Qish kelib, kunlar soviy boshlashi bilan qalin kiyimlarimizni sandiqlardan olib kiyamiz. Tanamiz sovqotmasligi, issiq turishi uchun butun tanamizni o‘rab, ehtiyot qilamiz. Boshimizni ham o‘raymiz. Uylarimizni isitish, sovuq kirmasligi uchun zarur choralarni ko‘ramiz. Maqsad, uy ham, tanamiz ham issiq bo‘lsin. Shu tarzda uylarimizni isitamiz-u, ammo qalblarimizni istishni unutib qo‘yar ekanmiz.
Qalbni qandoq isitamiz? Unga ham olov yoqamizmi? Uni isitadigan narsa nima o‘zi? Bu savollarga javob topa olamizmi?
Qalb tana kabi ozuqasiz, kiyimsiz qolsa, och qoladi, soviydi, kuchsizlanadi. Shuning uchun qalbning ozuqasini berish kerak. Alloh taolo qalbimizni butun tanamizning podshohi qilib qo‘ygan. Tanamizning baxillik, kibr, hasad, adovat, ko‘rolmaslik, dangasalik kabi illatlarga chalinishi qalbdagi xastalik sabablidir.
Nu’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ogoh bo‘linglar! Albatta, jasadda bir parcha go‘sht bordir. Qachon u solih bo‘lsa, jasadning hammasi solih bo‘lur. Qachon u buzuq bo‘lsa, jasadning hammasi buzuq bo‘lur. Ogoh bo‘linglar! O‘sha narsa qalbdir», dedilar». Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilganlar.
Demak, qalbni solih qilish, boshqacha aytganda, isitish uchun uning ozuqasini berishimiz kerak ekan. Uning ozuqasi esa Allohni tanish, ilm o‘rganish, Qur’on tilovat qilish, maxsus lafzlar bilan Allohni zikr qilish, ibodat qilish, ulamolar suhbatiga quloq tutish, qalbni tuzatishga bag‘ishlangan kitoblar o‘qish kabilar bilan bo‘ladi. Mana shularni qalb tez-tez qabul qilib, ulardan bahramand bo‘lib tursa, isiydi. Isigan qalb esa yumshoq, ta’sirchan qalbga aylanadi. Bunday qalb egasi oilada yaxshi ota, yaxshi farzand, yaxshi aka-uka, yaxshi jiyan, jamiyatda yaxshi qo‘shni, yaxshi qarindosh, yaxshi musulmon bo‘ladi.
Qalb gunoh qilganda qotib, boshqacha aytganda sovib, solih amallarni bajarganda yumshaydi, ya’ni isiydi. Qalbi issiq odamni qalbi pok odam deyiladi. Shuning uchun ham qalbni poklashning omillaridan yana biri bo‘lgan istig‘for va tavbada bardavom bo‘lish kerak. Ko‘p istig‘for aytgan odamning qalbi asta-sekin poklanib, tozalanib, yumshab, isib boradi.
Katta olimlar, solih insonlar, avliyolarning qalblari issiq bo‘lgani uchun hamma undoq kishilarga yaqin bo‘lgisi, ulardagi issiqlikda isinib olgisi, ya’ni nasihatlariga quloq tutib, hikmatli pandlaridan bahramand bo‘lgisi keladi. Gunoh, ma’siyatlar botqog‘iga botgan kishilarning qalblari sovuq bo‘lgani uchun odamlar unday kishilardan uzoqroq yurishga harakat qilishadi. Chunki ularda odamlarni o‘ziga tortadigan, hammaga ulashadigan issiqlik bo‘lmaydi yoki bo‘lsa ham juda oz, o‘ziga zo‘rg‘a yetadigan darajada bo‘ladi.
Azizlar, uyimiz va jasadimizni istganimizdek, tanamiz podshohi bo‘lgan, a’zolarimizning yaxshi-yomon ishlarni qilishiga ta’sir o‘tkazuvchi qalbimizni poklashga, isitishga, unga kerakli ozuqalarni berishga harakat qilaylik!
Zero, Alloh taolo qiyomat kuni faqat pokiza, salomat qalb bilan kelgan insonlargina najot topishlarini, molu dunyo va bola-chaqalari o‘shanday kishilargagina foyda berishini Qur’oni Karimda bayon qilib qo‘ygan.
Uylarimizni va tanamizni isitish chorasini ko‘rayotgan chog‘imizda qalbimizni unutib qo‘ymaylik! Uni isituvchi omillar bo‘lmish ibodatlar, zikrlar, ilm o‘rganish va boshqa amallarni bajarishni boshlaylik! Tanamizga tashqaridan issiq urilayotgan chog‘da qalbimiz butun ichki dunyoimizni isitib, a’zolarimiz yaxshi amallar qilishiga sababchi bo‘lsin!
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni go‘zal qilsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu – nihoyatda foydali hadis. Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bu hadisni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitib, ahamiyatini his qilib, uni o‘g‘li Abdulloh ibn Umarga, Abdulloh esa o‘z navbatida o‘g‘li Solimga o‘rgatgan. Biz ham bu muborak oiladan bizgacha yetib kelgan ushbu hadisni o‘zimizning farzandlarimizga, nevaralarimizga yetkazishimiz kerak.
Bu hadisda balo yetgan odamlarga e’tibor qilib, hadisda kelgan duoni qilishga ochiq-oydin chaqiriq bor. Mo‘min-musulmon odam balo-ofatga uchragan odamga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligini, buning iymoniy, ruhiy va tarbiyaviy foydalarini, nafsni kibr, hasad, norozilik va g‘am-qayg‘u kabi tuyg‘ulardan xalos qilishni shu hadisdan o‘rganamiz.
Baloga yo‘liqqanlar kim?
Bu hadisi sharifda musibat yetgan, jismi kasal yoki zaif bo‘lgan, turli dardlarga chalingan kishilarni ko‘rganda ulardan ibrat olish, bunday musibatdan panoh so‘rash, o‘ziga bunday musibat berilmagani uchun shukrona qilishning eng oliy namunasi bor. Tamaki chekadigan, fosiqlik qiladigan, namozga bee’tibor bo‘ladigan, gunoh ishlarni qiladigan, dinida musibatga uchraganlar ham ana shular jumlasidan hisoblanadi. Bundan tashqari, oilaviy muammolarga uchraganlar, ota-onasiga oq bo‘lgan, aka-ukalari, opa-singillari bilan urishib, mahkamalargacha borib yurganlarni ham bunga misol qilib keltirish mumkin.
Bu duoni musibat yetgan kishilarga eshittirmasdan, ichida aytish musulmonning odobidir. Lekin oila a’zolarimiz eshitib, duoni o‘rganishlari uchun eshittirib aytsak bo‘ladi.
Musibatga uchragan odamlarni ko‘rganingizda ularning haqqiga ham duo qilamiz. Ammo ayni paytda Alloh taolo ularga yetgan musibatdan sizni saqlaganini tushunib, beixtiyor «Senga yetgan balodan meni saqlagan, meni yaratgan narsalarining ko‘pidan afzal qilgan Allohga hamdlar bo‘lsin!» deb yuborasiz.
Bu nabaviy so‘zlar mo‘mina qizlarning ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chunki bu so‘zlarni aytganingizda sizni siylagan, ko‘pgina musibatlardan saqlagan Allohning marhamatini yanada chuqurroq his qilasiz. Alloh taolo bu balodan sizni saqlabdi. Shuning o‘zi buyuk ne’mat emasmi? Shuni anglab yetsangiz, muammolaringiz qanchalik ko‘p bo‘lsa ham, hayotingizda qanchalik katta to‘siqlarga duch kelgan bo‘lsangiz ham, baxt-saodatning, rozilikning ta’mini his qilasiz. Bu duoni qilayotganda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning «keyingi hayotida ana shu balodan saqlanadi» degan va’dalariga to‘liq ishoning.
Ta’kidlab aytamanki, bu duoni qilayotganingizda musibat egasini aslo masxara qilmang! Shunda hayotingizning har bir lahzasi Allohning marhamati bilan limmo-lim ekanini ko‘rasiz.
Dinida, xulqida musibatga uchrab, gunoh qilib yurgan odam mana shu duolarni takrorlab yursa, o‘z-o‘zidan o‘sha gunohni yomon ko‘rib, bu kabi ishlardan tiyiladigan, qaytib bu ko‘yga tushmaslikni istaydigan bo‘lib qoladi. Ofatga uchragan odamni ko‘rganda uning haqqiga duo qiladigan, o‘ziga bu ofat yetmagani uchun shukr qiladigan bo‘lib qoladi.
Musibat qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bu musibat mo‘minlar uchun marhamat hisoblanadi, chunki musibatga uchragan odam sabr qilsa, ko‘plab gunohlari kechirib yuboriladi.
Shu bilan birga, yuqoridagi hadisda birovga musibat yetganini ko‘rgan kishilar uchun eslatma bor. Oramizda musibat yetganlar bo‘lishi, sizu biz bilan birga yashashi – qalbimizdagi dardlar uchun shifodir. Masalan, bir odam kambag‘al, deylik. U boshqa bir odamning og‘ir kasal bo‘lib qolganini, lekin kambag‘al bo‘lgani uchun davolanishga pul topa olmayotganini ko‘rsa, o‘zi kambag‘al bo‘lsa ham, tani-joni sog‘-salomat bo‘lgani uchun Alloh taologa hamdlar aytadi. Yoki bir qizning hamma dugonalari erta-erta turmushga chiqib ketib, o‘ziga esa hamon sovchi kelmayotganidan mahzun bo‘lib yuribdi, deylik. O‘sha turmushga erta chiqqan dugonalaridan biri eridan ko‘p zulm ko‘rib, oilasi buzilib, bir necha oydan keyin uyiga qaytganini ko‘rsa, o‘zining boshiga shunday tashvish tushmagani uchun, «ajrashgan» degan nom orttirib olmagani uchun Allohga hamd aytadi. Ajrashganidan kuyinib yurgan boshqa bir ayol esa eridan ajrab, zino qilib yurganlarni ko‘rganida o‘zining bunday harom yo‘lga kirib ketmagani uchun shukr qiladi. Bunday voqealar – ko‘radigan ko‘zi, fikrlaydigan aqli, his qiladigan qalbi bor insonlar uchun eslatmalar, ibratlar zanjiridir.
Hayotda shundaylar borki, musibatga uchraganlarning oldidan o‘tadi, lekin parvo ham qilmaydi. Ular o‘zi bilan ovora, faqat o‘zi haqida qayg‘uradi, xolos. Yana ba’zilar bor, afsuski, musibatga uchraganlarni masxara qilishgacha boradi. Bir kun kelib, o‘zi ham uning o‘rnida bo‘lib qolishi mumkinligi xayoliga ham kelmaydi. Aqlli odam esa musibatzadalarga rahm-shafqat nazari bilan qaraydi, bunday musibat o‘zining boshiga tushmagani, Alloh taolo uni saqlagani uchun Robbiga hamd aytadi, Alloh uni boshqa ko‘plab maxluqlaridan ustun qilganini his qiladi.
Bir olim aytadi: «Boy-badavlat odamlarga qarab, o‘zimni mahrumdek, bechoradek his qilsam, kasalxonaga borib, u yerda boshiga turli musibat tushgan odamlarni, og‘ir bemorlarni ko‘raman-da, hayotimdan mamnun bo‘lib qaytaman. Shunday paytlarda otamning haqqiga rahmat-mag‘firat so‘rab, duolar qilaman, chunki menga bunday qilishni otam o‘rgatgan. Otam doim bunday der edi: «Qachon o‘zingni bechora his qilsang, dunyo matohlaridan biror narsaga ega bo‘lmaganing uchun mahzun bo‘lsang, Allohning senga bergan ne’matini his qilish uchun kasalxonaga borgin».
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.