Sayt test holatida ishlamoqda!
15 May, 2025   |   17 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:29
Quyosh
05:04
Peshin
12:24
Asr
17:24
Shom
19:38
Xufton
21:07
Bismillah
15 May, 2025, 17 Zulqa`da, 1446

Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Odil xalifanig zavjasi – Ummu Gulsum roziyallohu anho

16.01.2020   6109   3 min.
Mo‘minalarga ibrat mo‘minalar: Odil xalifanig zavjasi – Ummu Gulsum roziyallohu anho

 

Umar roziyallohu anhuning orzusi bir ayolning eri bo‘lish, shahvatini qondirish emasdi. Aksincha, u juda ulug‘, sharafli g‘oya va maqsadni ko‘zlagan edi. Ummu Gulsum roziyallohu anho ham mustahkam iymon va axloq sohibasi edi. Shu sababli Umarning roziyallohu anhu ahvolini juda yaxshi anglar, har bir vaziyatdan rozi bo‘lib, hech qachon nolimasdi.

Kunlardan bir kun undagi qanoat va itoat darajasini ochiqcha ko‘rsatuvchi bir voqea sodir bo‘ldi:

Ummu Gulsum roziyallohu anho Hazrati Umar roziyallohu anhudan beruxsat Rum imperatori Xiroqlning zavjasiga bir hadya yubordi. Chopardan hadyani olgan Rum malikasi xizmatchilar va saroy a’yonlarini yig‘di.Ularga:

– Bu hadya musulmonlar xalifasining zavjasi, Payg‘ambarning nabirasidandir. Bu hadya evaziga men ham bir narsa yubormokchiman, - dedi. So‘ng Ummu Gulsumga minnatdorchilik bildirib, bir maktub yozdi va ko‘plab sovg‘a-salomlar bilan jo‘natdi. Tuhfalar orasida qimmatbaho munchoq ham bor edi. Chopar Madinai Munavvaraga kelgach, maktub va sovg‘alarni Hazrati Umar roziyallohu anhuga topshirdi. Hazrati Umar roziyallohu anhu Ummu Gulsum roziyallohu anhoni beruxsat bunday ish qilgani uchun koyidilar.

Birozdan so‘ng bir kishidan: “Namozga to‘planing!” deya chaqirishini so‘radilar. Chaqiriqni eshitganlar muhim bir ish borligini bilib, to‘plana boshladilar. Umar roziyallohu anhu ularga ikki rakat namoz o‘qittirdilar. Alloh taologa hamdu sano aygilgach, qavmga yuzlanib:

  • Mendan beruxsat qilingan ishlarda xayr yo‘qdir, — dedilar va bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdilar.

Munchoqni nima qilish haqida ulardan maslahat so‘radilar. Bir guruh: «Munchoq Ummu Gulsumga tegishli narsa evaziga yuborilgan. Shu bois uning mulki bo‘lishi lozim. Imperator Hiroklning zavjasi zimmiy emaski, sizga xush ko‘rinish uchun sovg‘a yuborsa yoki sizning ko‘l ostingizda emaski, sizdan qo‘rqqanidan yuborsa», dedilar.

Boshqa bir guruhga esa: «Biz ham evaziga bir narsa berishini istab, birovga ko‘ylak hadya etamiz yoki sotilib, pulini olish uchun birovga ko‘ylak yuboramiz. Bu munchoq ham shunga o‘xshash bir narsa», dedilar.

Umar (roziyallohu anhu) hammaning fikrini olgach:

— So‘zlaringaz to‘g‘ri. Ammo elchi musulmonlar elchisi, chopar ularning chopari, — dedilar va hadyani Baytultohga berishga amr etdilar.

Umar roziyallohu anhu o‘ta adolatli va ummatning ishlarini o‘ylaydigan hokim bo‘lganidek, oilasining barqarorligini, huzur-halovat va farovonligini ham saqlovchi kishi edilar. Shuning uchun o‘zlarining xususiy mollaridan hadya miqdoricha nafaqa ajratib, zavjalariga berdilar.

Ummu Gulsum roziyallohu anho hazrati Umardan ikki farzand — bir o‘g‘il va bir qiz dunyoga keltirdilar. O‘g‘ilning ismi Zayd ibn Umar, qizning ismi Ruqayya edi. Xayrli bo‘lishini niyat qilib, unga xolasining ismi qo‘yilgan edi. Ummu Gulsum roziyallohu anho farzandlarining go‘zal tarbiya olib, ulg‘ayishlari uchun g‘ayrat qildi va bunga muvaffaq bo‘ldi.

 

Saidabror Umarov tayyorladi

 

 

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

14.05.2025   1872   3 min.
O‘tirgan tik turgandan yaxshiroq

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.

Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.

Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.

Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.

“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.

Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.

Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.

Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.

Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.

Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.

Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.

Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.