Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Iyun, 2025   |   11 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:57
Xufton
21:34
Bismillah
07 Iyun, 2025, 11 Zulhijja, 1446

Islomda vatan va uning himoyasi

09.01.2020   4328   4 min.
Islomda vatan va uning himoyasi

 

       Vatan tushunchasi juda ham keng tushuncha bo‘lib, uni bir  so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Vatan bu bizni o‘z bag‘riga olgan makon. Vatan  u shunday bir maskanki, unda nafslar orom oladi. U bir bepoyon zaminki , unda dunyoga kelamiz, unda yashaymiz, oila quramiz, maqsad sari intilamiz va unda vafot etamiz  va unga dafn qilinamiz. U shunday diyorki, agar undan safar qilsak unga mushtoq bo‘lib, uni sog‘inamiz. Safardan qaytsak, sog‘inchdan uning tuprog‘ini shavq va zavq ila ko‘zga suramiz. Vatan tinch bo‘lsa biz ham tinch bo‘lamiz. Ha,  Vatan tushunchasi aytib o‘tganimiz kabi shunchaki aytiladigan so‘z emas, balki u qalb va muhabbat ila his qilinadigan tuyg‘u.

Dinimiz insonlarni vatanparvar bo‘lib, yurtini sevishga, uni himoya qilib, obod etishga chaqiradi.  Yurtini sevgan o‘zini sevibdi.

        Tarixdan ma’lumki,  Rosululloh sallolohu alayhi vasallamga ilk bor vahiy nozil bo‘lganda,  Varaqa ibn Navfal Payg‘ambarimiz alayhissalomga, hali shunday vaqtlar kelib, u zotni qavmlari o‘z yurtlaridan haydab chiqarishlarini aytganlarida,  Rosululloh sallolohu alayhi vasallam mahzun bo‘lib, "ular meni haydab chiqarishadimi" , deyishlari hamda Rosululloh sallolohu alayhi vasallam tug‘ilib o‘sgan vatanlaridan chiqib ketishga majbur bo‘lganlarida, “Ey Makka sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, deyishlari har bir insonni tug‘ilib o‘sgan o‘z yurtini sevishiga  yorqin misol bo‘la oladi.

Hakimlar aytadilar: «Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi». 

Alixon to‘ra Sog‘uniy: “Ona Vatanini sevish har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi”, deganlar.

 Vatanini sevgan inson uni himoya ham qiladi. Dinimiz ta’limotiga ko‘ra vatanini himoya qilgan insonga ajr va savoblar berlishi aytilgan. Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom; “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri bu – Allohdan qo‘rqib yig‘lagan, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, – deb aytganlar (Termiziy rivoyati).

Boshqa bir hadisda esa bunday deb marhamat qilingan: Rasululoh  sallolohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo roziligi yo‘lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishdan afzaldir».

           Buyuk ajdodlarimizdan biri Kubraviya ta’limotining asoschisi Najmiddin Kubro mo‘g‘ullar bostirib kirganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukmdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. Vatanini o‘z jonidan ustun ko‘rgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va tug‘ ko‘tarib, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotgan holatda shahid bo‘ladi. U zot tug‘ni shunchalar jon-jahdi bilan ushlagan ediki, tug‘ni qo‘llaridan kesibgina olishga muvaffaq bo‘lishadi.

      Har bir fuqaro o‘z vatanini sevsa uni himoya qila olsa ana shundagina vatan va uning halqi rivojlanadi taraqqiy topadi. Vatanni qo‘riqlash va uni himoya qilish faqat vatan himoyachilarini emas balki,  har bir yurt vakillarining burchidir. Ammo vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burchdir.  Vatan himoyachisi tug‘ilib o‘sgan zaminini, oilasi ,o‘z ota-onasini, butun xalqini himoyasini qiladi. Bu esa o‘z sha’ni va or-nomusi hamda iymon -e’tiqodini himoyasi bilan barobardir.

Har yili mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini milliy bayram sifatida nishonlanishligi ham bejiz emas. Vatan  himoyasini sharafli burch deb bilgan vatan posponlari hamda yurt fidoilari bor ekan, xalqimiz tinch, yurtimiz ravnaqi kundan kun taraqqiy topib, bugungi kunimiz ertangi kundan o‘zgacha bo‘lib bormoqdaki, bu o‘zgarishlarni xalqaro hamjamit ham e’tirofi etmoqda.

 

“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi

Ziyouddin Mirsodiqov

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qurbon hayiti – mehr-oqibat ayyomi

04.06.2025   2721   5 min.
Qurbon hayiti – mehr-oqibat ayyomi

Yurtimizda hayit bayramlari qadimdan o‘zgacha shukuh, xalqimizga xos mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ifodasi bo‘lib kelgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ramazon va Qurbon hayitini keng miqyosda nishonlanishi va dam olish kuni deb e’lon qilinishi muqaddas dinimizga bo‘lgan chuqur hurmat va e’tiborning natijasidir.
 

Qurbon hayiti – musulmonlarning eng mo‘tabar bayramlaridan biri hisoblanib, Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi. Bu muborak kunlarda Alloh taoloning ko‘plab xayru barakasi yer yuzidagi bandalari uzra yog‘iladi. Qurbon hayiti haj ibodatlari tamom bo‘lganligi munosabati bilan hamda Alloh yo‘lida qurbonlik qilish pallasi bo‘lgan ayyomdir. Qurbon hayiti namozi o‘qilgach, imkoni bor insonlar qurbonlik qilishlari vojib amallardandir.


Qur’oni Karimning “Kavsar” surasida: “Bas, Robbingiz uchun namoz o‘qing va (tuya) so‘yib, qurbonlik qiling”- deyiladi. (Kavsar surasi, 2-oyat).


Qurbonlik haqida Baro ibn Ozib raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

عَنْ الْبَرَاءِ بْنِ عَازِبٍ قَالَ قَالَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "اِنَّ اَوَّلَ مَا نَبْدَاُ بِهِ فىِ يَوْمِنَا هَذا اَنْ نُصَلِّىَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ اَصَابَ سُنَّتَنَا وَمَنْ ذَبَحَ قَبْلَ الصَّلاَةِ فَاِنَّمَا هُوَ لَحْمٌ قَدَّمَهُ لِاَهْلِهِ لَيْسَ مِنَ النُّسُكِ فىِ شَيْءٍ" (رواه الإمام البخاري).

ya’ni: “Darhaqiqat, bugungi kunda ishimizni avval iydul azho (qurbon hayiti) namozini o‘qish, so‘ngra (uylarimizga) qaytib, qurbonlik bilan boshlashimiz kerak. Kimki, shularni bajarsa, u sunnatimizga muvofiq ish qilibdi. Kimdakim, hayit namozidan oldin so‘ysa, u qurbonlik emas, balki o‘z ahli uchun taqdim qilgan go‘shtdir” (Imom Buxoriy rivoyati).


Aytish joizki, hanafiy mazhabi bo‘yicha qurbonlik qilish – vojibdir. Qurbonlik qilish hur, balog‘at yoshiga yetgan, oqil, muqim, ya’ni safarda bo‘lmagan va garchi bir yil aylanmagan zakot nisobiga ega bo‘lgan musulmon shaxsga vojib bo‘ladi. Qurbonlikni Zulhijja oyining o‘n, o‘n bir va o‘n ikkinchi kunning (ya’ni, hayitning birinchi, ikkinchi va uchinchi kunning) Shom namozi vaqti kirgunigacha amalga oshiriladi.


Shuningdek, Qurbon hayiti kuni musulmonlar bir-birlarini qutlab, so‘yilgan qurbonliklarini o‘zaro baham ko‘radilar, bu esa albatta, mehr-muruvvat va saxovat hislarini yana-da orttiradi.


Qur’oni karimda bu haqda: “Yaxshi ko‘rgan narsalaringizdan ehson qilib bermaguningizgacha, sira yaxshilikka (jannatga) erisha olmaysizlar. Har qanday narsani infoq qilsangiz, albatta Alloh uni bilur”. (Oli Imron surasi, 92-oyat) 


Insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli va saxovatli bo‘lishlari haqida Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “To mo‘min bo‘lmaguningizgacha jannatga kirolmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muruvvatli bo‘lmaguningizgacha komil mo‘min bo‘la olmaysizlar”. (Imom Muslim rivoyati)


Mazkur oyat va hadislar barchamizni o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqiradi. Avvalo mehribon ota-onalarimiz hamda yoshi ulug‘ yaqinlarimizni Hayit ayyomi bilan tabriklab duolarini olib, so‘ngra farzandlarimizni ham ko‘ngillarini shod qilishimiz fazilatlidir.


Qurbon hayiti kunlarida biz e’tibor beradigan yana bir jihat – mehrga tashna insonlarga bayram shodligini va yaxshi kayfiyat ulashishdir. Bu borada yurtimizda keng ko‘lamli ishlar amalga oshiriladi, bayram arafasida kam ta’minlangan va ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olinadi.


Ming afsuslar bo‘lsinki, “guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek” hayit kunlari bir qator bid’atlar ko‘zga ko‘rinadi, xususan, yaqinlari vafot etgan xondonlarda dasturxon tuzalib “yangi hayit” marosimini o‘tkazish, nikoh to‘ylari bo‘lib o‘tgan xonadonlarda “hayit yo‘qlovi” kabi isrofgarlik amallarini haligacha davom ettirayotgan ayrim insonlar topiladi. Ularga hayit kunlarini qanday o‘tkazish borasida tushuntirishlar olib borish bizning zimmamizdagi vazifalardan biridir.


Qurbon hayiti - ulug‘ bayramdir. Bu kunlarda yana ham mehribon va muruvvatli bo‘lib, yetimlar boshini silab, yoshi ulug‘lar, kasalmandu muhtojlardan xabar olinadi, ularning ko‘ngillariga ham bayram shukuhini olib kiramiz. Bu kunda gina-kudratlarni unutib, kechirimli bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.


Bu yil ham Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida alohida tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. Masjidlar, diniy markaz va xonadonlarda maxsus tadbirlar o‘tkazildi. Har yili bo‘lgani kabi, bu yil ham yurtimizda katta shodlik va farah bilan kutib olinadigan ushbu kun, xalqimizning birligi, mehr-oqibati va bag‘rikengligining yana bir bor yorqin ifodasi bo‘ldi.


Alloh taolodan so‘raymizki, Qurbon hayiti yurtimizda tinchlik va farovonlikda xayru barakali o‘tsin!


Abduqahhor domla Yunusov, 

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar