frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on ilmlari: VAHIYNI TUSHUNIB YETMASLIK (davomi)

29.12.2019   6880   22 min.
Qur’on ilmlari: VAHIYNI TUSHUNIB YETMASLIK (davomi)
  1. «Qur’on o‘tganlarning Muhammadga imlo qilingan afsonalaridir», degan da’vo.

Ular yuqoridagi da’voning raddiyasidan keyin tarvuzlari qo‘ltiqlaridan tushgach, Muhammadning muallimini tayin qilishda o‘zlaricha tengi yo‘q «haqiqat»ni ixtiro qilishdi: «Qur’on o‘tganlarning Muhammadga imlo qilingan afsonalaridir», deyishdi.

Alloh taolo ularning mazkur nohaq da’volari haqida Furqon surasida shunday deydi:

وَقَالُوٓاْ أَسَٰطِيرُ ٱلۡأَوَّلِينَ ٱكۡتَتَبَهَا فَهِيَ تُمۡلَىٰ عَلَيۡهِ بُكۡرَةٗ وَأَصِيلٗا٥

«Ular: «Bu avvalgilarning afsonalaridir. Ularni yozdirib olgan. Holbuki, ular unga ertayu kech imlo qi-linur», dedilar» (5-oyat).

Kofirlarning Qur’oni Karim haqida bir unday, bir bunday deyishlarining o‘zi ham ularning da’volari asosli emasligiga dalildir. Ularga asosning keragi ham yo‘q, bir oz o‘zlarining buzuq aqllari va fosid mantiqlariga ilashadigan joyi bo‘lsa bas, o‘shani gap deb gapiraveradilar. Ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamning o‘qish va yozishni bilmasliklarini yaxshi bilishardi. Shuning uchun «Afsonalarni boshqalarga yozdirib olgan», deb da’vo qilishga o‘tishdi. Shu bilan ummiy – savodsiz arablar o‘zlaridan keyin keladigan «madaniyatli» xudosizlarga Muhammadga din haqiqatlarini va tarix falsafasini aytib berib turgan shaxsni tayin qilishda yuradigan yo‘lni chizib berishdi. Ammo avvalgi mushriklar har qancha johil bo‘lsalar ham, hozirgilarga qaraganda bir oz insofli bo‘lgan ekan. Ular har qancha da’volarni qilishgan bo‘lsa ham, bu uydirmalarni hozirgilarga o‘xshab «ilm» deb nomlab, bo‘htonlarining «ilmiy asoslari»ni ishlab chiqishmagan, butun dunyoga buni najotga olib chiquvchi ma’rifat deb majburiy singdirishmagan edi.

Ba’zilari «Muhammadga Qur’onni imlo qilib bergan o‘sha shaxs rohib bo‘lib, ismi Bahirodir. U tavhid dinida bo‘lgan», deyishsa, boshqalari «Ushbu muallim Xadijaning qarindoshlaridan biri Varaqa ibn Navfal edi. U nasroniylarning olimlaridan bo‘lgan», demoqchi bo‘lishadi.

Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga imlo qilib turgan, deb da’vo qilinayotgan ikki kishi to‘g‘risidagi birgina eng ishonchli gap Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Bahiro bilan bir marta ko‘rishganlaridir, xolos.

Ushbu uchrashuv haqidagi eng ishonchli hujjat quyidagilardir.

Abu Muco roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Abu Tolib Shom tomon chiqdi. U bilan quraysh shayxlari ichida Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham bor edilar. Rohib(ning maskani)ga yaqinlashganlarida to‘xtadilar. Yuklarini tushirdilar. Rohib ularning huzuriga chiqdi. Bundan oldin ham uning oldidan o‘tar edilar. Ammo u ularning huzuriga chiqmas, burilib qaramas xam edi. Ular yuklarini tushirayotganlarida rohib kelib, oralarida aylanib yura boshladi. Oxiri kelib, Nabiy alayhissalomning qo‘llaridan tutdi va:

«Bu olamlarning sayyididir! Bu Robbul olamiynning Rasulidir! Uni Alloh olamlarga rahmat qilib yuboradir!» dedi.

Quraysh shayxlari unga qarab:

«Buni sen qayerdan bilasan?» dedilar.

«Sizlar dovondan o‘tib kela boshlaganlaringizda birorta ham daraxtu tosh qolmay, barchasi unga ta’zim qildi. Ular nabiydan boshqaga ta’zim qilmaslar. Men uni kurak suyagi pastidagi olmaga o‘xshash nubuvvati muhridan bilaman», dedi u.

So‘ngra qaytib borib, ularga taom tayyorlab keltirdi. U kelganda Nabiy sollallohu alayhi vasallam tuyalarni o‘tlatgani ketgan edilar.

«Uni chaqirib kelinglar», dedi u. U zot kelayotganlarida ustilarida bir bulut soya solib keldi. U zot qavm oldiga yaqinlashganlarida ular soya joylarni egallab olishgan edi. U zot sollallohu alayxi vasallam o‘tirganlarida daraxtning soyasi ustilariga moyil bo‘ldi.

«Daraxt soyasiga qaranglar! Uning ustiga moyil bo‘ldi!» dedi rohib.

U o‘sha yerda turib, ularga «Uni Rum tarafga olib bormanglar. Agar ular uni ko‘rsalar, sifatidan tanib qolib, o‘ldirishadi», deb yolvorar edi.

Qarasa, Rum tomondan yetti kishi kelmoqda. U ularni kutib oldi va:

«Yo‘l bo‘lsin?» deb so‘radi.

«Anavi nabiy shu oyda bu tomon chiqar emish, deb keldik. Hech bir yo‘l qolmay, hammasiga odam yuborildi. Bizga uning xabari keldi. Bizni sening yo‘lingga yubordilar», deyishdi.

«Ortingizdan sizdan ko‘ra yaxshiroqlar bormi?» deb so‘radi u.

«Yaxshiligimiz uchun bizlarni sening yo‘lingga tanlashdi», deyishdi.

«Aytinglar-chi, Alloh qilishni iroda qilgan ishni birov qaytara oladimi?» dedi.

«Yo‘q», dedilar. Bas, ular u zotga bay’at qildilar va birga turdilar. So‘ngra rohib qurayshliklarga:

«Allohning nomi bilan so‘rayman. Kimingiz uning valiysisiz?» dedi. Ular:

«Abu Tolib», deyishdi. Uning tinmay qilgan yolvorishlaridan keyin Abu Tolib u zotni bir kishi bilan qaytarib yubordi. Rohib (yo‘l uchun) non va yog‘ berdi».

Imom Termiziy rivoyat qilgan.

Bu hodisa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n ikki yoshga to‘lganlarida bo‘lib o‘tdi.

Boshqa bir rivoyatda quyidagilar aytiladi:

«Karvondagilar Busro degan joyga yetganlarida, Bahiro ismli rohibning oldidan o‘tdilar. U Injilni juda yaxshi bilar va nasroniylikdan xabardor edi. Shunda Bahiro Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib qolib, sinchiklab qaradi va so‘zlashib ko‘rdi. So‘ngra Abu Tolibga: «Bu bola kiming bo‘ladi?» dedi. «O‘g‘lim», dedi u. Bahiro unga: «Bu o‘g‘ling emas. Bu bolaning otasi tirik bo‘lishi mumkin emas», dedi. «U ukamning o‘g‘li», dedi. «Otasiga nima bo‘lgan?» dedi Bahiro. «Onasi bunga homiladorligida o‘lgan», dedi. «To‘g‘ri aytding. Uni yurtiga qaytarib olib ket. Buni yahudiylardan ehtiyot qil. Allohga qasamki, ular buni bu yerda ko‘rsalar, albatta yomonlik yetkazadilar. Shubhasiz, bu jiyaningning sha’ni ulug‘ bo‘ladi», dedi Bahiro. Abu Tolib u kishini olib, tezda Makkaga qaytdi».

Ushbu uchrashuvda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Bahiro bilan o‘tirganlari, gaplashganlari, undan biror og‘iz so‘z eshitganlari haqida ma’lumot yo‘q. Buning ustiga, ular qaysi tilda gaplashgan bo‘lishlari mumkin? Gaplashganda ham, Bahiro Qur’oni Karimdek narsani bir kunda o‘rgatib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rganib, yodlab olishlari mumkinmi?! Bu «ilmiy» da’vo alahsirashdan boshqa narsa emas!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’oni Karimni imlo qilgani da’vo qilinayotgan ikkinchi shaxs Varaqa ibn Navfaldir. Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lam bu kishi bilan Hiro g‘orida ko‘rgan narsalarini Xadija onamizga xabar berganlaridan keyin uchrashdilar. Darhaqiqat, Xadija roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Varaqaning oldiga olib bordi. Varaqa keksayib, ko‘zi ko‘rmay qolgan edi. Xadija roziyallohu anho unga: «Ey amakimning o‘g‘li! Birodaringizning o‘g‘lini bir tinglang!» dedi. Varaqa u zotga: «Ey birodarimning o‘g‘li, nima ko‘rmoqdasan?» dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari ko‘rgan narsaning xabarini aytib berdilar. Varaqa u zotga: «Bu Alloh Musoga nozil qilgan «Nomus»dir – ya’ni vahiyning ishonchli vakili», dedi. Ko‘p o‘tmay, Varaqa vafot topdi. Boshqa gap bo‘lgani yo‘q.

Ushbu ikki gumonning botil ekanini isbotlash uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ular bilan yashirin ravishda uchrashmaganlarini eslamog‘imizning o‘zi kifoyadir. Balki ikkisida ham yonlarida rafiqlari bo‘lgan. Bahiro bi­lan uchrashganlarida Abu Tolib, Varaqa bilan uchrashganlarida Xadija onamiz guvoh bo‘lganlar. Qanday qilib Nabiy sollallohu alayhi vasallam ushbu ikki uchrashuvda g‘ayb va tarix ilmlarini shu qadar mukammal o‘rganib olishlari mumkin?!

Kofir-mushriklarning bu uydirmalariga qanday javob berishni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga Alloh taoloning O‘zi Furqon surasida yuqoridagi oyatdan keyingi oyatda o‘rgatadi:

قُلۡ أَنزَلَهُ ٱلَّذِي يَعۡلَمُ ٱلسِّرَّ فِي ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِۚ إِنَّهُۥ كَانَ غَفُورٗا رَّحِيمٗا٦

«Sen: «Uni osmonlaru yerdagi sirni biladigan Zot nozil qildi. Albatta, U o‘ta mag‘firatlidir, o‘ta rahmlidir», degin» (6-oyat).

Qur’onni hamma narsani biluvchi Zot – Alloh nozil qilgan. Hamma narsani biluvchi Zot o‘tgan ummatlarning tarixini ham juda yaxshi biladi. O‘tganlarning afsonalarini birovdan yozdirib olishga hojat yo‘q. Balki bu afsonalar yolg‘on, bid’at va xurofotlarga to‘liqdir. Qur’oni Karimda esa o‘tgan ummatlarning qissalari eng rost va to‘g‘ri ravishda keltiriladi. Kishilarni ulardan o‘rnak olishga chaqiriladi. Vaqt o‘tib, ilm rivojlanishi bilan bu haqiqat yana ham ravshanlashib bormoqda.

Ba’zi sharqshunoslarning «Makka atrofida nasroniy va yahudiylar ko‘p edi, Muhammad Qur’onni o‘shalardan o‘r ganib olgan», degan mubolag‘alariga raddiya qilib, o‘zimizni qiynashning hojati yo‘q. Batahqiq, ular orasidagi insofli izlanuvchilarning o‘zlari ushbu ahmoqona fikrning noto‘g‘ri ekanini ta’kidlaydilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudiylarning ahborlari va nasroniylarning rohiblari bilan uchrashmaganlar. Ular bilan bo‘lgan aloqalarining isboti yo‘q.

«Madaniyatli» shakkoklarning ushbu da’volarning barchasidan ham pastroq bo‘lgan yana bir da’volari bor. Ularning gumonlaricha, go‘yo Makkadagi tijorat karvonlarining yoz mavsumida bir marta va qish mavsumida bir marta tashkil qilinadigan tijorat safarlarida tijorat mollari bilan birga, o‘tgan ummatlarning xabarlari, qadimgi millatlarning qissalari ham Makkaga keltirilar edi. Arab tojirlarining yahudiy olimlar bilan ko‘rishganlari, nasroniy olimlar bilan majlislar qurganlarini bilmaymiz. Ammo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Shomga ikki marta borganlar. Bir marta, yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, go‘daklik chog‘larida amakilari Abu Tolib bilan birga safar qilganlar. Ikkinchi marta Xadija onamizning vakillari o‘laroq, tijorat safariga chiqqanlar. U zot bu vaqtda o‘smir bo‘lib, yonlarida Xadijaning g‘ulomi Maysara yo‘ldosh bo‘lgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu ikki qisqa safarlarida Busro shahridan boshqa shaharga chiqmaganlar. Aqllilarning aqllari qayoqqa ketmoqda?! Haqdan yuz o‘girib, qaysi tomonga burilmoqdalar?!

Ikki ko‘zi ochiq insonga kunday ravshan bo‘lgach, Qur’oni Karim ushbu puch xayollarning ahmoqona ekanini qat’iy va keskin lahja bilan bayon qiladi.

Alloh taolo Yunus surasida marhamat qiladi:

وَمَا كَانَ هَٰذَا ٱلۡقُرۡءَانُ أَن يُفۡتَرَىٰ مِن دُونِ ٱللَّهِ وَلَٰكِن تَصۡدِيقَ ٱلَّذِي بَيۡنَ يَدَيۡهِ وَتَفۡصِيلَ ٱلۡكِتَٰبِ لَا رَيۡبَ فِيهِ مِن رَّبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٣٧

«Ushbu Qur’on Alloxdan boshqaning tomonidan to‘qib chiqarilgan emas. Va lekin u o‘zidan oldingining tasdig‘i va kitobning tafsilotidir. Unda hech shubha yo‘q. U olamlarning Robbidandir» (37-oyat).

Qur’oni Karimning so‘z va ma’no jihatini ham, hukm va hidoyat jihatini ham, tarixiy va voqe’iy jihatini ham, qisqasi, hech bir jihatini paydo qilishga Allohdan boshqa biror zot qodir emas.

  1. Qur’oni Karimni she’r, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shoir deb qilingan da’vo.

Ba’zi arablar Qur’oni Karimning hayotiyligini ko‘rishgach, uni shoirning xayollari, adibning ma’naviy parvozi, degan da’volarni ham qilishdi.

Muhammad alayhissalomni «sehrgar» va «majnun» de­gan tuhmatlar rivoj topmaganidan so‘ng mushriklar u zotni «shoir» deb, Qur’onni esa «she’r» deb ham tuhmat qilib ko‘rishdi. Bu haqda kelasi oyatlarda so‘z ketadi.

أَمۡ يَقُولُونَ شَاعِرٞ نَّتَرَبَّصُ بِهِۦ رَيۡبَ ٱلۡمَنُونِ٣٠ قُلۡ تَرَبَّصُواْ فَإِنِّي مَعَكُم مِّنَ ٱلۡمُتَرَبِّصِينَ٣١

«Balki, «(U) shoir, unga o‘lim yetishini kutamiz», derlar? Aytgin: «Kutinglar, albatta, men ham sizlar bilan birga kutuvchilardanman» (Tur surasi, 30-31-oyatlar).

Muhammad alayhissalomni «shoir» deyish eng kuchsiz tuhmatdir. Ul zot umrlarida hech qachon she’r aytmaganlar, binobarin, Qur’oni Karim she’r emas. Qur’on, shak-shubhasiz, ilohiy kalomdir.

Alloh taolo Qur’oni Karimning sifati xususida Al-Haqqo surasida marhamat qiladi:

وَمَا هُوَ بِقَوۡلِ شَاعِرٖۚ قَلِيلٗا مَّا تُؤۡمِنُونَ٤١

«Va u shoirning so‘zi emas. Naqadar oz ishonasizlar-a!» (41-oyat)

Qur’oni Karim she’r emas, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam shoir emaslar. Ushbu ulkan ma’noni yaxshilab tushunib olish zarur. Alloh taolo Yosin surasida marhamat qiladi:

وَمَا عَلَّمۡنَٰهُ ٱلشِّعۡرَ وَمَا يَنۢبَغِي لَهُۥٓۚ إِنۡ هُوَ إِلَّا ذِكۡرٞ وَقُرۡءَانٞ مُّبِينٞ٦٩

«Unga she’rni o‘rgatganimiz yo‘q. Bu uning uchun to‘g‘ri ham kelmas. U zikr va ochiq-oydin Qur’ondan o‘zga narsa emas» (69-oyat).

Alloh taolo ushbu oyatda mushriklarning da’volariga keskin javob bermoqda.

«Unga she’rni o‘rgatganimiz yo‘q».

«Sizlar she’r bilan Qur’onning farqiga bora olmayapsiz».

She’r insonning o‘z ichki kechinmalarini vaznga solib, bayt qilib aytishidir. Uni xohlagan inson aytishi mumkin. She’r turli bo‘lgan-bo‘lmagan gaplarni ham ko‘taraveradi. Ayniqsa, arablarda bu narsa mashhur. Ular haqiqatni yaxshilab bilib olishlari lozimki, Qur’on Alloh tomonidan tanlab olingan yetuk banda Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiydir. U Allohning kalomidir. Uni hech kim o‘zidan chiqarib ayta olmaydi. Shuning uchun Muhammad sollallohu alayhi vasallamni shoir deyish mumkin emas.

«Bu uning uchun to‘g‘ri ham kelmas».

Shoirlik payg‘ambarlik maqomiga hech mos kelmaydigan amaldir. Shuning uchun ham Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tabiatlarida shoirlik umuman yo‘q edi. Abu Zur’a Roziy qilgan rivoyatda Sha’biy: «Abdulmuttalibdan tarqagan bolalarning hammasi – erkagi ham, ayoli ham she’r aytar edi, faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytmaganlar», degan.

  1. Qur’oni Karimni kohinlik va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kohin deb qilingan da’vo.

Kohin – jinlar bilan aloqasi borligini va g‘oyibdan xa­bar berishni da’vo qiluvchi shaxs. Arabiston yarim orolida kohinlik juda ham avj olgan edi. Kohinlar «Ruhlar, xudolar bilan ham aloqamiz bor», deyishadi va ba’zan tabiblik da’vosini ham qilishadi. Kohinlar o‘zlarini sirli qilib ko‘rsatish maqsadida o‘zgacha ohangda so‘zlashishadi, g‘ayri-tabiiy jumlalar tuzib gapirishadi. Ayniqsa, o‘sha davrda arablar orasida ular katta obro‘ga ega bo‘lishgan. Folbinlik evaziga mo‘maygina haq ham olishgan. Bu haq «hulvanul-kahin» (kohinning mo‘may daromadi) deb nom olgan.

Dushmanlar Muhammad alayhissalomni ham o‘sha kohinlarga o‘xshatdilar. «Buning ham jinlar bilan aloqasi bor, vahiy degani shu», deyishdi.

Alloh taolo bu botil tuhmatni rad etib, Haqqo surasi­da shunday deydi:

وَلَا بِقَوۡلِ كَاهِنٖۚ قَلِيلٗا مَّا تَذَكَّرُونَ٤٢ تَنزِيلٞ مِّن رَّبِّ ٱلۡعَٰلَمِينَ٤٣

«Va u folbinning so‘zi ham emas. Naqadar oz eslaysizlar! U olamlar Robbidan nozil qilingandir» (42-43-oyat).

Tarixda, jumladan, Qur’oni Karim nozil bo‘lib turgan davrda ham kohinlik jamiyat uchun biror manfaat taqdim qila olgan emas. Biror kohin insonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlay olgan, oq-qorani tanita olgan emas. Odatda kohinlarning so‘zlari tushunarsiz g‘uvir-g‘uvirdan iborat bo‘ladi. Har bir harfi ochiq-ravshan, har bir iborasi ayni balog‘at, har bir jumlasi hidoyat bo‘lgan Qur’oni Karimni qanday qilib kohinlik so‘zlari deyish mumkin?! Agar Qur’ondek ulug‘vor kalom kohinlik bilan topiladigan narsa bo‘lganida, dunyoda bunday kitoblar ko‘payib ketgan bo‘lardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdek oqil, dono, xushxulq va samimiy kishini ko‘rib-bilib turib kohin deyish ham, bo‘yin tovlash uchun aytilgan bo‘htondan boshqa narsa emas.

  1. Qur’oni Karimni sehr, Rasululloh sollallodu alayhi vasallamni esa sehrgar deb qilingan da’vo.

Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:

وَلَوۡ نَزَّلۡنَا عَلَيۡكَ كِتَٰبٗا فِي قِرۡطَاسٖ فَلَمَسُوهُ بِأَيۡدِيهِمۡ لَقَالَ ٱلَّذِينَ كَفَرُوٓاْ إِنۡ هَٰذَآ إِلَّا سِحۡرٞ مُّبِينٞ٧

«Agar senga qog‘ozda kitob nozil qilsak, uni qo‘llari bilan ushlab ko‘rishsa ham, kufr keltirganlar: «Bu aniq sehrdan o‘zga narsa emas», derlar» (7-oyat).

«Xotirjam bo‘l, ko‘rmagan narsasiga ishona olmaydigan aqllarga nafaqat ko‘rinadigan, balki qo‘l bilan ushlab, paypaslab sezsa ham bo‘ladigan, moddiy qog‘ozga bitilgan tayyor kitobni ko‘z o‘nglarida osmondan tushirib bersak ham iymon keltirishmaydi. O‘shanda ham bahona istab, iymondan qochish uchun nimadir gapni o‘ylab topishadi. Chunki aslida ularda haqiqatni anglash istagi yo‘q. Ular nima qilib bo‘lsa ham inkor qilishning yo‘lini axtarishaveradi».

Alloh taolo Sod surasida marhamat qiladi:

وَعَجِبُوٓاْ أَن جَآءَهُم مُّنذِرٞ مِّنۡهُمۡۖ وَقَالَ ٱلۡكَٰفِرُونَ هَٰذَا سَٰحِرٞ كَذَّابٌ٤

«Ichlariga o‘zlaridan ogohlantiruvchi kelganidan ajablandilar va kofirlar: «Bu sehrgar va kazzobdir», dedilar» (4-oyat).

Makka mushriklari o‘zlarining ichida yurgan bir odamning ogohlantiruvchi bo‘lib kelganidan ajablanishdi. Ular Muhammad sollallohu alayhi vasallamning Payg‘ambar ekanliklarini inkor qilish bilan cheklanishmadi. Balki u zot sollallohu alayhi vasallamga qarshi turli uydirma, ig‘vo va bo‘htonlar ham tarqatishdi. «Muhammad payg‘ambar emas, o‘zimizga o‘xshagan oddiy bir odam, payg‘ambar bo‘lishi mumkin ham emas. Payg‘ambarlik da’vosida tilovat qilayotgan so‘zlari odamlarga ta’sir qilayotgan bo‘lsa, bu uning sehrgarligidandir. U sehrgardir. Uning «Payg‘ambarman», degan gapi yolg‘ondir, u kazzobdir», deyishdi. Ular kibru havoga berilganliklari oqibatida shunday fikrga borishdi. Chunki ularni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olib kelgan Kalomga iymon keltirishdan uning sehr ekani emas, uni qabul qilish nafsu havolariga to‘g‘ri kelmasligi to‘sar edi. Zotan, ular sehr va sehrgarlardan hazir bo‘ladigan odamlar emasdi.

Gohida Qur’oni Karim dushmanlari jamlanib olib, bu ilohiy Kitob haqida nima tuhmat qilish to‘g‘risida maslahat-mashvarat ham qilganlar. Bu haqda ishonchli rivoyatlar ko‘p. Biz ulardan ikkitasini e’tiboringizga taqdim qilamiz.

«Valid ibn Mug‘iyra Quraysh qabilasining boshliqlaridan va boylaridan bo‘lib, Payg‘ambar alayhissalomga ozor berishda, Qur’oni Karimga qarshi hujum uyushtirishda yetakchilardan bo‘lgan. «Ha mim. Tanzilul-kitabi...» oyati nozil bo‘lganda, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bu oyatni masjidda o‘qiyotganlarida, Valid ibn Mug‘iyra qalbi erib, o‘z qavmi – Banu Maxzum qabilasining oldiga bordi va: «Allohga qasamki, men hozirgina Muhammaddan bir kalom eshitdim, u insonning kalomi emas. U jinning kalomi ham emas. Bu kalomda bir halovat bor, unda bir lazzat bor. Uning usti serhosil, osti serbaraka. Albatta, u oliy bo‘ladi, undan hech narsa oliy bo‘lolmaydi», deb aytdi. So‘ngra uyiga qarab ketdi. Quraysh qabilasi a’zolari: «Allohga qasamki, Valid dindan chiqibdi. Endi Qurayshning hammasi dindan chiqadi», deyishdi. Shunda Abu Jahl o‘rnidan turib: «Uni menga qo‘yib qo‘yinglar, o‘zim eplayman», dedi. Validning oldiga borib, xafa holda o‘tirdi. Valid uni ko‘rib: «Nega xafa ko‘rinasan?» dedi. «Men xafa bo‘lmay, kim xafa bo‘lsin, – dedi Abu Jahl mug‘ombirlik bilan. – Quraysh qabilasi senga yordamga nafaqa yig‘yapti. Ularning fikricha, sen Muhammadning kalomiga tan beribsan va Muhammad hamda Abu Bakrdan ortib qolgan taomlarini so‘ramoqchi bo‘layotgan ekansan». Validning achchig‘i chiqdi va: «Mening molim va farzandim hammanikidan ko‘p ekanini bilmaysanmi? Nima, Muhammad va uning sheriklarining qorni to‘yib qolibdimiki, ulardan ovqat ortib qolsa», dedi. So‘ng o‘rnidan turib, Abu Jahl bi­lan birga qabilasining a’zolari o‘tirgan joyga keldi-da: «Muhammadni jinni deyapsizlar, uning jinnilik qilganini hech ko‘rganmisiz?» dedi. «Xudo haqqi, ko‘rmaganmiz», deyishdi qabila a’zolari. «Uni shoir demoqchisizlar, biror marta she’r aytganini bilasizlarmi o‘zi?» dedi. «Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi. «Uni yolg‘onchi demoqchisiz­lar, biror marta yolg‘on gapirganini bilasizlarmi?» dedi. «Xudo haqqi, bilmaymiz», deyishdi. Quraysh qabilasi a’zolari Valid ibn Mug‘iyraga: «Nima deylik bo‘lmasa?» deyishdi. Valid o‘ylanib qoldi, o‘zicha o‘lchab-bichdi-da: «Qur’on ta’sirchan sehrdan o‘zga narsa emas», dedi».

Ibn Is'hoq quyidagilarni rivoyat qiladi:

«Valid ibn Mug‘iyra Qurayshning yoshi ulug‘laridan edi. Haj mavsumi yaqinlashib qolganida, Valid: «Ey Quraysh jamoasi, mavsum ham kelib qoldi. Yaqin orada huzuringizga arablarning vakillari keladi. Ularning hammasi anavi og‘ayningiz haqida eshitgan. Endi siz u haqida gapni bir qilib oling. Yana gapingiz har xil bo‘lib, bir-biringizni yolg‘onchi qilib yurmang. Gapingiz xilma-xil bo‘lmasin», dedi. To‘planganlar: «Ey Abu Abdushshams, sen o‘zing bizga bir fikrni ayt, biz o‘shani tutamiz», deyishdi. U: «Yo‘q! Allohga qasamki, u kohin emas. Kohinlarni ko‘p ko‘rdik. Uning gapi kohinning g‘ing‘illashiga ham, so‘zlarni tartibga solishiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Majnun, deymiz», deyishdi. U: «Muhammad majnun emas. Jinnilikni ko‘p ko‘rganmiz. Uning nima eka­nini yaxshi bilamiz. Uning gapi jinnining bo‘g‘ilishiga ham, dovdirashiga ham, vasvasasiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Shoir, deymiz», deyishdi. Valid: «U shoir ham emas. Biz she’rning hamma turlarini – rajazini ham, hajazini ham, qariyzini ham, maqbuzini ham, mabsutini ham bilamiz. Bu she’r emas», dedi. Ular: «Jodugar, deymiz», deyishdi. U: «U jodugar ham emas. Jodugarlarni ham, jodularni ham ko‘rganmiz. Uning gapi ularning dam solishi­ga ham, tugun tugishiga ham o‘xshamaydi», dedi. Ular: «Unda nima deymiz, ey Abu Abdushshams?» deb so‘rashdi. Shunda Valid: «Allohga qasamki, u aytayotgan kalomda bir halovat bor. Osti serbaraka, usti serhosil. Siz u haqda nima desangiz ham, botilligi darhol bilinadi. Ammo uning haqida aytish mumkin bo‘lgan eng ishonchli gap «sehrgar», deyishingizdir. U bir sehr gapni keltirdi. O‘sha gap bilan bolani otasidan, akani ukasidan, erni xotinidan, odamni qabilasidan ajratmoqda», dedi. Shu to‘xtamga kelishib, tarqalishdi. Keyin haj mavsumi boshlanganida, yo‘llarga o‘tirib olib, oldilaridan o‘tganlarni u zotdan ehtiyot bo‘lishga chaqirib, ishlarini zikr qilishdi».

Qadimgi mushriklar kabi, hozirgi Qur’oni Karimga qarshilar ham turli «ilmiy» anjumanlar, yig‘inlarga jamlanib, har xil «ilmiy» asarlar yozib, bu ilohiy Kitob haqida turli bo‘htonlar uyushtirishdan charchamadilar. Ammo hamma urinishlari chippakka chiqdi, chiqmoqda va bundan keyin ham chiqaveradi, inshaalloh.

 

Davomi bor...

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

24.08.2026   17993   36 min.
Hadislar vahiy ekaniga Qur’oniy dalillar

Payg‘ambarlik faqat kitob tushishi bilan emas, balki Alloh taolo tanlab olgan bandalariga vahiy nozil qilishi bilan amalga oshishi yetti qat’iy dalil orqali isbotlab berildi. Shuningdek, payg‘ambarlarga keladigan vahiy ikki tur – tilovat qilinadigan (matluv) va tilovat qilinmaydigan (g‘ayri matluv) bo‘lishi ham ko‘rsatib o‘tildi
 

Endi esa Qur’oni karimning bir qator oyatlarini keltiramiz. Ular o‘z matni, mazmuni yo boshqa dalil ko‘magi bilan shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan shariat o‘laroq bayon etilgan, ammo Qur’onda bo‘lmagan hukmlar ham vahiydir. Bu oyatlar vahiyning bir turi – tilovat qilinmaydigani (ilohiy kitobga kirmagani) ham borligiga dalolat bo‘ladi.


Bunday oyatlar juda ko‘p bo‘lib, barchasini birdaniga jamlashga hojat yo‘q. Zero, bir oyatning o‘ziyoq haqiqatni anglash uchun kifoya qiladi. Shunday bo‘lsa-da, muqaddas Kitobimizning uslubiga ergashgan holda, sunnatning vahiy ekanini qat’iy isbotlovchi oyatlardan ko‘proq keltirish lozim topildi. Chunki bu masalaning g‘oyatda muhimligi bois shu ma’nodagi so‘zlar Qur’oni karimda turli uslublar bilan qayta-qayta ta’kidlagan. Mus'hafi sharifni sharhlashda, islom ahkomlarini bayon qilishda ham bu masala eng muhim poydevor hisoblanadi.


1. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Botayotgan yulduz bilan qasamki, birodaringiz (Muhammad alayhissalom) adashgani ham yo‘q, yo‘ldan ozgani ham yo‘q. Va u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir. Unga (bu vahiyni) kuchga to‘lgan bir zot (ya’ni, Jabroil alayhissalom) ta’lim bermishdir» [Najm surasi, 1–5-oyatlar].


Alloh taolo tong otayotganda botadigan yulduzlar bilan qasam ichib, Payg‘ambarning haq yo‘lda ekanini, adashmagani va yo‘ldan ozmaganini ma’lum qildi. Bu yerda «adashgan» – haq va aniq yo‘lni bilmay, ilmsizlik bilan qorong‘ulikda qadam bosgan johil. «Yo‘ldan ozgan» esa haqni bila turib, qasddan va ongli ravishda undan yuz o‘girib, boshqa yo‘lga ketgan kimsadir.


Bu oyat Alloh taoloning O‘z qasami bilan mustahkamlangan buyuk guvohligi bo‘lib, bunday shahodat Rasulining barcha holat va ishlarda to‘g‘ri yo‘lda ekanini tasdiqlaydi. Shuningdek, keltirgan barcha narsalari – Kitob bo‘lsin yo hadis – to‘g‘ri va haq ekaniga dalil bo‘ladi.


So‘ng Alloh taolo bu haqiqatni yanada mustahkamlab, «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» deyapti. Keyin «U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» deb, ta’kidni eng oliy cho‘qqiga chiqaryapti. Oyatdagi cheklov (hasr) uslubi vahiydan tashqari har qanday ehtimolni rad etadi. Ya’ni, u zot alayhissalomning gaplari faqat va faqat nozil qilinayotgan vahiydir. Bu Payg‘ambar alayhissalomning har bir so‘zi Qodir Parvardigordan kelgan vahiy ekaniga eng oliy tasdiqdir. Bu esa, «o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas» degan gap shunchaki majoz emas, balki aynan haqiqat ekanini ko‘rsatadi.


Bu ibora umumiy ma’no tashiydi, ya’ni u zotning og‘izlaridan chiqqan barcha so‘zlarni o‘z ichiga oladi. Zero, arab tili qoidalariga ko‘ra, inkor gap tarkibidagi fe’l inkor qilingan nakra (noma’lumlik) so‘z hukmida bo‘lib, umumiy ma’noni anglatadi. Demak, u zotning shariat va dinni yetkazish bilan bog‘liq har bir gapi shu umumiy ma’noga kiradi. Buni faqat Qur’onga xoslab qo‘yish uchun hech qanday dalil yo‘q. Shunday ekan, oyatning ma’nosi: «U zot aytgan har bir gap – Kitob bo‘lsin yo hadis – faqatgina nozil qilinayotgan vahiydir», deganidir.


Bu oyatning umumiy ma’noga ega ekani va nafaqat Qur’onni, balki hadisni ham o‘z ichiga olishini Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilingan ushbu hadis qo‘llab-quvvatlaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan har bir narsani yodlab qolish niyatida yozib borar edim. Qurayshliklar meni bundan qaytarib: «Rasulullohdan eshitgan hamma narsangni yozyapsanmi? Axir, Rasululloh ham oddiy inson bo‘lsalar, ba’zan g‘azab ustida ham gapiradilar-ku!» dedi. Shundan keyin yozishdan to‘xtadim va buni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga aytdim. U zot barmoqlari bilan og‘izlariga ishora qilib: «Yozaver, jonim qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu yerdan faqat haqiqat chiqadi», deb buyurdilar» [Abu Dovud va Dorimiy rivoyat qilgan].


Ulamolarning fikriga ko‘ra, bevosita vahiy kelmagan paytlarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning o‘z ijtihodlari bilan hukm chiqarishlari joiz bo‘lgan. Bu holat yuqoridagi «u (sizlarga keltirayotgan Qur’onni) o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U (Qur’on) faqat (Alloh tomonidan) vahiy (nozil) qilinayotgan bir vahiydir» degan umumiy qoidaga zid kelmaydi. Chunki Alloh taolo o‘sha vaziyatlarda u zotga ijtihod qilishga izn bergan. Bu ruxsatning o‘zi ham Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga vahiysidir. Demak, Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z ijtihodlarida ham baribir Allohning vahiysiga ergashgan bo‘ladilar. Bunga Alloh taoloning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tili bilan aytgan ushbu so‘zlari dalildir: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan narsalargagina ergashurman» [An’om surasi, 50-oyat].


Shunday ekan, u zotning ijtihodlari va o‘sha ijtihod tayanadigan asoslarning barchasi vahiydir, aslo havoyi xohish emas. Zero, bu ruxsat go‘yo Alloh taoloning O‘z Payg‘ambariga «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsangiz, u Mening hukmimdir», ya’ni «Qalbingizga solingan har bir narsa Mening irodamdir» deganidek gap. Shuning uchun ham bu haqiqiy vahiy hisoblanadi va yuqoridagi umumiy qoidaga to‘liq muvofiq bo‘ladi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ijtihodlarida xato bo‘lishi ehtimoli bor, deb hisoblaydigan ulamolar mazhabiga ko‘ra esa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam biror ijtihodda yanglishgan bo‘lsalar, Alloh taolo uni o‘sha holatda qoldirmagan, balki vahiy yo‘llaridan biri bilan darhol haqiqatni bayon qilib bergan. Demak, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam din sifatida mustahkamlanib, qaror topgan hukmlarda qanday havoyi xohish bilan gapirmaganlari singari hali yakuniy to‘xtamga kelinmagan va ijtihod qilgan masalalarida ham aslo nafslariga tayanib so‘z yuritmaganlar. Balki u zotning aytganlari bevosita vahiy kelmaganda ijtihod qilishga berilgan ilohiy ruxsatga – ya’ni, baribir vahiyga asoslangan bo‘lgan.


Xulosa qilib aytganda, Alloh taoloning O‘z Rasuliga ijtihod qilishga ruxsat berishi go‘yo unga: «Biror hukmni to‘g‘ri deb bilsanging va Men uni shundayligicha qoldirsam, demak, u Mening hukmimdir», deb aytishi kabidir.


2. Qur’oni karimning qator oyatlarida «hikmat» so‘zi «Kitob» so‘zi bilan ketma-ket kelgan. Ularning bir qismida ikki kalima ham Alloh taolo tomonidan o‘rgatilgani bayon qilingan bo‘lsa, boshqa qismida ikkisining ham Haq taolo tomonidan nozil qilingani ochiq-oydin aytilgan.


Alloh subhonahu va taolo bunday marhamat qiladi: «Ey Rabbimiz! Ularga (kelajak ummatlarga) o‘zlaridan (chiqqan), ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, Kitob va hikmat (Qur’on va hadis)ni o‘rgatadigan va ularni (kufr va gunohlardan) poklaydigan bir payg‘ambar yuborgin! Albatta, Sen Aziz (qudratli) va Hakim (hikmat sohibi)dirsan » [Baqara surasi, 129-oyat].


Yana Alloh taolo bunday deydi: «Shuningdek, sizlarga o‘zingizdan bo‘lmish bir payg‘ambar yubordikki, u sizlarga oyatlarimizni o‘qib beradi, sizlarni (shirk va gunohlardan) poklaydi, sizlarga Kitob (Qur’on) va hikmatdan (Hadisdan) ta’lim beradi va bilmaganlaringizni bildiradi » [Baqara surasi, 151-oyat].


Haq taolo aytadi: «Albatta, Alloh mo‘minlarga o‘zlaridan bo‘lgan (ya’ni, odam jinsidan bo‘lgan), ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradigan, (gunohlaridan) poklaydigan hamda ularga Kitob va hikmatni o‘rgatadigan payg‘ambarni yuborish bilan yashilik qildi. Holbuki, ular ilgari ochiq xato-zalolatda edilar» [Oli Imron surasi, 164-oyat].


Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «U (Alloh) omiylarga (ya’ni, ahli kitob bo‘lmagan ilmsiz kishilarga) o‘zlaridan bo‘lgan, ularga (Qur’on) oyatlarini tilovat qiladigan, ularni (shirk va jaholatdan) poklaydigan hamda ularga Kitob – Qur’on va hikmat – hadisni o‘rgatadigan bir payg‘ambarni (ya’ni, Muhammad alayhissalotu vassalomni) yuborgan Zotdir. Shak-shubhasiz, ular (payg‘ambar kelishidan avval) ilgari ochiq zalolatda edilar» [Juma surasi, 2-oyat].


E’tibor bering, ushbu oyatlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning mo‘minlarga Kitob va hikmatni o‘rgatishlari Allohning oyatlarini tilovat qilib berishlariga bog‘lab keltirilmoqda. Ya’ni, Kitob va hikmatni o‘rgatish oyatlarni tilovat qilishdan butunlay boshqa narsadir. Buni ilohiy bayondagi so‘zlarning turlicha kelgani ham ko‘rsatib turibdi. Zero, Alloh taolo dastlabki harakatni «tilovat» deb, keyingisini esa «o‘rgatish» deb atayapti. Ta’lim berish esa shunchaki tilovat qilishdan farq qiladi. Qolaversa, arab tili qoidalariga ko‘ra, so‘zlarni bir-biriga bog‘lab so‘zlash (atf) ular o‘rtasida ma’no jihatidan farq borligini bildiradi. Ayniqsa, keyingi uch oyatda Kitob va hikmat ta’limi bilan tilovat «ularni poklaydigan» mazmunidagi jumla bilan ajratilgani bu ikki tushuncha bir-birini shunchaki sharhlab keluvchi sinonimlar emasligini yana bir bor qat’iy tasdiqlaydi.


Oyatlarni tilovat qilishning ma’nosi hammaga tushunarli. Kitobni o‘rgatish esa Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni bayon qilib berish demakdir. Bunga Alloh taoloning ushbu so‘zlari dalil bo‘ladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilingan (ma’lumotlar)ni bayon (tafsir) qilib berishingiz uchun va tafakkur qilsinlar, deb bu zikrni (Qur’onni) nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat] Alloh taolo O‘z Rasuli Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni sharhlash, undagi qisqa hukmlarni batafsil tushuntirish va mavhum joylariga oydinlik kiritish vazifasini yuklagan. Bu ulug‘ vazifa esa faqatgina hikmatni o‘rgatish orqali amalga oshadi. Hikmat esa – Alloh taolo u zotga vahiy qilgan sunnatdir.


Bu tahlil “hikmat” so‘zi Kitobga bog‘lanib kelgan boshqa oyatlarda ham Qur’ondan farqli o‘laroq alohida bir asos – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ekaniga yorqin dalildir.


Qur’onda “hikmat” deb atalgan ushbu sharafli nabaviy sunnat Alloh taolo tomonidan nozil qilingan vahiy ekanini ochiq-oydin ko‘rsatuvchi oyatlar ham bor. Jumladan, Alloh subhonahu va taolo bunday amr etadi: «Allohning sizlarga bergan ne’matini va sizlarga nasihat sifatida nozil qilgan Kitob va hikmatni (hadislarni) yodingizda tutingiz!» [Baqara surasi, 231-oyat].


Yana bunday marhamat qiladi: «Alloh sizga Kitob va hikmatni nozil qildi va bilmagan narsalaringizni bildirdi. Allohning sizga fazlu marhamati ulug‘ bo‘ldi» [Niso surasi, 113-oyat].


Ushbu oyatlardagi «Kitob va hikmat» degan ilohiy so‘zlar hikmat xuddi Qur’oni karim kabi Alloh taolo tomonidan nozil qilinganini ochiq ko‘rsatadi. Chunki u “Kitob” so‘zi bilan yonma-yon va unga bog‘lanib kelmoqda.


Shunday qilib, dastlabki misollardagi oyatlar orqali hikmatning Kitobdan boshqa narsa ekani isbotlandi. Keyingi misollar bilan bu hikmat ham xuddi Kitob kabi Allohdan nozil bo‘lgan ilohiy vahiy ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Ana shu vahiy nabaviy sunnatdir, vallohu a’lam.


Imom Shofeiy rahmatullohi alayh Kitob bilan hikmat o‘rtasidagi bu farqni qat’iy ta’kidlab, mazkur oyatlar sharhida bunday degan: «Alloh Kitobni zikr qildi – u Qur’ondir. Shuningdek, hikmatni zikr qildi. Men Qur’on ilmini yaxshi biladigan, o‘zim rozi bo‘lgan olimlardan eshitdimki, ular: «Hikmat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlaridir», dedi. Bu gap ayni haqiqatdir».


Imom Shofe’iy ma’qullagan va Qur’on olimlaridan naql qilgan bu qarash barcha salaf solihlar va yetuk mufassirlarning yakdil ittifoqidir.


Ibn Kasir o‘z tafsirida bunday yozadi: Hikmat – sunnat deganidir. Buni Hasan Basriy, Qatoda, Muqotil ibn Hayyon, Abu Molik va boshqalar aytgan. Shuningdek, u «dindagi chuqur tushuncha» deb talqin qilingan. Bu ikki fikr o‘rtasida qarama-qarshilik yo‘q, biri ikkinchisining mazmuniga uyg‘undir».


Bu o‘rinda bir muhim jihatga e’tibor qaratish lozimki, bu oyatlardagi “hikmat” so‘zini «sunnat» deb tafsir qilgan olimlar, tilshunoslik jihatidan hikmat va sunnat so‘zlari mutlaq ma’nodosh (sinonim) demoqchi emas. Chunki lug‘at darsliklarida, jumladan, Xalil ibn Ahmad Farafidiyning «Kitobul ayn» asarida keltirilishicha, «hikmat» so‘zi tilda “ilm” va “adolat” ma’nolarini anglatadi. Mufassirlar oyatning kelish o‘rni va matn siyoqini hisobga olib, uni ilm va adolatning eng oliy darajada namoyon bo‘lishi, ya’ni hadis deb izohlagan. Zero, Alloh taolo hikmatni ham nozil qilingan narsalar qatoriga qo‘yishi va uni Kitob bilan birga qayd etishi uning aynan hadis ekaniga yaqqol dalildir. Chunki Alloh taolo tomonidan Kitobdan tashqari nozil qilingan yagona manba – bu hadisdir.


3-4-5. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizlarga ro‘za kechasida xotinlaringiz bilan qovushish halol qilindi. Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz. Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz. Shuningdek, tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan (tongning tundan) ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz. So‘ng ro‘zani kechgacha (quyosh botguncha) mukammal tutingiz! Masjidlarda e’tikofda bo‘lgan paytlaringizda (kechalari ham) ular (xotinlar) bilan qo‘shilmangiz! Bular (aytilgan hukmlar) Allohning chegaralaridir. Bas, ularga yaqinlashmangiz! Odamlar (man etilgan ishlardan) saqlanishlari uchun Alloh o‘z oyatlarini mana shunday aniq bayon qiladi» [Baqara surasi, 187-oyat].


Ushbu ulug‘ oyatning avvalida ro‘za kechalarida ayol bilan qovushish halol qilingani ta’kidlanmoqda. Biror narsa halol qilindimi, demak, undan oldin harom bo‘lgan. Shuningdek, oyatning davomidagi «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan (ro‘za kechalarida bemalol) qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan (taqdir etgan) narsani (farzandni) umid etaveringiz» degan so‘zlar ham qovushishga izn berilishidan oldin bu amal taqiqlangan bo‘lganini bildiradi. Vaholanki, bu taqiq haqida Qur’onda biror og‘iz so‘z yo‘q. Demak, o‘sha dastlabki taqiq Alloh taoloning tilovat qilinmaydigan vahiysi bo‘lmish nabaviy sunnat bilan sobit bo‘lgan.


Imom Buxoriy Abu Is'hoqdan, u Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: «Ramazon ro‘zasi nozil bo‘lgan ilk davrlarda musulmonlar Ramazon oyi bo‘yi (kechasi ham) ayollariga yaqinlik qilmasdi. Biroq ba’zilar o‘zini tiya olmay, nafsiga xiyonat qilib qo‘ydi. Shunda Alloh taolo «Sizlarning o‘zingizga xiyonat qilayotganingizni Alloh bildi va tavbangizni qabul qilib, sizlarni afv etdi. Endi ular bilan qovushib, sizlar uchun Alloh yozgan narsani umid etaveringiz» degan oyatni nozil qildi».


Oyatdagi «tonggacha, ya’ni oq ipning qora ipdan ajraladigan vaqtigacha yeb-ichaveringiz» degan ko‘rsatma Alloh taolo tomonidan musulmonlarga berilgan yengillik bo‘lib, islomning ilk davridagi hukmni bekor qildi. Ilk davrdagi tartib esa, yuqoridagi holatdek, nabaviy sunnat orqali ma’lum edi. U paytlarda ro‘zador iftor qilgach, faqat xufton namozigacha yoki undan oldin uxlab qolguniga qadar yeb-ichishi mumkin edi. Uxlab qolsa yoki xufton namozini o‘qib qo‘ysa, keyingi kunning oqshomigacha yeb-icha olmasdi. Bu musulmonlarga juda katta mashaqqat tug‘dirgandi. Shunda Alloh taolo tong otguncha yeb-ichishga izn berdi. Ana o‘sha eski qiyin hukm ham Qur’onda mutlaqo zikr qilinmagan, balki faqat hadis bilan sobit bo‘lgandi.


«So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amr visol ro‘zasini, ya’ni og‘iz ochmasdan bir necha kunni bir-biriga ulab ro‘za tutishni taqiqlaydi. Sahih hadislarda musulmonlar visol ro‘zasidan qaytarilgan, faqat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning o‘zlarigagina xos ravishda joiz qilingan edi.


Imom Ahmad Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Visol ro‘zasi tutmang», dedilar. Sahobalar: «Ey Allohning Rasuli, o‘zingiz visol ro‘zasi tutasiz-ku?» deyishdi. U zot: «Men sizlardek emasman. Men tunayotganimda Rabbim meni taomlantiradi va suv beradi», deb javob berdilar.


Visol ro‘zasi tutish u zotning o‘zlarigagina tegishli xususiyatlardan edi. Sahih hadisda aytilganidek, u zotga bu ishda alohida quvvat va ko‘mak berilardi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga visol ro‘zasining joiz bo‘lishi alohida bir shariat hukmi bo‘lib, u ham Qur’onda zikr qilinmagan, balki tilovat qilinmaydigan vahiy orqali qaror topgan. Buni u zotning o‘zlari vahiydan tashqari ish qilmaganlari haqidagi mana bu oyatlar tasdiqlaydi: «Men faqat o‘zimga vahiy qilingan oyatlargagina ergashurman», shuningdek, «Ayting: «Men uchun uni o‘z tomonimdan o‘zgartirish durust emasdir» [Yunus surasi, 15-oyat] hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib aytganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» [Haqqo surasi, 44–46-oyatlar].


Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning visol ro‘zasi tutishlari vahiydan tashqari va unga tayanmagan holda bo‘lganida edi, u zot Allohning «So‘ng ro‘zani kechgacha mukammal tutingiz!» degan amrini o‘zgartirgan va Uning nomidan shariat joriy qilgan bo‘lib qolardilar, bu esa umuman mantiqqa ziddir.


Xullas, Baqara surasining 187-oyati nabaviy sunnatning Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy ekaniga bir yo‘la uch kuchli dalilni o‘z ichiga olgan.


6. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Payg‘ambar juftlaridan biriga (ya’ni, Hafsaga) bir so‘zni pinhona aytganini eslang! Endi qachonki (Hafsa) u (sir) haqida (Oishaga) xabar bergach va Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambar alayhissalomni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach, u (Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning) ba’zisini bildirdi va ba’zisidan yuz o‘girdi (bildirmadi). Bas, qachonki (Payg‘ambar alayhissalom Hafsaga o‘zi voqif bo‘lgan narsaning ba’zisi haqida) xabar bergach, u: «Sizga bu xabarni kim berdi?», degan edi, «Menga Bilguvchi va Xabardor Zot xabar berdi», dedi» [Tahrim surasi, 3-oyat].


«Alloh (Jabroil farishta vositasida Payg‘ambarni Hafsaning qilmishidan) voqif qilgach» so‘zlari shuni ko‘rsatadiki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollaridan biriga yashirincha aytgan va hech kimga aytmaslikni buyurgan sirning ochilib qolganini Alloh taolo Payg‘ambariga bildirgan. Lekin Qur’on orqali amalga oshmagan. Chunki Qur’ondagi mazkur oyat o‘sha voqea sodir bo‘lib o‘tganidan keyin, o‘tgan zamon fe’li shaklida u haqda shunchaki xabar beryapti, xolos. Demak, bu bildirish va ogohlantirish, shubhasiz, tilovat qilinmaydigan vahiy orqali sodir bo‘lgan. Binobarin, ushbu oyat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan tashqari ham vahiy nozil bo‘lganiga yorqin dalildir. Ana shunday vahiy u zotning sunnatlari bo‘ladi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari vahiydan boshqa narsaga tayanishi sira ham mumkin emas. Bunga Alloh taoloning u zot tili bilan aytgan ushbu so‘zi dalildir: «Men faqat Parvardigorimdan kelgan vahiygagana ergashurman». Dalillarning bu jamlanmasidan ravshan bo‘ladiki, Sunnat – Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiydir.


7. Alloh subhonahu va taolo marhamat qiladi: «Otalaringiz uylangan xotinlarni nikohingizga olmang! Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa, (uylangan bo‘lsangiz, Alloh afv etar). Albatta, bu xunuk va jirkanch bo‘lgan yomon qiliqdir. Sizlar uchun onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emishgan opa-singillaringiz, qaynonalaringiz, jinsiy aloqada bo‘lgan xotinlaringizning tarbiyangizda bo‘lgan qizlari(ga uylanish harom qilindi) – agar xotinlaringiz bilan jinsiy aloqada bo‘lmagan bo‘lsangiz (ularni taloq qilgandan keyin avvalgi erlaridan tug‘ilgan qizlariga uylansangiz), sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Yana o‘z pushti kamaringizdan bo‘lgan o‘g‘illaringizning xotinlariga (uylanishingiz) va opa-singilni jamlashlaringiz (ya’ni, birini taloq qilmay turib boshqasiga uylanishingiz harom qilindi). Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa (Alloh afv etar). Albatta, Alloh mag‘firatli va mehribon bo‘lgan Zotdir. Yana erlik ayollar (ham harom qilindi). Magar (urush-janglarda) ega bo‘lgan cho‘rilaringiz haloldir. (Bu hukmlarni) Alloh zimmangizga farz qilib qo‘ydi. Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi. Ular bilan nikoh orqali yaqinlik qilishingiz bilan belgilangan mahrlarini beringiz! Mahr belgilanganidan keyin o‘zlaringiz kelishib olishingizda (ya’ni, ular o‘z ixtiyori bilan haqqi-mahridan kechib yuborishida) sizlar uchun gunoh yo‘qdir. Albatta, Alloh bilim va hikmat egasi bo‘lgan Zotdir» [Niso surasi, 22–24-oyatlar].


Ushbu oyatlarda erkak kishi uchun uylanish harom bo‘lgan ayollar bayon qilingan. Vaholanki, johiliyat davrida ularning ba’zilari, masalan, otaning xotiniga uylanish va ikki opani-singilni barobar nikohga olish kabilar mumkin edi. Shuning uchun ham Alloh taolo bu ikki holat zikrida «Magar ilgari o‘tgan bo‘lsa» deb marhamat qildi va islom shariati bilan bularning barchasini qat’iy harom qildi.


Oxirida «Mana shulardan boshqa ayollarga zino qiluvchi bo‘lmagan holingizda mollaringizni mahr qilib berish bilan uylanishga harakat qilish sizlar uchun halol qilindi», ya’ni yuqorida sanalganlardan tashqari boshqa har qanday ayolga uylanish sizlar uchun joizdir, deyildi.


Biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan mutavotir (shubhasiz) yo‘llar bilan rivoyat qilingan va butun ummat ulamolari bir ovozdan ijmo qilgan haqiqat shuki, ushbu oyatlarda sanalmagan bo‘lsa-da, nikohi harom bo‘lgan boshqa toifa ayollar ham bor. Masalan, bir ayolni o‘z ammasi bilan yoki bir ayolni o‘z xolasi bilan bir vaqtda nikohga olish taqiqlangan. Boshqacha aytganda, nasab-qarindoshlik jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lgan ikki ayolning birini erkak deb farz qilinganda, u ikkinchisiga uylanishi harom bo‘ladigan darajada yaqin bo‘lsa, u holda bu ikki ayolni bir nikohda jamlash mutlaq harom hisoblanadi.


Xo‘sh, ushbu taqiq mana shu oyatlarda yoki Qur’oni karimning boshqa biror joyida bormi?! Yo‘q, faqat nabaviy sunnatda bor. Sunnat esa, boya ta’kidlanganidek, Allohning vahiysidir. Qolaversa, bu hukmlar Alloh taoloning: «Payg‘ambar o‘zi sizlarga ato etgan narsani olinglar, u zot sizlarni qaytargan narsadan qaytinglar» [Hashr surasi, 7-oyat] degan amri doirasiga ham to‘liq kiradi.


8. Haq taolo bunday amr qiladi: "(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» [Qiyomat surasi, 16–19-oyatlar].


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalom vahiy olib kelgan paytda, Qur’on oyatlaridan biror narsa unutilib yoki tushib qolmasin degan xavotirda, u zot bilan barobar tillarini qimirlatib, oyatlarni tezda qaytarishga harakat qilar edilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatlar orqali u zotga Jabroil Qur’on keltirganda shoshmasdan, diqqat bilan tinglashni va tillarini qimirlatmaslikni buyurdi. Buning evaziga Alloh taolo Qur’onni u zotning qalblariga muhrlab qo‘yishni, uni Jabroil o‘qiganidek mukammal ado etishini oson qilib berishni hamda undagi muxtasar (qisqa) hukmlarni batafsil sharhlab, uning ma’nolarini u zotning o‘zlariga yoki u zotning tillari orqali butun insoniyatga oydinlashtirib, bayon qilib berishni O‘z zimmasiga oldi.


Imom Buxoriy Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vahiy tushayotgan paytda juda katta mashaqqat va qiyinchilik sezar, (oyatlarni yodlab qolish uchun) tez-tez ikki lablarini qimirlatar edilar. Shunda Alloh taolo: «(Ey Muhammad! Qur’onni) tezroq (yodlab) olish uchun tilingizni u bilan qimirlatmay-pichirlamay qo‘ya qoling. Zero, uni (sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizda) qiroat qildirish ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilidan) uni o‘qisak, siz ham ergashing!» – ya’ni, uni jim turib, diqqat bilan tinglang, – «So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan oyatlarni nozil qildi. Shundan keyin Jabroil alayhissalom qaytib ketgach, u zot vahiy qilingan oyatlarni xuddi Jabroil o‘qib bergandek o‘qir edilar».


Ibn Kasir o‘z tafsirida yozadi: «Sha’biy, Hasan Basriy, Qatoda, Mujohid, Zahhok va boshqa mufassirlar: «Ushbu oyatlar aynan mana shu voqea sababli nozil bo‘lgan», deb aytgan».


«So‘ngra uni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» so‘zlari Qur’on nozil bo‘lganidan keyin uni tushuntirib, sharhlashni Alloh taolo O‘z zimmasiga olganiga kafolatdir. Bu bayon yo bevosita Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bildirilgan yoki u zotga qilingan ilohiy vahiy orqali u zotning tillari bilan insoniyatga yetkazilgan. Shuni unutmaslik kerakki, bayon (sharh so‘zlari) mubayyandan (sharhlanayotgan narsadan) mutlaqo farq qiladi. Demak, bu o‘rindagi bayon Qur’onning o‘zidan boshqa narsadir. Alloh taolo «Bizning zimmamizdadir» deb, bu bayonning ham O‘z huzuridan bo‘lishini ta’kidladi va «So‘ngra» bog‘lovchisini qo‘llash orqali bu sharh Qur’on nozil bo‘lganidan keyin amalga oshishini bildirdi. Shunday ekan, Alloh taolo zimmasiga olgan ushbu bayon Qur’ondan tashqari alohida bir manba – U Zot Muhammad sollallohu alayhi vasallamga tilovat qilinmaydigan vahiy o‘laroq yuborgan Sunnat ekanidan boshqa ehtimol qolmaydi. Bu esa Alloh taoloning mana so‘zlariga qo‘shimcha dalildir: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


9. Alloh taolo bunday buyuradi: «Ey mo‘minlar, juma kunidagi namozga chorlansa (ya’ni, azon aytilsa), darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar! Agar biladigan bo‘lsangiz, mana shu (ya’ni, Allohning zikriga – juma namozini o‘qishga shoshilish) o‘zlaringiz uchun yaxshiroqdir. Endi qachon namoz ado qilingach, Yerga tarqalib, Allohning fazlu marhamatidan (rizqu ro‘z) istayveringiz. Allohni ko‘p zikr qilingizki, shoyad najot topursizlar. (Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar. Ayting: «Alloh huzuridagi narsa (imon va yaxshi amallar uchun beriladigan ajr-mukofot) o‘yin-kulgidan ham, tijoratdan ham yaxshiroqdir! Alloh rizq berguvchilarning yaxshirog‘idir!» [Juma surasi, 9–11-oyatlar].


Alloh taolo mo‘minlarga juma namoziga azon aytilganda, savdo-sotiqni bas qilib, namozga shoshilishni buyuryapti. Shundan kelib chiqib, barcha ulamolar imomning qarshisida aytiladigan ikkinchi azondan keyin savdo qilish mumkin emasligiga ijmo qilgan. Shuningdek, namoz tugagach, tarqalib, Allohning fazlu karamidan rizq izlashga ruxsat berildi hamda bu jarayonda ham Parvardigorning zikridan g‘ofil bo‘lmaslik, najotga erishish uchun Uni ko‘p eslash amr etildi.


So‘ngra Alloh taolo sahobalarga ushbu oyat nozil bo‘lishidan oldin sodir bo‘lgan bir voqea sababli gina qildi. O‘shanda juma kuni azon aytilganda, namozga shoshilish haqidagi ushbu buyruq hali nozil bo‘lmagan edi va ular juma xutbasi paytida kelgan karvon tufayli tijorat ortidan ketib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni minbarda tik turgan hollarida yolg‘iz qoldirgandi. Zero, u paytlarda juma namozi xutbadan oldin o‘qilar edi. Keyinchalik bu hukm o‘zgartirilib (nasx qilinib), xutba namozdan oldinga surilgan.


Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhumo aytadi: «Bir safar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam juma xutbasini o‘qiyotganlarida, Madinaga tijorat karvoni kelib qoldi. Odamlar chiqib ketdi va u zot bilan bor-yo‘g‘i o‘n ikki kishi qoldi. Shunda Alloh taolo «(Ey Muhammad!) Ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar va sizni (minbarda) tik turgan holingizda tark qilurlar» degan oyatni nozil qildi» [Imom Buxoriy rivoyati].


Demak, oyatdagi «ular biron tijoratni yoki o‘yin-kulgini ko‘rib qolsalar, o‘shanga qarab sochilib-tarqalib keturlar» degan jumla mazkur uch oyat nozil bo‘lishidan oldin, juma namozidan keyingi xutba paytida sahobalar tomonidan sodir bo‘lgan voqeaning xabaridir. Bundan shunday xulosa chiqadiki, juma namozi «juma kunidagi namozga chorlansa, darhol Allohning zikriga boringlar va oldi-sotdini tark qilinglar!» deb boshlanuvchi ushbu oyatlar nozil bo‘lishidan oldin ham shariatda bo‘lgan va unga amal qilingan. Vaholanki, Qur’oni karimda bu oyatdan oldin juma namozining farz qilinganini ko‘rsatuvchi boshqa biror oyat mavjud emas. Shunday ekan, juma namozining ibodat o‘laroq joriy qilinishi faqatgina Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan sobit bo‘lgan.


10. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun va shoyad tafakkur qilsalar, deb bu eslatmani – Qur’onni nozil qildik» [Nahl surasi, 44-oyat].


Alloh taolo O‘z Rasuliga Qur’ondagi umumiy va muxtasar hukmlarni batafsil tushuntirish vakolatini topshiryapti. Ana shu ilohiy vakolatga tayanib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’onda umumiy tarzda kelgan barcha ahkomlarni batafsil bayon qilib berganlar. Bu hukmlar ibodat, muomala, nikoh-oila munosabatlari, jinoyatlar, shuningdek, oilaviy, ijtimoiy va xalqaro aloqalarni qamrab olgan.


Masalan, namozni oladigan bo‘lsak, uning vaqtlarini aniq belgilagan, rakatlar sonini, o‘qilish tartibini, shart bo‘lgan amallar va buzadigan narsalarni ajratib bergan, muqimlik, safar va xavf namozlari o‘rtasidagi farqlarni ko‘rsatgan kim edi? Yoki zakotga e’tibor bering, zakot berilishi farz bo‘lgan barcha mol-mulklarning miqdorini, undan qancha ajratilishini kim belgilab bergan? Tuyaning nisobi beshtadan boshlanishi va undan bitta qo‘y berilishi, qoramolniki o‘ttiztadan boshlanib, undan bir yashar buzoq berilishi, qo‘y-echkiniki qirqtadan boshlanib, bitta qo‘y ajratilishi, kumush borasida har ikki yuz dirhamdan chorak ushr (ikki yarim foiz), oltin bo‘yicha esa har yigirma misqoldan yarim misqol berilishi kabi qoidalarni kim joriy qilgan?


Shuningdek, haj ibodatini biz biladigan bugungi mukammal shaklga kim keltirgan? Hajning ruknlari nimalardan iborat, uni nimalar buzadi, Arafotda turish qachon boshlanib, qachon tugaydi, qaysi holatda qurbonlik vojib bo‘ladi va hajning uch turi (ifrod, qiron, tamattu’) qanday bajariladi – bularni kim tizimlashtirib bergan?


Bunday savollarni ro‘za ibodatiga hamda savdo, havola, ijara, sheriklik, kafillik kabi barcha kundalik muomalalarga ham xuddi shunday tatbiq qilish mumkin.


Xo‘sh, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bularning barchasini o‘z-o‘zlaridan, Allohning vahiysisiz aytdilarmi yo vahiy bilanmi?!


Kimda-kim «bu hukmlarni o‘zlaridan chiqarganlar» deb hisoblasa, u holda Alloh taoloning «Ayting: «Men faqat Rabbimdan vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman» degan amriga hamda u zot haqidagi «Men faqat o‘zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashaman», «U o‘z havoyi xohishi bilan so‘zlamas. U faqat (Alloh tomonidan Payg‘ambarga) nozil qilinayotgan bir vahiydir» degan qat’iy so‘zlariga qarshi chiqqan bo‘ladi. Qolaversa, bunday qarash «Sizga esa odamlarga nozil qilgan narsalarni (ya’ni, shariat ahkomlarini) bayon qilib berishingiz uchun» degan oyat bilan birga kelgan «So‘ngra uni – Qur’onni bayon qilib berish ham albatta Bizning zimmamizdadir» degan ilohiy va’daga hamda «Agar (Payg‘ambar) Bizning nomimizdan (Biz aytmagan) ayrim so‘zlarni to‘qib olganida, albatta, Biz uning o‘ng qo‘lidan ushlagan, so‘ngra albatta uning shohtomirini uzib tashlagan bo‘lur edik» degan qat’iy ogohlantirishga mutlaqo zid keladi.


Shunday ekan, bu borada yagona to‘g‘ri haqiqat qoladi – ushbu batafsil bayon va sharhlarning barchasi faqat va faqat Alloh taolo tomonidan yuborilgan ilohiy vahiy orqali amalga oshirilgandir.

11. Payg‘ambarlarning ko‘pligi va Alloh taolo nozil qilgan kitoblarning ozligi – Alloh taolo o‘zi payg‘ambarligi va elchiligiga tanlab olgan zotlarga tilovat qilinmaydigan vahiy ham tushirganiga qat’iy dalildir.


Shunday qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari Alloh taolodan vahiy ekani qur’oniy dalillar bilan o‘z isbotini topdi.


Keyingi maqolalarda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ergashish vojib bo‘lgan hujjat ekanini bayon etishga azmu qaror qildik, inshoalloh.

 

Nurmuhammad MATKARIMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

 Hadis ilmi maktabi o‘qituvchi,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot

markazi ilmiy xodimi

 

Mazkur maqolaga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 2026 yil 28 iyulda 02/336-sonli xulosa berilgan.  

 

Hadisi sharif