULOV
Haj – 2025
Bugun, 26 aprel kuni Toshkent shahar bosh imom-xatibi Aduqahhor domla Yunusov rahbarliklarida poytaxtimizdagi «Shayx Zayniddin» jome masjidi majlislar zalida bu yil guruh rahbari bo‘lib hajga ketayotgan ellikboshilar uchun navbatdagi yig‘ilish o‘tkazildi.
Guruh rahbarlariga Abduqahhor domla Yunusov hajga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordilar.
Hajga jo‘nashga ham sanoqli kunlar qoldi. Shu bois har ellikboshi o‘z guruhi a’zolari bilan yaqindan tanishib olishi zarurligi yig‘ilishda qayd etildi.
Xayrli duolar bilan yig‘ilish yakunlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahri vakilligi
Matbuot xizmati