Masjidlar – mo‘min musulmonlar uchun eng muqaddas va qadrli joy hisoblanadi. Faqatgina ibodat maskani sifatida emas, o‘zaro mehr oqibat, hamjihatlik va do‘stlik rishtalarini bog‘lovchi joy sifatida ham e’tiborga molikdir. Shunga ko‘ra masjidlarni bunyod etish va mavjudlarini qayta ta’mirlab go‘zal holatga keltirish savobi ulug‘ amallardan hisoblanadi.
So‘ngi yillarda mamlakatimizda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Mana shulardan biri yurtimizda yangidan ochilgan masjilar sonining ortayotganidir.
Birgina joriy 2019 yilning o‘zida 10 ta yangi jome masjid ochildi, shu bilan masjidlar soni 2066 taga yetdi. Jumladan, Toshkent shahrida ulug‘ allomalar nomidagi “Suzuk ota”, “Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf”, “Fayzulla xo‘ja o‘g‘li Murod hoji”, Surxondaryo viloyatida “Hakim Termiziy”, “Shayx Shamsiddin”, “Imom Nizomiddin Sangardakiy”, Namanganda “Muhammad al-Amin”, Farg‘onada “Chiligijiyda”, Navoiyda “Abu Bakr Siddiq” va Toshkent viloyatida “Abu Hurayra” masjidlari hamda Buxorodagi Qorovulbozor tumanida “Abdulloh ibn Muborak” nomli yangi jome masjid ish boshlagani mo‘min-musulmonlarni bag‘oyat xursand qildi. Qolversa, respublikamiz bo‘ylab 30 ta jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 60 ta masjid kapital ta’mirdan chiqarildi.
Xudo xoxlasa mazkur xayrli ishlar 2020 yilda ham davom etadi. Zero, xalqimiz orasida ma’rifat va ruhiy tarbiya maskani bo‘lmish masjidlarni obod etish ishtiyoqi baland bo‘lgan vatandoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi.
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.