Vatan tushunchasi juda ham keng tushuncha bo‘lib, uni bir so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Vatan bu bizni o‘z bag‘riga olgan makon. Vatan u shunday bir maskanki, unda nafslar orom oladi. U bir bepoyon zaminki , unda dunyoga kelamiz, unda yashaymiz, oila quramiz, maqsad sari intilamiz va unda vafot etamiz va unga dafn qilinamiz. U shunday diyorki, agar undan safar qilsak unga mushtoq bo‘lib, uni sog‘inamiz. Safardan qaytsak, sog‘inchdan uning tuprog‘ini shavq va zavq ila ko‘zga suramiz. Vatan tinch bo‘lsa biz ham tinch bo‘lamiz. Ha, Vatan tushunchasi aytib o‘tganimiz kabi shunchaki aytiladigan so‘z emas, balki u qalb va muhabbat ila his qilinadigan tuyg‘u.
Dinimiz insonlarni vatanparvar bo‘lib, yurtini sevishga, uni himoya qilib, obod etishga chaqiradi. Yurtini sevgan o‘zini sevibdi.
Tarixdan ma’lumki, Rosululloh sallolohu alayhi vasallamga ilk bor vahiy nozil bo‘lganda, Varaqa ibn Navfal Payg‘ambarimiz alayhissalomga, hali shunday vaqtlar kelib, u zotni qavmlari o‘z yurtlaridan haydab chiqarishlarini aytganlarida, Rosululloh sallolohu alayhi vasallam mahzun bo‘lib, "ular meni haydab chiqarishadimi" , deyishlari hamda Rosululloh sallolohu alayhi vasallam tug‘ilib o‘sgan vatanlaridan chiqib ketishga majbur bo‘lganlarida, “Ey Makka sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim”, deyishlari har bir insonni tug‘ilib o‘sgan o‘z yurtini sevishiga yorqin misol bo‘la oladi.
Hakimlar aytadilar: «Kishining vafodorligi uning o‘z vatani uchun qayg‘urishidan, birodarlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi».
Alixon to‘ra Sog‘uniy: “Ona Vatanini sevish har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi”, deganlar.
Vatanini sevgan inson uni himoya ham qiladi. Dinimiz ta’limotiga ko‘ra vatanini himoya qilgan insonga ajr va savoblar berlishi aytilgan. Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom; “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: biri bu – Allohdan qo‘rqib yig‘lagan, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, – deb aytganlar (Termiziy rivoyati).
Boshqa bir hadisda esa bunday deb marhamat qilingan: Rasululoh sallolohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: «Alloh taolo roziligi yo‘lida bir kun chegara hududida posbonlik qilish bir oy kechalari ibodat qilib, kunduzlari nafl ro‘za tutishdan afzaldir».
Buyuk ajdodlarimizdan biri Kubraviya ta’limotining asoschisi Najmiddin Kubro mo‘g‘ullar bostirib kirganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukmdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishni taklif qiladi. Vatanini o‘z jonidan ustun ko‘rgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kiradi va tug‘ ko‘tarib, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotgan holatda shahid bo‘ladi. U zot tug‘ni shunchalar jon-jahdi bilan ushlagan ediki, tug‘ni qo‘llaridan kesibgina olishga muvaffaq bo‘lishadi.
Har bir fuqaro o‘z vatanini sevsa uni himoya qila olsa ana shundagina vatan va uning halqi rivojlanadi taraqqiy topadi. Vatanni qo‘riqlash va uni himoya qilish faqat vatan himoyachilarini emas balki, har bir yurt vakillarining burchidir. Ammo vatan himoyachisi bo‘lish sharafli burchdir. Vatan himoyachisi tug‘ilib o‘sgan zaminini, oilasi ,o‘z ota-onasini, butun xalqini himoyasini qiladi. Bu esa o‘z sha’ni va or-nomusi hamda iymon -e’tiqodini himoyasi bilan barobardir.
Har yili mamlakatimizda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kunini milliy bayram sifatida nishonlanishligi ham bejiz emas. Vatan himoyasini sharafli burch deb bilgan vatan posponlari hamda yurt fidoilari bor ekan, xalqimiz tinch, yurtimiz ravnaqi kundan kun taraqqiy topib, bugungi kunimiz ertangi kundan o‘zgacha bo‘lib bormoqdaki, bu o‘zgarishlarni xalqaro hamjamit ham e’tirofi etmoqda.
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom xatibi
Ziyouddin Mirsodiqov
#xabar #haj2025
Joriy yilgi haj mavsumi o‘zining qizg‘in pallasiga kirmoqda. Bugun, 3 iyun – Zulhijja oyining 7 kuni kechki paytdan boshlab ziyoratchilarni Mino vodiysiga tashish ishlari boshlanadi. 4 iyun – Zulhijja oyining 8 kuni barcha hojilar Mino vodiysida jam bo‘lishadi.
Shu munosabat bilan haj delegatsiyasi a’zolari, ishchi guruhi shtabi, shifokorlar jamoasi va guruh rahbarlari ishtirokida Makka shahridagi mehmonxonada umumiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, ishchi guruhi rahbari Sodiqjon Toshboyev, muftiy – haj delegatsiyasi rahbari Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, attashe Shuhrat Amoniy hamda shifokorlar jamoasi yetakchisi Alisher Saatov qatnashdi.
Mutasaddilar mehmonxonalardan Minoga, u yerdan Arafot, bu manzildan esa Muzdalifaga va yana Minoga qaytishni tartibli tashkil etish, muborak manzillar va chodirlarda risoladagidek ibodat qilish uchun barcha sharoitlarni hozirlash, ziyoratchilar salomatligiga jiddiy e’tibor berish, ovqatlanish ratsioniga amal qilish, belgilangan tartiblarga rioya etishni ta’minlash masalalarini aytib o‘tishdi.
Ayniqsa, Mino, Arafot vodiylarida o‘rnatilgan qonun-qoidalarga amal qilish, xususan, kunning jazirama issiq vaqtlarida (soat 10-00 dan 16-00 gacha) chodirlardan tashqarida yurmaslik, hududlarda tog‘u tepaliklarga chiqmaslik, bitoqa-beyjiklarni taqib yurish, harakatlanishda maxsus transport vositalari, avtobuslardan foydalanish va podshohlik talablari, tartibni saqlovchi xodimlar ko‘rsatmalariga itoat etish kabilarga urg‘u qaratildi.
Muftiy hazratlari ishchi guruhi va guruh rahbarlari uchun yanada mas’uliyatli damlar boshlanayotganini ta’kidladilar. Shuning barobarida haj amalini dinimiz talablariga muvofiq ado etish, shar’iy masalalarda Fatvo markazi fatvolariga rioya qilish, o‘zboshimchalik bilan ish tutishdan saqlanish, Mino va Arafotdagi chodirlarda ulamolarning mav’izalarini tashkil etish, bir so‘z bilan aytganda, hojilarning har bir daqiqasini toat-ibodat, duoyu zikr bilan unumli o‘tkazish kabilarni aytib o‘tdilar.
Yig‘ilishda boshqa tashkiliy masalalar ham kelishib olindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati