Hijratdan avvalgi 45 yil, jumodul avval oyi (mil. 579 yil, aprel boshi) |
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sakkiz yoshu ikki oyu o‘n kunlik bo‘lganlarida bobolari Abdulmuttalib Makkada vafot etdi; – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tug‘ishgan amakilari Abu Tolib o‘z kafolatiga oldi. |
Hijriy 4 yil, jumodul avval oyi (yoki rabi’us soniy / mil. 625 yil sentyabr-oktyabr) |
– Najd g‘azoti bo‘ldi. |
Hijriy 6 yil, jumodul avval oyi (yoki rabi’ul avval / mil. 627 yil sentyabr-oktyabr yoki iyul-avgust) |
– Bani Lihyon g‘azoti bo‘ldi. |
Hijriy 6 yil, jumodul avval oyi (mil. 627 yil sentyabr-oktyabr) |
– Zayd ibn Horisa roziyallohu anhu sariyasi bo‘ldi; – Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning katta kuyovlari Abul Os roziyallohu anhu (Zaynab roziyallohu anhoning eri) musulmon bo‘ldi. |
Hijriy 7 yil, 10 jumodul avval, seshanba kechasi (mil. 628 yil 13 sentyabr) |
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kecha Fors hukmdori Kisroning o‘g‘li Sheravayh o‘z otasini o‘ldirib, taxtini qo‘lga kiritganini vahiy orqali bilib, ertasiga bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni maktub yuborganlari uchun Kisroning huzuriga olib borish vazifasi bilan Madinaga kelgan Yaman hokimi Bozonning ikki elchisiga aytdilar. |
Hijriy 8 yil, jumodul avval oyi (mil. 629 yil avgust-sentyabr) |
– Mu’ta jangi bo‘ldi. – ushbu jangdan keyin shu paytgacha musulmonlarga qarshi xuruj qilishda davom etib kelayotgan Bani Sulaym, Bani Ashja’, Bani G‘atafon, Bani Zubyon, Bani Fazora va boshqa arab qabilalari musulmon bo‘lishdi. |
Hijriy 9 yil, jumodul avval oyi (mil. 630 yil avgust-sentyabr) |
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ishtirok etgan oxirgi g‘azot – Tabuk g‘azoti bo‘ldi; – Ayla hokimi, Jarbo, Azruh va Miyno ahllari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan sulhga erishishdi va jizya to‘lashdi (Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga omonlik xati yozdirib berdilar); – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xolid ibn Valid roziyallohu anhuni 420 otliq bilan Duvmatul Jandal hokimi Ukaydir huzuriga yubordilar. So‘ng u bilan sulh tuzib, unga ham omonlik xati yozdirib berdilar; – Tabuk g‘azotidan qaytayotganlarida munofiqlardan o‘n ikkitasi bir tor dara ichida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga suiqasd uyushtirishdi. |
Hijriy 13 yil, jumodul avval oyi (mil. 634 yil iyul) |
– Hazrat Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu oltmish uch yoshida vafot etgan. |
Hijriy 193 yil, jumodul avval oyi (mil. 809 yil fevral-mart) |
– imom Osim rahmatullohi alayhning eng mashhur roviysi Qur’oni karimni o‘n sakkiz ming marta xatm qilgan Abu Bakr Shu’ba ibn Ayyosh rahmatullohi alayh vafot etgan... |
Abdul Azim Ziyouddin tayyorladi
Manba: http://siyrat.uz/maqola/1849
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
"Alloh sizdan yengillatmoqni iroda qiladir. Va inson zaif yaratilgandir".
Insonni Alloh taoloning O‘zi yaratgan. U Zot O‘z bandasining xususiyatlarini yaxshi biladi. Shuning uchun ham insonga faqat Alloh taoloning ko‘rsatmalarigina to‘g‘ri kelishi mumkin. Ushbu oyatda Alloh taolo insonning zaif holda yaratilganini ta’kidlamoqda. Yaratuvchining O‘zi «zaif yaratilgan», deb turganidan keyin, shu zaif insonga yo‘l ko‘rsatishda U Zot og‘irlikni xohlarmidi? Yo‘q, U Zot yengillikni xohlaydi.
Islom shariati, umuman, yengillik ustiga bino qilingandir. Bu haqda ko‘plab oyat va hadislar bor. Hammasi o‘z o‘rnida bayon qilinadi. «Niso» surasining boshidan muolaja qilib kelinayotgan masalalar, xususan, erkak va ayol, oila, nikoh masalasiga kelsak, ushbu oyatda bu masalalarda ham Alloh O‘z bandalariga yengillikni istashi ta’kidlanmoqda. Zohiriy qaralganda, diniy ko‘rsatmalarni bajarish qiyin, shahvatga ergashganlarning yo‘llarida yurish osonga o‘xshaydi. Islomda hamma narsa man qilingan-u, faqat birgina yo‘lga ruxsat berilganga o‘xshaydi. «Nomahramga qarama», «U bilan yolg‘iz qolma», «Uylanmoqchi bo‘lsang, oldin ahlining roziligini ol», «Mahr ber», «Guvoh keltir» va hokazo. Hammasi qaydlash va qiyinchilikdan iborat bo‘lib tuyuladi. Shahvatga ergashganlar esa «Yoshligingda o‘ynab qol, gunoh nima qiladi», deyishadi. Bu esa sodda va oson ko‘rinadi. Haqiqatda esa unday emas. Natijaga qaraganimizda bu narsa yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dunyo tarixini kuzatadigan bo‘lsak, oila masalasiga yengil qaragan, jinsiy shahvatga berilgan xalqlar, davlatlar va madaniyatlar inqirozga uchragan. Qadimiy buyuk imperiyalarning sharmandalarcha qulashining asosiy omillaridan biri ham shu bo‘lgan.
Bizning asrimizga kelib, G‘arbda, o‘zlarining ta’biri bilan aytganda, jinsiy inqilob bo‘ldi. Jins borasida olimlar yetishib chiqdilar. Ular «Jinsiy hurriyat bo‘lmaguncha, inson to‘liq hur bo‘la olmaydi. Agar jinsiy mayllar jilovlansa, insonda ruhiy tugun paydo bo‘lib, unda qo‘rqoqlik va boshqa salbiy sifatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi», kabi g‘oyalarni tarqatishdi. Oqibatda jinsiy inqilob avjiga chiqdi.
Natijasini – har xil balo-ofatlar buhronini hozir o‘zlari ko‘rib-tatib turishibdi. Axloqiy buzuqlik, oilaning va jamiyatning parchalanishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishidan tashqari, son-sanog‘iga yetib bo‘lmaydigan muammolar paydo bo‘ldi. Jinsiy inqilob oqibatida taraqqiy etgan g‘arb davlatlarining tub aholisi dahshatli sur’atda kamayib bormoqda. Ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tanosil kasalliklari kelib chiqdi, har yili son-sanoqsiz odamlar shu kasalliklardan o‘lmoqda. Nasl buzilib, odamlari zaifhol va kasalmand bo‘lib bormoqda. Turli aqliy va ruhiy kasalliklar urchidi. Oxiri kelib, kasalliklarga qarshi insondagi tabiiy monelikning yo‘qolishi (OITS) kasalligi paydo bo‘ldi. Bu kasallik haqli ravishda, XX asr vabosi deb nomlandi. Uning davosi yo‘q. Bu dardga chalinishning sababi zinodir. U bilan kasallangan odam tez muddatda o‘ladi. Hamma dahshatda. Bu dardga chalinmaslikning yo‘llari axtarilmoqda, bu yo‘lda behisob mablag‘lar sarflanmoqda, mazkur vaboga chalinmaslikning turli choralari taklif etilmoqda. Qonunlar chiqarilmoqda, idoralar ochilmoqda.
Lekin shahvatga ergashganlari sababli ular eng oson, eng ishonchli bitta yo‘l – Allohning yo‘liga qaytishni xayollariga ham keltirishmayapti. Aqalli ushbu dardning bevosita sababchisi bo‘lmish zinoni man etuvchi qonun chiqarishni hech kim o‘ylab ham ko‘rmayapti. Chunki shahvatga ergashganlar shahvatga qarshi chiqa olmaydilar. Ularning o‘zlari shahvatga banda bo‘lganlari uchun unga ergashganlar. O‘zlarini zohiriy yengil ko‘ringan ishga urib, endi og‘irlikdan boshlari chiqmay yuribdi. Zohiriy og‘ir ko‘ringan bo‘lsa ham, Alloh ko‘rsatgan yo‘lga yurgan bandalar boshida mazkur og‘irlik va mashaqqatlarning birortasi ham yo‘q. Ular mutlaq yengillikda, farovon turmush kechirmoqdalar.
"Tafsiri Hilol" kitobidan