Farzandga turmushning, tarbiyaning muhim qoidalarini yoshligidan o‘rgatish, uning qalbiga bunyodkorlik tuyg‘ularini singdirish ota-ona va murabbiylarning hamisha dolzarb vazifasi bo‘lib kelgan. Farzand Islom dinimizning asosiy qoidalaridan biri bo‘lgan yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishni odat qilishi lozim.
Insonlar ichida faqat payg‘ambarlar gunohdan pokdirlar. Zero, Parvardigor ularni gunohdan pok fitratda yaratgandir. Payg‘ambarlardan boshqa barcha insonlar go‘zal odob-axloqli bo‘lish bilan bir qatorda, gunoh ishlar va xatolarga yo‘l qo‘yadilar. Islom dini gunoh amallarni ochiq bayon qilgan va mo‘minlarni bunday ishlardan saqlanishga buyurgan. Bu amrga bo‘ysungan kishi o‘zini halokatdan saqlaydi va Allohning suyukli bandasiga aylanadi. Musulmon kishining vazifasi faqat man qilingan ishlarni qilmaslik bilan kifoyalanmaydi. Balki gunoh ish qilayotgan birodarini u yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga solishi ham muhimdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Qaysi biringiz biror munkar ishni ko‘rsa, uni ko‘li bilan qaytarsin. Agar qo‘li bilan qaytarishga qodir bo‘lmasa, tili bilan, agar unga ham qodir bo‘lmasa, munkar ishni qalbi bilan yomon ko‘rib qo‘ysin, mana shu oxirgisi imonning eng zaif darajasidir”. Har bir inson hayotda ma’lum maqsad sari intilib yashaydi. Jamiyatning odob-axloq bilan ziynatlanishi uchun harakat qilish va odamlarning turli muammolariga dardkash bo‘lib, o‘zini ezgu ishlarga mas’uliyatli his etish musulmon kishining maqsadi bo‘lishi lozim. Shundagina mo‘min kishi o‘z manfaati uchun emas, butun jamiyat farovonligiga kuch-g‘ayrat sarflagan bo‘ladi. Bunday inson to‘g‘ri yo‘ldagilarni qo‘llab-quvvatlab, adashganlarni hidoyatga chaqiradi. Zero, jamiyatning gullab-yashnashi ham, falokati ham har bir kishining taqdiri bilan bog‘liq. Chunki kema suvga cho‘kkan payt, garchi uni kema ostidagilar teshgan bo‘lsa ham, kema ustidagi bu ishga umuman aloqasiz sayyohlar ham suvga g‘arq bo‘ladi.
Demak, hayotda ba’zi bir xatolarga yo‘l qo‘ygan kishini to‘g‘ri yo‘lga solish mo‘minga xos bo‘lgan xislatdir. Shuning uchun kishiga xatosini o‘z vaqtida anglatish ham muhim. Bunday holatlarda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) tutgan yo‘llari biz uchun yuksak namunadir. Ul zot birinchi navbatda kishining xatosini yuziga solmasdan, uni to‘g‘rilash yo‘llarini shaxsiyatiga tegmagan holda shirinsuxanlik bilan tushuntirganlar. Zero, Alloh taolo tomonidan Muso bilan Horunga (alayhissalom) Fir’avnni dinga da’vat qilish buyurilganida: “Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa”, (Toho, 44) deyilgan.
Bu oyati karimada gunoh va xato ish qilganlarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish aniq bayon qilingan.
Hayotda ba’zi kishilarning bilib-bilmay gunoh yoki xato ish qilayotganlariga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Bizlardan, avvalo, o‘zimizni bunday ishlardan saqlash, boshqalarning noto‘g‘ri ishlarini Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatib berganlaridek va Parvardigorimiz buyurganidek tushuntirish talab qilinadi.
Murabbiylar farzand qalbiga jasurlik, shijoatlilik va to‘g‘ri so‘zli bo‘lishni ham singdirishi, Islomning ezgu tushunchalarini diliga joylab, Alloh yo‘lida xayrli va savobli ishlarni ko‘p qilishni o‘rgatishi lozimdir.
Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish
Islom dini barcha ummatlarga jinsi, millati, irqidan qat’i nazar, bir-birlaridan ajratmasdan yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishni farz qildi. Bu muhim vazifani ado etishda belgilangan qoidalarga amal qilinadi.
Alloh taolo bunday deydi:
وَٱلۡمُؤۡمِنُونَ وَٱلۡمُؤۡمِنَٰتُ بَعۡضُهُمۡ أَوۡلِيَآءُ بَعۡضٖۚ يَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَيَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَيُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَيُطِيعُونَ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓۚ أُوْلَٰٓئِكَ سَيَرۡحَمُهُمُ ٱللَّهُۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٧١
«Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir» (Tavba, 71).
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalardan qiyinchilik va yengillikda itoat qilishga, qay holatda bo‘lsa ham, to‘g‘ri so‘zlashga va sabrli bo‘lishga ahd oldilar.
Uboda ibn Sobit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Sahobalar Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilik va yengillikda, ixtiyoriy va majburiy amalda itoat qilishga, o‘zidan boshqani afzal ko‘rishda, jo‘yali sabab bo‘lmasdan biror kishi bilan tortishmaslikka, doim to‘g‘ri so‘zlashga hamda Alloh yo‘lida sabr qilishga ahd qildilar”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jamiyatdagi har bir kishining hayotini bitta kemada ketayotganlarga o‘xshatdilar. Shuning uchun har bir kishining xatti-harakatida salbiy holatlar sezilsa, musulmon kishi uni tartibga chaqirishi lozim bo‘ladi.
Amru ma’ruf va nahyi munkar Islom ummatiga vojib va har bir musulmon kishining belgilangan tartibda uni ado etishi ulkan vazifadir.
Amru ma’ruf va nahyi munkar erkak, ayol, yosh va keksa, katta-kichik musulmonga vojibligi haqida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlari bor.
Huzayfa (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Nafsim izmida bo‘lgan Zotga qasam, albatta, yaxshilikka buyurilasizlar va yomonlikdan qaytarilasizlar yoki Alloh sizlar ustilaringizga azob yuboradi. Sizlar duo qilasizlar, bas, duolaringiz qabul qilinmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Hibbon Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi.
Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) yuzlarida mahzunlikni ko‘rdim. U kishi tahorat qildilar, biron kishiga gapirmadilar. Men Ul zot nima deganlarini bilish uchun hujra devoriga yaqin keldim. U kishi minbarga o‘tirdilar. Allohga hamdu sano aytdilar va: «Ey insonlar, Alloh taolo sizlarga: “Menga duo qilishdan oldin yaxshilikka buyuringlar va yomonliklardan qaytaringlar. Aks holda men duolaringni qabul qilmayman. Mendan yordam so‘raysizlar, yordam bermayman”, dedi», deya minbardan tushdilar.
Amru ma’ruf va nahyi munkarning hamma qabul qilgan qoidalari va shartlari bor, ularni murabbiylar o‘zlari o‘rganib, bolalarga o‘rgatishlari lozimdir. Bola bu qoidalarni tushunib yetsin, shu qoidalarga ko‘ra harakat qilsin.
Amali so‘ziga mos bo‘lsin
Alloh taolo aytadi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفۡعَلُونَ٢ كَبُرَ مَقۡتًا عِندَ ٱللَّهِ أَن تَقُولُواْ مَا لَا تَفۡعَلُونَ٣
«Ey imon keltirganlar! Sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishingiz Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir» (Saf, 2-3).
Usoma (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Men Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi rivoyatni eshitganman: «Qiyomat kuni bir kishi do‘zaxga tashlanadi. Shunda: “Ey falonchi, senga nima bo‘ldi? Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmasmiding?” deydilar. U: “Ha, yaxshilikka buyurib, o‘zim uni qilmas edim va yomonlikdan qaytarib, o‘zim uni qilar edim”, deydi», (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yomonlikdan qaytarish bosqichma-bosqich bo‘lishi
Kishini yomonlikdan hikmatli va chiroyli so‘zlar bilan qaytarish lozim. Iloji boricha xatoga yo‘l qo‘yishdan saqlanish kerak.
Yomonlikdan qaytaruvchining yaxshi xulqli bo‘lishi
Insonlarni yaxshilikka chorlash va ularni yomonlikdan qaytarish uchun kishi qalbi muloyim, go‘zal xulqli va shu kabi yaxshi sifatlar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi shartdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday bo‘lishga buyurdilar.
Amr ibn Shuayb (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim yaxshilikka buyursa, bas, o‘zi yaxshi bo‘lsin”, dedilar Bayhaqiy rivoyati.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, muloyimlik biron narsada bo‘lsa, uni ziynatlaydi. Agar u biror narsadan sug‘irib olinsa, sharmisor qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
“Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni yaxshi ko‘radi” (Imom Muslim rivoyati).
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muloyimlikdagi o‘rnak olinadigan jihatlari juda ko‘p misollarda mujassamdir.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Bir kishi masjidda bavl qildi. Odamlar uni qattiq urishmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Unga tashlanmanglar, nopok joyga bir chelak suv to‘kinglar. Sizlarga yengillik qilish uchun yuborildim, sizlarga qiyinchilik qilish uchun emas”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Umoma (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Muoviya ibn Hakimdan rivoyat qiladi.
“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan namoz o‘qiyotgan edim, bir kishi aksa urdi. Men: “Yarhamukalloh”, dedim. Kishilar menga g‘alati qarashdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) namozni o‘qib bo‘lgach, menga g‘azab qilmadilar. U kishi: “Bu namoz, bunda odamlar so‘zi durust bo‘lmaydi, bunda tasbeh, takbir va Qur’on o‘qish bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bir notiq Abu Ja’far Mansur huzuriga kirdi. Unga qo‘pol gapirdi. Shunda Abu Ja’far: “Muloyim bo‘l, Alloh taolo senday yaxshi kishini menday yomon kishiga yubordi, Alloh Musoni Fir’avnga yubordi va unga aytdi:
تَنزِيلٗا مِّمَّنۡ خَلَقَ ٱلۡأَرۡضَ وَٱلسَّمَٰوَٰتِ ٱلۡعُلَى٤
«Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa» (Toho, 44).
Shunda notiq qilgan ishidan hijolat bo‘ldi va u Musodan (alayhissalom) afzal emasligini bildi va Abu Ja’far Fir’avndan yomon emasligini angladi.
Alloh taolo Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam) odob berib:
فَبِمَا رَحۡمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمۡۖ وَلَوۡ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ ٱلۡقَلۡبِ لَٱنفَضُّواْ مِنۡ حَوۡلِكَۖ فَٱعۡفُ عَنۡهُمۡ وَٱسۡتَغۡفِرۡ لَهُمۡ وَشَاوِرۡهُمۡ فِي ٱلۡأَمۡرِۖ فَإِذَا عَزَمۡتَ فَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُتَوَكِّلِينَ١٥٩
«Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar» (Oli Imon, 159), deya marhamat qilgan.
Yomonlikdan qaytarishda aziyatga sabr qilish
Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan:
يَٰبُنَيَّ أَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ وَأۡمُرۡ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَٱنۡهَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَٱصۡبِرۡ عَلَىٰ مَآ أَصَابَكَۖ إِنَّ ذَٰلِكَ مِنۡ عَزۡمِ ٱلۡأُمُورِ١٧
«Ey o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir» (Luqmon, 17).
Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Yo Allohning rasuli, qanday odamlar qiyinchiliklarga ko‘p duchor bo‘ladi?” dedik. U zot: “Payg‘ambarlar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar. Kishi diniga qarab musibatlanadi. Agar dinida mustahkam bo‘lsa, musibati og‘ir bo‘ladi. Agar dinida bo‘sh bo‘lsa, Alloh uni diniga yarasha musibatlaydi”, dedilar.
Sabr bilan nasihat qilish
Kishilarni to‘g‘ri yo‘lga chorlashda sabr bilan nasihat qilish lozim. Alloh taolo bunday deydi:
«Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar» (Asr, 1–3).
Murabbiy mazkur jihatlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratishi lozimdir. Bunday tarbiya hayot haqiqatlari bilan Islom dinining hamohangligini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi. Bu hamohanglik din bilan dunyoni va ruh bilan jismni, ibodat, saxovatning barchasini uyg‘unlashtiradi. Shuningdek, aqida, imon va taqvo, ehson, namoz, ro‘za, yaxshilik, muloyimlik, sabr, to‘g‘riso‘zlilik, vafo, yaxshilik, do‘stlik, saxiylik, azm, tinchlik, kechirimlilik va bag‘rikenglik fazilatlarini insonda mujassamlashtiradi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Yoshi ulug‘larni qadrlash;
Yoshi ulug‘lardan keyin;
Hurmat ko‘rsatish;
Kutib olish;
Hayoli bo‘lish;
Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:
Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?
Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».
Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.
Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.
Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:
Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.