Umar roziyallohu anhu keksayib qolganlarida “Ey Alloh, Yo‘lingda shahid bo‘lish va Rasulingning shaharlarida vafot etishni nasib etgin!” deb duo qilardilar. U kishi bir kuni odamlarga xutba qila turib, bir tush ko‘rganlarini, unda bir xo‘roz o‘zlarini bir yoki ikki marta cho‘qiganini, o‘zlarining ajallari yaqinlashib qolganini sezayotganlarini aytadilar. Shunda odamlar u kishidan o‘rnilariga xalifa bo‘lish uchun nomzodni aytishlarini so‘radilar. U zot sho‘ro majlisi qilmoqchi ekanlarini, bu majlisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam rozi bo‘lgan sahobalaridan olti nafarlari bo‘lmish Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Abdurahmon ibn Avf, Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhumning ishtirok etishlarini bayon qiladilar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu yaqin orada fath etilgan shaharlardan keluvchi balog‘atga yetgan yigitlarni Madinaga kiritmaslikka qaror chiqargan edilar. Iroq voliysi bo‘lib turgan Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu mo‘minlar amiridan iroqlik bir yigitni Madinaga kirishiga ruxsat so‘radilar. U yigit temirchi va duradgor edi. Madina ahliga foydasi tegar degan o‘yda edilar. U yigitning ismi Feruz bo‘lib, Abu Lu’lu’a kunyasi bilan atalar, o‘zi asli majusiy edi. Shu bois zohirida musulmon bo‘lib ko‘rinib, nifoqni ichida saqlardi. Hazrati Umar roziyallohu anhu uning kelishiga rozi bo‘ldilar.
Bir kuni Umar roziyallohu anhu tegirmon yasayotgan o‘sha Abu Lu’lu’aning yonidan o‘tayotganlarida yigit u kishiga tegirmon yasab bermoqchiligini aytadi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, Umar roziyallohu anhu uni huzurlariga chaqirtirib, “Sen menga havoda aylanadigan tegirmon yasab beraman deb aytmaganmiding?!” deydilar. Bu gapga javoban Abu La’lu’a “Ey mo‘minlarning amiri, men sizga shunday bir tegirmon yasab berayki, odamlar uni mashriqu mag‘ribda gapirib yursinlar” deydi. Bu gapni eshitgan Umar roziyallohu anhu uning maqsadini anglaydilar va sahobai kiromlarga “Bu bola menga tahdid qilmoqda” deydilar.
Kunlarning birida Umar roziyallohu anhu bomdod namoziga imomlikka o‘tib, Allohu akbar deb quloq qoqqanlarida safda turgan majusiy oldinga o‘tdi-da, ichida berkitib turgan xanjari bilan mo‘minlar amirini tanalariga bir necha marta zarba berdi. Umar roziyallohu anhu Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuni oldinga o‘tqazib, o‘zlari qon ko‘p yo‘qotganlari sababli hushlaridan ketadilar. Namozni o‘qib bo‘lgan sahobai kiromlar u kishini uylariga ko‘tarib boradilar. Uylarida o‘zlariga kelgan ulug‘ xalifa yonlarida o‘tirgan sahobalardan “Namozni o‘qib bo‘ldinglarmi?” deb so‘raydilar. Ular “Ha” deyishgach, suv keltirishni buyuradilar. Suv kelgach, tahorat olib o‘zlari namozlarini o‘qib, yakuniga yetkazib qo‘yadilar. Tanalaridan esa qon to‘xtovsiz oqib turardi.
Namozdan so‘ng o‘zlariga kim xanjar urganini so‘raydilar. Qotilning ismini eshitgach, musulmon bo‘lmagan kimsa u kishiga xanjar urgani uchun Alloh taologa hamd aytdilar. Keyin Umar roziyallohu anhu Oisha onamiz roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallam va Abu bakr roziyallohu anhuning yonlariga dafn etilishga ruxsat so‘rab o‘g‘illarini yuboradilar. Onamiz ruxsat beradilar, bundan Umar roziyallohu anhu shodlanadilar. Oradan ko‘p o‘tmay ulug‘ xalifa o‘sha jarohat sababli vafot etadilar va janozalari o‘qilgach, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning yonlariga dafn etiladilar. Qabrga o‘g‘illari Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu va Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhu tushadilar. Bu voqea hijriy 23 sanada, milodiy 644 yilda sodir bo‘lib, o‘shanda ulug‘ xalifaning yoshlari 63 da edi.
Alloh taolo hazrati Umarning duolarini ijobat etib, u kishiga Madini Munavvarada shahidlik maqomini nasib etdi.
Ushbu rasmda sariq chiziq bilan belgilangan joy Umar roziyallohu anhuning mehroblari o‘rni bo‘lib, xuddi shu yerda u kishiga xanjar urilgan edi.
Alloh taolo barcha sahobalardan, jumladan, Umar ibn Xattobdan rozi bo‘lsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.
“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.
Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.
Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:
– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:
– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:
– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.
Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.
Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.
Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.
Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.
Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.
Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).
Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.
G‘ulomiddin XOLBOYEV,
O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari