Hayo – imondandir!
اَلْحَمْدُ للهِ ذِي الْفَضْلِ وَالإِحْسَانِ، وَجَعَلَ الْحَيَاءَ شُعْبَةً مِنْ شُعَبِ الإِيْمَانِ وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى سَيِّدِ الأَنَام
وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ الكِرَام، أَمَّا بَعْدُ
Muhtaram jamoat! Bugungi suhbatimiz Islom xulqi deya tavsiflangan go‘zal xulqlardan biri – hayo haqida bo‘ladi. “Hayo” so‘zi lug‘atda “uyalish”, “tortinish” kabi ma’nolarni anglatadi. Boshqacha qilib aytganda “Hayo – aybdan va yomonlanishdan qo‘rqib o‘zini past olish va o‘zgarishdir”. Alloma Jurjoniy rahimahulloh hayoni quyidagicha ta’riflaganlar:
هُوَ انْقِبَاضُ النَّفْسِ مِنْ شَيْءٍ وَتَرْكُهُ حَذَرًا عَنْ اللَّوْمِ فِيْهِ
ya’ni: “Hayo bu – nafsning bir narsadan tortinishi va malomatdan saqlanish maqsadida uni tark qilishidir” (“Ta’rifot” kitobi).
Alloh taolo Qur’oni karimda o‘tgan solihalardan birining hayosiga alohida urg‘u berib, shunday degan:
فَجَاءَتْهُ إِحْدَاهُمَا تَمْشِي عَلَى اسْتِحْيَاءٍ قَالَتْ إِنَّ أَبِي يَدْعُوكَ لِيَجْزِيَكَ أَجْرَ مَا سَقَيْتَ لَنَا ...
ya’ni: “So‘ngra, ulardan (ikki qizdan) biri hayo bilan yurib kelib: «Otam seni bizlarga (qo‘ylarimizni) sug‘orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», – dedi...” (“Qasas” surasi, 25-oyat).
Muso alayhissalomning oldilariga hayo bilan uyalibgina kelib: “Otam sizga bizlarga sug‘orib berganingiz haqqini berish uchun chaqirmoqda”, – degan bu qiz Shu’ayb alayhissalomning hayo asosida tarbiya topgan qizlari edi.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"الإيمَانُ بِضْعٌ وَسَبعُونَ شُعْبةً، فَأفْضَلُهَا قَوْلُ: لا إلهَ إلا الله، وَأدنَاها: إِماطَةُ الأذَى عَن الطَّريقِ،
وَالْحَيَاءُ شُعبَةٌ مِن الإيْمَان" )رواه الامام مسلم(
ya’ni: “Imon yetmishdan ortiq bo‘lakdan iboratdir. Uning eng afzali “Laa ilaha illalloh” deyish va eng quyisi, yo‘ldagi ozor beradigan narsani olib tashlashdir. Hayo ham– iymonning bir bo‘lagidir”, – deganlar (Imom Muslim rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharifda imonning eng oliy va eng quyi bo‘laklaridan keyin “Hayo”ni alohida ta’kidlab: “Hayo iymonning bir bo‘lagidir”, – deyilishi bejiz emas. Chunki, hayo iymonning eng ajoyib ko‘rinishlaridan biridir. Hayo insonni doimo yaxshilik qilishga, yomonlikdan chetlanishga chorlovchi ajoyib xislatdir.
Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan boshqa bir hadisi sharifda shunday deyiladi:
" إنَّ الحَيَاءَ والإِيْمَانَ قُرِنَا جَمِيعًا ، فإذَا رُفِعَ أحدُهُمَا رُفِعَ الآخَرُ "
(أخرجه الامام الحاكم والامام البيهقي في شعب الإيمان عن ابن عمر رضي الله عنهما)
ya’ni: “Hayo va imon ikkisi egizaklardir. Qachon ulardan biri ko‘tarilsa, boshqasi ham ko‘tariladi” (Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyat qilishgan).
Ulamolarimiz hayoni to‘rt xil turga bo‘lishgan bo‘lib, ularning har biri maqtalgan xislat sanaladi.
Birinchisi: Alloh taolodan hayo qilish;
Alloh taolodan hayo qilish deganda – banda Alloh taolo qaytargan ishlarni qilishdan, buyurganlarini bajarishda sustkashlikka yo‘l qo‘yishdan hayo qilishi tushuniladi. Zero, Alloh taolo har bir bandaning jon tomiridan ko‘ra yaqinroqdir. Uning barcha hatti-harakatidan boxabardir. Bu haqida O‘zining Kalomida shunday deydi:
وَلَقَدْ خَلَقْنَا الإِنْسَانَ وَنَعْلَمُ مَا تُوَسْوِسُ بِهِ نَفْسُهُ وَنَحْنُ أَقْرَبُ إِلَيْهِ مِنْ حَبْلِ الْوَرِيدِ
ya’ni: “Insonni (Biz) yaratganmiz, uning nafsi vasvasa qiladigan (ko‘nglidan o‘tadigan) narsalarni ham bilurmiz. Biz unga bo‘yin tomiridan ham yaqinroqdirmiz” (Qof surasi, 16-oyat).
Imom Navaviy rahimahulloh “Sharhi Arbain” kitobida: “Haqiqiy hayo – banda birinchi bo‘lib Allohdan chinakam uyalishidir”, – deganlar va bunga dalil sifatida quyidagi hadisni keltirganlar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam sahobalarga qarata:
"اسْتَحْيُوا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ قَالُوا: إِنَّا لَنَسْتَحْيِي مِنَ اللَّهِ يَا رَسُولَ اللَّهِ وَالْحَمْدُ لِلَّهِ، قَالَ: لَيْسَ ذَاكَ، وَلَكِنْ مَنِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ فَلْيَحْفَظِ الرَّأْسَ وَمَا وَعَى، وَلْيَحْفَظِ الْبَطْنَ وَمَا حَوَى، وَلْيَذْكُرِ الْمَوْتَ وَالْبَلاءَ، وَمَنْ أَرَادَ الآخِرَةَ تَرَكَ زِينَةَ الْحَيَاةِ الدُّنْيَا، فَمَنْ فَعَلَ ذَلِكَ فَقَدِ اسْتَحْيَا مِنَ اللَّهِ حَقَّ الْحَيَاءِ" (رواه الامام التِّرمذي عن عبد الله رضي الله عنه)
ya’ni: “Allohdan haqiqiy hayo qilinglar”, – dedilar. Sahobalar “Ey Allohning Rasuli, biz, albatta, hayo qilamiz, alhamdulilloh”, – deyishdi. “Undoq emas. Allohdan haqiqiy hayo qilish, boshni va u o‘z ichiga olgan narsalarni, qorinni va u o‘z ichiga olgan narsalarni saqlamog‘ingizdir. O‘limni va (qabrda) chirishni eslamog‘ingizdir. Kim oxiratni xohlasa, dunyo ziynatini tark qilur. Kim o‘shalarni qilsa, Allohdan haqiqiy hayo qilgan bo‘lur”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Bosh o‘z ichiga olgan narsalar ko‘z, quloq, burun, og‘iz va til ekanligini bilib qo‘ymoq lozim. Ushbu narsalarni yomonlikdan saqlash bilan Allohdan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari bajarilar ekan.
Qorin o‘z ichiga olgan narsalar jumlasidan ozuqalar va farj (avrat a’zo) nazarda tutilmoqda. Demak ozuqani halol bo‘lishi va farjni gunohdan saqlash bilan Allohdan haqiqiy hayo qilishning ba’zi shartlari yuzaga kelar ekan.
O‘limini eslamagan, qabrda chirishini eslamagan kimsa hech narsadan hayo qilmasligi shu hadisdan ma’lum bo‘lmoqda.
Alloh taolodan hayo qilgan kishi jamoat joylarida ham, yolg‘iz qolganda ham o‘zini bir xil tutadi, o‘zgarmaydi. Odamlar ko‘z o‘ngida qilmagan gunohni Parvardigoridan qo‘rqqani uchun tanholigida ham sodir etmaydi. Agar kishida Allohdan hayo qilish odati bo‘lmasa – bu uning bu dunyoda ham oxiratda ham sharmandaligiga sabab bo‘ladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining hadisi shariflaridan birida: “Ummatimdan shunday kishilarni bilamanki, ular Qiyomat kuni Tuhoma tog‘icha keladigan oppoq xayrli amallarni olib keladilar. Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantiradi”, – dedilar. Sahobalardan Savbon raziyallohu anhu: “Yo Rasululloh, ularni bizga ochiq-oydin sifatlab bering. Toki, biz ham o‘zimiz bilmagan holda ulardek bo‘lib qolmaylik”, – dedilar. Shunda U Zot: “Ular sizning birodarlaringiz va sizning o‘xshashlaringizdir. Xuddi sizlar tunlari (tahajjud namozini ado etib) nasibalanganingiz kabi ular ham (ibodatdan) nasibalarini oladilar. Ammo ular xoli qolganlarida Alloh harom qilgan ishlarni qilishdan tap tortmaydilar”, – deb javob berganlar” (Imom Ibn Moja rivoyatlari).
Ikkinchisi: Maloikalardan hayo qilish;
Alloh taolo ayni ma’noga ishora qilib shunday marhamat qilgan:
وَإِنَّ عَلَيْكُمْ لَحَافِظِينَ (*) كِرَامًا كَاتِبِينَ (*) يَعْلَمُونَ مَا تَفْعَلُونَ
ya’ni: “Holbuki, sizlarning ustingizda (barcha so‘zingiz va ishingizni) yodlab turuvchi (farishtalar) bor. (Ular nomai a’molga) yozuvchi ulug‘ zotlardir. (Ular) siz qilayotgan ishlarni bilurlar” (Infitor surasi, 10-12-oyatlar).
Hadisi shariflardan birida: “Ogoh bo‘lingki, xalo bilan jimodan boshqa vaqtda sizlardan ayrilmay, doimo birga yuradigan zotlar bor. Shunday ekan, ulardan hayo qiling va ularni hurmat qiling!”, – deyilgan. Bu hadisda nazarda tutilgan zotlar albatta Allohning sodiq qullari – maloikalardir. Ulardan hayo qilish, o‘zimizni dinu diyonat, odobu axloqqa zid keladigan nomaqbul odat va ko‘rinishlardan uzoq bo‘lishimiz orqali bo‘ladi.
Uchinchisi: odamlardan hayo qilish;
Odamlardan hayo qilish o‘zgalar huzurida ko‘rsatilishi odatda uyatli sanaladigan a’zolar – avrat joylarni bekitish, uni begona ko‘zlardan yashirish bilan birga, kishilarga tili, qo‘li bilan ozor berishni to‘xtatib, yomon so‘zlar bilan insonlar dillarini ranjitmaslik, tahqirlab xo‘rlamaslik bilan ham ta’riflanadi.
Xususan, ayni paytda butun dunyoda kechayotgan axloqsizlikning har qanday turlari yurtimiz ijtimoiy hayotiga “Ommaviy madaniyat” ko‘rinishida kirib kelib, o‘zining salbiy ta’sirini ham ko‘rsatayotgani sir emas. Buni, ayniqsa, xotin-qizlar, yoshlarning o‘zini tutishi, muomalasi, kiyinishida yaqqol sezish mumkin.
Nabiy alayhissalom odamlardan qilinadigan hayoni yaxshi va yomon ishlar uchun mezon qilib belgilaganlar va shunday deganlar: “Biror ishni odamlar ko‘rishini yoqtirmasangiz, xilvatda qolganingizda ham o‘sha ishni qilmang!” (Imom Ibn Hibbon rivoyatlari). Huzayfa ibn Yamon raziyallohu anhu aytadilar: “Odamlardan uyalmaydigan kishida xayr yo‘q”. Ibn Mas’ud raziyallohu anhu: “Odamlardan hayo qilmagan, Alloh taolodan ham hayo qilmaydi”, – deganlar. Umar roziyallohu anhu: “Kimning hayosi oz bo‘lsa, parhezkorligi ozayadi. Kimning parhezkorligi oz bo‘lsa, qalbi o‘ladi”, – deganlar.
To‘rtinchisi: o‘z nafsidan hayo qilish.
O‘z-o‘zidan hayo qilish ham yaxshi fazilat hisoblanib, u hech kim ko‘rmaydigan joyda ham o‘zini noo‘rin harakatlardan tiyishini taqozo etadi. Hakimlardan biri: “O‘zidan o‘zi uyalish boshqalardan uyalishdan ko‘ra ko‘proq bo‘lmog‘i lozim”, – deganlar. Ulamolardan biri esa: “Kimki ochiq-oydinda qilish uyat bo‘lgan ishni xilvatda qilsa, u o‘z nafsini o‘zining oldida qadrsiz qilibdi”, – deydilar.
Muhtaram jamoat! Ummatlari uchun har bir ishda namuna bo‘lgan Zot Muhammad alayhissalom hayo bobida ham peshqadam edilar. Abu Said al-Xudriy raziyallohu anhu U Zotni shunday sifatlaganlar:
"كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَشَدَّ حَيَاءً مِنْ عَذْرَاءَ فِي خِدْرِهَا، وَكَانَ إِذَا كَرِهَ شَيْئًا رُئِيَ ذَلِكَ فِي وَجْهِهِ "
(رَوَاهُ الامَامُ البُخَارِيُّ)
ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolari chimildiqdagi kelinnikidan ham kuchliroq edi. Bir narsani yoqtirmasalar, yuzlaridan bilar edik” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Bu hadisda ham Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolarini ta’riflashda go‘zal o‘xshatish tanlangan. Ma’lumki, hayoning eng yuqori cho‘qqisi go‘shangaga kirgan yangi kelinchakda kuzatiladi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning hayolari esa, ushbu darajadan ham yuqori edi.
Shuningdek, U Zot sahobalarni doimo hayoga targ‘ib qilardilar. Hayosizlikning salbiy oqibatlaridan ogohlantirardilar. Jumladan hadisi shariflarining birida shunday deganlar:
" ما كانَ الفُحشُ في شَيءٍ إلَّا شَانَهُ ، وَمَا كَانَ الحيَاءُ في شَيءٍ إلَّا زَانَهُ "
(رواه الامام الترمذي عن أنس بن مالك رضي الله عنه)
ya’ni: “Nimada fahsh bo‘lsa, albatta, uni sharmanda qiladi. Nimada hayo bo‘lsa, albatta, uni ziynatlaydi”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda esa:
"الحَيَاءُ مِن الإِيمَانِ، وَالإِيمَانُ فِي الْجَنَّةِ، وَالْبَذَاءُ مِنْ الْجَفَاءِ، وَالْجَفَاءُ فِي النَّارِ "
(رواه الامام التِّرمذي والامام ابن ماجه عن أبي هريرة رضي الله عنه)
ya’ni: “Hayo iymondandir. Iymon jannatdadir. Hayosizlik jafodir. Jafo do‘zaxdadir”, – deganlar (Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).
Ma’siyatlar qalbdan hayoni ketkazadi. Hayo – barcha yaxshiliklarning asosidir. Hayoning ketishi – barcha yaxshiliklarning ketishidir. Ma’siyatlarda bardavom bo‘lish asta-sekin hayoni zaiflashtirib borib, bir yo‘la yo‘q qilib yuborishi ham mumkin.
Shoir aytadi:
Saqlagil hayoing har dam, har nafas,
Kishining fazliga dalildir hayo.
Yuzning suvi ketsa, qilinmas havas,
O‘likdir u inson, murdadir go‘yo.
Qalb qanchalik tirik bo‘lsa, hayo xulqi ham shunchalik kuchli va mukammal bo‘ladi. “Hayo” bilan “hayot” so‘zining o‘zagi bir ekanligi ham bejiz emas, albatta.
Muhtaram azizlar! Yuqoridagi oyat va hadislardan byehayolik barcha buzg‘unchilikning asosi ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bejizga azaldan “Agar hayo qilmasang, istaganingni qilaver”, – deyilmagan. Ming afsuski, bugungi kunimizda turli buzg‘unchi toifalar tomonidan hayosizlarcha insonlarni haqorat qilishlari, sha’nini toptashlari avj olganini guvohi bo‘lmoqdamiz. Vaholangki, dinimizda insonni sha’ni va obro‘sini to‘kish – uning qonini to‘kishga tenglashtirilgan. Alloh taolo Qur’oni karimning “Humaza” surasida:
وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ
ya’ni: “Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga vayl bo‘lsin”, – degan (1-oyat). Demak, kishining obro‘sini to‘kishga bo‘lgan urinish qattiq qoralanadi va uning oxiratdagi jazosi ham shunga yarasha bo‘ladi.
Vidolashuv hajida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Mana shu yurtda (ya’ni, Makkada), mana shu oyda, mana shu kunda (urush va nojo‘ya ishlarni qilish) qanday harom qilingan bo‘lsa, sizlarning qonlaringiz, mollaringiz va obro‘laringiz ham xuddi shunday harom qilingandir”, – deb bir necha marotaba takrorlaganlar.
Keyingi paytlarda turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda kishilarning, xususan, ulamolarning obro‘sini tushirib, shu orqali obro‘ orttirishga urinish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. Bu holat ayni biz yuqorida keltirgan oyat va hadislarda qoralangan bo‘lib, harom, jirkanch ishlardandir. Birovning obro‘sini to‘kuvchilarning holiga bu dunyoda ham, oxiratda ham voy bo‘ladi.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning salbiy oqibatlari haqida gapirib beradilar...).
Alloh taolo Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga shunday amr qilgan:
ادْعُ إِلَى سَبِيلِ رَبِّكَ بِالْحِكْمَةِ وَالْمَوْعِظَةِ الْحَسَنَةِ ۖ وَجَادِلْهُم بِالَّتِي هِيَ أَحْسَنُ
ya’ni: “(Ey Muhammad), Rabbingizning yo‘liga (diniga) hikmat va chiroyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!” (Nahl surasi, 125-oyat).
Islom dini hikmat va chiroyli nasihat dinidir. Buzg‘unchilik va qo‘poruvchilik dini emas. Hozirda buzg‘unchi toifalar o‘ylab topayotgan yangi-yangi “jihod” turlari Islom diniga mutlaqo yotdir. Ular ko‘pgina musulmonlarning Islom ahkomlarini bilmasligi, ilmiy saviyaga ega emasligidan foydalanib, “Jihod – muqaddas urush” degan tushunchani targ‘ib qilib, nohaq qon to‘kilishiga sababchi bo‘lishmoqda.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning mohiyati haqida gapirib beradilar...).
Muhtaram jamoat! Bugungi kunimizda keng tarqalgan hayosizlik ko‘rinishlaridan biri – so‘kinishdir. Ayniqsa, jamoat joylarida ayrim yoshlarning so‘kinishlari quloqqa chalinadigan bo‘lib qoldi. Hayosizlarcha haqoratlashish, ota-onadan so‘kish, o‘z ota-onasini so‘kish bilan barobar bo‘lgan gunohi kabiradir.
Abdulloh ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:
"سِبَابُ الْمُسْلِمِ فُسُوقٌ، وَقِتَالُهُ كُفْرٌ" (أَخْرَجَهُ الامَامُ البُخَارِيُّ وَالامَامُ مُسْلِمٌ)
ya’ni: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir. U bilan (qonini halol sanagan holda) urushish kofirlikdir”, – deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
O‘zaro kelisha olmay qolgan odamlar bir-birini badnom qilib, haqoratlashi dinimiz talabiga mutlaqo ziddir.
(Imom-xatiblar mav’izaning mana shu o‘rnida o‘z so‘zi bilan jonli tarzda ushbu holatning salbiy oqibatlari haqida gapirib beradilar...).
Xulosa qilib aytganda, hayo imonni mukammalligidandir. Chunki hayoli kishi yomon amallarni qilishdan o‘zini to‘xtatadi. Hayo itoatga undaydi. Hayo bu inson fitratida bor bo‘lgan hislat bo‘lib, uni shariat odoblariga amal qilish orqali kuchaytiriladi.
Alloh taolo barchamizni Islom xulqlari bilan ziynatlanishimizga muvaffaq etsin! Omin!
Muhtaram imom-domla! Kelgusi juma ma’ruzasi “FIQHIY MAZHABLAR – BIRDAMLIK RAMZI” mavzusida bo‘ladi.
Muhtaram imom-domla! O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashrlari bo‘lmish – “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnali hamda “Islom nuri” gazetasi uchun obuna davom etayotganini namozxonlarga eslatib o‘tishingizni so‘raymiz.
- 58وَلِلدَّعَوَاتِ تَأْثِيرٌ بَلِيغٌ وَقَدْ يَنْفِيهِ أَصْحَابُ الضَّلاَلِ
Ma’nolar tarjimasi: Duolarning yetuk ta’siri bordir, gohida adashganlar uni inkor qiladilar.
Nazmiy bayoni:
Duolarning yetuk ta’sirlari bor,
Adashganlargina qilarlar inkor.
Lug‘atlar izohi:
لِ – jor harfi فِي ma’nosida kelgan.
دَعَوَاتِ – kalimasi دَعْوَةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib, lug‘atda “iltijolar” ma’nosini anglatadi. Jor va majrur mubtadosidan oldin keltirilgan xabardir.
تَأْثِيرٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado.
بَلِيغٌ – sifat. Ushbu kalimada duoning ta’sirga sabab ekaniga ishora bor. Chunki ta’sir, aslida, Alloh taoloning yaratishi bilan vujudga keladi.
وَ – “holiya” ma’nosida kelgan.
قَدْ – “taqliliya” (cheklash) ma’nosida kelgan.
يَنْفِيهِ – fe’l va maf’ul. نَفِي kalimasi lug‘atda “bir chetga surib qo‘yish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اَصْحَابُ – foil. Bu kalima صَاحِب ning ko‘plik shakli bo‘lib, “lozim tutuvchilar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الضَّلاَلِ – muzofun ilayh. Ushbu izofada لِ jor harfi muqaddar bo‘lgan[1]. “Zalolat” kalimasi “to‘g‘ri yo‘ldan adashish” ma’nosida ishlatiladi.
Matn sharhi:
Duo lug‘atda “iltijo”, “o‘tinch” kabi ma’nolarni anglatadi. Istilohda esa “banda o‘zining faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishni va zararlarni daf qilishni so‘rashi, duo deb ataladi”[2].
Mo‘min bandalarning qilgan duolarida o‘zlariga ham, agar marhumlar haqlariga duo qilayotgan bo‘lsalar, ularga ham manfaatlar yetadi. Duolarning ta’siri borligini adashgan kimsalargina inkor qiladilar. Matndagi “zalolatdagilar” degan so‘zdan mo‘taziliy toifasi ko‘zda tutilgan. Chunki mo‘taziliy toifasi bu masalada ham Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga zid da’volarni qilgan.
Duolarning ta’sirini inkor etadiganlar bir qancha dalillarni keltirishgan. Masalan, oyati karimalarda har bir insonga o‘zi qilgandan boshqa narsa yo‘qligi bayon qilingan:
“Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur”[3].
Boshqa bir oyatda esa kishi o‘zining qilgan yaxshi ishlari tufayli mukofotga erishsa, yomon qilmishlari sababli jazolanishi bayon etilgan:
“Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir”[4].
Ushbu oyati karimalarda har bir kishining ko‘radigan manfaatlari boshqalarning qilgan duo va xayrli ishlaridan emas, faqat o‘zining qilgan ishlaridan bo‘lishi bayon qilingan, bu esa duolarning ta’siri yo‘qligiga dalolat qiladi, – deyishgan.
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilarga raddiyalar
Duolarning ta’sirlarini inkor etuvchilar keltirishgan yuqoridagi va undan boshqa dalillariga batafsil javoblar berilgan. “Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy” kitobida quyidagicha javob kelgan: "Insonga faqat o‘zi qilgan harakatigina (mansub) bo‘lur" ma’nosidagi oyatda bayon qilinganidek, haqiqatda inson o‘z sayi-harakati va yaxshi fe’l-atvori bilan do‘stlar orttiradi, uylanib bola-chaqali bo‘ladi, insonlarga mehr-muhabbat ko‘rsatadi va ko‘plab yaxshi ishlarni amalga oshiradi. Shunga ko‘ra insonlar uni yaxshilik bilan eslab, unga Alloh taolodan rahmat so‘rab duo qilsalar, toat-ibodatlarning savoblarini unga hadya qilsalar, bularning barchasi birovning emas, aslida, o‘z sayi-harakatining natijasi bo‘ladi.
Ikkinchi dalil bo‘lgan "Uning kasb etgani (yaxshiligi) – o‘ziga va orttirgani (yomonligi) ham o‘zigadir", ma’nosidagi oyat ham yuqoridagi kabi oyat bo‘lib, har bir kishi o‘zining qilgan yaxshi ishining samarasini ko‘radi, qilgan ma’siyatiga ko‘ra jazolanadi, kabi ma’nolarni ifodalaydi. (Ya’ni “har kim ekkanini o‘radi”, deyilgani kabi)”[5].
Shuningdek, duo qilishning foydasi bo‘lmaganida mag‘firat so‘rashga buyruq ham bo‘lmasdi. Qur’oni karimda esa mag‘firat so‘rashga buyurilgan:
“Bas, (ey Muhammad!) Allohdan o‘zga iloh yo‘q ekanini biling va o‘z gunohingiz uchun hamda mo‘min va mo‘minalar(ning gunohlari) uchun mag‘firat so‘rang!”[6].
Shuningdek, vafot etib ketgan kishilar haqiga qilingan duolarda manfaat bo‘lmaganida, ularni eslab duo qilganlar Qur’oni karimda madh etilmasdi:
“Ulardan keyin (dunyoga) kelganlar: “Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga (nisbatan) qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey, Robbimiz, albatta, Sen shafqatli mehribonsan”, – derlar”[7].
Shuningdek, vafot etganlarga janoza namozini o‘qish tiriklar zimmasiga vojib qilingan. Janoza namozida esa sano va salovot aytish bilan birgalikda “Ey Allohim, bizlarning tiriklarimizni ham, o‘liklarimizni ham mag‘firat qilgin”, ma’nosidagi duo o‘qiladi.
Mazkur dalillarning barchasida duolarning ta’siri borligi ko‘rinib turibdi. Shuning uchun inson vafotidan keyin ham o‘z haqiga xayrli duolar qilinishiga sabab bo‘ladigan yaxshi amallarni qilishi lozim.
Duo qilish bandaga foyda keltiradigan va undan zararlarni daf qiladigan eng kuchli sabablardan ekani Qur’oni karimda ham, hadisi shariflarda ham bayon qilingan:
“Parvardigoringiz: “Menga duo qilingiz, Men sizlar uchun (duolaringizni) ijobat qilay!” – dedi. Albatta, Menga ibodat qilishdan kibr qilgan kimsalar yaqinda tuban holatda jahannamga kirurlar”[8].
Ibn Kasir rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Alloh taolo bandalarini O‘ziga duo qilishga da’vat etgan va O‘z fazlu marhamati bilan qilgan duolarini albatta ijobat etishga kafolat bergan”, – degan. Oyati karimaning davomidagi “ibodatdan kibr qilganlar” esa Alloh taologa duo qilishdan takabburlik qilgan kimsalar deya tafsir qilingan. Hadisi shariflarda duoning qazoni qaytarishga sabab qilib qo‘yilgani bayon etilgan:
عَنْ سَلْمَانَ الْفَارْسِيِّ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال لَا يَرُدُّ القَضاءَ إلا الدُّعاءُ وَ لَا يَزِيدُ فِي الْعُمُرِ إِلاَّ الْبِرُّ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qazoni faqatgina duo qaytaradi, umrni faqatgina yaxshilik ziyoda qiladi”, – dedilar (Termiziy rivoyat qilgan).
Sharh: Ushbu hadisda duoning bajariladigan ishlarga bog‘lab qo‘yilgan qazoni qaytarish sabablaridan ekani bayon qilingan. Zero, Alloh taolo amalga oshadigan barcha narsalarga azaliy sabablarni tayin qilib qo‘ygan. Solih amallar saodatga erishish uchun azaliy sabablar bo‘lsa, yomon amallar badbaxt bo‘lish uchun azaliy sabablardir. Shuningdek, yaxshilik, go‘zal xulqli bo‘lish, qarindoshlik aloqalarini uzmaslik kabi amallar ham azaliy sabablar qatoriga kiradi. Ana shunday azaliy sabablar yuzaga chiqarilgan paytda o‘sha sababga bog‘langan ishlar ham yuzaga chiqadi.
Imom Tahoviy[9] rahmatullohi alayh “Aqidatut Tahoviya” asarida quyidagilarni yozgan: “Tiriklarning duo va sadaqalarida o‘liklar uchun manfaatlar bordir. Alloh taolo duolarni qabul qiladi va xojatlarni ravo qiladi (deb e’tiqod qilamiz)”.
Keyingi mavzu:
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni.
[1] Bu haqidagi ma’lumot 53-baytning izohida bayon qilindi.
[2] Doktor Ahmad Farid. Bahrur-Roiq. – Iskandariya: “Dorul Majd”, 2009. – B. 105.
[3] Najm surasi, 39-oyat.
[4] Baqara surasi, 286-oyat.
[5] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxisu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 192.
[6] Muhammad surasi, 19-oyat.
[7] Hashr surasi, 10-oyat.
[8] G‘ofir surasi, 60-oyat.
[9] Abu Ja’far Ahmad ibn Muhamad ibn Salama Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 239 yilda Misrning “Toha” shaharchasida tug‘ilgan.
Imom Tahoviy hanafiy mazhabidagi mo‘tabar olimlardan bo‘lib, “Sihohi sitta” mualliflari bilan bir asrda yashab faoliyat yuritgan. Bu zot haqida ulamolar ko‘plab maqtovli so‘zlarni aytganlar. Jumladan Suyutiy “Tobaqotul Huffoz” asarida: “Imom Tahoviy alloma, hofiz, go‘zal tasnifotlar sohibidir”, – degan. Zahabiy: “Kimki ushbu imomning yozgan asarlariga nazar solsa, bu zotning ilm darajasi yuqori, ma’rifati keng ekaniga amin bo‘ladi”, – degan.
Imom Tahoviy tafsir, hadis, aqida, fiqh va siyratga oid ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Ularning ayrimlari quyidagilardir:
1. Ahkamul Qur’an (Qur’on hukmlari);
2. Sharhu ma’onil osor ( Asarlarning ma’nolari sharhi);
3. Aqidatut Tahoviya (Tahoviy aqidasi);
4. Bayonu mushkilil osor (Asarlarning mushkilotlari bayoni);
5. Sharhu jomeis sag‘ir (Jomeus sag‘ir sharhi);
Imom Tahoviy rahmatullohi alayh hijriy 321 yilda Misrda vafot etgan.