Qadim zamonda podshohlardan biri kech bo‘lganda a’yonlaridan so‘radi: “Davlatimdagi eng baxtli kishini menga ko‘rsata olasizlarmi?”. A’yonlardan biri: “Davlatda sizdan ko‘ra baxtliroq kishi bo‘lmasa kerak”, dedi. Podshoh: “Men o‘z holatimni yaxshi bilaman. Senga shuni aytib qo‘yayki, men eng baxtli kishi emasman”, dedi. Majlisdagi olimlardan biri podshohga: “Meni bir qo‘shnim bor. O‘sha kishi eng baxtli odam bo‘lsa kerak. Unga qo‘shni bo‘lganimga bir necha yillar bo‘ldi. Uning faqatgina shirin so‘zini eshitamiz, ochiq chehrasini, chiroyli muomilasini ko‘ramiz, hol-ahvol so‘rasak Allohga xamd aytib, shukr qilganini va Allohni bergan ne’matlariga rozi bo‘lganini ko‘ramiz”, dedi. Podshoh kechaning o‘zidayoq o‘sha baxtli kishini ko‘rmoqchi ekanini aytib haligi olim bilan qo‘shnisining uyi tomon yo‘l olishdi. Yetib kelgach biroz eshigi oldida to‘xtab qolishdi. Chunki ichkaridan yig‘i ovozi eshitilardi. Podshoh olimga qarab: “Baxt bilan yig‘ini qanday jamlaysiz, baxtli kishi yig‘laydimi?”, dedi. Olim shunday javob berdi: “Baxt-saodat bilan yig‘i bir-biriga zid narsa emas. Ko‘pincha ko‘z yosh to‘kish kulib turishdan lazzatliroq bo‘ladi”. Podshoh ichkariga kirishga izn so‘radi. Uy egasi bo‘lgan bir qariya eshikni ochdi. Soqollariga tomib tushgan ko‘z yoshlarini artib, podshohga va qo‘shnisi olim kishiga salom berib, ichkariga taklif qilib, tezda devorga qadalgan sholchani mehmonlarning tagiga to‘shadi. Qariyaning bolalari shovqindan uyg‘onib, o‘rnilaridan turib, o‘zlari yotgan ko‘rpachalarni esa mehmonlarning tagiga soldilar. Qisqa vaqtda mehmonlarga yegulik tayyorlab, oldilariga dasturxon yozib, qo‘yishdi. Ikki mehmon taom yeb bir oz suv ichib olganlaridan so‘ng, podshoh qariyadan so‘radi: “Eshigingiz tagida bir oz to‘xtab turgan edik, uy ichkarisidan yig‘i ovozini eshitdik, nima bo‘ldi tinchlikmi?”, dedi. Qariya: “O‘sha paytda ko‘zim uxlab yotgan bolalarimga tushdi, qarasam hammalari tinch-omon uxlashyapti, hojatlarim bajarilgan, Allohni oldidagi o‘zimni beparvoligimni, Allohni marhamati oldida o‘zimni uning ne’matlariga to‘la to‘kis shukr qila olmayotganimni ko‘rib, undan hijolat bo‘lib yig‘layotgan edim”, dedi. Qariyaning so‘zini eshitgan podshoh ham yig‘lab yubordi. Podshoh qariyaga: “Siz haqiqatdanam baxtli kishi ekansiz, xolingiz tang ahvolda bo‘la turib, uchma-uch qilib hayot kechiryaapsizlar-u, nolimasdan o‘zingizni koyiyapsiz. Bunday baxtga qanday qilib erishgansiz?”, dedi. Qariya shunday javob berdi: “Ey podshohim, bu uch narsa bilan bo‘ladi: birinchisi – Allohning amriga bo‘ysunish, ikkinchisi - berganiga qanoat qilib yashash va uchinchisi – qazoi-qadarga rozi bo‘lish”. Qattiq ta’sirlangan podshoh cho‘ntagidan pul chiqarib qariyaga tutdi. Qariya esa uni qaytardi, olmadi va “Aslidaku sizdan biror narsa olish men uchun sharafk, lekin ololmayman. Chunki men hamma xojatlarimni robbim Allohdan so‘rayman. Alloh menga so‘raganimni beradi”, dedi.
Qissadan qanday hissa chiqarish har kimning o‘ziga havola...
Izzatulloh YO‘LDOSHЕV,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi.
Savol: Besh vaqt namozda imomga iqtido qilganimizda, Fotiha va zam suralarni o‘qimaymiz. Janoza namozida qanday yo‘l tutamiz? Unda ham quloq qoqqandan keyin jim turamizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Janoza namozida besh vaqt namozdan farqli ravishda, imomga iqtido qilganlar to‘rt takbirni va sano, salavot hamda duolarni o‘qiydi. Ya’ni birinchi takbirdan keyin sanoni, ikkinchi takbirdan keyin salavotni, uchinchi takbirdan keyin janoza duosini o‘qiydi. To‘rt takbir janoza namozining rukni ya’ni farz, boshqa zikrlar esa, sunnat hisoblanadi. Agar iqtido qilganlar takbirni ham, boshqa zikrlarni ham aytmay, jim tursa, janoza o‘qigan hisoblanmaydi. Agar takbirlarni aytsa-yu, boshqa zikrlarni aytmasa, sunnatni tark etgan bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.