Bugungi kunda yoshlarimiz jamiyatimizda belgilangan odob-axloq, etika-estetika qoidalariga qay darajada amal qilmoqda, sharm-hayo kabi yuksak axloqiy fazilatlarning qadr-qimmatini to‘la anglab yetyaptimi, degan haqli savollar tug‘ilishi tabiiy.
Yoshi ulug‘ insonlar bilan suhbatda bo‘lsangiz gap o‘zani burilib, yoshlarning yurish-turishi, odob-axloqiga borib taqaladi. Nuroniy otaxonlarning xotiralarini tinglab, bir kishining 50–60 yillik umri davomida jamiyat hayoti, odamlar qiyofasi shunchalik tez o‘zgarib ketishidan hayratga tushasiz, yoshlar tarbiyasi haqida kuyinib gapirishlari ma’nosini tushungandek bo‘lasiz.
Ayni davrda butun dunyoda sodir bo‘layotgan milliy ma’naviyatimizga zid turli hodisalar jamiyatimiz hayotiga bevosita “ommaviy madaniyat” ko‘rinishida kirib kelayotgani hech kimga sir emas. Buni ayrim yoshlarning o‘zini tutishi, muomalasi, kiyinishida ham yaqqol sezish mumkin.
Mazkur masalalar, xususan, hayo fazilatining dinimizda tutgan o‘rni, hayoga doir shariat ko‘rsatmalari haqida kengroq tushuncha berish maqsadida ustoz va mutaxassislarga murojaat qildik:
– Kishi vujudida o‘zgalar qarashi harom qilingan joylarni, xoh erkak, xoh ayol bo‘lsin, boshqalar huzurida ochish, nomahramlarga ko‘rsatish halol emas, – deydi O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi direktori o‘rinbosari Shayx Abdulaziz MANSUR. – Erkaklarda tananing kindikdan tizza ostigacha bo‘lgan qismi, muslima ayolning esa ikki kafti, oyoq to‘pig‘ining pastki qismi (qadami) va yuzidan boshqa butun badani avrat hisoblanadi. Sochining gajagi ham.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Har bir dinning xulqi bo‘ladi. Islomning xulqi esa hayodir”, dedilar (Ibn Moja rivoyati).
Namozxon kishi avratlarini qalinroq kiyim bilan bekitishi shart. Agar kiyim badanning rangi yaqqol bilinadigan darajada bo‘lsa, u bilan namoz o‘qish joiz emas. Avrat a’zoning to‘rtdan birining uzrsiz ochilib qolishi namozni buzadi. Agar a’zo namoz ichida ochilib ketsa, darhol uni bekitib, namozini davom ettirishi mumkin. Namozda avratning bekitilishi talab qilinganidek, namozdan tashqarida ham uyat o‘rinlarni yopib yurish lozim.
Qur’oni karimda Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga xitoban bunday deyiladi: “Ey Payg‘ambar! Xotinlaringizga, qizlaringizga va mo‘minlarning xotinlariga ayting, ustlariga yopinchiqlarini tashlab olsinlar! Mana shu ularning (kim ekanliklari) tanilib, ozorlanmasliklari uchun eng yaqin (vositadir). Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir” (Ahzob surasi, 59-oyat).
Odamlardan hayo qilish uyat a’zolar – avrat joylarini bekitish, begona ko‘zlardan yashirish bilan birga, kishilarga tili, qo‘li bilan ozor bermaslik ham tushuniladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Allohdan chin hayo qilingizlar!” Shunda sahobalar, “Bizlarning chin hayo qilishimiz qanday bo‘ladi?”, deyishdi. U zot aytdilarki, “Kimki boshini va undagi ko‘z, quloq va burnini, qorni va boshqa a’zolarini turli harom ishlardan saqlasa va bu dunyo ziynatiga ortiqcha berilmay, o‘lim va qabr azobini esidan chiqarmay yursa, o‘sha kishi Alloh taolodan chin hayo qilgan bo‘ladi”, dedilar.
Ulug‘ sahobiylardan Huzayfa ibn Yamon roziyallohu anhu masjidga borayotsa, odamlar namozdan chiqib kelishayotgan edi. Shunda u kishi bir chetga chiqib, odamlarga yo‘l berdi. U zotdan nega unday qildingiz, deb so‘raganlarida: “Odamlardan uyalmagan kishidan har qanday yomonlikni kutsa bo‘ladi”, deb javob berdi.
Hayo – hech kim ko‘rmaydigan joyda ham o‘zini noo‘rin harakatlardan tiyishni taqozo etadi. Hakimlar: “O‘zidan o‘zi uyalish boshqalardan uyalishdan ko‘ra ko‘proq bo‘lmog‘i lozim”, deganlar. Ulamolardan biri esa: “Kimki ochiq-oydinda qilish uyat bo‘lgan ishni xilvatda qilsa, u o‘zini nafsi oldida qadrsiz qilibdi”, deydi.
Inson ko‘ngliga kelganini hayosizlarcha qilib ketaverishi hayvoniy sifat sanaladi. Hazrat Ali karramallohu vajhahu: “Kimki hayo kiyimini kiysa, boshqalarning aybini ko‘rmaydigan bo‘lib qoladi”, deydi.
Hayoli inson, birinchi navbatda, o‘zining yurish-turishi, gap-so‘ziga e’tibor berib, boshqalardan ayb qidirmaydi, birovning ustidan kulish yoki g‘iybat qilishdan saqlanadi.
Hadisi shariflarda: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning hayolari yopinchiq ichidagi bokira qizning hayosidan ham kuchliroq edi”, deyiladi (Imom Termiziy rivoyati).
Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi va sallamning hayolari juda kuchli bo‘lib, u zot yuksak fazilatda barcha mo‘min-musulmonlarga o‘rnak ekaniga dalolat qiladi.
***
– Mahalla faoli sifatida har kuni hududimizdagi ko‘cha va xiyobon, jamoat hamda dam olish joylarini aylanaman, yoshlarning yurish-turishini kuzataman, gap-so‘zlariga quloq tutaman, – deydi poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi “Novza” mahallasi faoli Maryam MAHMUDOVA. – Ularning turli ajnabiy kiyimlar kiyib, jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalariga rioya qilmagan, milliy mentalitet hamda o‘zligimizga butunlay yot bo‘lgan odat va beo‘xshov qiliqlariga ham guvoh bo‘laman. Yig‘inimiz faollari bilan birga ana shunday xulq-atvori, gap-so‘zida o‘zgarish sezilgan mahallamiz yoshlari, tarbiyaning nozik tomonlarini ilg‘amayotgan ota-onalar bilan suhbatda bo‘lamiz, ularga to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq ko‘rsatamiz, joyi kelsa, dakki ham beramiz.
Bir bolaga yetti mahalla otaona, degan maqol bejiz aytilmagan. Agar farzand tarbiyasida ota-onalar tomonidan e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yilsa, qo‘ni-qo‘shnilar, ustoz-murabbiylar, qolaversa, mahalla faollari bunga e’tiborli bo‘lishlari lozim. Bu milliy mentalitetimizga xos bo‘lgan tarbiya usulidir.
***
– Qonunchiligimizda nafaqat moddiy, balki ma’naviy zarar uchun ham javobgarlik belgilangan, – deydi huquqshunos Muzaffar HILOLIDDINOV. – Shuningdek, barcha davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim dargohlari, turli jamoat va madaniy dam olish joylarida kasb etikasi, odob-axloq, o‘zini tutish qoidalari kabi ichki tartiblar o‘rnatilgan.
Shu o‘rinda aytish joizki, jamoat tartibiga tajovuz sifatida qaraluvchi huquqbuzarliklar qonunchiligimizda, xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasida belgilangan choralar qo‘llanishi mumkin: “Mayda bezorilik, ya’ni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik – eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga... sabab bo‘ladi”.
Axloqiy fazilatlar, o‘zgalardan hayo qilish, uyat hissi inson ichidagi xolis tuyg‘u – vijdon uyg‘onishi, o‘z xatolarini tezroq tushunib yetishida har qanday ta’sir choralaridan ham kuchliroq vosita hisoblanadi.
Taniqli yozuvchi Abdulla Qahhor bunday degan edi: “Uyat eng shafqatsiz qonundan ham kuchliroq, qudratliroqdir. Qonun faqat ko‘zi tushganda, shubha paydo qilganidagina jinoyatchining qo‘lini ushlaydi, yo‘lini to‘sadi. Uyat esa hamisha odobsiz, axloqsiz jinoyatchining tepasida turib, nojo‘ya ish qilish uchun qo‘l ko‘targani qo‘ymaydi”.
Yuqoridagi fikrlardan axloqiy sifatlar orasida hayo fazilatining nafaqat oilaviy tarbiya jarayonida, qolaversa, jamiyat hayotida ham beqiyos ahamiyatga ega ekani oydinlashadi.
Ota-bobolarimizdan meros ushbu olijanob xulqni asrab-avaylab, bu borada shariatimiz buyurgan amallar, jamiyatimizda belgilangan odob-axloq qoidalariga rioya etgan holda yashasak, faoliyat yuritsak, yoshlarimiz ongiga uning ma’no-mazmunini chuqur singdirish harakatida bo‘lsak, hayotimiz yanada go‘zallashib boraveradi, inshaalloh.
Bahriddin XUSHBOQOV,
tayyorladi.
Ajdodlarimizning muqaddas xotirasini yod etib, ezgu ishlarini davom ettirish, safimizda yurgan keksalarni e’zozlash – odamiylikning oliy mezoni va xalqimizga xos azaliy qadriyat ekanligining dalolatidir.
9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining tashabbuslari doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan bir guruh faxriylar holidan xabar olindi.
Ziyorat davomida Diniy idora tizimida uzoq yillar samarali mehnat qilgan, yoshlarga ibrat bo‘lgan ustozlar uylariga borilib, ularga ehtirom bildirildi. Hadyalar ulashildi.
Shu bilan birga, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Abdurashid qori Bahromov, Usmonxon domla Alimov, Abdurazzoq hoji Yunusov, Anvar qori Tursunov kabi marhum ulug‘larimizning xonadonlariga borilib, oila ahllari holidan xabar olindi.
Shuningdek, bunday tadbirlar joylardagi vakilliklar tomonidan ham amalga oshirilib, hech kim e’tibordan chetda qolmadi. Bunday tadbirlar orqali Islom dinida o‘tganlar xotirasiga ehtirom, tiriklarni qadrlash, ustozlar o‘gitlaridan bahramand bo‘lish kabi xayrli an’analar bardavom bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati