Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446

Bolalar o'yinchoqlari — ular ortida nimalar bor?

05.09.2023   719   5 min.
Bolalar o'yinchoqlari — ular ortida nimalar bor?

Bugun farzandlarimiz qanday o'yinchoqlar o'ynayapti? G'arbdan kirib kelayotgan ayrim o'yinchoqlar ortiga qanday maqsad yashiringan? Og'zi qiyshiq, boshining yarmi yo'q, oyoq-qo'llari beo'xshov o'yinchoqlar ularning ovunchog'iga aylanib ulgurdimi?

Biz ota-onalar bolalarimiz sog'lig'i, ruhiyatiga chang soladigan o'yinchoqlarni sotib olib bermayapmizmi? Farzandimiz jizzaki, urushqoq, odamovi, jahldor bo'lib qolayotganiga o'zimiz aybdor emasmi?   

O'zA ijodkorlari bolalarimiz kelajagi, sog'lig'i, taqdiriga xavf solayotgan ana shunday o'yinchoqlar haqida o'rganishlar olib bordi. Psixolog, tadbirkor, tadqiqotchi, sotuvchi-yu xaridorlar, ota-onalarning fikrlari bilan qiziqdi. 

Bugun farzandlarimiz ko'proq qanday o'yinchoqlarni o'ynashyapti? Ushbu savolga tadbirkor Anvar Abduqayum shunday javob berdi:   

— Bolalar asosan xorijda, ko'proq Hitoy davlatida chiqarilayotgan mul'tfil'm hamda serial qahramonlari, umuman inson ongiga foyda bermaydigan, milliy va ma'naviy qadriyatlarga ta'sir qiladigan o'yinchoqlarni o'ynashyapti. Eng afsuslanarli jihati, noto'g'ri o'yinchoqlar olib berish orqali ota-onalar o'z qo'li bilan farzandining kelajagini barbod qilyapti. 

Bolalarimiz tasavvur va tushunchalarini chalg'itishi mumkin bo'lgan, ularning xayolida ijobiy, lekin aslida salbiy o'yinchoq qahramonlar kimlar?   

— Bolalarimiz qalbida mehr-shafqat, muhabbat, rahmdillik, ezgulik kabi fazilatlarni asta-sekinlik bilan yo'q qilayotgan o'yinchoqlar “Popit hamda antistress”, Haggi Vaggi va Kissi Missi kabilardir, — deydi tadqiqotchi Nigora Husanova. — Bunday o'yinchoqlar targ'iboti asosan g'arb mamlakatlaridan kirib kelyapti. Chunki bularning asoschilari ham g'arb mamlakatlari hisoblanadi. Aytishimiz mumkinki, g'arbdan chiqqan ommaviy madaniyatga g'arbning o'zi g'arq bo'ldi. Endi sharq mamlakatlarini o'z domiga tortib ketyapti. 

— Bu o'yinchoqlarning bolalar o'rtasida ommalashish sabablari nimada? 

—2020 yildan boshlab bu o'yinchoqlar savdosi juda ham kuchayib ketdi, — deydi N.Husanova. — Chunki pandemiya davrida odamlar orasida virtual olamga qiziqish ortdi. O'zini-o'zi yakkalash amaliyoti hammani virtual olamga ipsiz bog'lab qo'ydi.   

Shu davrda “Poppy Playtime” o'yin kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan o'yin qahramonlari, misol uchun ko'k boshli maxluq, ya'ni Haggi Vaggi va Kissi Missi o'yinchoqlari juda ham ommalashdi.   

O'yin boshida Kissi Missi Haggi Vaggining singlisi bo'ladi. Keyinchalik uni ma'shuqasiga aylanib ketadi. O'yindan yosh bolalar yuragiga qo'rquv soladigan turli sahnalar, qonli lavhalar, vahimali musiqalar, shuningdek, sobiq aka-singil o'rtasidagi «ehtirosli» lahzalar ham o'rin olgan. Bu bolalarimizga nihoyatda salbiy ta'sir ko'rsatadi va tasavvurlari o'zgarib ketishiga sababchi bo'ladi.   

Bu o'yinchoqlarni hozirgi kunda savdoga chiqarishda aynan kamalak ranglardan foydalaniladi. Bu ranglar bir jinslilar o'rtasidagi nikohni targ'ib qiluvchi ranglar hisoblanib, bolalarning yoshligidan ongiga ko'nikma hosil qilib boriladi. Bolalar ruhiyatiga yoshligidan shikastlanish, azob chekish, tushkunlikka tushib qolish degan so'zlarni singdirish uchun olib borilayotgan amaliyot hisoblanadi. Bu ham g'oya va mafkuralar kurashining bir ko'rinishi.   

— Bunday o'yinchoqlarni o'ynash bolalarda qanday stresslarni keltirib chiqaradi? 

— Yengil-elpilikni targ'ibot qiluvchi, kalta-kulta ko'ylaklar yoki ayollik tanasining simvolikalarini ko'rsatgan qo'g'irchoqlar qizchalarning erta ulg'ayishiga olib keladi, — deydi psixolog Shoira Isoqova. — Ya'ni, erta etilishni keltirib chiqaradi. Chunki o'yinchoq yaratayotgan odamlar o'zining ruhiyati, fantaziyasidan kelib chiqib qo'g'irchoq yaratadi. Bizning xalqimiz juda ham ta'sirchan, hissiyotli va ishonuvchan xalq. Chiroyli ekan, bola o'ynasa bo'ladi, deb sotib oladi. Lekin bunday qo'g'irchoqlar bolani qo'rqitishi, ruhiyatida o'zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin.

— Do'konlarimizda milliy qahramonlarimiz qiyofasi aks etgan qo'g'irchoqlarni uchratish mumkinmi? 

— Amir Temur va qo'shinlari yoki Alpomish dostoni qahramonlari, Jaloliddin Manguberdi kabi milliy qahramonlarimiz va ularning qo'shinlari aks etgan, bolani ortidan ergashtira oladigan qo'g'irchoqlarni do'konlardan izlab topolmaganman, — deydi shoir Shodmonqul Salom. — O'yinchoqlar do'konlarini bolaning ruhiyatini buzadigan, buzgandayam nihoyatda badbin, insoniylikka mos bo'lmagan, odamiylikka begona bo'lgan ramzlar, timsollar aks etgan qo'g'irchoqlar egalladi.  Insonning tafakkuri 8 yoshgacha shakllanib bo'ladi, deyiladi. Biz 8 yoshgacha bolamizni qo'ldan boy berib qo'yyapmiz. Yana avtobusda bizga joy bermasa, metroda gapimizga o'rinli javob ololmasak, shartaki, agressiv, jahldor bo'lsa, unday boladan xafa bo'lamiz. Unday bolalar oydan tushgan emas, o'zimizning bolamiz, shu jamiyatning farzandi. Birov bizga tarbiyalab bergani yo'q, o'zimizning hosilimiz. Shuning uchun ancha-muncha kech bo'lgan, ma'lum avlod ham yo'qolgandir. Lekin hechdan ko'ra kech yaxshi.

Nigora Rahmonova,

O'zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

29.04.2025   4287   3 min.
Alloma tug‘ilib o‘sgan yurtda uning ta’limoti o‘rganilmoqda (+video)

 

29-30 aprel kunlari Samarqandda “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.


Davlatimiz rahbarining shu yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Moturidiy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan anjumanda dunyoning o‘ttizga yaqin davlatidan muftiylar, islomshunos va dinshunos olimlar, diniy-ma’rifiy soha vakillari ishtirok etmoqda.


Anjuman munosabati bilan o‘tkazilgan brifingda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari – matbuot kotibi Ilhom Ma’rupov konferensiya va uning doirasidagi tadbirlar haqida ma’lumot berdi.


– Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, buyuk alloma va mutafakkirlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha puxta o‘ylangan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi I.Ma’rupov. – Ushbu ezgu ishlarning uzviy davomi sifatida 2025 yil 29-30 aprel kunlari Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilmoqda.


So‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida O‘zbekistonda moturidiyshunoslik ilmiy maktabi shakllandi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.


Konferensiyaning ahamiyati va dolzarbligi haqida gapirganda bugungi kunda quyidagi omillar Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotini chuqur o‘rganishni taqozo etayotganini alohida qayd etish lozim:


– muqaddas islom dini niqobi ostida faoliyat yuritayotgan radikal guruhlar harakati kuchayib borayotgan bugungi sharoitda xalqaro maydonda Imom Moturidiy ta’limotini o‘rganishga e’tibor oshmoqda;


– moturidiylik maktabining bag‘rikeng g‘oyalari, asrlar davomida mintaqamiz xususiyatlariga mos holda shakllangan insonparvar ta’limoti radikalizmga qarshi kurashning ta’sirchan va samarali vositasi sifatida baholanmoqda.


Konferensiya 3 ta shu’bada faoliyat olib boradi:


Birinchi shu’ba “Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Imom Moturidiy, moturidiy allomalari va izdoshlari hayot yo‘li, Movarounnahr kalom ilmi maktabi rivojlanish tarixi haqida bahs-munozaralar, ilmiy muzokaralar bo‘lib o‘tadi.


Ikkinchi shu’ba “Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini” mavzuida bo‘lib, u Moturidiylik ta’limotida ilgari surilgan g‘oyalar, jumladan, bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat nazariyalarining shakllanishiga oid munozaralarni o‘z ichiga oladi.


Uchinchi shu’ba “XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati” mavzuiga bag‘ishlangan bo‘lib, u Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosida ko‘tarilgan mavzularning bugungi kundagi dolzarb muammolarni hal qilishdagi ilmiy va nazariy ahamiyatiga oid bahs-munozaralarni qamrab oladi.


Anjuman yakunida Imom Moturidiy ilmiy merosi va moturidiylik ta’limotini o‘rganishni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha nufuzli olimlarning taklif va tashabbuslari asosida yakuniy deklaratsiya qabul qilinadi. 


Bugun anjuman qatnashchilari uchun Samarqand shahridagi muqaddas qadamjolar va tarixiy-madaniy yodgorliklarga sayohat ko‘zda tutilgan. 

G‘.Hasanov, A.Isroilov (video), O‘zA muxbirlari

O'zbekiston yangiliklari