Rossiya Federatsiyasining Tomsk viloyati Asino tumanidagi yog‘och uyda yuz bergan yong‘in oqibatida halok bo‘lgan 10 nafar fuqarolarimizning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik izhor etamiz. Halol mehnat qilib, ahli oila nafaqasi yo‘lida halok bo‘lgan ushbu yigitlarimizning oxiratlari obod bo‘lishini Haq taolodan so‘raymiz.
Ushbu fojiada halok bo‘lganlarning haqlariga duolar qilish, mag‘firat so‘rash va yaqinlariga tasalli berish insoniy burchimizdir. Inson qachon, qayerda va qanday holatda vafot etishini bilmaydi. Dinimizda biror fojia bilan vafot etgan mo‘minning darajasi yuqori bo‘lishi aytilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam hadislarining birida kishi suvga g‘arq bo‘lib, o‘tda kuyib, tom ostida qolib vafot etsa, shahidlik maqomini topishi ta’kidlangan.
Mazkur yong‘inda vafot etgan yurtdoshlarmizning haqlariga duo qilib, Yaratgan Parvardigordan ularning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini iltijo qilib so‘raymiz.
Halok bo‘lganlarning ahli baytiga Alloh taoloning qazoi qadarini rozilik ila qarshi olgan chinakam mo‘minlarning maqomini so‘raymiz, haqlariga duo qilib, samimiy hamdardlik bildiramiz. Parvardigorimiz qurbonlarni O‘zining rahmati va mag‘firatiga burkasin, ortlarida qolgan ahli bayti va farzandlariga sabru jamil bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Biror marta o‘zingizga shu savolni berib ko‘rganmisiz?
Iblis Odamga sajda qilishdan bosh tortganida hali shayton yo‘q ediku, unga kim vasvasa qildi?
Bu barchamiz uchun juda jiddiy va o‘ta muhim savoldir...
Shayton Allohga osiy bo‘lganida, uning shaytoni kim edi?
Ushbu satrlarni o‘qing — bizning haqiqiy shaytonimiz kim ekanligini bilasiz!
"Nafs" so‘zi nihoyatda muhim ma’noni anglatadi va u Qur’oni karimda juda ko‘p oyatlarda zikr qilingan.
Alloh taolo "Qof" surasida bunday deydi:
"Biz insonni yaratdik va uning nafsi nimani vasvasa qilayotganini ham bilamiz. Biz unga yo‘g‘on tomiridan ham yaqinroqmiz" (Qof, 16).
Biz Allohga imon keltirganmiz, Uni zikr qilamiz, masjidda namoz o‘qiymiz, Qur’on o‘qiymiz, sadaqa qilamiz va hokazo...
Shunga qaramay, gunohlardan holi bo‘la olmaymiz. Nega?
Sababi shundaki, biz haqiqiy dushmanni qo‘yib, zaif va ojiz dushmanga qarshi boramiz. Alloh taolo bunday deydi:
"Darhaqiqat, shaytonning makri zaifdir" (Niso, 76).
Haqiqiy dushman bu — nafsdir. Ha, nafs insonning ichidagi soatli mina, yashirin xavfdir.
Alloh taolo "Isro" surasida bunday deydi:
"Kitobingni o‘qib chiq. Bugun nafsing senga hisobchi bo‘lishi yetarlidir" (Isro, 14).
Yana Alloh taolo "G‘ofir" surasida bunday deydi:
"Bugun har bir nafs qilgan amallariga yarasha mukofotlanadi. Zulm qilinmaydi" (G‘ofir, 17).
"Muddassir" surasida:
"Har bir nafs qilgan ishining garovidir" (Muddassir, 38).
"Noziat" surasida:
"Kim Robbining martabasidan qo‘rqib, nafsini havoyi istaklardan tiysa..." (Noziat, 40).
"Takvir" surasida:
"Har bir nafs qilgan amallarini bilib olar" (Takvir, 14).
Ko‘rib turganingizdek, bu oyatlarda asosan "nafs" haqida so‘z ketmoqda. Shunday ekan, nafs nima o‘zi?
Olimlar bunday deydi: ilgari Allohdan boshqa iloh sifatida sig‘inilgan butlar — Lot, Uzzo, Manot, Suvo’, Vadd, Yag‘us, Ya’uq va Nasr — barchasi yo‘q qilindi. Ammo bir soxta iloh borki, uni odamlar hanuz ham Allohdan o‘zgacha sevib, unga bo‘ysunadi. Bu iloh — nafs havosidir. Alloh taolo aytadi: "O‘z nafsini iloh qilib olgan kimsani ko‘rmadingizmi?" (Josiya, 23).
Nafs havosi insonni o‘z qo‘liga olsa, u na biror qonunga bo‘ysunadi, na bir diniy ta’limotga. Shundan uni o‘zi istagan narsasiini qilib yurganini ko‘rasiz.
Imom Busiriy o‘z qasidasida bunday deydi:
"Nafs va shaytonga qarshi chiq va u ikkisiga itoat qilma".
Qobil Hobilni o‘ldirgani haqida hikoya qilar ekan, Alloh taolo aytadi:
"Uning nafsi uni o‘z akasi Hobilni o‘ldirishga undadi..." (Moida, 30).
Biror odam gunohga qo‘l ursa va keyin afsuslanib tavba qilsa, undan:
— Nima seni bu gunohga boshladi? deb so‘rasangiz, u: "Nafsimning gapiga kirdim", deb aytadi.
Xulosa shuki, nafsimiz bizning eng katta dushmanimiz va biz uni doimo ta’qib qilishimiz lozimdir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV