Sayt test holatida ishlamoqda!
18 May, 2025   |   20 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:25
Quyosh
05:02
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:41
Xufton
21:11
Bismillah
18 May, 2025, 20 Zulqa`da, 1446

YUKSAK MA’NAVIYATLI VA AXLOQLI YOSHLAR – PORLOQ KЕLAJAK POYDЕVORI

28.12.2019   3411   7 min.
YUKSAK MA’NAVIYATLI VA AXLOQLI YOSHLAR –  PORLOQ KЕLAJAK POYDЕVORI

 

Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir.

Yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda. Zero, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biridir.

Ma’lumki, Prezidentimiz ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surib, yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalari davlat siyosati darajasida e’tiborga olindi.

Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati esa qadimdan ota-bobolarimiz tomonidan shakllanib kelgan asl milliy va diniy qadriyatlarimizni ahamiyati nechog‘lik muhim ekanini ko‘rsatib bermoqda.

Zero, ertangi farovon hayot  jamiyatni mukammal axloq tamoyillari asosida barpo qilish, oilada barkamol farzand tarbiyasi, uning jismonan baquvvat, ruhan tetik, ma’nan yetuk, aqlan va axloqan go‘zal bo‘lib yetishi bilan belgilanadi.

Buyuk muhaddis bobomiz  Imom Buxoriyning”Odob durdonalari” (Al-Adab al-mufrad) kitobida keltirilgan muborak hadisi sharifda “Hech bir ota o‘z farzandiga xulqu-odobdan buyukroq meros bera olmaydi”, deyiladi.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, navqiron avlod vakillarining fikr-mulohazalari, loyihalarni eshitdi, ularning takliflari bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda globallashuv sharoitidagi xavf-xatarlar va mafkuraviy xurujlar haqida so‘z borar ekan, Prezident ma’rifatparvar bobomiz Fitratning “Bu dunyo kurash maydonidir. Sog‘lom tan, o‘tkir aql va yaxshi axloq bu maydon qurolidir”, degan so‘zlarini yodga oldi.

Mamlakatimiz aholisining 31 foizi, yoki 10 million nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Ularning ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi uchun zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni tashkil etish dolzarb masala hisoblanadi. Yoshlar qanchalik ma’naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi. 

Nima uchun davlatimiz rahbari aynan yoshlar masalasiga alohida urg‘u bermoqda? Davlatimiz rahbari nufuzli xalqaro tashkilotlar minbarlaridan turib, jahon hamjamiyatini yosh avlod turli buzg‘unchi g‘oyalar va radikal guruhlarga qo‘shilib ketishining oldini olishga chaqirmoqda. Asosiy e’tiborni ma’rifatga, yoshlarning ma’naviy va axloqiy tarbiyasiga qaratish, lozimligini jonkuyarlik bilan ta’kidlamoqda. Bu bejiz emas, albatta.

«Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi», deydi donishmandlar. Yoshlar tarbiyasi mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Hozirgi kunda dunyo miqyosida beshafqat raqobat, qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olmoqda. Global muammolar – xalqaro terrorizm, ekstremizm, murosasizlik, savodsizlik, jaholat, qashshoqlik, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi”, “ommaviy madaniyat”, odam savdosi, qurol-yarog‘ va narkotik moddalar kontrabandasi, noqonuniy migratsiya kabi xavf-xatarlar kuchayib, odamzod asrlar davomida amal qilib kelgan e’tiqodlar, qadriyatlarga putur yetkazmoqda.

Insoniyatni tashvishga solayotgan mana shunday og‘riqli muammolarni hal etish yuzasidan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqida bergan BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish taklifi jahon afkor ommasida katta qiziqish uyg‘otdi. «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish haqidagi tashabbusi barcha tomonidan qo‘llab-quvvatlanib,  2018 yilning 12 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida qabul qilindi.

Yosh avlodni jismonan va ruhan sog‘lom, Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularni kelajagimizning munosib vorislari etib voyaga yetkazishga ko‘maklashish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Faxr bilan aytish joizki, ko‘plab yoshlarimiz o‘zlarining intellektual salohiyati bilan xalqaro olimpiadalar, sport musobaqalari, qolaversa, barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishib, yurtimiz bayrog‘ini, Vatanimiz sharafini himoya qilib kelayotganligi barchamizni dildan quvontiradi.

Lekin, yutuqlarimiz bilan bir qatorda ayrim yoshlar o‘rtasida zararli odatlarga ruju qo‘yish holatlari uchrab turganligini inkor qilib bo‘lmaydi.

Ana shunday salbiy holatlarning oldini olish, oila, maktab va ta’lim muassasalarida sog‘lom muhitni shakllantirish masalalariga bugun barchamiz jiddiy yondashmog‘imiz lozim.

Milliy va diniy qadriyatlarimizda farzand tarbiyasidagi nozik jihatlarga, ayniqsa, uni mehnatkash, mehr-oqibatli, irodali va mard insonlar bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Lekin afsuski, ular orasida yengil-yelpi hayot kechirishga moyil, e’tiqodi sust, irodasiz bolalar ham uchrab turadi. Bu toifadagi insonlarni g‘arbona hayot tarziga qiziqmaydi, turli shou dasturlar, ajnabiy ruhdagi kechalar ular taqdirini o‘zgartirmaydi, deya olmaymiz. Hozirda kompyuter, internet klublari, televideniye kabi vositalardagi yengil-yelpi, mazmunan sayoz va turli zararli odatlarni targ‘ib etuvchi filmlar, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qiluvchi vositalar ko‘paygani hech birimizga sir emas.

Atrofimizda sodir bo‘layotgan hodisalarga xotirjamlik va loqaydlik bilan emas, balki hushyorlik bilan qarash zarur. Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Barchamizga ayon bo‘lishi kerakki, qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi”.

Jobir ibn Samuradan rivoyat qilingan hadisda : “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Biringizning bolasiga odob bermog‘i, har kuni yarim so’ (400 gram) miqdorida sadaqa qilib turgandan afzaldir”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Bundan ravshan bo‘ladiki, farzandga go‘zal xulq va ta’lim-tarbiya berish mol-dunyo sarflab, sadaqa qilishdan ham savobliroqdir.

Mazkur fikrlardan xulosa chiqargan holda, yoshlar tarbiyasiga barchamiz mas’ullikni his qilib, jamiyatimizga xos bo‘lmagan illatlarga qarshi birgalikda kurashishimiz lozim. Yoshlar – har qanday jamiyatning ertasi. Ularning ongi uchun vayronkor hamda ma’rifatparvar g‘oyalar o‘rtasida kurash davom etaveradi. Ushbu g‘oyaviy kurashda esa o‘zining ezgu amaliy harakatlari bilan yoshlarning ishonchini oqlay olgan tomon g‘olib bo‘ladi. Zero, barkamol avlod va yuksak axloqli vatanparvar yoshlar bugunimiz va ertamizning haqiqiy davomchilaridir.

 

Uyg‘un G‘afurov,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatdan uy

18.05.2025   3942   1 min.
Jannatdan uy

Abu Umoma Bohiliy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Haq bo‘la turib janjalni tark etgan kishiga jannat yonidagi bir uyga kafilman. Hazildan bo‘lsa ham, yolg‘onni tark etgan kishiga jannat o‘rtasidagi bir uyga kafilman. Chiroyli xulqli kishiga jannatning eng yuqorisidagi bir uyga kafilman", dedilar.