Vatan! Vatanni onaga qiyoslashadi. Vatanga bo‘lgan muhabbat..., vatan sog‘inchi..., vatan mehri..., vatan orzusi..., vatanga bo‘lgan sadoqat..., vatanga bo‘lgan “rashk”..., vatan armoni..., vatan himoyasi... – bu tushunchalarning barchasi “ona” degan so‘z bilan tenglikdagi ifodalanishidir. Bu ikki so‘z o‘rtasidagi yaqinlik bamisoli ajratib bo‘lmaydigan qalb va yurakni ifodalash kabidir. Tug‘iladigan har bir go‘dakning kindik qoni to‘kilgan maskani, sog‘inch va mehr taftini his qila oladigan, bag‘rida erkin o‘nib-o‘sib, kamol topadigan va bir dunyo orzular qurshovida ulg‘ayadigan, himoyasi ostida armondan holi, ba’zan erkalanib, rashki keladigan darajadagi qizg‘anish hissini hosil qiladigan barcha tuyg‘ularni – onaga ham, Vatanga ham qiyoslash mumkin. Aslida onasi hayot insonlarning “Ona” so‘ziga beradigan izohidan ko‘ra, boshi bir marta silanmagan, qalbi uning muloyim mehrini tuymagan, muhabbatini his qilmagan, bir marta bo‘lsa ham, “ona” degan so‘zni aytishni istagan, onasi borlarga havas bilan qaraydigan insonlar qalbidan chiqadigan fig‘onlarida ko‘rinadi. “Vatan” degan tushunchaga ham shunday fikr bera olamiz.
Ulug‘ allomaning shunday fikrlarini o‘qishimiz mumkin: “O Vatan, sen har kimni qul qil, qaro qil, lekin eshiklarda sig‘indi qilma. Mayli, shohman deganni taxtingga ko‘tarma, lekin muhojirlikni, musofirlikni, undagi purtanali o‘rmonlarda cho‘kkan ko‘ngillarni ko‘tar... Ko‘ngil! Senda yashovchan bo‘l, umrzoq bo‘l... Agar seni toptasalar, vayron aylasalar chidagil ko‘ngil, chunki sening poyingda beminnat tuproq – Vatan bor...” Har qanday shoir-she’r, bayt, g‘azal, bitiklar bitsin, bastakor o‘z musiqasida kuylasin, yozuvchi qalamidagi siyohlarini to‘ksin, ammo qalbi Vatan sog‘inchini tuymagan, erki va ozodligini orzu qilgan insonlarning unsiz faryodi kabi ifodalash mushkuldir. Yuqoridagi misralar oddiy va soddagina tilda ifodalangan bo‘lsada, ammo uning tub zamirida umri qullikda o‘tgan, oilasi va farzandlarini qullikdan qutqarish, vatanini erki va ozodligi uchun, millatdoshlarining toptalgan qadrini ko‘tarish umidida jonlarini ayamay fido qilgan yuksak va jasorat qalb sohiblarining to‘kilgan qonlari evaziga bugun o‘z uyi va makoniga ega bo‘lgan insonlarning ana shunday osoyishta hayot kechirayotganliklari buning yaqqol namunasidir. Alhamdulillah, bugungi kunimizda ham issiqqina uylaridan, yashayotgan makonlaridan o‘z ota-onalari va qarindosh-urug‘laridan yiroqda bo‘lib, vatanining bir qarich tuprog‘ini sog‘inib, xalqining tinch va osoyishta hayotlarini davomiyligini ta’minlab, issiqni issiq demay, sovuqning qahraton kunlariga bardosh qilib, o‘z jonini xavf-xatarga qo‘yib, vatanimizning chegara sarhadlarida tunni-tun demasdan xizmat qilayotgan vatandoshlarimiz sergak tortib turganliklari sabab, beshikda yotgan go‘daklarimiz tinchgina orom olishi, farzandlarimizning erkinlikda ta’lim olayotganliklari, har-birimiz sevgan ishimiz va mashg‘ulotlarimiz bilan shug‘ullanib turishimiz buning yaqqol isbotidir.
Aslida, vatan mehrini, uni sog‘inchini tuyishimiz uchun yiroqlardan turib his qilishimiz shart emas... Go‘zal go‘shamizning azim tog‘laridan bo‘lmish Hazrati Sulton tog‘ining 2400 metr balandligidan turib, zamin uzra boqqaningizda, tabiatining naqadar go‘zalligini ko‘rib, musaffo, toza havosini tuyganingizda, beixtiyor qalbingizda vatanga nisbatan muhabbat va sog‘inch hissi paydo bo‘ladi. Har qanday inson tepalikdan pastga qaraganda, adirlar uzra ochilib turgan qip-qizil alvon lolalarni ko‘rib, ana o‘sha vatandoshlarimizning erk va ozodlik yo‘lida to‘kilgan qonlarini to‘p-to‘p bo‘lib ochilgan lolaqizg‘aldoqlarning ranglarida ko‘rsalar ajabmas...
Allohim barchamizni qalblarimizni yashab turgan ona vatanimiz hamda bir havodan nafas olib turgan vatandoshlarimizga nisbatan e’tiborli va muhabbatli qildirib qo‘ysin, yomon nazar bilan qaragan kimsalarning yovuz niyatidan omonda saqlashini O‘zidan so‘raymiz. Vatanimiz tinchligi va osoyishtaligi bardavom bo‘lsin. Adolatli va odilona siyosat boshi bo‘lmish – yurtboshimiz, yurtimizni yuksak ma’naviyatli millat darajasiga ko‘tarib, yosh avlodlariga qilib berayotgan ko‘plab imkoniyatlari negizida, kelajak avlodlarining vatan oldidagi cheksiz xizmatlari evaziga uning ravnaqini oshirish va boshqa mamlakatlardan ajralib turishini ta’minlashdagi ishonchlarini oqlash har bir qalbida vataniga, yurtiga, millatiga nisbatan muhabbati bo‘lgan yoshlarimizga nasib qilsin.
Nilufar Berdiyeva
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom
bilim yurti o‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i
Savol: Namozdan keyin imom «Oyatal kursiy»ni boshidan o‘qiganda jamoat qolganini ichida davom ettiradimi yoki boshidan boshlaydimi? Zikrlarni aytishdachi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozdan keyin oyatal kursiy va tasbehlarni aytish mustahab amal sanalib, ularni imom ham, jamoat ham o‘qishlari mandub, ya’ni go‘zal va savobli ish hisoblanadi. Shuning uchun imom boshlab berganidan keyin jamoatdagilar ham oyatal kursiyni boshidan o‘qiydilar.
Shuningdek, tasbehlarni 33 tadan aytadilar. Imom ularni ovoz chiqarib boshlab berishining sababi jamoatga aytiladigan zikrni eslatish uchundir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom farz namozlardan keyin «Oyatal kursiy»ni o‘qishning fazilati haqida bunday deydilar: “Kim har bir farz namozidan keyin Oyatal kursiyni o‘qisa, keyingi namozgacha Alloh taoloning zimmasida bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Boshqa bir hadisi sharifda bunday deyiladi:
“Kim har bir farz namozning ortidan Oyatal kursiyni o‘qisa, uni jannatga kirishdan faqatgina o‘lim to‘sib turadi” (Imom Nasoiy rivoyati).
Namozdan keyin tasbehlarni aytish borasida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim har namozdan keyin o‘ttiz uch marta Allohga tasbeh aytsa, o‘ttiz uch marta Allohga hamd aytsa, o‘ttiz uch marta Allohu akbar”, desa hammasi to‘qson to‘qqiz bo‘ladi. Yuzinchisida “Laa ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu lahul mulku va lahul hamdu va huva ala kulli shayin qodiyr”ni aytsa, uning gunohlari dengiz ko‘piklaricha bo‘lsa ham mag‘firat qilinadi”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati).
Shunga ko‘ra imom domla “Subhanalloh”, “Alhamdulillah”, “Allohu akbar” deyishi o‘zi uchun hisobga o‘tadi. Jamoatdagi namozxonlar 33 tadan o‘zlari aytishlari kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.