Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Iyul, 2025   |   10 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:12
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
05 Iyul, 2025, 10 Muharram, 1447

EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZM MILLAT UCHUN XATAR

13.01.2020   4060   10 min.
EKSTRЕMIZM VA TЕRRORIZM MILLAT UCHUN XATAR

Dunyoda globallashuv jarayonlari jadallik bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda manfaatlar to‘qnshuvi mintaqa, millat va din tanlamas  illatlarni yuzaga chiqarmoqda.

 

Ana shunday illat va insoniyat oyog‘iga bolta bo‘lib urilayotgan razolat ekstremizm va terrorizm deb atalmoqda. Bu illatlarni nima deb atashimizdan qat’iy nazar,qaysidir tashkilot yoki tuzulmalarning manfaati uchun xizmat qilishini yaxshi bilishimiz darkor.

 

Ekstremizm “keskin harakat qilish” degan lug‘aviy ma’noni bersa, istilohiy ma’nosi “aholi orsida o‘z aqiydaviy fikrlarini murosasizlarcha singdirishga urinish”dir. Uning xavfli tomoni ming yillardan beri xalqimiz orasida amal qilib kelinayotgan aqidaviy ahkomlar va urf odat va an’analarni rad etib, o‘zlarining manfaatlariga mos keluvchi aqidalarini singdirishlaridir. Bunday buzuq aqida esa musulmonni “kofir”, davlatni “kufr davlati” va bunday jamiyat “kufr jamiyati” degan qarashlarni singdirishga qaratilgandir. Aqidaning bunday tarzda buzilishi esa haqiqiy mo‘minni kofirlikda ayblab qonini to‘kishga fatvo berishga qaratilganligi bilan xavflidir. Bunday qarashlar esa o‘z navbatida terrorizm kabi o‘ta xavfli illatga zamin paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

 

Terrorizm qo‘rqitish, vahima solish va jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarishga qaratilgan xatti-harakatlardir. Bugun dunyoda bu balodan aziyat chekmagan birorta davlat yo‘q desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘z manfaati yo‘lida hech narsadan tap tormaydigan tuzilmalar o‘z g‘arazli maqsadlariga erishish yo‘lida yoshlardan foydalinishni ko‘zda tutganlar.

 

So‘nggi yillarda aqidaparast oqimlar yoshlar ichidagi faoliyatini mehnat migrantlarini ta’sir doirasiga olish, “hujralar” tashkil etish, diniy ekstremistik mazmundagi materiallarni elektron ko‘rinishda tarqatish, internet orqali targ‘ibot o‘tkazish kabi usullarda amalga oshirmoqda. Ayniqsa, internet tarmog‘ida o‘zini jarangdor  nomlar bilan atab olgan terroristik tashkilotlar go‘yoki islom ravnaqi yo‘lida kurashayotgan “mujohid birodarlar guruhi” ekani haqidagi targ‘ibot-tashviqot keng ko‘lamda olib borilayotgani, buning oqibatida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan musulmon yoshlar “hijrat” qilish va “jihod”da ishtirok etish da’vosida urush bo‘layotgan hududlarga borib, ushbu guruh safiga borib qo‘shilayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Afsuski, yoshlar muayyan qismi bunday buzg‘unchi oqimlarni haqiqatda ham Islom dinini butun dunyoga tarqatish, islomiy davlat barpo etgan holda dunyoda adolat o‘rnatishni maqsad qilgan tashkilot deb hisoblaydi. Bunday fikrlovchilar Markaziy Osiyoda, xususan, O‘zbekistonda ham bor ekani hech kimga sir emas. Bunday yoshlar yuqorida qayd etilgan hududlarda insonlarga qarshi sodir etilayotgan jinoyatlarni go‘yoki xalifalik qurish uchun joiz amal hisoblab qattiq adashmoqdalar. Aslida, mutaassib oqim a’zolarining maqsadlari — “jihod”, “hijrat”, “shahidlik” kabi diniy tushunchalarni soxta talqin qilish orqali yoshlarimizni oilasi va yaqinlarining ta’siridan chiqarish, o‘qish yoki ishidan ajratib olish hamda ularni qurolli to‘qnashuvlar ketayotgan Suriya, Iroq, Afg‘oniston yoki Pokiston kabi mamlakatlarga jo‘natib, manqurt-jangari yoki “tirik bomba”ga aylantirishdan iborat.

 

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Alloh dedi: “Uch (kishi) borki, Qiyomat kuni men ularga xusumatchiman: Mening nomim bilan (ahd) berib, keyin xiyonat qilgan kishi; hur odamni sotib, pulini yegan kishi; ishchi yollab, undan (ishni) to‘la talab qilib olib, haqqini bermagan kishi”.

Go‘yoki “hijrat” savobini olamiz deb da’vo qilayotganlar ba’zi adashgan yurtdosh yoshlarimiz yuqoridagi kabi onakush va odamfurushlardan o‘rnak olmoqchimi?

 

Qur’oni Karimda aynan shunday holatlar haqida “Zulm qilganlarga moyil bo‘lmanglar. Yana sizni do‘zax olovi tutmasin...” (“Hud” surasi, 113-oyat), deyilgan. Hozir butun dunyo ulamolari terrorchi guruhlarning Islomga umuman aloqasi yo‘q ekani haqida fatvo bermoqdalar. Jumladan, Butun dunyo Islom ulamolari kengashi raisi Yusuf Qarazoviy: “Biz ulamolar buzg‘unchilarga qarshi kurashmog‘imiz zarur. Hozir ekstremistik tashkilotalr tarkibida aldangan yoshlar juda ko‘p. Ular “kofirlarga qarshi jihod qilyapmiz, orzuimiz jannat”, deyishyapti-ku, ammo musulmonlarni qatl etib, og‘ir gunohga botmoqda. Biz bunday nobakorlikning oldini olishimiz darkor”, deb ta’kidlagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi sharifda: “Haqiqiy muhojir Alloh va Rasuli qaytargan narsadan hijrat qilgan (qaytgan) musulmondir” deb marhamat qilganlar. Islom dini Vatanga xiyonat, qotillik, buzg‘unchilik, o‘zini o‘zi o‘ldirish, o‘zgalarga zum qilish, ota-onaga oq bo‘lish kabilardan qaytaradi.

 

“Jihod” so‘zi lug‘atda kishining o‘z maqsadiga erishish yo‘lida bor imkoniyatlarini ishga solib, qattiq harakat kilishi ma’nosini anglatadi. Darsini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solib harakat kilayotgan o‘smir mujtahid talaba deb ataladi. Binobarin, uni ilmiy jihod qilmoqda desa bo‘ladi.

 

Istilohda dini, vatani, oilasi, obro‘si va moli himoyasini shariat ruxsat bergan yo‘llar bilan amalga oshirishni anglatadi. Kishining o‘z vatanini bosqinchilardan, isyonkorlardan himoya qilishi ham ayni jihoddir. Hadisda insonning o‘z nafsi yomonliklariga qarshi turishi, yaxshiliklarga intilishi katta jihod ekanligi ta’kidlanadi. Imom Buxoriy rahimahulloh rivoyat kilgan hadisda aytiladi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning huzurlariga u zotdan jihodga izn so‘rab keldi. Shunda u zot unga: “Sening ota-onang bormi?” dedilar. “Ha”, dedi. “Bas, ikkovlari (xizmati)da jihod qil!” dedilar”.

 

Adashgan va buzg‘unchi oqimlarga a’zo bo‘lgan kishi qonuniy jazoga tortilishi yoki “hijrat” da’vosida xorijiy yurtlarga chiqib ketishi oqibatida jamiyatning birlamchi bo‘g‘ini bo‘lgan oilalarda parokandalik yuzaga keladi, farzandlar tarbiyasiz, oilalar esa boquvchisiz qoladi;

 

jamiyatda an’anaviy qadriyatlarni avloddan avlodga uzatish tizimi va tadrijiy rivojlanish jarayoni buziladi, mazkur jamiyatda asrlar osha muhim o‘rin tutgan milliy, madaniy, tarixiy qadriyatlar ahamiyatini yo‘qotishi oqibatida ma’naviyat pasayadi;

 

ekstremistik va terroristik harakatlar sodir etilishi orqali jamiyatda “yovuzlik chegarasi” pasayib, odamlar qotillik, qiynoq, bosqinchilik, garovga olish, qulchilik kabi jinoyatlarga ko‘nikib qoladi. Ayni chog‘da, ushbu yovuzliklar jamiyatning muayyan qismida vahima uyg‘otadi, qochoqlar oqimi paydo bo‘ladi;

 

 terrorizm va ekstremizm, ular oqibatida kelib chiqadigan ijtimoiy beqarorlik jamiyatda kriminal jinoyatlarning avj olishiga xizmat qiladi;

 

davlat tomonidan xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun budjet mablag‘larini sarflashi, shuningdek, terroristik harakat oqibatida ko‘rilayotgan moddiy zarar jamiyatga iqtisodiy jihatdan katta zarar yetkazadi. Natijada ishsizlik oshadi, ijtimoiy muhofazaga yo‘naltirilgan loyihalar bajarilmay qoladi, aholining turmush darajasi pasayadi;

 

mamlakatning taqdiri iqtisodiy donor va qurol-aslaha sotuvchi davlatlarga bog‘liq bo‘lib qoladi.

 

Jamiyatimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar orasidan qo‘llarini qonga belab, o‘z ona-yurtiga qurol o‘qtalish darajasidagi manqurtga aylanib qolayotgan kishilarning chiqishi bu masalaga jiddiy e’tibor qaratish lozimligini taqozo qilmoqda. U yerlarda diydasi qotgan jallodlarga aylangan bu johillar yurtiga qurol o‘qtalib o‘z xalqi, ota-onasi va dindoshlariga tahdid bilan dag‘dag‘a qilishdek tubanlikka yuz tutyaptilar.

 

Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni boshqalarga ozor va aziyat berishdan qaytarib,  “Mo‘min va mo‘minalarga, ular biror narsa qilmasalar ham, ozor beradiganlar, batahqiq, o‘z ustlariga ochiq bo‘hton va gunohni olibdilar, deb marhamat qiladi. (Ahzob surasi, 58-oyat).

 

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: Nimaga kulyapsizlar? dedilar. “Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz”, deyishdi. U zot: “Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas”, dedilar.

 

Yana Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam “Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir”, deb marhamat qiladilar.

 

Imom Termiziy Abu Sirmadan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi”, deganlar.

 

“Mo‘min erkaklar va mo‘mina ayollar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyurarlar, yomonlikdan qaytararlar, namozni to‘kis ado etarlar, zakotni berarlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilarlar. Ana o‘shalarga Alloh tezda rahm qilur. Albatta, Alloh g‘olib va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 71-oyat).

 

“Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne’matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne’mati ila birodar bo‘ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O‘z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki hidoyat topsangiz” (Oli Imron surasi, 103-oyat).

 

Xulosa qiladigan bo‘lsak, mo‘minlar bir birlari bilan aka ukadirlar. Qanday qilib aka o‘z ukasiga yomonlik qiladi yoki kofirlikda ayblab, uning joni va moliga tajovuz qiladi. Quyidagi hadisi sharifda mo‘minlar go‘yoki bir jonli jasadning a’zolari kabi ekani aytiladi.

 

Sahoba No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qiladilar: “Mo‘minlarni o‘zaro bir-birlariga do‘stlikda, mehribonlikda va yaxshilik ko‘rsatishdagi misollari, go‘yoki bir jasad kabidirki, uning bitta a’zosi betoblikdan og‘risa, qolgan a’zolari bedor va notinch bo‘ladi” (Imom Buxoriy va muslim rivoyati).

 

 

Q.Iskandarov

Bog‘ot tumani “Abdol bobo” masjidi imom xatibi

MAQOLA
Boshqa maqolalar

Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

30.06.2025   8206   7 min.
Ahli ayolga qilingan nafaqa sadaqadir

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

 

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ مُغَفَّلٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «نَفَقَةُ الرَّجُلِ عَلَى عِيَالِهِ صَدَقَةٌ».

Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kishining ahli ayoliga qilgan nafaqasi sadaqadir», dedilar.

Sharh: Darhaqiqat, ahli ayolga nafaqa qilish sadaqadir. Chunki bunda kishi vojib ibodatni ado etadi. Zotan, shariat hukmi bo‘yicha ahli ayolning nafaqasi vojibdir. Bu Alloh taoloning amridir. Shariatda ko‘rsatilgan amalni Allohning amrini bajarish niyati bilan qilish Alloh taoloning yo‘lida qilingan ish bo‘ladi. Shuning uchun o‘z ahli ayolimga bersam, sadaqaning savobidan mahrum bo‘laman, degan tushuncha noto‘g‘ridir. Aksincha, yaxshi niyat bilan, shariatning buyrug‘ini, Alloh taoloning hukmini ado etyapman, ahli ayolimning nafaqasi menga vojibdir, shuni haloldan ado etaman, deb harakat qilgan kishi ahlining nafaqasi tufayli ulug‘ ajrlarga erishadi.
 

عَنِ الْحَسَنِ يَرْفَعُ الْحَدِيثَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ مِنْ غَيْرِ إِسْرَافٍ وَلَا إِقْتَارٍ كَانَتْ نَفَقَتُهُ بِمَنْزِلَةِ النَّفَقَةِ فِي سَبِيلِ اللهِ».

Hasandan rivoyat qilinadi: «Kishi ahli ayoliga isrof ham qilmay, juda siqib ham qo‘ymay nafaqa qilsa, Allohning yo‘lidagi nafaqa o‘rnida bo‘ladi».

Sharh: Ahli ayolga, ya’ni qaramog‘idagilarga qilingan nafaqada isrof qilish ham, xasislik qilish ham durust emas. Balki o‘rtacha, bir me’yorda nafaqa qilib borish Allohning yo‘lidagi nafaqa bo‘ladi.

Ahli ayolning nafaqasida isrofga yo‘l qo‘yish barcha holatlardagi isrof kabi noshar’iy ish hisoblanadi. Shu bilan birga, bu ish ahli ayolning haddidan oshishiga, odobsizliklarga qo‘l urishiga sabab bo‘lib qolishi ham mumkin.

Ahli ayolning nafaqasini siqib qo‘yish baxillikning yorqin namunasidir. Bu nafaqadagi kishilarning haqqini poymol qilishdir.

Barcha ish va holatlardagi kabi, bu ishda ham o‘rtacha bo‘lish ma’qul. Zotan, dinimiz vasatiylik – o‘rtacha yo‘l tutish dinidir.


Alloh taolo Furqon surasida aytadi: «Infoq qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, bu ikkisi o‘rtasida mo‘tadil bo‘lurlar» (67-oyat).

Arab tilida «infoq» – «nafaqa» iboralari mol-pul sarflash ma’nosini anglatadi. Bizda «birovga sadaqa qilish», «ehson qilish» ma’nosida ishlatish odat tusiga kirib qolganligi oyatni noto‘g‘ri tushunishga, xayr-ehson, sadaqa qilganda mo‘tadil bo‘lishi kerag-u, boshqa vaqtlarda nima qilsa, o‘zi biladi, degan xayolga olib kelmasligi lozim.

Musulmon kishi mol-pul sarflashda doimo mo‘tadil bo‘lishi kerak. Mol-dunyoni hech qachon isrof ham qilmasligi va haddan tashqari xasis bo‘lib, zarur joyga va kerakli miqdorda sarflashdan bosh tortmasligi ham kerak.

Islomda shaxsiy mulkchilikka keng yo‘l ochib qo‘yilgan. Shu bilan birga, kishilarga shaxsiy mulklarini havoyi nafslariga binoan tasarruf qilishlariga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Avvalo, bu mulkni gunoh ishlarga, harom-harishga ishlatish man qilingan.

Shuningdek, mol-mulkni behuda sarflashga «isrof» degan nomni berib, musulmonlar isrofdan qaytarilgan. Mol-mulkini behuda, noo‘rin sarflaydigan odam «safiyh» – esi past deyiladi. Kim safiyh bo‘lsa, mahkamaning hukmi ila uning mol-mulki muzlatib qo‘yiladi. Kerak bo‘lganida, ma’lum miqdori beriladi, qolgani saqlab turiladi.

Shu bilan birga, o‘ta xasis odamga qarshi chora ham ko‘riladi. Bola-chaqasidan, nafaqasidagilardan qisib, ularga haqlari darajasida sarf qilmasa, mahkama ularning haqlarini olib beradi.


Isrofgarchilik va xasislikni tanqid etib, qoralovchi ko‘plab hadislar kelgan.

عَنْ أَبِي الْمُخَارِقِ قَالَ: خَرَجَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فِي غَزَوةِ تَبُوكَ فَطَلَعَتْ نَاقَتُهُ، فَقَامَ عَلَيْهَا سَرِيعًا، فَمَرَّ بِهِ رَجُلٌ، فَقَالَ لَهُ بَعْضُ أَصْحَابِهِ: مَا رَأَيْنَا كَالْيَوْمِ رَجُلًا أَجْلَدَ وَلَا أَقْوَى لَوْ كَانَ فِي سَبِيلِ اللهِ. فَقَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «إِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى صِبْيَةٍ صِغَارٍ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى وَالِدَيْهِ فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى عَلَى نَفْسِهِ لِيُغْنِيَهَا فَهُوَ فِي سَبِيلِ اللهِ، وَإِنْ كَانَ يَسْعَى رِيَاءً وَسُمْعَةً فَهُوَ لِلشَّيْطَانِ».

Abul Muxoriqdan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Tabuk g‘azotiga chiqdilar. Tuyalari kelib qoldi. Unga tezda mindilar. Shunda oldilaridan bir kishi o‘tib qoldi. Hamma o‘sha kishiga qaradi. Shunda sahobalardan biri u zotga: «Bugungiga o‘xshash baquvvat, chapdast odamni hech ko‘rmagan edik. Qani endi u Allohning yo‘lida bo‘lsa», dedi.

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Agar u o‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar u o‘zining behojatligi uchun urinayotgan bo‘lsa, Allohning yo‘lidadir. Agar riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan bo‘lsa, shaytonning yo‘lidadir», dedilar».

Sharh: Demak, mo‘min-musulmonlar riyokorlikdan, xo‘jako‘rsinchilikdan, falonchi gapiradi, pistonchi kuladi, falonchini qoyil qilib qo‘yay, kabi bandaning rioyasini qilishdan mutlaqo uzoq bo‘lishlari, hazir bo‘lishlari kerak. Balki har bir ishni sof niyat bilan, shariatda ko‘rsatilganidek, Alloh taolodan savob umidida ado etish lozim ekan. Shunda ham hojati ravo bo‘ladi, ham murod-maqsadiga yetib, boshqalarni xursand qiladi, eng muhimi, Allohning yo‘lida amal qilgan inson darajasiga ko‘tariladi.

Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar:

1. O‘zining kichik bolalari uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
2. Ota-onasiga yaxshilik qilish uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
3. O‘zining behojatligi uchun urinayotgan odam Allohning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.
4. Riyo va xo‘jako‘rsin uchun urinayotgan odam shaytonning yo‘lida urinayotgan shaxs ekani.

قَالَ شُعْبَةُ: فَقُلْتُ لِعَدِيٍّ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ؟ فَقَالَ: عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «إِذَا أَنْفَقَ الرَّجُلُ عَلَى أَهْلِهِ نَفَقَةً يَحْتَسِبُهَا كَانَتْ لَهُ صَدَقَةً».

Shu’badan rivoyat qilinadi:

«Adiyga: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdanmi?» dedim.

«Ha, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan. U zot: «Qachon kishi ahliga savob umidida nafaqa qilgan bo‘lsa, uning uchun sadaqadir», dedilar», dedi».

Sharh: Ahliga, qaramog‘idagilarga savob umidida, bu Allohning hukmi, shariatning buyrug‘i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalari, bu menga vojib, degan niyatda va albatta, halol-pok yo‘l bilan topilgan moldan qilingan nafaqa sadaqa o‘rniga o‘tib, ulkan ajr-savoblarga sabab bo‘lishi shubhasiz haqiqatdir.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz