Har yili eski milodiy yil tugashidan chamasi bir oy avval boshlanib, yangi milodiy yil kirib bir haftaga qadar insonlarni tinchligini buzadigan, turli ko‘ngilsiz holatlarga sabab bo‘ladigan xalq tilida paqildoq deb ataluvchi pirotexnika vositalarining shovqini eshitila boshlaydi.
Qani edi bolalari qo‘lida o‘ynayotgan “o‘yinchoq” qanchalik xavfli ekanligini ota-onalar bilishsa.
Bu “o‘yinchoq”dan avvalo uni o‘ynayotgan yoshlarning o‘zlari jabr chekyaptilar. Ma’lumotlarga qaraganda, ularning oralarida turli tan jarohatlarni olayotganlar, ba’zi a’zolari kuyib jabr ko‘rayotganlar, ko‘rish va eshitish qobiliyatini yo‘qotganlar, hatto qo‘l-oyog‘idan ajrab qolganlarni ham uchrashi achinarli holatdir.
Yoshlarni bu “o‘yin”laridan turli yoshdagi insonlar, bemorlar, yosh homilador kelinlar ham aziyat chekmoqdalar.
Shifokorlar so‘zlariga ko‘ra, “paqildoq” odamni bexosdan cho‘chitgani bois yurak-qon tomir tizimiga o‘ta salbiy ta’sir ko‘rsatar ekan.
Buni o‘ynayotgan yoshlar pirotexnika vositalarini salbiy oqibatlarini o‘ylab ham ko‘rmaydilar. Balki ular pirotexnika vositalarini portlaganiga, undan chiqadigan shovqinli va dahshatli ovozlarga, do‘st va sinfdoshlarini cho‘chitib qo‘rqitganlariga xursand bo‘ladilar. Axir ular insonlarni cho‘chitish va ularni qo‘rqitib aziyat yetkazishdan dinimiz qaytarganligini qayerdan ham bilishsin.
Alloh taola Qur’oni karimda insonlarni boshqalarga ozor va aziyat berishdan qaytarib, “Mo‘min va mo‘minalarga, ular biror narsa qilmasalar ham, ozor beradiganlar, batahqiq, o‘z ustilariga bo‘hton va ochiq oydin gunohni olibdilar», deb marhamat qiladi. (Ahzob surasi, 58-oyat).
Abu Laylo Ansoriydan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir g‘azotga chiqqanlarida u zotning sahobalaridan biri hazillashib, bir kishining o‘qdonini berkitib qo‘ydi. Egasi uni izlab, topa olmay, xavfga tushdi. Uning ustidan kula boshlashgan edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam chiqib: «Nimaga kulyapsizlar?» dedilar. «Hazillashib, falonchining o‘qdonini berkitib qo‘ygan edik, qo‘rqib ketdi. Shunga kulyapmiz», deyishdi. U zot: «Musulmonni qo‘rqitish musulmonga halol emas», dedilar.
Yana Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam «Musulmon musulmonlar uning tilidan va qo‘lidan salomat bo‘lgan kishidir», deb marhamat qiladilar.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra pirotexnika vositalari ishlatilganda yonish harorati 3000 darajagacha yetishi mumkin bo‘lib, kuchli yong‘in kelib chiqishi xavfini kuchaytiradi.
Bu arzimas ko‘ringan ish sababli insonning boshiga turli xil kulfatlar yog‘ilishi, o‘zining hayoti xatarda qolishi va hatto joni halokatga uchrashi mumkin ekan. Vaholanki, Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni o‘z jonlarini xatarga solishdan qaytarib, “O‘zingizni halokatga tashlamang” deb marhamat qilgan.
Yana pirotexnika vositalarini sotib olishda isrofga yo‘l qo‘yib gunohkor bo‘lish ham bor. Chunki har bir ne’matni noto‘g‘ri tassarruf qilish o‘sha ne’matni zoye bo‘lishidir. Ne’matni zoye qilish esa isrofdir. Isrofgarni esa Alloh yaxshi ko‘rmaydi.
Alloh taolo O‘zini Kalomida aytadi: «Yenglar, ichinglar va isrof qilmanglar. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas». (A’rof surasi 31-oyat).
Ko‘rinib turibdiki, ba’zan o‘ylamasdan qilingan ishlar, e’tiborsizliklar nafaqat insonni o‘ziga, balki o‘zgalarga ham zarar yetkazib, ko‘ngilsizliklar va gunohlarga sabab bo‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zarar berish ham yo‘q, zararlanish ham yo‘q» deganlar.
Imom Termiziy Abu Sirmadan rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Kim zarar yetkazsa, Alloh unga zarar yetkazadi. Kim mashaqqat tug‘dirsa, Alloh uni mashaqqatga qo‘yadi», deganlar.
Pirotexnika vositalari savdosi bilan shug‘illanuvchilar ham insonlarga zarar yetkazib, gunoh ishlarga sherik bo‘layotganliklarini bilib qo‘ysalar hamda bu yo‘l bilan bola-chaqa boqib ularni rohatini ko‘rishni istasalar boshqa tirikchilik qilsalar maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki qiyomat kuni hamma inson hayoti, ilmi, qilgan kasb-hunaridar so‘raladi.
Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi, umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisi, yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisi, mol-dunyoni qay yo‘sinda topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisi, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilganidir» (Bazzor va Tabaroniy rivoyat qilgan).
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1851-moddasiga muvofiq, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksining 2501-moddasida esa bunday qilmishlar sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Inson erkakmi yo ayol, hayoti davomida turli gunoh va jinoyatlar qilmasdan dinimiz ko‘satmalariga amal qilib yashasa hamda insonlarga qo‘lidan kelgan yaxshiliklarni qilsa, farzandlarining xulq va odobi hamda tarbiyalariga e’tiborli bo‘lsa, u inson ikki dunyo saodatiga erishadi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
«Erkakmi, ayolmi, kim mo‘min bo‘lgan holida solih amal qilsa, uni pok, go‘zal hayot kechirtiramiz va albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go‘zali barobarida ajr ila mukofotlarmiz» (Nahl surasi 97-oyat).
“Bo‘ta buva” jome masjidi imom-xatibi
Ziyouddin Mirsodiqov
Umri ilm yo‘lida o‘tgan olimning oldiga bir yosh yigit kelib: “Sizlar to‘g‘ri yo‘lda emassizlar”, dedi.
Olim esa nimtabassum bilan: “Nega unday deyapsan, bolam?” dedi.
Shunda bolakay: “Sizlar Alloh taoloning sifatlarini inkor qilasizlar. Masalan, Alloh Arshning ustidaligini, tunning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushishini va hokazolarni... Holbuki bular oyat va hadislar bilan sobit bo‘lgan” deb aqllilik qildi.
Keksa yoshli olim uning yuziga termuldida xayolidan: “Johil bo‘lishiga qaramasdan nodonligidan bexabar bu avlodni kim tarbiyalayapti? Essiz yoshlik va yoshlar” degan gaplar o‘tdi.
Keyin esa: “Bolam, hammamiz ham Allohni yaxshi ko‘ramiz. Aqida borasida chuqur ilm olmasdan gapirib bo‘lmaydi. Sen yaxshisi ilm o‘rgan, odob o‘rgan” dedi.
Bu gapni eshitgan bolakay: “Javobdan qochib har xil gaplar gapirmang. Dangal javob bering” deb istehzo qildi.
Aslida yuqoridagi gap unga yaxshigina javob bo‘lgandi. Ammo u buni tushunmadi. Shunda olim kishi bolaga qarab: “Mayli, sen aytgancha bo‘laqolsin. Alloh taolo Arshning ustida deyapsan a? Shundaymi?” dedi.
Bola “Ha, bu oyatda kelgan” deb javob berdi. “Xo‘p, yaxshi. Har kecha dunyo osmoniga tushadi, shundaymi?” deb so‘radi olim.
Bolakay yana “Shunday, bu sahih hadisda kelgan” dedi.
Olim kishi: “Har kechaning uchinchi qismida dunyo osmoniga tushsa, Arshning ustiga qachon o‘tiradi?” dedi.
“Nima deganingiz bu?” deb so‘radi hatto savolning ham mazmuniga tushunmagan nodon bola.
Shunda olim: “Qara, bizda kech kirganda qayerdadir tong otadi, qayerdadir peshin bo‘ladi, yana qayerlardadir asr vaqti bo‘ladi va hokazo. Tunning uchinchi qismi ham doimo aylanib turadi. Dunyoning qayeridadir doimo tunning uchinchi qismi bo‘lib tursa, Alloh qachon Arshni ustiga borib joylashadi?” dedi.
Savolni zo‘rg‘a tushungan bolakay “Sizlar to‘g‘ri javobdan qochib faqat falsafa qilasizlar. Bu gapingiz javob bo‘lmaydi. Oyatu hadis”... deyotganda, olim: “Sening bema’ni savolingga javob berish uchun shu saviyaga tushyapman. Agar ilmni to‘g‘ri tartibda, to‘g‘ri ilm ahlidan o‘qiganingda miyangga bunaqa savol kelmasdi aslida” dedi.
Ha azizlar, oyatu hadisni hamma ham o‘zicha tushunib ketavermaydi. Ayniqsa e’tiqodga tegishli bo‘lsa, o‘ta ehtiyot bo‘lish kerak.
Alloh taoloning sifatlari haqida kelgan oyat va hadislarni faqat va faqat olimlar to‘g‘ri tushuna oladi. Bu borada internetdan yoki johillardan o‘rganganlarning hammasi adashgandir. Ahli sunna val jamoa ya’ni Moturidiy va Ash’ariylarning yo‘lidan ayrilmangki, halok bo‘lasiz!
Ulug‘bek domla JIYANOV,
Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchisi.