Qizaloqning qo‘llarida ikkita olma bor edi. Onasi undan “Qizim, olmaning bittasini menga ber” deb so‘radi. Qiz onasiga tikilib turdi-da, keyin qo‘lidagi olmalarni birin-ketin tishladi. Onasi qizining bu ishidan biroz xafa bo‘lib, “Mehr bilan boqqan qizim shunday qildiya” degan narsa xayolidan o‘tdi. O‘z qizidan bunday muomalani kutmagandi. Qizidan uzoqlashib, boshqa xonaga chiqmoqchi bo‘lganida, qizi uning ortidan chaqirdi va “Onajon, mana bunisi shirinroq ekan” dedi-da, olmalarning birini onasiga uzatdi.
Qizaloq onasiga shirin olma berish uchun ularni tishlab ko‘rgandi. Onasi esa bu holni biroz noto‘g‘ri tushundi va qizidan xafa bo‘la boshladi. Qizining gapidan keyin ona undan bekorga xafa bo‘lganini angladi.
Har qancha ilmli, tajribali va dunyoqarashi keng inson bo‘lmang, boshqalar haqida hukm chiqarishga shoshilmang. Odamlarga o‘z maqsadlarini bayon qilib berishlari uchun imkon bering.
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati