Bugungi kun davr talabi barcha sohalar kabi diniy soha vakillari oldiga ham bir qator muhim vazifa va talablarni qo‘ymoqda. Yurtimizda so‘ngi yillarda islom dini ravnaqi yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda, milliy-diniy qadriyatlarimizga bo‘lgan e’tibor yanada kuchaytirilib, buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy asarlarini o‘rganishga keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Jumladan, diniy ta’lim tizimi takomillashtirilib, mutlaq yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu tizim nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki, ko‘pgina xorijiy davlatlar uchun ham o‘ziga xos tajriba namunasiga aylandi.Toshkent islom instituti safiga yana ikkita oliy diniy ta’lim muassasasi – Mir Arab oliy madrasasi hamda Hadis ilmi maktabi qo‘shildi, shu bilan oliy diniy ta’lim muassasalari soni 3 taga yetdi.
Bu orqali Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini,islomiy bilimlarning ilmiy-nazariyasoslarinichuqur o‘rgangan, jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ alloma vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini puxta o‘zlashtirgan, diniy sohada ilmiy izlanishlar olib borish ko‘nikmasiga ega mutaxassislarni tayyorlash hamda islom dinining ezgu umuminsoniy g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga yetkazish maqsadlari qo‘yilgan.
Shuningdek, mamlakatimiz fuqarolari muqaddas haj va umra ziyoratlarini ado etishlariuchun shart-sharoitlar yanada yaxshilandi. Jumladan, umra ziyoratiga boruvchilar uchun cheklov (kvota) olib tashlandi, haj ziyoratiga boruvchilar soni esa 5 mingdan 7 ming 200 nafargacha oshirildi.
Yuqoridagi islohotlarga hamohang ravishda joriy yil 6 yanvar kuniO‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning 70 yillik tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, muftiy hazratlarining mamlakatimizda Islom madaniyati va ilm-fanini rivojlantirish, muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyati va ezgu g‘oyalarini, ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning bebaho ilmiy merosini tadqiq etish va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ishlariga qo‘shgan munosib hissasi, jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, millatlararo totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi katta xizmatlari, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat, bag‘rikenglik va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ibratli faoliyatining yuksak e’tirofi ramzi sifatida “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirladilar.
Ushbu davlat mukofoti so‘ngi uch yil davomida islom diniga, diniy soha vakillariga qaratilayotgan ulkan e’tiborning oliy namunasi bo‘ldi desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
J.Akramov
Hadis ilmi maktabi
O‘quv-uslubiy bo‘lim boshlig‘i
Savol: Mo‘miyo halolmi? Uni iste’mol qilsa bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, mo‘miyo halol va uni iste’mol qilish joiz. Mo‘miyo tog‘ jinsidan sizib chiqadigan quyuq modda bo‘lib, tabobatda qadimdan ishlatib kelingan. Shar’iy jihatdan esa, u tog‘ jinsidan sizib chiqadigan tabiiy modda va zararsiz ekanligi e’tiboridan iste’moli halol hisoblanadi. Zero, dinimizda: “Narsalar aslida muboh (halol)dir”, degan qoida bor.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, barcha narsalar inson uchun yaratilgan bo‘lib, ulardan foydalanish halol. Qat’iy dalil sobit bo‘lmagunicha hech bir narsa harom bo‘lmaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh kitobida halol qilgan narsa halol, harom qilgan narsa harom, sukut qilgan narsa afv (etilgan)dir. Allohdan ofiyatni so‘ranglar, chunki Alloh esdan chiqarguvchi emas”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ya’ni Alloh taolo ba’zi narsalar borasida halol yoki harom, degan hukmni bayon qilmagan. Shuning uchun ham ular mubohlik hukmida qolaveradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.