Xo‘p, mazhabda Abu Hanifa rahimahullohga ergashmas ekansan, “mazhab” so‘zini eshitsang, ensang qotar ekan.
“Qur’on va Sunnatga ergashaman” deb bor ovozing bilan baqirar ekansan.
Qani menga aytchi, sen o‘qiyotgan namozning shaklini qayerdan olgansan? Sunnatdan deb shoshqaloqlik qilma! Aldama! Sen falonchining kitobi yoki audio suhbatini eshitib, o‘shani bajaryapsan. Demak, mazhabni tan olmaganing bilan baribir kimnidir mazhabiga, yo‘liga ergashyapsan-ku! O‘sha odam aytgan ko‘rinishda namoz o‘qiyapsan-ku!
Endi savol: sen audiosini eshitayotgan, videosini ko‘rayotgan yoki kitobini o‘qiyotgan kishi ilmliroqmi yoki Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam maqtagan davrda yashagan, sahobalarni ko‘rgan inson ilmliroqmi?
Buning javobini qalbingni to‘rida berib turibsan. Ammo kibring, qaysarliging o‘sha javobni tilga chiqarishga qo‘ymayapti.
Ko‘zingni kattaroq och! Hayot faqat feysbukdan iborat emas. Atrofingdagi maslakdoshlaringning “birodar”, “rijol” degan gaplari seni aldab qo‘ymasin!
Agar ustoz muhim bo‘lmaganda, Alloh taolo Qur’oni Karimni nozil qilib qo‘yib, bandalarga o‘zlari o‘qib, tushunib olishlarini amr qilgan bo‘lardi. Lekin undoq qilmadi. O‘sha insonlarning ichidan bir insonni tanlab olib, unga bandalariga aytmoqchi bo‘lgan amr va nahylarini yubordi. O‘sha tanlab olingan Payg‘ambar Alloh taoloning bandalariga Alloh taoloning murodini, risolatini yetkazib, ustozlik qildilar.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning nima amal qilganlarini eng yaxshi biluvchilar sahobai kiromlardir. Sahobai kiromlarning amallarini eng yaxshi biluvchilar tobeinlardir.
Imom Abu Hanifa rahimahulloh esa o‘sha tobeinlarning bir vakilidirlar.
Savol:
Kim ilmliroq?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Ibn Taymiyami?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Ibn Qayyimmi?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Alboniymi?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Ibn Bozmi?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Usayminmi?
Abu Hanifa rahimahullohmi yoki Favzonmi?
Bu savolning javobi yana qalbing to‘rida deb o‘ylayman! Qaysarlikni bas qilib, e’tirof etilgan ulamolar, mujtahidlar yo‘liga ergash!
Talashib-tortishishni, bir-birini haqorat qilib, yerga urishni bas qil!
Alloh taolo barchamizni ulamolarga nisbatan bepisandlik qilishdan asrasin!
Barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Nozimjon Hoshimjon
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati