Alloh taolo yer yuzini va undagi diyorlarni va jonivorlarni har xil qilib yaratganidek, odamlarni ham turli ko‘rinish va fe’l atvorli qilib qo‘ygan.
Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning Hujurot surasi 13-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Ey insonlar, darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishinglar (do‘st-birodar bo‘lishinglar) uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila-elatlar qilib qo‘ydik. Albatta, sizlarning Alloh nazdidagi eng hurmatlirog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh bilguvchi va ogohdir”.
Ma’lum bir diyorda bor bo‘lgan moddiy va tabiiy boyliklar boshqa hududda bo‘lmaganidek, qaysidir hududdagi tinchlik va osoyishtalik o‘zgasida yo‘q bo‘lishi mumkin. Axir, bu mezonni Yaratganning O‘zi iroda etgan. Sababchi esa albatta bandaning o‘zi bo‘ladi.
Tarixga nazar solsak, bir qavm yoki millatning boylik ilinjida va o‘z manfaatlarini ko‘zlab o‘zga diyorlarni bosib olganligiga ko‘plab dalillar keltirilgan. Bunday bosqinlar natijasida minglab odamlar nohaq o‘ldirilgan.
Bugun ham o‘tmishdagi kabi bosqinchilik “urush”lari sodir etilyaptimi? Albatta, axir insonda nafs va orzu bor ekan, bosqinlar aslo to‘xtamaydi, faqat ular turini va tusini o‘zgartiradi xolos.
Ayni zamonamizdagi bosqinchilik “yurishlari” jang orqali emas balki axborot xurujlari, ongni egallash va qalbga g‘ulg‘ula solish orqali amalga oshirilmoqda. Bu borada turli ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlari asosiy qurol vazifasini bajaradi.
Xo‘sh, ular qanday “hujum” qiladi? Tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha ularning asosiy nishoni insonlar, ularning ongi va qalbi ekan. Mo‘ljalga olingan mamlakat yoki hududning milliy, diniy, ijtimoiy va iqtisodiy holatini chuqur o‘rgangan “yovuzlar”, hujumni avvalo, xalqni qiynayotgan muammoli masalalarni shov-shuvli tarzda gapirishdan boshlaydi. So‘ngra, unga ishongan “olomon”ning yashash tarzi va mahalliy ulamolar va yetakchilarni yomonlashga tushishadi.
Shu o‘rinda savol tug‘ilishi mumkin: Xo‘sh bizlarga tosh otishdan ularga ne naf? Javobni internetdagi istalgan xabarlar sahifasining yaqin sharq nomli ruknidan topishingiz mumkin.
Ulamolardan biri shunday deganlar: “Sening oilangdagi tinchlik va farovonlikni ko‘ra olmaydigan, baxt va kamolingga rahna solishni istaydigan hasadgo‘y kimsalar albatta topiladi. Agar imkon qilsalar oilangni buzishga urinadi. Eng yomoni shuki ular uyingga islohotchi sifatida tashrif buyurib buzg‘unchi bo‘lib chiqib ketadi. Ulardan ogoh bo‘l! Belgilari: baxtsiz, maddoh, nafsibuzuq va johil. Maqsadlari esa seni xonavayron etib, bor-budingga ega chiqish”.
Mazkur fikrni kengroq manoda tushunsak, oila bu bizning vatanimiz, vatanimizdagi tinchlik, osoyishtalik va taraqqiyotni xushxabardek qabul qila olmaydiganlar dunyoda yetarlicha. Afsuski, ular orasida o‘z ichimizdan chiqib o‘zga yurtlarda vatan nomiga turli bo‘hton toshlarini otayotganlar ham topiladi. Mana bu haqiqiy xiyonat va musibat. Ular arzimagan pulga, juda oz bo‘lgan manfaat uchun o‘z ona diyoriga, jigarlariga va tuprog‘iga malomat qilmoqda.
Kamchilik, muammo va yechilishi lozim bo‘lgan masalalar hamma joyda, hatto katta-katta davlatlarda ham bor. Ammo, bu muammolarni chetdan turib tosh otish bilan yurt sha’nini, olimlarni, musulmon ulamolarini yomonotliq qilish bilan hal etib bo‘lmaydi. Axir, u yimizdagi kamchilikni qo‘shni chiqib to‘ldirib qo‘ymaydiku... Har kim o‘z oilasidagi kamchiliklarni o‘zi hal etishi kerak. Demak, vatan bu umumiy oilamiz bo‘lsa uni taraqqiy ettirish ham o‘z qo‘limizda.
Muvaffaqiyat, taraqqiyot va baxtga g‘araz, xusumat, hasad va jahl emas, balki aql, ilm, ma’rifat, taqvo va hamjihatlik bilan erishiladi.
Zero, Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang”. (Moida surasi, 2-oyat)
Xulosa o‘zingizdan!
Saidabror Umarov tayyorladi
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.