Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasini tinglar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda yaqin besh yillikda e’tibor qaratilishi va amalga oshirilishi zurur bo‘lgan islohotlar, ustuvor yo‘nalishlar va vazifalar ko‘lami namoyon bo‘ldi va ich-ichimizdan mamlakatimiz taraqqiyotida yangi davr boshlanayotganini his etdik.
Ushbu Murojaatnomada davlatimiz rahbari yuritayotgan siyosat, eng avvalo, xalq manfaatiga, yurtdoshlarimiz hayotini yuksaltirishga qaratilgani yana bir karra o‘z isbotini topdi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bundan keyin ham xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash bo‘yicha olib borayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy islohotlar davom ettiriladi, birinchi navbatda, aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish – biz uchun bosh vazifalardan bo‘lib qolaveradi.
Albatta, bunday tarixiy yuksalishlar jarayonida vatan ravnaqi, xalq farovonligi uchun xizmat qilish, biz – imom-xatiblar, ilm ahli, din xizmatchilarining ham burchidir. Chunki, dunyoda ko‘plab mamlakatlarga soya solayotgan jaholat ko‘lankasi bor ekan, bizning xotirjamlikka berilishga aslo haqqimiz yo‘q. Zotan, oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarimizga faqatgina tinch, ozod va obod yurtdagina erishish mumkin. Vatanimiz tinchligini bardavomligi jamiyatda millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash, farzandlarimizni ilmu ma’rifat sohibi qilib tarbiyalash bilan bo‘ladi.
Qolaversa, xalqimiz necha asrlardan beri e’tiqod qilib kelayotgan islom ham ilm va ma’rifat dinidir. Dunyoda islomchalik ilm-ma’rifat o‘rganish va o‘rgatishga katta ahamiyat bergan din yo‘q. Islom dinining muqaddasi kitobi – “Qur’oni karim” ham “O‘qi” amri bilan nozil bo‘la boshlagan. “Mus'hafi sharif”da ilm to‘g‘risida 811 joyda zikr qilingan. Payg‘ambarimiz ham “Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir”, deb marhamat qilganlar.
Mamlakatimizda bundan buyon ham “jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi asosida islom dinining insonparvarlik mohiyatini, tinchlik va do‘stlik kabi olijanob xususiyatlarini targ‘ib qiluvchi ezgu harakatlar davom ettiriladi. Xususan, islom dini ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy, kalom ilmi asoschisi Abu Mansur Moturidiy va uning davomchisi Abu Muin Nasafiyning hayoti, ilmiy merosiga bag‘ishlangan hamda diniy bag‘rikenglik mavzularida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, yuqori darajadagi tadbirlar tashkil etiladi. Shuningdek, Imom Buxoriyning Samarqanddagi yodgorlik majmuasini bu mo‘tabar zotning musulmon dunyosidagi ulug‘ maqomiga mos ravishda mutlaqo yangi loyiha asosida qayta barpo etish, buyuk alloma Bahovuddin Naqshbandning 700 yillik tavallud ayyomini yuqori saviyada o‘tkazish rejalashtirilgan.
Albatta, Prezidentimizning ulug‘ ulamolarimizga ko‘rsatayotgan ehtiromini, ularning ilmiy meroslarini chuqur o‘rganish uchun yaratayotgan sharoitu imkoniyatlarini biz, din xizmatchilari o‘zimiz uchun yuksak e’tibor va ishonch, deb qabul qilamiz. Bunga javoban, biz ham vatanimiz va xalqimiz uchun bel bog‘lab, xizmat qilish, bor bilim, imkoniyatu salohiyatimizni safarbar etishga tayyormiz. Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, xalqimiz bizdan rozi bo‘lsa, Haq ham rozi bo‘ladi.
Azimjon ALIMJONOV,
Toshkent shahri
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
“Mulla Qosim” jome masjidi
imom-xatibi.
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov