Sayt test holatida ishlamoqda!
06 May, 2025   |   8 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:43
Quyosh
05:14
Peshin
12:25
Asr
17:19
Shom
19:29
Xufton
20:54
Bismillah
06 May, 2025, 8 Zulqa`da, 1446

Bir bolaga yetti mahalla ota-onadir!

13.01.2020   3793   7 min.
Bir bolaga yetti mahalla ota-onadir!

Tarbiya biz uchun yo hayot- yo mamot, yo najot – yo halokat,
yo saodat – yo falokat masalasidir.

Abdulla Avloniy

Ma’lumki, Islomning olamshumul ilohiy ta’limoti kishilik jamiyatini bu dunyoda tinch-omon, farovon hayot kechirishga, oxiratda saodat ahlidan bo‘lishga da’vat etadi. Oila va farzand jamiyatning uzviy asosi hisoblanadi. Shuning uchun ham Islom shariati ularning har tomonlama yetuk va barkamol tarbiya topishlari, yoshlikdan ilmu fan, kasbu hunar malakalarini egallashlari borasidagi tegishli ko‘rsatmalarni ota-onalar, murabbiylar va ustozlarga tavsiya qiladi. Yosh avlod, xususan, farzandlarimizning qiziqishlari, aqlu zakovatlari, iqtidorlariga muvofiq  ilm, kasb va hunar tanlashlarida imkon boricha yordam berishimiz zarur. Yoshlar oltindan ham qimmatli vaqtlaridan har tomonlama unumli foydalanishlari maqsadga muvofiqdir. Zero, bu haqda Sarvari koinot sollallohu alayhi vasallam: “Yoshligingizni keksalik kelishidan oldin g‘animat biling” (Termiziy rivoyati), deya uning qadriga yetishni ta’kidlaganlar.

Yoshlik davrining e’tiborga molik jihatlari juda ko‘p. O‘spirinlik vaqti inson fe’l-atvori va ruhiyati shakllanadigan asosiy davr bo‘lib, ayni shu davrda ularga alohida ahamiyat berish lozim. Jumladan, yoshlarni solih kishilar bilan do‘st-birodar bo‘lishlarini ta’minlash zarur. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida: “Yaxshi hamsuhbat misoli mushki anbar sotuvchidir. Atirdan olingan taqdirdagina ham uning hushbo‘y hidi dimog‘dingni chog‘ qiladi. Yomon hamsuhbat esa bamisoli temirchining bosqinidir. U garchi kiyimingni kuydirmasa-da tutuni dimog‘ingni achitadi”, deganlar.

Farzandlariga ta’lim berish oila boshlig‘ining eng asosiy burchidir. Odamlar orasida “O‘zingni bil, o‘zgani qo‘y” degan noma’qul gap yuradi. Lekin shariat bo‘yicha er xotin uchun, ota-ona bolalar uchun mas’uldir. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Hech bir ota o‘z farzandiga yaxshi tarbiya va go‘zal odobdan buyukroq hadya bera olmas", deb marhamat qilganlar.

Bir kuni xalifa Ma’mun odob bilan so‘zlayotgan bir boladan: Kimning o‘g‘lisan?” deb so‘radi. Bola: “Odobning o‘g‘liman”, deb javob berdi. Bu javobni eshitgan Ma’mun: “Qanday chiroyli otang bor ekan-a”, deb unga tahsin o‘qidi.

Islomda tarbiya ta’limdan ko‘ra ustunroq va keng qamrovlidir. Chunki tarbiya bolani uyida, ko‘chada, maktabda o‘zini tuta bilishi odoblarini, aql bilan ish yuritib, jismini, nafsini o‘ziga bo‘ysundirishdek og‘ir ishni yo‘lga qo‘yadi. Tarbiyaning asosi oila muhitidir. Bola uyda nimani ko‘rsa, shunga taqlid qilib o‘sadi. Oilada ota olijanob, keng fe’l, bosiq, mulohazali va ozgina siyosatliroq bo‘lishi, ona esa mehribon, rahimli, bolalarni behuda qarg‘amaydigan va muloyim bo‘lmog‘i lozim. Shuning uchun ham ajdodlarimiz farzand tarbiyasiga qattiq ahamiyat berishgan.

Xalqimizda: “Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqadi” degan naql ham bor. Alloh taolo mo‘minlarni rost so‘zlovchi kishilar bilan birga bo‘lishga buyurgan: “Ey iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo‘linglar” (Tavba, 119).

Hadisda aytilishicha, ro‘stgo‘ylik insonni doimo yaxshilikka chorlaydi. Ongida rostgo‘ylik, vafodorlik, fidoiylik kabi tushunchalar o‘rnashgan yoshlardan kelajakda ko‘plab hayrli ishlar kutish mumkin. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi bir kuni yoshlar tarbiyasiga e’tiborini jalb qilish maqsadida hamsuhbatlariga: “Ey keksalar! Ekin pishib yetilgandan so‘ng nima qiladi?”, deb savol berdilar.  “Xosil yig‘ib olinadi”, deyishadi. Shunda Hasan Basriy rahmatullohi alayhi: “Ey yigitlar! Shuni bilinglarki, gohida ekin pishib yetilmasidan oldin unga ofat (kasallik) yetishi mumkin”, deb kishining o‘spirinlik davrini qanday o‘tkazishi uning  kelajakda kim bo‘lib yetishishi muhim o‘rin tutishiga ishora qiladilar.

Ma’lumki, yoshlik insonning aqliy va jismoniy rivojlanish davri bo‘lib, ayni shu pallada ularni ilmga va kasb-hunarga targ‘ib qilish lozim. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir, keksalikda o‘rganilgan ilm esa suvga yozilgan kabidir”, deganlar.

Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda Ibn Abbos roziyallohu anhumo: “Alloh taolo o‘z payg‘ambarlariga bu ulug‘ vazifani aqlan hamda jismonan kuchga to‘lgan yoshlik chog‘larida in’om qilgan, shuningdek, olimlarga ham ilm asosan yoshlik chog‘ida berilgan”, degan.

Kasb-hunar o‘rganish va shu orqali halol mehnat qilib chiroyli hayot kechirish shariat talablaridan biridir. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hadislaridan birida aytdilar: “Alloh taolo hunarmand bandani yaxshi ko‘radi” (Termiziy rivoyati). Boshqa bir hadisda esa: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir” (Tabaroniy va Bayhaqiy rivoyati).

Buyuk imom Abu Hanifa rahimahullohning iqtidorli shogirdi imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy kasb-hunar va uning jamiyatidagi muhim o‘rni haqida birinchi bo‘lib “Yaxshi rizqni kasb qilib topish” nomli kitob yozdi va kasb-hunar, tijorat, ziroat, sanoat kabilar bilan mashg‘ul bo‘lish zaruriyati haqida batafsil ma’lumot beradi.

Buyuk vatandoshimiz shayxur-rais Ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan bo‘lishi haqida quyidagilarni aytgan edi: “Yosh bola  boshlang‘ich ta’lim va tilga doir qoidalarni yod olgandan keyin u mashg‘ul bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasb-hunar va sanoatga moyilligiga qarab, uni shunga yo‘llaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa til, xat yozish, nutq so‘zlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu o‘rinda, bolaning mayli alohida ahamiyatga egadir (Muhammad Atiya, Islomiy tarbiya va uning falsafasi. 197-bet)”.

Yosh avlod tarbiyasi haqida so‘z borar ekan, ularga tegishli umumiy odob-axloqlar haqida Imom G‘azzoliy aytgan so‘zlarni naql etishni lozim topdik: “Yoshlar tilla taqinchoq va turli zebu ziynat taqmasliklari lozim. Ular o‘tirish, turish, salom berish odoblariga rioya etishlari, o‘zlaridan kattalar huzurida oyoqlarini chalishtirib o‘tirmasliklari, sergap va so‘kuvchi bo‘lmasliklari, behayo so‘zlarni aytmasliklari, xususan, yomon xulqli tengdoshlariga aralashishdan ehtiyot bo‘lishlari lozim” (“Ihyo...” kitobi, 3-juz, 70-bet).

Ma’lumki, yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish va turli odat va ta’sirlardan ehtiyotlab saqlash va, shu jumladan, ularni giyohvandlik ofatidan ehtiyot qilish hozirgi zamonning eng dolzarb masalasi ekani hammamizga yaxshi ma’lum. Zero, aql va tanani muhofaza qililb, uni ehtiyotlab saqlash har bir inson uchun ham farz, ham qarz amaldir. Shundagina inson Alloh va Uning Rasuli hamda rahbarlari amriga itoat qiladigan, irodali, aqlli, sog‘lom, odob-axloqli, jismonan barkamol, diniga himmatli, o‘z xalqiga fidokor, jamiyat manfaatini ko‘zlovchi, Vatanni sevuvchi va ardoqlovchi, hammaga barobar yaxshilikni ravo ko‘ruvchi, mas’uliyatni to‘la his qiluvchi komil inson bo‘lishi mumkin.

A.Naimov,
Quvasoy shahar bosh imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bo‘sh qutining hikmati

06.05.2025   1106   1 min.
Bo‘sh qutining hikmati

Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi. 
 

Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.


Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.


Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor. 

Akbarshoh RASULOV

O'zbekiston yangiliklari