7 yanvar kuni Saudiya Arabistonining Makka shahrida Butun dunyo Islom uyushmasi Oliy kengashining 44-davra yig‘ilishida Yaqin Sharq mamlakatlaridagi mojarolar, turli mintaqalardagi musulmon ozchilikka qarshi zo‘ravonliklarga barham berish, xususan rohinjalar masalasi muhokama qilindi.
Shuningdek, dunyo davlatlarida tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, buzg‘unchilikning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish va xalqlarning osuda hayotiga rahna soluvchi qora kuchlarning xatti-harakatlariga chek qo‘yishga chaqirildi.
Muhokama qilingan masalalar bo‘yicha Saudiya Arabistoni bosh muftiysi Shayx Abdulaziz Oli Shayx, Butun dunyo Islom uyushmasi bosh kotibi, doktor Muhammad Abulkarim Iyso va boshqa bir qator martabali kishilar tilga olingan mavzular yuzasidan fikr-mulohazalar bildirdilar.
Ushbu anjuman doirasida Saudiya Arabistonining Madina shahrida joylashgan Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi fatvolar ishlab chiqish, shar’iy masalalarga maqbul yechimlar topish va zamonaviy muammolarni o‘z vaqtida hal etish borasidagi xizmatlari uchun yuksak mukofot bilan taqdirlandi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorining o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur Xalqaro Islom fiqhi akademiyasining doimiy a’zosi hisoblanadi.
Oliy kengash yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Temirxon o‘g‘li Samarqandiy hazratlari Butun dunyo Islom uyushmasi Oliy kengashi a’zosi sifatida ishtirok etmoqdalar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati