Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Iyul, 2025   |   22 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:05
Peshin
12:34
Asr
17:39
Shom
19:58
Xufton
21:30
Bismillah
17 Iyul, 2025, 22 Muharram, 1447

24.01.2020 y. FIQHIY MAZHABLAR BIRDAMLIK RAMZI

21.01.2020   6182   20 min.
24.01.2020 y. FIQHIY MAZHABLAR BIRDAMLIK RAMZI

 بسم الله الرحمن الرحيم

الحَمْدُ للهِ الذِّي قَالَ فِي كِتَابِهِ: "وَاعْتَصِمُوا بِحَبْلِ اللَّهِ جَمِيعًا وَلَا تَفَرَّقُوا"، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى رَسُولِهِ الذِّي قَالَ: "إيَّاكُمْ وَالفُرْقَةَ" وَعَلَى آلِهِ وَأَصْحَابِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنْ أَمَّا بَعْدُ

FIQHIY MAZHABLAR – BIRDAMLIK RAMZI

Muhtaram jamoat! “Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini U Zot alayhissalomning o‘zlari ko‘rsatar edilar. Sahobai kiromlar esa, U Zot alayhissalomdan sodir bo‘lgan har bir gap va ishlarni katta e’tibor bilan qabul qilib, o‘z hayotlariga tadbiq qilardilar. Ba’zan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir ishga buyursalar sahobai kiromlar uni turlicha tushunib, o‘zaro fikr mulohaza qilar edilar. Bunga misol, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobai kiromlarga shunday dedilar:

"لَا يُصَلِّيَنَّ أَحَدٌ الْعَصْرَ إِلاَ فِي بَنِي قُرَيْظَةَ" (رواه الإمامُ البخاري عن ابن عمرَ رضي الله عنهما)

ya’ni: “Biror kishi asr namozini Banu Qurayzadan boshqa joyda o‘qimasin!” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Shunda ba’zi sahobalar: “Asr namozini faqat, Banu Qurayzada o‘qiymiz”, – deb asr namozi vaqti kirgan bo‘lsa ham uni o‘qimasdan yo‘lda davom etdilar. Ba’zi sahobalar esa: “Rasululloh bu gaplari bilan bizni tez yurishga undadilar, asrni o‘qib olib, tez yurib ketaversak zarari yo‘q” , – deb yo‘lda asrni o‘qib oldilar. Keyin Rasulullloh sallallohu alayhi vasallamga ikki tomonning ham ishlari bayon qilinganda, ikkisi ham to‘g‘riligini aytdilar. 

Demak, Payg‘ambarimiz alayhissalom hayotlik davrlaridanoq sahobai kiromlar ba’zi masalalarda o‘zlari ijtihod qilib, fikrlarini bildirganlar  (“ijtihod” – deb faqih kishi shar’iy hukmlarni bilishga bor kuchini sarflashiga aytiladi).  

Ikkinchi misol, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Muoz ibn Jabal  raziyallohu anhuni yamanliklarga islomni o‘rgatish uchun yuborganlar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu jo‘nab ketayotgan paytlarida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam u kishini to‘xtatib shunday deganlar:

"‏ كَيْفَ تَقْضِي إِذَا عَرَضَ لَكَ قَضَاءٌ‏"‏‏ قَالَ: "أَقْضِي بِكِتَابِ اللَّهِ" ‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏ قَالَ: "فَبِسُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم"‏ قَالَ: ‏"‏فَإِنْ لَمْ تَجِدْ فِي سُنَّةِ رَسُولِ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَلاَ فِي كِتَابِ اللَّهِ‏"‏‏ قَالَ: "أَجْتَهِدُ رَأْيِي وَلاَ آلُو" فَضَرَبَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم صَدْرَهُ وَقَالَ: ‏"‏الْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي وَفَّقَ رَسُولَ رَسُولِ اللَّهِ لِمَا يُرْضِي رَسُولَ اللَّهِ"‏ (رَوَاهُ الإِمَامُ أبو داود والإِمَامُ الترمذي)

 ya’ni: “)U yerda sizga( biror masala duch kelsa, qanday qilib hukm chiqarasiz?” deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu “Allohning kitobi ila”, – deb javob berdilar. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam: “Allohning kitobidan topa olmasangizchi?” – deb so‘radilar. Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Rasulullohning hadislari bilan”, – deb javob berdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Rasulullohning hadislaridan ham topa olmasangizchi?” deb so‘radilar. Shunda Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu: “Qarab turmasdan, fikrim ila ijtihod qilaman”, –dedilar. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam bu javoblardan g‘oyat mamnun bo‘ldilar va: “Rasulullohning elchisini Rasulullohni rozi qiladigan narsaga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin”, – dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin shariatga bog‘liq barcha masalalar sahobalardan so‘raldi. Yosh sahobalar o‘zlaridan kattalardan, yangi musulmonlar avval musulmon bo‘lgan sahobalardan o‘zlari tushunmagan turli masalalar yechimini so‘rardilar.

Imom ibn Ahmad ash-Sha’roniy (vaf. 973/1565) o‘zlarining “Al-Miyzan ash-sha’roniya” asarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan: “Aslida sahoba va tobeinlar davrlarida mazhablarning soni o‘n sakkizta bo‘lgan. Ularning barchasi o‘z vaqtida amalda bo‘lgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofe’iy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur to‘rt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning ta’limotlari boshqa mazhablardan kuchliroq bo‘lgani uchun emas, balki to‘rt mazhab boshqa o‘n to‘rt mazhab ta’limotini ham qamrab olganidir”. 

Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni  turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan.

 To‘rt mazhab sohiblari shar’iy hukmlarni chiqarishda o‘zlariga to‘rtta manbani asosiy dalil qilib olganlar:

Birinchisi: Qur’oni Karim. Mazhabboshilar Islomda biror narsaning hukmi qanday ekanligini bilmoqchi bo‘lsalar, avvalo Qur’onga murojaat qilishgan. Agar Qur’onda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilishgan.

Ikkinchisi: Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislari. Agar faqih o‘sha masalaga javobni Qur’ondan topa olmasa, hadisga murojaat qilgan. Agar hadisda yechim topilsa, hech qanday ikkilanishsiz uni qabul qilgan.

Uchinchisi: Ijmo’. Ijmo’ bu - bir davrdagi ijtihod ahli bo‘lgan ulamolar bir ovozdan biror masalani qabul qilishlaridir. Misol uchun, Qur’oni Karimni kitob shakliga keltirish zarurligi Qur’onning o‘zida ham Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarida ham ta’kidlanmagan. Ammo payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam vafotlaridan so‘ng urushlarda Qur’onni yod biladigan qorilar ko‘plab shahid bo‘layotganidan tashvishlangan hazrati Umar raziyallohu anhuning takliflari bilan xalifa Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu Qur’onni jamlashga buyruq berdilar. Bunga hamma rozi bo‘ldi, hech kim qarshi chiqmadi. Demak, bu ish ijmo’ (kelishuv) orqali amalga oshdi.

To‘rtinchi: Qiyos. Qiyos bu – yuqoridagi manbalarda hukmi kelmagan narsani, umumiy o‘xshashlik bo‘lgani uchun manbalarda hukmi bor narsaga qiyoslab hukm chiqarish. Misol uchun, Qur’onda o‘sha vaqtda uzum, arpa, asal, xurmo kabi narsalarni achitish yo‘li bilan olinadigan mast qiluvchi ichimlik harom qilingan. Ulamolar shunga qiyoslab ulardan boshqa mast qiluvchi ichimliklarni ham harom deb ataganlar.

Demak, mazhabboshilarning hukm chiqarish yo‘llari yuqoridagi hadisda maqtalgan Muoz ibn Jabal raziyallohu anhu tutgan uslubda bo‘lgan. Bu zotlar tutgan yo‘lni Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mashhur hadislarida maqtaganlar.

"إذا حَكَمَ الحاكِمُ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أصابَ فَلَهُ أجْرانِ، وإذا حَكَمَ فاجْتَهَدَ ثُمَّ أخْطَأَ فَلَهُ أجْرٌ" 

(رَوَاهُ الإِمَامُ البخاري عن عمرٍو بن العاصِ رضي الله عنه)

ya’ni: “Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, to‘g‘ri topsa, unga ikki ajr beriladi. Qachon hukm qiluvchi ijtihod qilib, xato qilsa, unga bitta ajr beriladi” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Shuni unutmaslik kerakki, ijtihod qiluvchi kishi bir qancha ilmlarni puxta bilishi talab qilinadi. Jumladan, oyatlarni nosix va mansuxi, mutlaq va muqayyadi, sababi nuzuliga doir barcha ilmlardan xabardor bo‘lishi kerak. Shuningdek, hadislarni qaysi biri sahih, hasan, zaifligini va hadisni rivoyat qiluvchi zotlarning tarixini hamda nosix va mansux hadislarni bilishi shart hisoblanadi. Shu bilan birga ijtihod qilguvchi shaxs arab tili qoidalarini, balog‘at, ma’oniy va bayon ilmlari va usulul fiqh kabi ilmlarni bilishi lozim. Chunki mazkur ilmlarni puxta mujassam qilmagan kishi oyat va hadislardagi maqsadlarni mukammal tushunib yetmaydi. Natijada xato hukm chiqaradi. Doktor Muhammad Hasan bunday deganlar: “Kim arab tilini bilmasa, u tuya ignaning teshigidan o‘tganida ham, (ya’ni, hech qachon) mujtahid bo‘la olmaydi”.

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobeinlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobeinlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, Rasulullohga yoki bir-birlariga ergashganlar”. 

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy so‘zlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor:

  "فَإِذَا رَأَيْتُمُ اخْتِلَافًا فَعَلَيْكُمْ بِالسَّوَادِ الْأَعْظَمِ"

ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, katta jamoatni lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyatlari). To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.

Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rahmatullohi alayh “E’lous-sunan” kitobida shunday deganlar: “To‘rt mazhab imomlari haqiqatan to‘g‘ri yo‘l va hidoyatdadir. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan bo‘lsa, uning ulamolari va kitoblari ko‘p bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi (oyat va hadislardan o‘zi mustaqil hukm chiqarishga qodir bo‘lmagan kishi) uchun o‘sha mazhabga ergashish vojib bo‘ladi. O‘z yurtida keng tarqalmagan va ulamolari ko‘p bo‘lmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini o‘rganish imkoni bo‘lmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas. Agar bir yurtda barcha mazhablar tarqalib, mashhur bo‘lgan bo‘lsa, hamda u mazhablarning ulamolari ham yetarli bo‘lsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun ulardan birini tanlab, o‘sha mazhabga ergashishi joiz bo‘ladi”.

Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari o‘zlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi so‘zlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofe’iylarning ham, hanbaliylarning ham, molikiylarning ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi ijtihod darajasiga yetmagan kimsalarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib bo‘ladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.

Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qiladigan bo‘lsak, bizning O‘zbekistonimizda faqatgina Imomi A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhning mazhabiga amal qilish lozim ekani ma’lum bo‘lmoqda. Allohga hamdlar bo‘lsinki, bir necha asrlardan beri ota-bobolarimiz mazkur mazhabga og‘ishmay-toyilmay amal qilib kelmoqdalar. 

Afsuslar bo‘lsinki, mana shunday butun ummat e’tirof qilib turgan mazhabdan ba’zi yurtdoshlarimiz yuz o‘girib, o‘zlaricha bir nechta hadisni ma’nosini bilib olib: “Men o‘zim Qur’on va hadisdan hukm olaman, men mazhabga ergashmayman, men hadisga amal qilaman”, – deb, katta da’vo va xato qilmoqdalar. Bilmaydilarki, hadis ilmining sultonlari bo‘lgan va minglab hadislarni o‘rganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Xatolarining asosiy sababi ular mazhab o‘zi nima, mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir. 

Masalan, imom Molik rahmatullohi alayhni olaylik. U kishi o‘z davrining eng yirik muhaddisi edilar. U zotning “Muvatto” kitoblari “Sihohi sitta”ning biri bo‘lishga nomzod, agar shunday bo‘lsa, Buxoriy va Muslimlarning kitoblaridan keyingi uchinchi kitob bo‘lishi muqarrar. Lekin shunday buyuk muhaddis ham hadis turib, fiqhning nima keragi bor, demay, e’tirof qilingan to‘rt fiqhiy mazhablardan biri bo‘lmish Molikiy mazhabiga asos soldilar. 

Imom Ahmad ibn Hanbal esa hadis ilmining ummoni bo‘lganlar. U kishining hadisdagi “Musnad” kitoblari eng mo‘tabar kitoblardan hisoblanadi. Imom Ahmad ibn Hanbal: “Men muhaddisman, yetti yuz ellik ming hadisni yaxshilab o‘rganib chiqdim. Ichidan qirq mingini tanlab olib, “Musnad” kitobimni tuzdim. Endi menga fiqhning keragi yo‘q”, deb, qaysarlik qilmadilar. Aksincha, fiqhning ashaddiy tarafdorlaridan bo‘lib, to‘rt fiqhiy mazhabdan biri bo‘lmish  Hanbaliy mazhabiga asos soldilar.

Mashhur to‘rt fiqhiy mazhablardan yana birining sohiblari Imom Shofe’iy ham o‘tkir muhaddis bo‘lganlar.  U kishining hadis ilmida “Musnad” nomli kitoblari bor. Bu zot ham: “Men muhaddisman, “Musnad” kitobini tuzdim. Endi menga fiqhning keragi yo‘q”, demadilar. Aksincha, to‘rt fiqhiy mazhabdan biri bo‘lmish  Shofe’iy mazhabiga asos soldilar.

Mazhabboshimiz Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh muhaddislik bobida eng oliy darajalardan bo‘lmish hofizlik maqomiga yetgan zot edilar. Hofiz yuz ming hadisning matni va isnodini yoddan bilgan shaxsdir (“Al-yavoqit vad durar” kitobidan). Imom Zahabiy ham Imom A’zam Abu Hanifani hofizlar tabaqasida zikr qilganlar. Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh ham “Musnad” kitobini yozganlar. Boshqa faqihlardan ko‘ra Abu Hanifadan oz hadis rivoyat qilinganligi haqida as-Solihiy quyidagilarni yozadi: “Hifzlari kuchli bo‘lsa-da u kishidan oz rivoyat qilinishi, fiqh bilan ko‘p mashg‘ul bo‘lganlari sabablidir. Zero, Abu Bakr va Umar raziyallohu anhumo kabi katta sahobalardan ham kichik sahobalarga qaraganda, oz hadislar rivoyat qilingan”.

Hozirgi kunda dunyo musulmonlarining yarmidan ortig‘i aynan hanafiy mazhabimizga amal qilib, o‘z ibodatlarini shu mazhabga muvofiq ado etib kelmoqdalar. 

(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda hanafiylik mazhabining o‘ziga xosligi, mo‘tadilligi haqida gapirib beradilar...).

Ma’lumki, Ahli sunna val jamoaning e’tirof qilingan to‘rt mazhab imomlari tomonidan: اِذَا صَحّ الْحَدِيثُ فَهُوَ مَذْهَبِى ya’ni: “Agar hadis sahih bo‘lsa, demak, u mening mazhabimdir!” – degan gap naql qilingan. Ushbu gapni pesh qilib, zamonamizdagi ayrim “salafiy”, “zohiriy”, “ahli hadis” sifatida tanilganlar: “Aslida, mazhablarga taqlid qilish  mumkin emas. Hadislarga amal qilish lozim. Shuning uchun, mazhab imomlari o‘z so‘zlarini tark qilib, hadisga amal qilishni buyurganlar. Har bir inson hadislarni o‘qib, ularga amal qilishi kerak, mazhab ahli bitgan fiqhiy manbalarni o‘rganishi, ulardagi fatvolarga amal qilishi mumkin emas....”, deganlar. Mazhabboshilarning bu gaplari mazhab  doirasidagi mujtahidlik martabasiga yetgan kishilar uchun aytilgan. Bunday martaba kamdan-kam odamda topiladi. Shu bilan birga mazhabboshining muayyan hadisga amal qilmaganining sababi – o‘sha hadislarning mansux bo‘lgani yo ma’lum bir narsalarga xoslab aytilgani yoki ularning boshqacha ta’vili borligi va shu kabilarga mazhabboshining dalil-isboti bo‘lganligidir (Imom Navaviyning “Al-Majmu’” kitoblari). Bunga misol tariqasida quyidagi voqeani keltirish mumkin: Imom Shofe’iy rahmatullohi alayhning shogirdlaridan biri Muso ibn Abuljorud rahimahullohning Imom Shofi’iyga: أفطر الحاجم والمحجوم – “Qon oluvchining ham, oldiruvchining ham ro‘zasi ochiladi!” – degan sahih hadis borligini aytgani va unga Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh nima uchun amal qilmaganini so‘raganida Imom Shofi’iy rahmatullohi alayh mazkur hadisning sahih ekanini bilishini aytib, biroq, uning mansux bo‘lganini dalillar bilan ko‘rsatib, ana shu sababli mazkur hadisga amal qilmaganini bayon qilgan (“Raddul muhtor” kitobi).

Demak, “Agar hadis sahih bo‘lsa, demak, u mening mazhabimdir!” degan gapga amal qilish uchun jami dalillarni o‘rganib chiqish, nima uchun muayyan hadisni tark qilingani, unga amal qilinmagani sababini bilib olish lozim bo‘ladi. Mavzu bo‘yicha chuqur tadqiqot va tahlillar olib borilganidan keyin esa mazhab doirasidagi fatvoning to‘g‘ri chiqarilgani ravshan bo‘ladi.

 (Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda bemazhablikning salbiy oqibatlari, uning xatari haqida gapirib beradilar...)

Demak, fiqhiy mazhabga amal qilish hadisni qo‘yib, birovning fikriga yurish, degani emas. Ya’ni, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamni qo‘yib, masalan, Abu Hanifaga ergashish degani emas. Aksincha, mazhabga ergashish Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga ko‘r-ko‘rona emas, balki oqilona va Payg‘ambarimiz alayhissalom ko‘zlagan va maqtagan ma’noda ergashishdir.

Shunday ekan, birorta hadisni sanadi bilan to‘liq yod bilmay turib, minglab hadislarni sanadi bilan yod bilgan, ularni hamma jihatdan sinchiklab o‘rganib chiqqan muhaddis va mujtahid faqihlardan o‘zimizni yuqori qo‘ymaylik. Uch-to‘rt hadis ma’nosini chala-chulpa tushunib olib, o‘tgan aziz ulamolarga tosh otmaylik. Buning o‘rniga hadislar va fiqhiy kitoblarni chuqurroq o‘rganishga harakat qilaylik. Ana shunda hamma narsa o‘z o‘rniga tushadi.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, musulmonlarning birligi, ibodatlarning mukammalligi, jamiyatning tinchligi uchun yurtimiz musulmonlari ming yillardan beri amal qilib kelgan Imomi A’zam rahmatullohi alayhning mazhablariga ixlos ila ergashishlari o‘ta muhim va zarurdir! 

 

Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “ILMLI YOSHLAR-YURT KЕLAJAGI” mavzusida bo‘ladi.

 

Hurmatli imom domla! Yurtdoshlarimizning diniy savollariga javob berish maqsadida, O‘MI Fatvo bo‘limi tomonidan ibodatga doir shar’iy masalalarga telefon orqali javob berish tizimi (Koll-markaz) yo‘lga qo‘yildi. Koll-markazning ish tartibi dushanba kunidan shanba kunigacha, soat 9:00 dan 17:00 gacha davom etadi (ibodat vaqtlari istisno qilinadi, dam olish kuni yakshanba).

Ushbu xizmatdan foydalanish uchun 78-150-33-44 telefon raqamiga murojaat qilib, fatvo bo‘yicha malakali mutaxassislardan javob olinadi.

Shuningdek, telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali savol yo‘llash imkoniyati ham mavjud bo‘lib, buning uchun savollarni Fatvo bo‘limining SavollarMuslimUzBot telegramm boti orqali yo‘llash mumkin. 

Qolaversa, Fatvo bo‘limi mutaxassislari tomonidan dolzarb va zamonaviy masalalar yuzasidan dalillarga asoslangan batafsil javoblar  “Din va hayotga oid savollar” telegramm kanali orqali e’lon qilib borilmoqda. 

Muhtaram imom-domla! Xalqimiz Islom ma’rifatidan yanada ko‘proq bahramand bo‘lishlari uchun yuqoridagi xizmat turlarini jamoatga e’lon qilishingizni so‘raymiz. Zero, mo‘min-musulmonlar ishonchli manbalardan dinni o‘rgansalar, savollariga javob olsalar ayni muddao bo‘lardi.

Hadisi sharifda: “Yaxshilikka dalolat qiluvchi uni bajaruvchi kabidir”, deb marhamat qilinadi. Bu xayrli ishda bizga yordamchi bo‘lganingizdan minnatdormiz!





Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

15.07.2025   4005   10 min.
Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.

 Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?

 Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?

Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.

So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.

Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.

Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?

Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan  “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
 

Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q.  Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.

- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.

Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.

Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.

“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak

Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.

Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu  ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.

Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.

Maqolalar