Farzandga turmushning, tarbiyaning muhim qoidalarini yoshligidan o‘rgatish, uning qalbiga bunyodkorlik tuyg‘ularini singdirish ota-ona va murabbiylarning hamisha dolzarb vazifasi bo‘lib kelgan. Farzand Islom dinimizning asosiy qoidalaridan biri bo‘lgan yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishni odat qilishi lozim.
Insonlar ichida faqat payg‘ambarlar gunohdan pokdirlar. Zero, Parvardigor ularni gunohdan pok fitratda yaratgandir. Payg‘ambarlardan boshqa barcha insonlar go‘zal odob-axloqli bo‘lish bilan bir qatorda, gunoh ishlar va xatolarga yo‘l qo‘yadilar. Islom dini gunoh amallarni ochiq bayon qilgan va mo‘minlarni bunday ishlardan saqlanishga buyurgan. Bu amrga bo‘ysungan kishi o‘zini halokatdan saqlaydi va Allohning suyukli bandasiga aylanadi. Musulmon kishining vazifasi faqat man qilingan ishlarni qilmaslik bilan kifoyalanmaydi. Balki gunox ish qilayotgan birodarini u yo‘ldan qaytarib, to‘g‘ri yo‘lga solishi ham muhimdir.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Qaysi biringiz biror munkar ishni ko‘rsa, uni ko‘li bilan qaytarsin. Agar qo‘li bilan qaytarishga qodir bo‘lmasa, tili bilan, agar unga ham qodir bo‘lmasa, munkar ishni qalbi bilan yomon ko‘rib qo‘ysin, mana shu oxirgisi imonning eng zaif darajasidir”. Har bir inson hayotda ma’lum maqsad sari intilib yashaydi. Jamiyatning odob-axloq bilan ziynatlanishi uchun harakat qilish va odamlarning turli muammolariga dardkash bo‘lib, o‘zini ezgu ishlarga mas’uliyatli his etish musulmon kishining maqsadi bo‘lishi lozim. Shundagina mo‘min kishi o‘z manfaati uchun emas, butun jamiyat farovonligiga kuch-g‘ayrat sarflagan bo‘ladi. Bunday inson to‘g‘ri yo‘ldagilarni qo‘llab-quvvatlab, adashganlarni hidoyatga chaqiradi. Zero, jamiyatning gullab-yashnashi ham, falokati ham har bir kishining taqdiri bilan bog‘liq. Chunki kema suvga cho‘kkan payt, garchi uni kema ostidagilar teshgan bo‘lsa ham, kema ustidagi bu ishga umuman aloqasiz sayyohlar ham suvga g‘arq bo‘ladi.
Demak, hayotda ba’zi bir xatolarga yo‘l qo‘ygan kishini to‘g‘ri yo‘lga solish mo‘minga xos bo‘lgan xislatdir. Shuning uchun kishiga xatosini o‘z vaqtida anglatish ham muhim. Bunday holatlarda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) tutgan yo‘llari biz uchun yuksak namunadir. Ul zot birinchi navbatda kishining xatosini yuziga solmasdan, uni to‘g‘rilash yo‘llarini shaxsiyatiga tegmagan holda shirinsuxanlik bilan tushuntirganlar. Zero, Alloh taolo tomonidan Muso bilan Horunga (alayhissalom) Fir’avnni dinga da’vat qilish buyurilganida: “Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa”, (Toho, 44) deyilgan.
Bu oyati karimada gunoh va xato ish qilganlarga nisbatan qanday munosabatda bo‘lish aniq bayon qilingan.
Hayotda ba’zi kishilarning bilib-bilmay gunoh yoki xato ish qilayotganlariga tez-tez guvoh bo‘lamiz. Bizlardan, avvalo, o‘zimizni bunday ishlardan saqlash, boshqalarning noto‘g‘ri ishlarini Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ko‘rsatib berganlaridek va Parvardigorimiz buyurganidek tushuntirish talab qilinadi.
Murabbiylar farzand qalbiga jasurlik, shijoatlilik va to‘g‘ri so‘zli bo‘lishni ham singdirishi, Islomning ezgu tushunchalarini diliga joylab, Alloh yo‘lida xayrli va savobli ishlarni ko‘p qilishni o‘rgatishi lozimdir.
Yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarish
Islom dini barcha ummatlarga jinsi, millati, irqidan qat’i nazar, bir-birlaridan ajratmasdan yaxshilikka buyurish va yomonlikdan qaytarishni farz qildi. Bu muhim vazifani ado etishda belgilangan qoidalarga amal qilinadi.
Alloh taolo bunday deydi:
وَٱلۡمُؤۡمِنُونَ وَٱلۡمُؤۡمِنَٰتُ بَعۡضُهُمۡ أَوۡلِيَآءُ بَعۡضٖۚ يَأۡمُرُونَ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَيَنۡهَوۡنَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَيُقِيمُونَ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُؤۡتُونَ ٱلزَّكَوٰةَ وَيُطِيعُونَ ٱللَّهَ وَرَسُولَهُۥٓۚ أُوْلَٰٓئِكَ سَيَرۡحَمُهُمُ ٱللَّهُۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٞ٧١
«Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar: (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar, namoz(lar)ni barkamol ado etadilar, zakotni beradilar hamda Alloh va (Uning) Rasuliga itoat etadilar. Aynan o‘shalarga Alloh marhamat ko‘rsatur. Albatta, Alloh qudratli va hikmatlidir» (Tavba, 71).
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) sahobalardan qiyinchilik va yengillikda itoat qilishga, qay holatda bo‘lsa ham, to‘g‘ri so‘zlashga va sabrli bo‘lishga ahd oldilar.
Uboda ibn Sobit (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Sahobalar Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) qiyinchilik va yengillikda, ixtiyoriy va majburiy amalda itoat qilishga, o‘zidan boshqani afzal ko‘rishda, jo‘yali sabab bo‘lmasdan biror kishi bilan tortishmaslikka, doim to‘g‘ri so‘zlashga hamda Alloh yo‘lida sabr qilishga ahd qildilar”.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) jamiyatdagi har bir kishining hayotini bitta kemada ketayotganlarga o‘xshatdilar. Shuning uchun har bir kishining xatti-harakatida salbiy holatlar sezilsa, musulmon kishi uni tartibga chaqirishi lozim bo‘ladi.
Amru ma’rif va nahyi munkar Islom ummatiga vojib va har bir musulmon kishining belgilangan tartibda uni ado etishi ulkan vazifadir.
Amru ma’ruf va nahyi munkar erkak, ayol, yosh va keksa, katta-kichik musulmonga vojibligi haqida Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) so‘zlari bor.
Huzayfa (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Nafsim izmida bo‘lgan Zotga qasam, albatta, yaxshilikka buyurilasizlar va yomonlikdan qaytarilasizlar yoki Alloh sizlar ustilaringizga azob yuboradi. Sizlar duo qilasizlar, bas, duolaringiz qabul qilinmas”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ibn Hibbon Oyshadan (roziyallohu anho) rivoyat qiladi.
Payg‘ambarning (sollallohu alayhi va sallam) yuzlarida mahzunlikni ko‘rdim. U kishi tahorat qildilar, biron kishiga gapirmadilar. Men Ul zot nima deganlarini bilish uchun hujra devoriga yaqin keldim. U kishi minbarga o‘tirdilar. Allohga hamdu sano aytdilar va: «Ey insonlar, Alloh taolo sizlarga: “Menga duo qilishdan oldin yaxshilikka buyuringlar va yomonliklardan qaytaringlar. Aks holda men duolaringni qabul qilmayman. Mendan yordam so‘raysizlar, yordam bermayman”, dedi», deya minbardan tushdilar.
Amru ma’ruf va nahyi munkarning hamma qabul qilgan qoidalari va shartlari bor, ularni murabbiylar o‘zlari o‘rganib, bolalarga o‘rgatishlari lozimdir. Bola bu qoidalarni tushunib yetsin, shu qoidalarga ko‘ra harakat qilsin.
Amali so‘ziga mos bo‘lsin
Alloh taolo aytadi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لِمَ تَقُولُونَ مَا لَا تَفۡعَلُونَ٢ كَبُرَ مَقۡتًا عِندَ ٱللَّهِ أَن تَقُولُواْ مَا لَا تَفۡعَلُونَ٣
«Ey imon keltirganlar! Sizlar nega o‘zlaringiz qilmaydigan narsani (qildik yoki qilamiz deb) aytursiz?! Sizlarning o‘zlaringiz qilmaydigan ishni (qilamiz, deb) aytishingiz Alloh nazdida katta nafrat (boisi)dir» (Saf, 2-3).
Usoma (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Men Rasulullohdan (sollallohu alayhi va sallam) quyidagi rivoyatni eshitganman: «Qiyomat kuni bir kishi do‘zaxga tashlanadi. Shunda: “Ey falonchi, senga nima bo‘ldi? Yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytarmasmiding?” deydilar. U: “Ha, yaxshilikka buyurib, o‘zim uni qilmas edim va yomonlikdan qaytarib, o‘zim uni qilar edim”, deydi», (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Yomonlikdan qaytarish bosqichma-bosqich bo‘lishi
Kishini yomonlikdan hikmatli va chiroyli so‘zlar bilan qaytarish lozim. Iloji boricha xatoga yo‘l qo‘yishdan saqlanish kerak.
Yomonlikdan qaytaruvchining yaxshi xulqli bo‘lishi
Insonlarni yaxshilikka chorlash va ularni yomonlikdan qaytarish uchun kishi qalbi muloyim, go‘zal xulqli va shu kabi yaxshi sifatlar bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishi shartdir. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) shunday bo‘lishga buyurdilar.
Amr ibn Shuayb (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim yaxshilikka buyursa, bas, o‘zi yaxshi bo‘lsin”, dedilar Bayhaqiy rivoyati.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Albatta, muloyimlik biron narsada bo‘lsa, uni ziynatlaydi. Agar u biror narsadan sug‘irib olinsa, sharmisor qiladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
“Albatta, Alloh go‘zaldir va go‘zallikni yaxshi ko‘radi” (Imom Muslim rivoyati).
Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) muloyimlikdagi o‘rnak olinadigan jihatlari juda ko‘p misollarda mujassamdir.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Bir kishi masjidda bavl qildi. Odamlar uni qattiq urishmoqchi bo‘ldi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam): “Unga tashlanmanglar, nopok joyga bir chelak suv to‘kinglar. Sizlarga yengillik qilish uchun yuborildim, sizlarga qiyinchilik qilish uchun emas”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Umoma (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
Muoviya ibn Hakimdan rivoyat qiladi.
“Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan namoz o‘qiyotgan edim, bir kishi aksa urdi. Men: “Yarhamukalloh”, dedim. Kishilar menga g‘alati qarashdi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam) namozni o‘qib bo‘lgach, menga g‘azab qilmadilar. U kishi: “Bu namoz, bunda odamlar so‘zi durust bo‘lmaydi, bunda tasbeh, takbir va Qur’on o‘qish bo‘ladi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Bir notiq Abu Ja’far Mansur huzuriga kirdi. Unga qo‘pol gapirdi. Shunda Abu Ja’far: “Muloyim bo‘l, Alloh taolo senday yaxshi kishini menday yomon kishiga yubordi, Alloh Musoni Fir’avnga yubordi va unga aytdi:
تَنزِيلٗا مِّمَّنۡ خَلَقَ ٱلۡأَرۡضَ وَٱلسَّمَٰوَٰتِ ٱلۡعُلَى٤
«Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa» (Toho, 44).
Shunda notiq qilgan ishidan hijolat bo‘ldi va u Musodan (alayhissalom) afzal emasligini bildi va Abu Ja’far Fir’avndan yomon emasligini angladi.
Alloh taolo Payg‘ambarga (sollallohu alayhi va sallam) odob berib:
فَبِمَا رَحۡمَةٖ مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمۡۖ وَلَوۡ كُنتَ فَظًّا غَلِيظَ ٱلۡقَلۡبِ لَٱنفَضُّواْ مِنۡ حَوۡلِكَۖ فَٱعۡفُ عَنۡهُمۡ وَٱسۡتَغۡفِرۡ لَهُمۡ وَشَاوِرۡهُمۡ فِي ٱلۡأَمۡرِۖ فَإِذَا عَزَمۡتَ فَتَوَكَّلۡ عَلَى ٱللَّهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُتَوَكِّلِينَ١٥٩
«Allohning rahmati sababli (Siz, ey Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling! (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar» (Oli Imon, 159), deya marhamat qilgan.
Yomonlikdan qaytarishda aziyatga sabr qilish
Luqmoni Hakim o‘g‘liga bunday vasiyat qilgan:
يَٰبُنَيَّ أَقِمِ ٱلصَّلَوٰةَ وَأۡمُرۡ بِٱلۡمَعۡرُوفِ وَٱنۡهَ عَنِ ٱلۡمُنكَرِ وَٱصۡبِرۡ عَلَىٰ مَآ أَصَابَكَۖ إِنَّ ذَٰلِكَ مِنۡ عَزۡمِ ٱلۡأُمُورِ١٧
«Ey o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil! Albatta, mana shu puxta ishlardandir» (Luqmon, 17).
Sa’d ibn Abu Vaqqos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi.
“Yo Allohning rasuli, qanday odamlar qiyinchiliklarga ko‘p duchor bo‘ladi?” dedik. U zot: “Payg‘ambarlar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar. Kishi diniga qarab musibatlanadi. Agar dinida mustahkam bo‘lsa, musibati og‘ir bo‘ladi. Agar dinida bo‘sh bo‘lsa, Alloh uni diniga yarasha musibatlaydi”, dedilar.
Sabr bilan nasihat qilish
Kishilarni to‘g‘ri yo‘lga chorlashda sabr bilan nasihat qilish lozim. Alloh taolo bunday deydi:
«Asr bilan qasamyod eturmanki, (har bir) inson ziyonda (baxtsizlikda)dir! Faqat imon keltirgan va solih amallarni qilgan, bir-birlariga haqiqatparvar bo‘lishni tavsiya etgan va bir-birlariga sabrli bo‘lishni tavsiya etgan zotlargina bundan mustasnodirlar» (Asr, 1–3).
Murabbiy mazkur jihatlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratishi lozimdir. Bunday tarbiya hayot haqiqatlari bilan Islom dinining hamohangligini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi. Bu hamohanglik din bilan dunyoni va ruh bilan jismni, ibodat, saxovatning barchasini uyg‘unlashtiradi. Shuningdek, aqida, imon va taqvo, ehson, namoz, ro‘za, yaxshilik, muloyimlik, sabr, to‘g‘riso‘zlilik, vafo, yaxshilik, do‘stlik, saxiylik, azm, tinchlik, kechirimlilik va bag‘rikenglik fazilatlarini insonda mujassamlashtiradi.
Yoshi ulug‘larni qadrlash
Yosh avlod turmush sinovlarida toblanib, katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, teran aqlli, taqvoli, ulug‘ kishilar ko‘magi va maslahatiga doim ehtiyoj sezadi. Mehnatsevar, halol-pok, diyonatli, el ishi uchun fidoyi inson bo‘lib ulg‘ayishni istagan har bir o‘g‘il-qiz keksalar hayotiy tajribasidan albatta foydalanishi lozim. Shuning uchun oramizda kattalarning borligi ulug‘ ne’matdir.
Inson hayoti mevali daraxtga qiyos etiladi. Chunki daraxt bir mavsumning o‘zida kurtaklar tugadi, gullaydi, ko‘pdan-ko‘p mevalar qiladi. Keksalik esa xuddi mevalari pishgan boqqa o‘xshaydi.
Luqmoni Hakimdan:
– Nega hadeb o‘g‘lingga nasihat qilaverasan? – deb so‘rashdi.
– Keksalarning nasihatlari yoshlar uchun bog‘bon niholni tarbiya qilgani kabidir, – deya javob berdi Luqmoni Hakim.
Inson dunyoga kelib o‘sadi, ulg‘ayadi, umrguzaronlik qiladi. Kechagi go‘dak bugun yigit, bo‘y yetgan qiz. Vaqt o‘tishi bilan, nasib etsa, har bir inson qarilik yoshiga yetadi, bu – hayot qonuniyati.
Qariyalarni e’zozlashga dinimizda alohida e’tibor berilgan. Imon-e’tiqodli, ixlosli va nuroniy keksalarning fazilatlarini bilish hamda ularning haqlarini ado etish boshqalar uchun vojibdir. Bunday xayrli ishlar Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) sunnatlariga muvofiqdir. U zot kishilarga keksalarning fazilatlarini bildirib, ularning haqlariga rioya etishni shart qilganlar.
عَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَا أَكْرَمَ شَابٌّ شَيْخًا لِسِنِّهِ إِلَّا قَيَّضَ اللهُ (أَيْ قَدَّرَ) لَهُ مَنْ يُكْرِمُهُ عِنْدَ سِنِّهِ (رواه الترمذي).
Imom Termiziy Anasdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) keksalarni ulug‘lash haqida bunday deganlar: “Yosh yigit keksa kishini yoshi ulug‘ligi uchun hurmat qilsa, Alloh taolo uni ham keksayganida hurmat qilinadigan insonlar qatoriga qo‘yadi”.
Bir yigit bobosiga derdi: “Bobojon, men ham sizning yoshingizga yetsam deyman...” “Iloyo, niyatingga yet, bolam, uzoq yashay desang, keksalarni hurmat qil...” dedi bobosi.
Islom dini doimo katta yoshli kishilarni hurmat qilishga chorlab kelgan.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ عَمْرِو بْنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمْ قَالَ: لَيْسَ مِنَّا مَنْ لَمْ يَرْحَمْ صَغِيرَنَا وَلَمْ يَعْرِفْ حَقَّ كَبِيرَنَا
Abu Dovud va Imom Termiziy Amr ibn Shuayb otasidan, u esa bobosidan (roziyallohu anhum) rivoyat qilgan hadisi sharifda: “Kichiklarga rahm-shafqatda, kattalarga hurmat-izzatda bo‘lmagan kishi bizdan emasdir”, deyilgan.
رَوَى أَبُو دَاوُدَ عَنْ أَبِي مُوسَى رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ : إنَّ مِنْ إجْلَالِ اللهِ تَعَالَى إِكْرَامُ ذِي الشَّيْبَةِ الْمُسْلِمِ وَحَامِلِ الْقُرْآنِ غَيْرِ الْغَالِي فِيهِ وَالْجَافِي عَنْهُ (أَي التَّاركُ لَهُ) وَ إِكْرَامُ ذِي السُّلْطاَنِ الْمُقْسِطِ (الْعَادِلُ)
Abu Dovud Abu Musodan (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon mo‘ysafid, Qur’onni yod olib, unda haddidan oshmagan va uni tark qilmagan qori hamda odil podshohni hurmat qilish Alloh taoloni ulug‘lash kabidir”, dedilar.
Ushbu hadisi muborakda bayon qilingan sifatlar xalqimiz ongiga singib ketgan, milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismiga aylangan. Lekin hozirgi kunda ayrim ota-onalar va murabbiylar bolalarda mazkur sifatlar shakllanishiga alohida e’tibor qaratmayaptilar. Oqibatda, ba’zi yoshlarda keksalarni hurmat qilmaslik holatlari uchramoqda. Afsus, ba’zi g‘o‘r yoshlar nazarida qariyalar dardisardek, ortiqchadek tuyuladi. Biror davraga kirgan otaxonni yoki avtobusga chiqqan qariyani ko‘rgan nodon yoshlar “uff” tortishadi. “Qariganida uyida jimgina o‘tirsa bo‘lmasmikan-a?” deya xato o‘ylashadi.
Hayotning achchiq va shirin tomonlari bor. Qariyalar e’tibor, mehr-muruvvat va shafqatga muhtoj bo‘lishadi. Bunday insonlarga e’tiborli bo‘lmoq lozim. Chunki ularning umri mehnat bilan o‘tgan, endi keksalik bois ishga yaramay, xastalanib, kuch-quvvatdan qolganlar. Jamiyat va ona Vatan ravnaqi uchun hissa qo‘shgan, oilani oyoqqa turg‘azgan, o‘g‘il-qizlar o‘stirib, yedirib-ichirgan, oilam, bolam-chaqam deb, yelib-yugurganlar ham shular.
Keksalikning kasallik, ko‘z xiralanishi, oyoq-bel og‘rishi, kuchdan qolish, avvalgi kuch-quvvatning susayishi, qadamning mayda bo‘lib qolishi kabi muayyan mushkulotlari va murakkabliklari bor. Lekin qarilik pallasida kishilar hayotga o‘zgacha nigoh bilan boqadi. So‘zlar salmoqli, nigohlar vazminlik kasb etadi. Hayotda ko‘p tajriba orttirgan kishilar yuvosh va muloyim bo‘lib qoladilar. Keksa odam zaiflashib, o‘zi va o‘zgalarga muloyimlik istaydi. Ularga nisbatan asosan uch holatda muloyimlik zarur: shirin muomalada, tansiq taom tayyorlashda va yumshoq o‘rin to‘shashda.
رَوَى مُسْلِمٌ عَنْ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: أَرَانِي فِي الْمَنَامِ أَتَسَوَّكُ بِسِوَاكٍ فَجَاءَنِي رَجُلاَنِ أَحَدُهُمَا أَكْبَرُ مِنَ الآخَرِ: فَنَاوَلْتُ السِّوَاكَ الْأَصْغَرَ (مِنْهُمَا) فَقِيلَ لِي: كَبِّرْ فَدَفَعْتُهُ إِلَى الْأَكْبَرِ مِنْهُمَا
Imom Muslim Ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tushimda misvok ishlatayotgan edim. Ikki kishi keldi, birining yoshi katta edi. Men misvokni kichigiga uzatdim, shunda menga: “Kattaga ber”, deyildi. Men yoshi kattasiga berdim”, dedilar.
Yuqoridagi hadisi sharifdan yoshi ulug‘larni hurmatlash kerakligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Yoshi ulug‘larning hurmatini joyiga qo‘yish deyilganida, har ishda ulardan maslahat so‘rash, yig‘inlarda yuqoriroq joyga o‘tqazish, taomga ulardan keyin qo‘l uzatish kabilar tushuniladi. Ushbu fazilatlar Rasuli akramning (sollallohu alayhi va sallam) “Insonlarni o‘z o‘rniga o‘tqizinglar”, degan hadislariga muvofiqdir.
Maymun ibn Abu Shabib (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Oyshaning (roziyallohu anho) yonlaridan bir tilamchi o‘tdi. Shunda hazrat Oysha unga bir bo‘lak non berdilar. Bir ozdan so‘ng chiroyli kiyingan bir kishi o‘tib qoldi. Oysha onamiz uni o‘tqizib, non yedirdilar. Shunda Oyshadan (roziyallohu anho) “Nega bunday qildingiz?” deb so‘rashdi. Hazrat Oysha Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Insonlarni o‘z o‘rniga o‘tqizinglar”, deganlar” deb javob berdilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisni Shihob ibn Ubbod elchilardan eshitgan quyidagi voqea ham quvvatlaydi: “Biz Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kelganimizda, juda xursand bo‘ldilar. Bizga keng joy qildilar va u yerga o‘tirdik. Ul zot bizga qarab: “Sizlarning boshliqlaringiz va ulug‘laringiz kim?” dedilar. Biz Munzir bin Oizga ishora qildik. Munzir yaqin kelganida kishilar unga joy berdi. Munzir Payg‘ambarimizning (sollallohu alayhi va sallam) oldilariga keldi. Ul zot uni o‘ng tomonlariga o‘tqizdilar va unga hurmat ko‘rsatdilar”.
Ushbu o‘rinda jamoa ulug‘larini hurmatlash va alohida ehtirom ko‘rsatish lozimligi bayon qilinmoqda. Xalqimizda “Ming qo‘shchiga bir boshchi” degan hikmatli naql bor. Azal-azaldan ajdodlarimiz ham oralaridan har tomonlama bilimdon, oqil, fahmu farosati teran va odil kishini o‘zlariga boshliq etib, unga bo‘ysunganlar. Ajdodlarimiz ushbu fazilatlarni farzandlariga ham singdirishgan. Aziz ustoz va murabbiylar ham o‘g‘il-qizlarga ta’lim-tarbiya berishda ushbu sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratsalar, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
KЕYINGI MAVZULAR:
Yoshi ulug‘lardan keyin;
Hurmat ko‘rsatish;
Kutib olish;
Hayoli bo‘lish;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati