Yaqinda Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus Islom bilim yurtida ota-onalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda madrasa rahbariyati, o‘qituvchi va talabalar, ota-onalar ishtirok etdi.
Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad talabalar tarbiyasiga ota-onalar va madrasa tomonidan e’tiborni yanada kuchaytirish, ota-onalarni farzandlari ta’lim-tarbiya olayotgan bilim yurtidagi shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishtirish, o‘qish davomida bilim va iqtidori, faolligi va davomat namunali bo‘lgan talabalarni rag‘batlantirish, o‘qituvchi va ota-onalar birgalikda talabalarni har tomonlama nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish, o‘quv yilining ikkinchi yarmi uchun mo‘ljallangan shartnoma to‘lovlar bilan tanishtirishdan iborat.
Tadbir Qur’oni Karim tilovati bilan boshlandi. Unda so‘zga chiqqan madrasa mutasaddilari yurtimizda diniy sohada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, hukumatimiz tomonidan Islom bilim yurtlariga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib o‘tdilar.
Shuningdek, Prezident farmoniga ko‘ra O‘zbekston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlariga “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlanishi hukumatimiz tomonidan diniy soha vakillarining olib borayotgan xayrli ishlari munosib baholanganiga yorqin dalil ekani ta’kidladilar.
Madrasa vakillari jamiyatimizga komil va yetuk insonlarni yetishtirib berishda ota-ona va ustozlar beradigan tarbiya va bilimni uyg‘unlashtirishni birdek olib borish zarurligini aytdilar. Shu bilan birga, ota-onalarga talabalarning o‘qish faoliyatidagi odobi, xulq-atvori va darslarni o‘zlashtirish darajasi haqida ma’lumot berdilar.
Tadbir davomida ota-ona, o‘qituvchi va talabalar uchun kitob yarmarkasi tashkil qilindi. Shuningdek, ota-onalar bilim yurtidagi shart-sharoitlari bilan yaqindan tanishdi va bunday imkoniyatlar uchun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti va bilim yurti rahbariyatiga minnatdorchilik bildirdilar.
Adilbay YERЕJЕPOV,
Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurti ma’naviyat va
ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
“Ey insonlar! Allohga va Uning Payg‘ambari Muhammad alayhissalomga iymon keltiringlar hamda U Zot Sizlarni xalifa qilib qo‘ygan narsalardan, ya’ni vaqtincha qo‘llaringizda turgan, erta bir kun sizlar istasangiz-istamasangiz o‘zgalarni qo‘llariga o‘tib ketadigan Alloh bergan mol-davlatdan infoq-ehson qilinglar! Bas, sizlardan iymon keltirgan va infoq-ehson qilgan zotlar uchun katta ajr-mukofot bordir!” (Hadid surasi, 7-oyat).
Xalifa deb tarjima qilingan so‘z Qur’onda “mustaxlafiyna” deb keladi. Bu so‘z lug‘atda o‘zini o‘rniga biror kishini o‘rinbosar qilmoq ma’nosida – egasini o‘rniga bir ishni bajaradigan kishiga ishlatiladi. Masalan: Mol-mulk, siz unda mustaxlafsiz, ya’ni u sizni qo‘lingizda omonat, haqiqiy egasi siz emassiz, omonatdor qo‘lsiz xolos! Uni sizga Alloh ko‘rsatgan o‘ringa ishlatishingiz uchungina berilgan!
Bir to‘da tuyasi bor a’robiydan so‘rashdi, bu tuyalar kimniki? A’robiy go‘zal javob berdi: Mening qo‘limda turgan, Allohning mulki! Meni qo‘limda turgan, Allohning mulki! Ya’ni, bu Allohniki! Men uni tasarruf qilishga mas’ulman xolos.
“Mustaxlaf” so‘zini yana ham kengroq tushunsak, mol-mulkda siz mustaxlafsiz. Sihat-salomatlik! Siz unda mustaxlafsiz! Uni o‘zini o‘rnida ishlatishingiz lozim bo‘ladi. Jamiyatda har bir kishini o‘z vazifasi, o‘rni bor. Sizni ham o‘z o‘rningiz, vazifangiz bor. Nochorga yordam berish, kuchsizni himoya qilish ham jamiyat a’zolarini vazifalaridan biri hisoblanadi. Alloh sizga ilm bergan. Siz unda mustaxlafsiz! O‘zini o‘rnida ishlatishga, yaxshi-yomonni eslatishga, halol-haromni bildirishga mas’ulsiz! Allohni oldida javobgarsiz!
Alloh aytadi: “Men yerda Odamni xalifa qilmoqchiman” (Baqara surasi, 30-oyat).
Inson-Alloh uni qo‘liga mol-mulk berib, uni omonatdor qo‘l qilgan Allohni yerdagi xalifasi. Mol-mulk bizniki emas. Aslida bizniki bo‘lmagan narsa qandoq qilib bizniki bo‘lsin. Ya’ni, meni qo‘limdagi mulk meniki emas, uni qo‘lidagi mulk uniki emas, sizni qo‘lingizdagi mulk ham sizniki emas. Biz uni haqiqiy egasi emasmiz. Biz tanovul qilsak tugatamiz, kiysak eskirtamiz va ammo, sadaqa qilganimiznigina o‘zimizga olib qolamiz!
Bir odam Payg‘ambarimiz alayhissalomga bir qo‘yni hammasini tarqatdim faqatgina qo‘li qoldi xolos dedi. Shunda Rasululloh alayhissalom: Yo‘q unday emas, qo‘lidan boshqa hammasini olib qolibsan, dedilar. Ya’ni, sadaqa qilganing oxiratga zaxira bo‘lib o‘zingda qoladi. Olib qolganing tugab tamom bo‘ladi.
Ey birodarim! "Mustaxlaf" so‘zi juda keng ma’noda tushuniladi. Masalan seni moshinang bor, sen unda mustaxlafsan.
Haqiqatda yordamga muhtojlarni hojatlariga uni ishlatsang uni haqqini ado etgan bo‘lasan. Gunoh, ko‘ngilxushi uchun yoki shunchaki aylanib kelish uchun emas, haqiqatda shunga ehtiyoji bor, chorasiz turgan odamga yordam berishga mas’ulsan! Inson unga berilgan har bir nasibada, iqtidorda, ilmda, hunarda, shijoatda, kuch-quvvatda, g‘ayratda barcha barchasida mustaxlafdir. Mol-mulk ne’mat hisoblanmaydi. Uni qay o‘ringa ishlatilishiga qarab turadi.
Agar Alloh rozi bo‘ladigan-toatga, muhtoj-u nochorlarga xayr-saxovatga, o‘zi mas’ul bo‘lganlarni nafaqalariga ishlatilsagina ne’mat hisoblanadi. Unday bo‘lmasa-gunohu ma’siyatga, kayfu-safoga, foydasiz o‘rinlarga ishlatilsa-balo bo‘ladi, ofat bo‘ladi!
Muhammad Rotib Nobulusiy suhbatlaridan
“Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham YUSUPOV tarjimasi.