Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri doktor Solih Bentin taklifiga asosan “Haj–2020” mavsumining tashkiliy ishlarini kelishib olish maqsadida, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish masalalari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi Abdug‘ofur Ahmedov va O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlari boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 20 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlari va delegatsiya a’zolari Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri o‘rinbosari bilan Abdulfattoh bin Sulaymon uchrashuv o‘tkazdilar.
Muloqotda “Haj – 2020” mavsumi yuzasidan imzolanishi lozim bo‘lgan shartnoma shartlari o‘zaro muhokama qilinib, ishchi guruhining yig‘ilishi ham o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda shartnomaning bandlari muhokama qilindi. Shuningdek, mazkur uchrashuvda tomonlar haj mavsumini namunali, tartibli va eng yuqori darajada o‘tkazish masalalarini kelishib olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif doirasida Malayziya Islom san’ati muzeyiga tashrif buyurdi.
Ta’kidlash joizki, ushbu majmua mamlakatning eng yirik muzeylaridan biri hisoblanadi. U 1998 yilda tashkil etilgan.
Muzey an’anaviy islom me’morchiligi uslubida barpo etilgan bo‘lib, uning umumiy maydoni 30 ming kvadrat metrdan ziyodni tashkil etadi.
Bino gumbazining ichki qismini bezash va restavratsiya ishlarida o‘zbekistonlik ustalar ishtirok etgan.
Bu yerda 10 mingdan ortiq islom san’ati namunalari saqlanmoqda. Doimiy ekspozitsiyada Qur’on qo‘lyozmalarining noyob to‘plami, sopol va qimmatbaho buyumlar, qurol-yarog‘ namunalari va inshootlar maketlari, taqinchoqlar, tangalar va boshqa ashyolar namoyish etilmoqda.
Muzey fondida zamonaviy O‘zbekiston hududida turli tarixiy davrlarda yaratilgan 200 ga yaqin noyob eksponatlar alohida o‘rin egallaydi. Ular orasida o‘rta asrlarga oid qo‘lyozmalar, zargarlik buyumlari, mashhur abr matolari va kiyim namunalari, Sharq Renessansiga oid kulolchilik buyumlari mavjud.
Davlatimiz rahbari eksponatlarni ko‘zdan kechirish chog‘ida birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish va ko‘rgazmalar tashkil etish, ilmiy va madaniy almashinuvni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
President.uz