Mazhabboshimiz Imomi A’zam rahimahullohning “Fiqhul akbar” kitobida bunday yozilgan: “Biror musulmonni qilgan gunohi sababli kofirga chiqarmaymiz, garchi u kabira gunoh bo‘lsa ham, basharti uni halol deb e’tiqod qilmagan bo‘lsa, undan imon ismini olib tashlamaymiz, uni haqiqiy mo‘min deb atayveramiz, uni fosiq mo‘min deb atash mumkin, faqat kofir emas”.
«Kufr» so‘zi lug‘atda «o‘rash», «to‘sish» kabi ma’nolarni bildiradi. Istilohda esa ikki xil ma’noda keladi: biri dinda, ya’ni, Alloh va Uning rasuliga itoatsizlik, ikkinchisi, in’om etilgan ne’matni mensimay, inkor etishni anglatadi. Masalan, Qur’oni karimda «kufr» lafzi bir necha o‘rinlarda kelgan bo‘lib, ba’zi oyatlarda «mutlaq kufr» zikr etilib, Islom dinidan chiqishgacha bo‘lgan holatlar nazarda tutilsa, ba’zi o‘rinlarda shunchaki cheklov yoki to‘xtamlarni o‘z ichiga oladi.
Shu bois olimlar kufrni ikkiga, ya’ni katta va kichik turga bo‘lganlar. Kichik kufr amaliy hisoblanib, Kitob va sunnatda «kufr» deb nomlangan gunohlarni o‘z ichiga oladi. Biroq ular dindan chiqaruvchi haqiqiy kufr darajasiga yetmaydi, balki kufroni ne’mat, noshukrlikni nazarda tutadi. Masalan, Ibrohim surasining 34-oyatida “kufr” so‘zidan “noshukrlik” ma’nosi iroda qilingan: «…Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir».
Kichik kufr hadisi sharifda ham kelgan: «Mendan keyin bir-biringizni bo‘yningizga qilich soluvchi kofir bo‘lmanglar». Ulamolar kichik kufr dindan chiqarmaydi va amallarni bekor (habata) qilmaydi, lekin amallarni nuqsonli qiladi hamda u orqali banda azobga duchor bo‘ladi, deganlar.
Katta kufr esa istilohda haqni berkitish, ya’ni imonning ziddini bildiradi. Jumladan, imon keltirish shart bo‘lgan narsalardan birini inkor etish katta kufrdir. Katta kufr kishini dindan chiqaradi.
Takfir esa asossiz sabablar bilan mo‘min-musulmon kishini kofirga chiqarishdir. Musulmonni kofir deyish juda xatarli masala bo‘lib, oqibati yomon ishdir. Ulamolar ijmosi bilan kufr hisoblangan so‘z mutlaq «kufr»dir. Mo‘min imon asoslarini inkor etish bilangina dindan chiqadi. Kufr kalimasini aytgan kishiga «kofir» hukmini berishning shartlari bor. Dindan chiqqan musulmon kofir sanaladi va u «murtad» deb ataladi. Murtadlik quyidagilardan birortasini qasddan bajarish orqali yuzaga keladi: kufr kalimasini bilib turib, o‘zi xohlab talaffuz qilish; botil aqidaga e’tiqod qilish; so‘z yoki amali bilan kofir bo‘lishni niyat qilish; Islomdagi qat’iy, mutavotir yo‘l bilan farz qilingan amallardan birini inkor qilish.
Imom Abu Mansur Moturidiyning qarashlari karromiylar, jahmiylar, mu’taziliylar, qadariylar va rofiziylarning aynan mazkur masala yoki u bilan bog‘liq bo‘lgan imon va amal, gunoh va gunohkorning holati, mo‘minlik va kofirlik bilan bog‘liq qarashlariga bergan raddiyalarida namoyon bo‘ladi. Jumladan, «Kitobut tavhid» asarida Imom Moturidiy «aslida sof diniy e’tiqoddagi ta’limotni bilish oson ish emas» ekanini uqtiradi. Alloma takfir masalasida mu’taziliylarning gunoh bois imonning zavol topishi, shuning uchun osiy mo‘min kofir bo‘lib, do‘zaxda abadiy qolishi haqidagi qarashlarini rad etadi va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan fikrlarini bayon qiladi.
Asarda mazkur masalalar keng yoritilgan. Alloma musulmonga kofir hukmini berishda haddan oshgan firqalarning qarashlariga raddiyalar bergan va ahli sunnaning ushbu masala yuzasidan qarashlarini Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflar bilan dalillagan. Jumladan, asarda quyidagilar bayon qilingan: «Gunohi kabira qilgan kishi to‘g‘risida murjialar: “Mo‘minning imoniga gunohi kabira zarar qilmaydi”, desalar, xorijiylar: “gunohi kabira qilgan musulmon imondan chiqadi, kofir bo‘ladi”, deydilar». Imom Moturidiy esa ularni rad etib, Yusuf surasining: «Zero, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmgina noumid bo‘lur», (87-oyat) oyatini dalil qilib keltiradi. Gunohi kabira borasida Imom Moturidiy ahli sunnaning e’tiqodini bayon qilib aytadiki: «Mo‘min fosiq bo‘lsa, unga tavba vojib bo‘ladi. Qur’oni karimda: “(Ey Muhammad!) O‘z jonlariga (gunoh bilan) zulm qilgan bandalarimga ayting: Allohning rahmatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag‘firat qilur. Albatta, Uning o‘zi Mag‘firatli va Rahmlidir”, deyilgan» (Zumar surasi, 53) oyatni hujjat qilib keltiradi.
Ahli sunna ulamolari ittifoqiga ko‘ra, katta (kabira) gunoh sodir etgan kishi qilgan ishini halol sanamas ekan, hargiz kofir bo‘lmaydi va u banda do‘zaxda abadiy qolmaydi.
Yuqorida sanab o‘tilganlar oqimlar da’vo qilayotgan soxta g‘oyalar ahli sunna val jamoa e’tiqodiga mutlaqo ziddir. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam qibla ahlidan biror kishini, garchi gunohi kabira qilsa ham, kofirga chiqarmaslikka buyurganlar. Sahobai kiromlar ham qibla ahlining hech birini kofirga chiqarmaganlar.
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: «Qachon kishi o‘z birodariga “Ey, kofir” desa, ikkovlaridan biri o‘shandoq bo‘ladi», deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni, haligi odam kofir bo‘lmasa, uni kofir degan odamning o‘zi kofir bo‘ladi.
Hanafiy ulamolar esa kishining kofirligiga to‘qson to‘qqizta dalil bo‘lib, unday emasligiga bitta dalil topilsa, o‘sha bitta dalil olinishi lozimligini aytadilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh esa: “As'hoblarimizdan hech kim qibla ahlidan bo‘lgan ahli havoni kofirga chiqarishni aytmagan. Bir narsani vojib yoki harom deyish, birovga savob yoki azob berish, birovni kofir yoki fosiq deb hukm qilish Allohning ishidir», deganlar.
Xulosa qilib aytganda, xorijiylar, mu’taziliylar kabi firqalar tomonidan takfir masalasi ahli sunna val jamoa e’tiqodiga zid tarzda talqin qilingan. Hozirgi kunda Islom niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli oqimlar musulmonlarni qilgan amali bois kofirga chiqarish orqali o‘zlarining jinoyatlarini oqlamoqdalar. Biroq bularning bari dinimiz ta’limotiga ziddir.
Raufjon RASHIDOV,
mustaqil tadqiqotchi
“Hidoyat” jurnalining 12-sonidan olindi
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati