Inson bu dunyoga nega kelganligini, o‘zining kimligini bilishi darkor. Bilganidan so‘ng shunga ko‘ra harakat qilishi kerak. Dunyoda nima uchun yashayotganini anglagan va shu ma’rifati asosida hayot kechirayotgan kishi oqildir.
Ma’lumki, Alloh taolo bizni O‘ziga ibodat qilishimiz uchun yaratgan. Xo‘sh, ibodat nima? Ibodat — Alloh taologa bo‘ysunib, U Zotning roziligini ko‘zlab qilinadigan amallardir.
Har bir ishimizni shariatga mos qilib, Alloh taoloning amriga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq olib borsak, har bir ishimiz ibodatga aylanadi, savob o‘rniga o‘tadi.
Buning uchun ikki asosiy shartga amal qilmoq zarur:
Har bir ish Qur’on yoki sunnatga muvofiq bo‘lmog‘i lozim.
Har bir ishni qilish yoki tark etishda Alloh taoloning roziligini istash kerak. Shunda har bir ishimiz ibodatga aylanadi. Demak, niyatni yaxshilash lozim.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Albatta, har bir ish niyatga bog‘liq, har bir kishi nimani niyat qilsa, o‘shanga yetadi...» deganlarini eshitdim». Ikki Shayx rivoyat qilishgan.
Agar niyat yaxshi bo‘lsayu ammo amal shariatda man etilgan ish bo‘lsa, buni qilish mumkin emas.
Misol uchun bir kishi masjid qurilishiga pul bermoqchi. Bu niyat yaxshi. Lekin pulni o‘g‘rilik, sudxo‘rlik, poraxo‘rlik kabi harom yo‘l bilan topyapti. Demak, bu pulni masjid qurilishiga berish joiz emas. Agar amal shariatda buyurilgan ish bo‘lsayu biroq niyat yaxshi bo‘lmasa, bu ham to‘g‘rimas.
Masalan namoz o‘qiyotgan kishining niyati Alloh taoloning roziligiga erishish bo‘lmay, qaysidir insonga yoqish uchun bo‘lsa, bu riyo bo‘lib, namozning barcha savobini yo‘qqa chiqaradi.
Savdogar tijorat qilayotganda musulmonlarga manfaat yetkazish, zimmasidagi vojib amal bo‘lmish o‘z oilasining nafaqasini qilishni niyat qilsa, qilayotgan tijoratidan savob oladi.
Kishi sunnatga ergashish, ummatning sonini ko‘paytirish, iffatni saqlash, zinodan uzoq bo‘lish, shahvatlarini halol yo‘l bilan qondirish maqsadida uylansa, shu nikohi uchun ham savob oladi. Hatto juftu haloli bilan yaqinlik qilsa ham savobga erishadi.
Abu Zarr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir guruh kishilar: «Yo Rasululloh, boylar ajru savobni olib qo‘ydilar, chunki bizga o‘xshab namoz o‘qishadi, ro‘za tutishadi va yana ustiga ortiqcha molu dunyolaridan sadaqa qiladilar», – deyishdi. Ul zot:
«Alloh taolo sizlarga ham sadaqa qiladigan narsalarni berib qo‘ymaganmi? Har bir tasbih sadaqa, har bir takbir ham sadaqa, har bir tahlil ham sadaqa, amru ma’ruf ham sadaqa, nahyu munkar ham sadaqa va har biringizning shahvatingizda ham sadaqa bor», – dedilar. Shunda odamlar: «Birontamiz shahvatimizni qondirsak ham ajr oladimi?» – deb so‘radilar. Rasululloh alayhissalom: «Aytinglar-chi, shu ishni haromdan bajarsa, unga gunoh bo‘larmidi? Xuddi shuningdek, haloldan bajarsa, unga ajr bo‘ladi», – dedilar». Muslim rivoyat qilgan.
Uyquga yotayotgan kishi tahajjudga turish, shuning uchun quvvat to‘plashni niyat qilib yotsa, shu uyqusi uchun ajr oladi. Shuningdek, yotayotganda yotish oldidan aytiladigan zikr va duolarni o‘qib, sunnatga muvofiq o‘ng tomoni bilan yotib, o‘ng kaftini o‘ng yuzi ostiga qo‘yib yotsa, buning uchun ham ajrga erishadi.
Shu bois qilayotgan ishlarimizdan savobni qo‘lga kiritishni istasak, amalimiz shariatga muvofiq bo‘lishi bilan birga unda niyatni ham chiroyli qilib olishimiz lozim.
Alloh taolo barchamizni ibodatga muhabbatli, gunohlardan nafratlanuvchi bandalaridan qilsin!
Islom.uz ma’lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning barcha sifatlari ham kamolot sifatlariga daxldor ekaniga shubha bo‘lishi mumkin emas. U kishining buyuk hayotlarini diqqat bilan o‘rgangan ulamolar Oisha onamiz roziyallohu anhoda boshqalarda bo‘lmagan qirqta komilalik sifatlari bor ekanini ta’kidlaydilar. Ana shuning uchun ham bu haqda bir-ikki og‘iz so‘z aytmoqni ravo ko‘rdik.
Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanmiz, bu sifatlar ro‘yxatining boshida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan hadisi shariflar turishini aytib o‘tmog‘imiz lozim. U zot Oisha onamiz roziyallohu anho haqlarida ajoyib madhlarni aytganlar.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha! Mana bu Jabroil, u senga salom aytmoqda», dedilar.
«Va alayhissalomu va rohmatullohi va barokatuhu! Ey Allohning Rasuli, siz men ko‘rmagan narsani ko‘rasiz», dedim».
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa kimga salom aytganlar?
Jabroil alayhissalom bu dunyoda payg‘ambarlardan boshqa birgina insonga – Oisha onamiz roziyallohu anhoga salom aytganlar.
Mana shu ulug‘ maqomning o‘zi bir olamga tatiydi.
Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar. Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi.
Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir», dedilar».
Ikkisini Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.
Ushbu hadisi sharifda aslida ayollarning, xususan, Maryam onamiz, Osiyo onamiz va Oisha onamizning boshqa ayollardan ustun bo‘lgan fazllari haqida so‘z boradi.
«Erkaklardan ko‘pchilik barkamol bo‘ldilar».
Erkaklardan barkamol bo‘lganlar ro‘yxatining avvalida Payg‘ambar alayhissalomlar turadilar. Ulardan boshqa barkamol erkaklar ham bor. Bu haqiqat hammaga ma’lum.
«Ayollardan Maryam Imron qizi va Fir’avnning ayoli Osiyodan boshqasi barkamol bo‘lmadi».
Bu ikki ulug‘ zotning barkamol bo‘lganliklari Qur’oni karimda ularning birgalikda, xos zikr qilinishlaridan ham bilib olinadi.
Alloh taolo «Tahrim» surasida:
«Alloh iymon keltirganlarga Fir’avnning xotinini misol qilib keltirdi. O‘shanda u: «Robbim! Menga O‘z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir’avndan va uning ishidan najot bergin va menga zolim qavmdan najot bergin», deb aytdi», degan (11-oyat).
Fir’avnning xotini o‘sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to‘kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin edi. Qasrlarda, turli ne’matlar ichida farog‘atda yashashiga qaramasdan, u kofir va zolim eriga hamda qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishini so‘radi. Bu hol esa dunyo hoyu havasidan ustun kelishning oliy misolidir.
Mo‘minlarning ikkinchi misoli Maryam binti Imrondir.
«Va farjini pok saqlagan Imron qizi Maryamni (misol keltirdi). Bas, unga O‘z ruhimizdan pufladik va U Robbining so‘zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo‘ldi» (12-oyat).
Imronning qizi Maryam Allohga sof e’tiqodda bo‘lganlar va o‘zlarini ham sof tutganlar. Yahudiylar tuhmat qilganlaridek, nopok bo‘lmaganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali ana shu pok jasadga o‘z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan.
«Oishaning boshqa ayollardan ustunligi sariydning boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshaydir».
Endi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning zavjai mutohharalari – Oisha onamizning fazllari haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam u kishining boshqa ayollardan fazllarini sariyd deb nomlanadigan taomning o‘sha vaqtdagi boshqa taomlardan ustunligiga o‘xshatmoqdalar.
O‘sha paytda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar yashab turgan jamiyatning sharoiti va taomiliga ko‘ra, sariyd boshqa taomlardan afzal taom hisoblanar edi.
Xuddi shunga o‘xshab, Oisha onamiz ham boshqa ayollardan afzal edilar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?!
Ushbu maqomga bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘ldilar.
Termiziy va Buxoriy Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam meni Zotus-Salosil askariga boshliq qildilar. Qaytib kelganda:
«Ey Allohning Rasuli, odamlarning qaysinisi siz uchun eng mahbubdir?» dedim.
«Oisha», dedilar.
«Erkaklardan-chi?» dedim.
«Uning otasi», dedilar.
«So‘ngra kim?» dedim.
«So‘ngra Umar», dedilar va bir necha odamlarni sanadilar. Bas, meni oxirlarida qilib qo‘ymasinlar, deb, sukut saqladim».
Allohning Rasuli uchun odamlarning qaysinisi eng mahbub ekan?
Allohning Rasuli uchun odamlar ichida Oisha onamiz roziyallohu anho eng mahbub ekanlar.
Bu dunyoda kim ushbu maqomga sazovor bo‘libdi?
Ushbu maqomga bu dunyoda Oisha onamiz roziyallohu anho sazovor bo‘libdilar.
Imom Abu Ya’lo «Musnad»larida Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qiladilar:
«Menga hech bir ayolga berilmagan to‘qqiz narsa berilgan:
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga uylanishga amr qilinganlarida Jabroil alayhissalom suratimni olib tushib, u zotga ko‘rsatgan.
– U zot menga bokira holimda uylanganlar. Mendan boshqaga bokira holida uylanmaganlar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlari mening quchog‘imda turgan holda vafot etdilar.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mening uyimda dafn qilindilar.
– Farishtalar mening uyimni o‘rab olgan edilar. U zotga men u kishining ko‘rpalarida turganimda vahiy nozil bo‘lar edi. U zot meni o‘zlaridan uzoqlashtirmas edilar.
– Men u zotning xalifalari va siddiqlarining qiziman.
– Mening oqlovim osmondan nozil bo‘lgan.
– Men pokning huzurida pok yaratilganman.
– Menga mag‘firat va karamli rizq va’da qilingan».
Imom Qurtubiy o‘z tafsirlarida Oisha onamiz roziyallohu anhoning kamolot sifatlari haqida so‘z yuritar ekanlar, jumladan, quyidagilarni aytganlar:
«Ba’zi ahli tahqiqlar ayturlar:
«Yusuf alayhissalom fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini beshikdagi go‘dakning tili bilan oqladi.
Maryam fohishalikda tuhmat qilinganida Alloh u kishini o‘g‘illari Iyso alayhissalomning tili bilan oqladi.
Oisha fahsh ishda tuhmat qilinganida Alloh u kishini Qur’on bilan oqladi. Alloh u kishi uchun go‘dakning oqlashini yoki nabiyning oqlashini ravo ko‘rmadi. Alloh u kishini tuhmatdan O‘z kalomi ila oqladi».
Alloh taolo bu dunyoda kimni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlabdi?
Alloh taolo bu dunyoda faqat Oisha onamiz roziyallohu anhoni tuhmatdan O‘z kalomi ila oqlagan.
"Nubuvvat xonadoni xonimlari" kitobidan.