(er-xotin o‘rtasidagi suhbat)
- Asrni o‘qidingmi?
- Yo‘q.
- Shomnichi?
- O‘qimadim.
- Nima uchun?
- Ishdan charchab kelgandim. Shunga biroz yotib, dam oldim.
- Tushunarli. Xuftonga azon aytilmasidan turib tezda asr va shomni o‘qib ol.
Ertasi kuni er xizmat safariga jo‘nadi. Odatda manziliga yetib borgach, ayoliga qo‘ng‘iroq qilib qo‘yardi. Ammo bugun qo‘ng‘iroq qilmadi yoki “Yetib keldim” deb sms yozmadi. Ayol o‘zi eriga qo‘ng‘iroq qildi. Eri esa telefonni ko‘tarmadi. Qayta-qayta qo‘ng‘iroq qildiyu baribir tusholmadi. Bezovta bo‘la boshladi. Erining bunday odati yo‘q edi. Bu safar esa o‘zi qo‘ng‘iroq qilmagani yetmagandek, ayolining qo‘ng‘irog‘iga ham javob bermayapti. Oradan bir necha soat o‘tgach, eri telefon qildi. Ayol shoshgancha telefonni ko‘tarib, gapira ketdi:
- Eson-omon yetib bordingizmi?
- Ha, yetib keldim. Alhamdulillah.
- Qachon yetib bordingiz?
- To‘rt soatcha bo‘ldi.
Ayol g‘azablandi, ovozi o‘zgargan ohangda dedi:
- To‘rt soat bo‘ldi? Nega xabar bermadingiz?
- Yo‘ldan charchab kelgandim, yotib biroz dam oldim.
- Men bilan bir necha daqiqa gaplashsangiz nima bo‘lardi? Telefon ovozini eshitmadingizmi?
- Eshitdim.
- Eshitdingiz-u, ammo javob bermadingiz. Nega? Meni o‘ylamadingizmi?
- O‘yladim. Lekin sen ham kecha namozga azon aytilganida Allohning ibodatiga shoshilishni o‘ylamading. Bir necha daqiqada namozingni o‘qib olsang nima bo‘lardi?
Ayol biroz sukutdan so‘ng “Ha, to‘g‘ri. Siz haqsiz. Men xato qildim. Bu ishimdan pushaymonman” deb xo‘ngrab yig‘lab yubordi.
Eri ayolining o‘zidan uzr so‘ragandek bo‘lganini sezib, bunday dedi:
- Sen kechirimni mendan emas, Alloh taolodan so‘ra! Boshqa hech qachon namozingni qazo qilma! Bilasanmi, mening eng katta orzularimdan biri – sen bilan jannatda ham birga bo‘lishdir.
Erining bu nasihatidan so‘ng ayol namozlariga yanada e’tiborliroq bo‘lib, ularni o‘z vaqtida ado etadigan bo‘ldi.
Ha, azizlar, sizni chin qalbdan sevadigan kishi sizni Alloh taoloning roziligi sari undovchi, gunohga qo‘l urishingizdan to‘suvchi kishidir.
Zero, olamlar Robbi Qur’oni Karimda shunday deb marhamat qilgan:
وَأْمُرْ أَهْلَكَ بِالصَّلَاةِ وَاصْطَبِرْ عَلَيْهَا لَا نَسْأَلُكَ رِزْقاً نَّحْنُ نَرْزُقُكَ وَالْعَاقِبَةُ لِلتَّقْوَى
“Ahlingni namozga amr et va o‘zing unga sabr qil. Biz sendan rizq so‘ramasmiz. Biz senga rizq berurmiz. Oqibat taqvonikidir” (Toha surasi, 132-oyat).
Alloh taolo barchamizni namozini o‘z vaqtida ado etadigan bandalaridan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Savol: Masjiddagi jamoatda ba’zan oldingi safdagi odamning kiyimi kalta bo‘lgani uchun sajdada orqasi qisman ochilib qoladi va bexosdan unga ko‘zimiz tushib qoladi. Shu holatda tahorat yoki namozimiz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ulamolar tahorat va namozni buzuvchi omillarni birma-bir sanaganlar. Ular ichida birovning avratiga ko‘z tushib qolish sababli buziladi, degan gap yo‘q. Birovning, xoh ayolning, xoh erkakning avratiga qarash sababli bavl yoki biror suyuqlik chiqmasa, tahorat sinmaydi. Ammo bu degani qarash, nazar solish mumkin ekan, deb tushunmaslik kerak. Chunki bunday ishlar aslo mumkin emas.
Bir narsani yodda tutish lozimki, namoz o‘qish uchun tayyorlanayotgan inson namoz o‘qish asnosida avratlari ochilib qolmasligining chorasini ko‘rishi kerak bo‘ladi. Chunki bir rukn (farz amali) miqdoricha avratining to‘rtdan biri ochilib tursa, uning namozi buziladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi