Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Iyun, 2025   |   5 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:08
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:45
Bismillah
30 Iyun, 2025, 5 Muharram, 1447

Nurul izoh: IMOMATGA ENG LOYIQ KISHI. SAFNING TARTIBI. SUTRA QO‘YISH.

24.12.2019   7917   18 min.
Nurul izoh: IMOMATGA ENG LOYIQ KISHI. SAFNING TARTIBI. SUTRA QO‘YISH.

*** Avrat joylarini yopa olmagan kishining namozi ***

«Avrat» so‘zining lug‘aviy ma’nosi ayb, kamchilik demakdir. Boshqalarga ko‘rsatish yoki ularga qarash jirkanch va uyat bo‘lgani uchun insonning ba’zi joylari avrat deyiladi.

Avrat joylarni belgilashga ko‘ra insonlar uch qismga ajratiladi:

Xoh ozod, xoh qul bo‘lsin, erkaklarning kindigidan tazzasining ostigacha bo‘lgan qismi avratdir. Tizzasining ko‘zi ham avrat hisoblanadi.

Joriyalarning, erkaklarda avrat hisoblangan joylari bilan bir qatorda, qorni va orqasi ham avratdir.

Ozod ayollarning yuzi, qo‘li va oyoqlaridan (to‘piqdan pasti) tashqari butun vujudlari tamomi avratdir. Kiyim ostidan tananing rangi ko‘rinib tursa, avrat berkitilgan hisoblanmaydi. Olimlarning fikriga ko‘ra, avrat joylarning avratligi ularning egasi uchun bo‘lmay, balki boshqalar uchundir. Masalan, namoz davomida boshqalar karashi harom bo‘lgan a’zoga kishining nazari tushsa, namozga hech zarar yetmaydi.

Izoh: Rivoyat kilishlaricha, Oyisha, roziyallohu anho, shunday degan ekanlar: «Shuncha yil birga hayot kechirib, na men u zotning avrat joyini ko‘rdim, na u zot mening avratimni ko‘rdilar». Ajabo, bugungi kunda shunday zarofat sohibi bo‘lgan Payg‘ambarning, sollallohu alayhi va sallam, diniga mansub bo‘lganlardan necha kishi bu xususda ul zotning haqiqiy ummati bo‘lishga loyiq ekan-a?

Ipak, quruq hashak yoki loy bo‘lsin, avrat joylarini berkitadigan bir narsa topa olmagan kishi, o‘sha holatda namozini o‘qiydi va keyinchalik uni takror o‘qimaydi.

Biror shaxsning ruxsati bilan bo‘lsin, avrat joyini berkita oladigan to‘rtdan bir qismi toza bir narsani topgan kishining avratini yopmasdan namoz o‘qishi joiz emas.

Agar u topgan narsaning to‘rtdan bir qismidan kami pok bo‘lsa, xohlasa, avratini yopib, xohlasa avratlari ochiq holda namozini o‘qishi mumkin.

Butunlay iflos kiyim bilan namoz o‘qish yalang‘och holda namoz o‘qishdan afzalroqdir.

Avrat joyining bir qismini yopishga yetadigan narsa topgan kishining undan foydalanishi vojibdir. Hech bo‘lmasa, oldini va orqasini berkitadi. Faqat bir tomonini yopishga yetadigan bo‘lsa, (ruku va sajdada nojo‘ya holat bo‘lgani uchun) orqasini, ba’zi olimlarga ko‘ra esa, (qiblaga qaragani uchun) oldini berkitadi.

*** Yalang‘och kishilarning namozi ***

Yalang‘och kishilar oyoqlarini qibla tarafga uzatib, namozini o‘tirgan holda o‘qishi, ruku va sajdalarni bosh ishorasi bilan ado etishi mustahabdir. Yalang‘och kishi tik turgan holda namoz o‘qiydigan bo‘lsa, ruku va sajdalarni bosh ishorasi bilan yoki to‘liq ado etishi durustdir.

Avrat. Erkakning avrat joyi kindik ostidan tizzasining ostigachadir. Joriyalarning esa, bunga qo‘shimcha qorni va orqasi ham avratdir. Hur ayollarning yuzi, qo‘llari va qadamlaridan tashqari butun vujudi avratdir.

Avrat joylarning ochilishi. Avrat joylardan birining to‘rtdan bir qismi ochilsa, namoz durust bo‘lmaydi. Alohida-alohida avratlardan bir oz-bir oz ochilib, to‘plami eng kichik avrat joyining to‘rtdan biriga teng bo‘lsa ham, namoz durust bo‘lmaydi. Agar kam bo‘lsa, namozga mone’ emas.

 

*** Qiblaga yuzlanish ***

1. Kasalligi tufayli yoki mingan hayvonidan tusha olmasligi yoki biror dushmandan qo‘rqqani uchun qiblaga yuzlana olmaydigan kishining qiblasi kuchi yetgan va u xotirjam bo‘lgan tarafdir.

Namoz o‘qiydigan kishi qibla tomondan shubha qilsa-yu, yonida aytib beradigan kishi yoki mehrob bo‘lmasa, izlanadi va qalbi qaysi tomonga moyil bo‘lsa, o‘sha tomonga qarab namoz o‘qiydi.

Keyinchalik yanglish tomonga yuzlanganini anglasa ham, namozini takror o‘qimaydi. Agar namoz davomida xato qilganini anglasa, to‘g‘ri tomonga yuzlanib, namozni davom ettiradi.

Qiblani surishtirmay namozni boshlagan bo‘lsa, namozni tugatgach, qiblani to‘g‘ri topgani aniq bo‘lsa, namozi durust bo‘ladi.

Qiblani surishtirmay, izlamay namoz boshlab, to‘g‘ri topganini namoz davomida anglasa, namozi buziladi. Shuningdek, qiblani to‘g‘ri topganini aslo bilmaganida ham namozi fosid bo‘ladi.

Qorong‘u joyda bir jamoatdan (har bir kishi o‘zicha, qiblani qidirib, qalbi moyil bo‘lgan tomonga yuzlanib jamoat bilan namoz o‘qisa, ular imomning qaysi tomonga yuzlanganini bilmasalar ham (imomdan oldinga o‘tib ketganlaridan boshqa, barchasining) namozi durustdir.

Izoh: Bu xususda Amr ibn Uqba shunday deydi: «Qorong‘u bir tunda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sollam, bilan birga edik. Hamma qalbi moyil bo‘lgan tomonga yuzlanib, namoz o‘qirdi. Ertasiga bu holatni Alloh Rasuliga eslatdik. Shunda, «Qaysi tomonga yuzlansangiz, Allohni o‘sha tomonda topasiz» mazmunidagi oyati karima nozil bo‘ldi.

Qiblani qidirib, to‘g‘ri tarafga yuzlanish, iflos suv idishlari ichidan tozasini yoki iflos kiyimlar orasidan tozasini qidirishga o‘xshamaydi. Libos va suv idishlarini toza deb tanlab olinganidan so‘ng, iflos ekani ma’lum bo‘lsa, ular bilan o‘qilgan namozlarni takror o‘qish shart bo‘ladi. Ammo qibla bunday emasdir. Qibla islomiyatning dastlabki yillari Baytul Maqdis edi. Keyinchalik Ka’ba qibla bo‘ldi, Baytul Maqdisning hech bir fazilati bo‘lmaganida Alloh taolo musulmonlarning namozda u tomonga yuzlanishlariga ruxsat berarmidi? Demakki, qiblaning asosi ma’lum bir tomonga yuzlanish emas, balki o‘sha tomonlarning Yaratuvchisi va haqiqiy egasi Allohga yuzlanishdir.

 

*** Namozning vojiblari ***

Namozning o‘n sakkizta vojiblari bor:

1. Fotiha surasini o‘qish.

2. Farz namozlarining ikki rakatida, vitr vojib va nafl (sunnat) namozlarning barcha rakatlarida, Fotiha surasidan so‘ng qisqa bir sura yoki uchta qisqa oyat o‘qish. 

3. Farz namozlarning birinchi va ikkinchi rakatlarida qiroat qilish. Farz namozlarning ikki rakatida qiroat kilish farz bo‘lsa, birinchi va ikkinchi rakatda qiroatni qilish vojib.

4. Fotiha surasini zam suradan avval o‘qish.

5. Sajdada peshona bilan birga burunni yerga tekkizish.

6. Har rakatning ikkinchi sajdasini namozning boshqa rukniga o‘tmasdan avval qilish.

7. Namozning ruknlarini itmi’non bilan (o‘rinlatib, shoshmay) ado etish.

8. Uch va to‘rt rakatli namozlarda qa’dai uula —- oldingi qa’dani bajarish.

9. Oldingi qa’dada tashahhud o‘qish.

10. Oxirgi qa’dada tashahhud o‘qish.

11. Dastlabki qa’dada tashahhud o‘qigach, darhol uchinchi rakatga turmoq.

Izoh: Birinchi tashahhuddan so‘ng, uchinchi rakatga turmasdan, namoz ruknlaridan birini bajara oladigan miqdorda kechiksa, farz bo‘lgan turishni kechiktirgani uchun sahv sajdasi qilish zarur. Faqihlar, kishi birinchi tashahhuddan so‘ng, «Allohumma solli ’ala Muhammad...» desa, farzni kechiktirgan hisoblanadi va sahv sajdasi qilishi lozim deganlar.

12. Namoz so‘nggida salom berish.

13. Vitr namozida Kunut duosini o‘kish.

14. Hayit namozida vojib takbirlarni aytish.

15. Barcha namozlarni «Allohu akbar» bilan boshlash.

16. Hayit namozining ikkinchi rakatida ruku takbirlarini aytish.

17. Jamoat bilan o‘qilgan juma, hayit va Ramazonda tarovih, vitr namozlarining har rakatida, bomdod, shom hamda xufton namozlarining dastlabki ikki rakatida jahran (baland ovozda) qiroat qilish.

18. Jamoat bilan o‘qilgan peshin va asr namozlarining barcha rakatida, shom namozining uchinchi hamda xufton namozining uchinchi va to‘rtinchi rakatlarida, kunduzi o‘qilgan xufya nafl (sunnat namozlarning har rakatida xufya, faqat o‘zi eshitadigan darajada qiroat qilmoq. Yolg‘iz namoz o‘qigan kishi imom jahran o‘qiydigan (bomdod, shom va xufton) namozlarida nafl namoz o‘qigan kishidek, xohlasa xufya, xohlasa jahran qiroat qiladi.

Xufton namozining birinchi va ikkinchi rakatlarida zam surani tark qilgan kishi, uchinchi va to‘rtinchi rakatlarda Fotihadan so‘ng jahran zam sura o‘qiydi, ammo faqatgina Fotihani tark etgan bo‘lsa, oxirgi rakatlarda uni takrorlamaydi.

 

*** Namozning sunnatlari ***

Quyidagilar namozning sunnatlaridir:

1. Takbiri taxrima uchun erkaklar va joriyalarning qo‘llarini quloqlarining yumshoq joyigacha va ozod ayollarning qo‘llarini yelkalarigacha ko‘tarishlari.

2. Takbiri tahrima uchun qo‘llarni ko‘garayotganida barmoqlarni o‘z holicha erkin tutish.

3. Imomga iktido qilgan kishining takbiri tahrimani imomdan so‘ng darhol aytishi.

4. Erkaklar uchun takbiri tahrimadan so‘ng qo‘llarini yonlariga tushirmay, o‘ng qo‘lining bosh va kichkina barmoqlarini chap bilakka halqa shaklida o‘tkazish va o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘lining ustiga qo‘yib, kindik ostida tutish.

5. Ayollarning o‘ng qo‘l kaftini chap qo‘l kafti ustiga qo‘yib, ko‘kraklari ustida tutishlari.

6. Dastlabki rakatda sano o‘qish.

7. Dastlabki rakatda sanodan so‘ng Fotihani boshlashdan avval ta’avvuz aytish.

8. Har bir rakatda Fotihadan avval «Bismillah» aytish.

9. Fotihadan so‘ng yashirin «Omin» demoq.

10. Imomga iqtido qilgan va yolg‘iz namoz o‘qigan kishining «Sami’allohu liman hamidah» degach, tahmid — «Robbana lakal hamd» aytishi.

11. Sanoni, ta’avvuzni, Bismillahni, Fotihadan so‘nggi Ominni va tahmidni xufya aytish.

12. Takbiri tahrima aytayotganida boshni egmay tik turish.

13. Imomning takbirlar va «Sami’allohu liman hamidah»ni jahran aytishi.

14. Qiyomda ikki oyoq orasini to‘rt barmoq kengligida tutish. 

15. Muqim kishi uchun bomdod va peshin namozlarida tivoli mufassaldan, asr va xufton namozlarida avsati mufassaldan, shom namozida qisari mafassaldan zam sura o‘qish.

Izoh: Xujurot surasidan Buruj surasigacha tivoli mufassal; Buruj surasidan Bayyina surasigacha avsati mufassal, Bayyina surasidan Qur’oni karimning oxirigacha bo‘lgan suralar qisari mufassal deyiladi.

Musofirlar xohlagan surani o‘qiyveradilar.

16. Bomdod namozining ikkinchi rakatida birinchi rakatdagidan ko‘ra qisqaroq zam sura o‘qish.

17. Ruku qilayottanida takbir (Allohu akbar) aytish.

18. Rukuda uch marta «Subhana robbiyal ’azim» deyish.

19. Rukuda tizzalarini qo‘llari bilan ushlamoq.

20. Erkaklarning rukuda tizzalarini barmoqlar orasini ochiq tutgan holda, ayollarning esa barmoqlar orasini ochmay ushlashlari.

21. Rukuda erkaklarning tizzalarini to‘g‘ri tutishlari (ayollar biroz egib turadilar).

22. Rukuda orqani tekis tutish.

23. Rukuda boshni to‘g‘ri, orqa bilan bir tekisda tutish.

24. Rukudan turish.

25. Rukudan tik bo‘lgach, a’zolar halovat topgunicha biroz turmoq.

26. Sajdaga borishda avval tizzalarni, so‘ngra qo‘llarni, so‘ng esa yuzni yerga qo‘yish.

27. Sajdadan turishda buning aksini qilmoq.

28. Sajdaga borishda takbir aytish.

29. Sajdadan turishda takbir aytish.

30. Ikki qo‘lning orasiga sajda qilmoq.

31. Sajdada uch marta tasbeh (Subhana robbiyal a’la) aytish.

32. Sajdada erkaklarning qornini sonlardan uzoqroq tutishlari.

33. Sajdada erkaklarning tirsaklarni yonlaridan uzoqroq tutishlari.

34. Erkaklarning sajdada bilaklarni yerdan uzoq tutishlari.

35. Ayollarning sajdada qo‘llarini yonlariga, qorinlarini sonlariga tekkizib turishlari. 

36. Sajdadan bosh ko‘tarish.

37. Ikki sajda orasida o‘tirmoq.

38. Ikki sajda orasidagi o‘tirishda qo‘llarni tashahhuddagidek tizzalar ustiga qo‘ymoq.

39. Ikki sajda orasidagi o‘tirishda va tashahhud o‘qishda erkaklarning chap oyoqlarini yoyib, o‘ng oyoqni barmoqlar uchini qiblaga qaratib, tik tutgan holda, chap oyoq ustiga o‘tirishlari.

40. To‘rt rakatli farz namozlarining uchinchi va to‘rtinchi rakatlarida Fotiha surasini o‘qish.

41. Qa’dai oxirda Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, salavot aytish.

42. Salavotdan so‘ng Qur’on va hadis lafzlariga o‘xshash jumlalar bilan duo qilish.

43. Salom berishda boshni avval o‘ng, keyin chap tomonga burish.

44. Imomning har ikki tomonga salom berayotganida jamoatni, himoya qiluvchi farishtalarni va solih jinlarni niyat qilishi.

45. Iqtido qilgan kishining, imom o‘ng tomonda bo‘lsa, o‘ngga bergan, chapda bo‘lsa, chapga bergan, oldida bo‘lsa har ikki tomonga bergan salomida imomni, jamoatdagi birodarlarini, himoya kiluvchi farishtalarni va solih jinlarni niyat qilishi.

46. Yolg‘iz namoz o‘qigan kishining salomlarda faqat farishtalarni niyat qilishi.

47. Imomning ikkinchi salomni birinchisiga nisbatan pastroq ovozda berishi.

48. Jamoat salomini imomning salomiga ergashtirishi.

49. Salomni o‘ngdan boshlamoq.

50. Namozga kech kelgan masbuq kishining imom namozdan chiqishini (ikkinchi salomni ham berishini) kutishi.

 

*** Namozning odoblari ***

Erkaklarning takbiri tahrima aytishda qo‘llarini ko‘ylakning yengidan chiqarishlari.

Qiyomda sajda qiladigan joyga, rukuda oyoq ustiga, sajdada burunga, qa’dalarda qo‘krakka va salom berayotganida yelkaga qaramoq. 

Iloji boricha yo‘talmaslikka harakat qilish.

Esnash kelganida og‘izni ochmaslik.

Muazzin «Hayya ’alas solah» deganida namozga turish.

Muazzin «Qod qomatis solah» deganida imomning namozni boshlashi.

 

*** Namoz o‘qish tartibi ***

Erkaklar namozni boshlamoqchi bo‘lsalar dilda uni o‘qishni niyat qilib qo‘llarini yenglaridan chiqargan holda, quloqlar yumshog‘igacha ko‘tarish bilan birga «Allohu akbar», deb tahrima takbirini aytadi (bunda takbirdagi «a» tovushlari chizilmaydi). So‘ng kechiktirmay, qo‘llarini – o‘ng qo‘lini chap qo‘lining ustida tutgan holda kindigining ostiga qo‘yadi. So‘ngra sano tasbehini o‘qiydi:

Subhanakallohumma va bihamdika va tabarokasmuka va taa’la jadduka va la ilaha g‘oyruk.

Ma’nosi: «Allohim! Sening noming muborakdir. Shon-sharafing ulug‘dir. Sendan o‘zga iloh yo‘qdir».

Sano doimo namoz boshlanayotganida o‘qiladi. So‘ngra qiroat qilish uchun ta’avvuz aytiladi. Namozga kechikib kelgan kishi ham ta’avvuz aytishi lozim. Imom hayit namozlarida ta’avvuzni takbirlardan so‘ng aytadi. Chunki takbirlardan so‘ng qiroat qilinadi. Keyin xufya «Bismillah» aytiladi. «Bismillah» har rakatda Fotiha surasidan avval aytiladi. Fotiha surasi o‘qilgach, imom va muqtadiy ichlarida «Omin» deydilar.

Bundan so‘ng imom yoki yolg‘iz namoz o‘qiyotgan kishi bir sura yoki uch qisqa oyat o‘qiydi. Jamoat imom jahran o‘qiyotganida, Fotiha surasi tamom bo‘lgach, yashirincha omin deydi. So‘ngra (har bir namozxon) takbir aytib, a’zolar halovat topgan holda, ruku qiladi.

Rukuda boshi bilan orqasini bir tekis tutadi, barmoqlari orasini ochgan holda tizzalarini ushlaydi va kamida uch marta — «Subhana robbiyal ’azim», deb tasbeh aytadi.

So‘ngra xoh imom bo‘lsin, xoh yolg‘iz o‘qiyotgan bo‘lsin, «Sami’allohu liman hamidah», deb rukudan boshini ko‘taradi va tik turadi. Muqtadiy esa, faqatgana «Robbana lakal hamd», deydi.

So‘ngra «Allohu akbar» deb sajdaga boradi: avval tizzasini, so‘ngra qo‘llarini va yuzini, peshonasini va burnini ikki qo‘lining orasiga olgan holda yerga qo‘yadi: Bu holda qaror topgach, kamida uch marta «Subhana robbiyal a’la» - deb tasbeh aytadi. Sajdada qo‘l va oyoq barmoqlarini qibla tomonga yo‘naltiradi, tiqilinch bo‘lmagan paytlarda qornini sonlaridan, tirsaklarini yonlaridan uzoqroq tutadi. Ayollar sajda qilayotganida qo‘llarini yonlariga yopishtirib, qorinlarini sonlariga tekkizadilar.

So‘ngra «Allohu akbar» deb, boshini sajdadan ko‘taradi va a’zolar qaror topgunicha o‘tiradi. Ikki sajda orasida barmoqlari uchini tizza bilan teng holda oyoq ustiga qo‘yadilar. Keyin yana «Allohu akbar», deb ikkinchi sajdaga boradilar va huddi avvalgidek, kamida uch marta tasbeh aytadilar. So‘ng yana «Allohu akbar», deb, avval boshini, so‘ng qo‘llarini, keyin esa tizzalarini ko‘taradilar. Turayotib, yerga tayanish yoki o‘tirib olish mumkin emas.

Ikkinchi rakat ham aynan birinchi rakat kabi o‘qiladi. Faqat sano va ta’avvuz aytilmaydi.

 

*** Qo‘lni ko‘tarish sunnat bo‘lgan holatlar ***

Barcha namozlarni boshlashda.

Vitr namozining qunut duosi takbirida.

Hayit namozining ziyoda takbirlarini aytishda.

Hojilar Ka’bani ko‘rganlarida.

Hajarul Asvadni istilom (ishora) qilib, qo‘llarini o‘pishda.

Safo va Marvaga chiqishda.

Arafot va Muzdalifada vuquf qilishda. 

Minoda birinchi va o‘rtanchi aqabalarga tosh otib bo‘lgach.

Barcha namozlardan so‘ng tasbehdan avval duo qilish uchun qo‘llarni ko‘tarish sunnatdir.

Ikkinchi rakatning sajdalaridan so‘ng namoz o‘qiyotgan kishi chap oyog‘ini to‘shab ustiga o‘tiradi va o‘ng oyog‘i barmoqlarini qibla tomonga yo‘nalgan holda tikka qiladi. Qo‘llarni barmoqlarini erkin tutib tizzasining ustiga qo‘yadi. Ayollar sonlarining ustiga o‘tirib, oyoqlarini o‘ng tomonga chiqaradilar. So‘ngra tashahhud o‘qiydilar. Dastlabki qa’dada tashahhudga hech narsa qo‘shilmaydi. Farz namozlarning uchinchi yo to‘rtinchi rakatlarida faqat Fotiha surasini o‘qiydi. So‘ngra ruku, sajda qilib tashahhud o‘qigach, Payg‘ambarimizga, sollallohu alayxi va sallam, salavot aytadi. So‘ngra Kur’on va hadisdan olingan jumlalar bilan duo qiladi. («Robbana atina» va «Allohummag‘firliy»ga o‘xshash). So‘ngra yuqorida aytilgan tartibda o‘zi bilan birga jamoatni va himoya qiluvchi farishtalarni niyat qilgan holda, avval o‘ngga, keyin chapga «Acsalamu ’alaykum va rohmatulloh» deb salom beradi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

 

Imomlikning hukmi;

Imomning durust bo‘lish shartlari;

Imomga iqtido qilishning sahih bo‘lish shartlari;

Imomga iqtido qilish haqida turli masalalar;

Jamoat namoziga bormaslikka uzr sabablar;

Imomatga eng loyiq kishi;

Imomlik qilishi makruh bo‘lgan kishilar;

Safning tartibi;

Imom namozni bitirganidan so‘ng muqtadiy qilishi kerak bo‘lgan amallar;

Namozni buzadigan narsalar;

Namozni buzmaydigan narsalar;

Namozning makruhlari;

Sutra qo‘yish;

Namoz o‘qiyotgan kishining oldidan o‘tuvchilar haqida;

Namoz o‘qiyotgan kishiga makruh bo‘lmagan narsalar;

Namozni buzish lozim bo‘lgan va bo‘lmagan hollar;

Takrorlash uchun savollar;

Kutubxona
Boshqa maqolalar

Kataraktaning davosi

21.05.2025   7137   7 min.
Kataraktaning davosi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


(Qur’oniy dori)

Savol: Ko‘zga oq tushganda jarrohlik yoki dori tomizishdan boshqa muolajalar ham bormi?

Javob: Ilmiy qo‘llanma va ilmiy nazariyalarda umumiy urinishlar bor. Ular ko‘proq proteinni almashtirishga, xususan, oq tushgan ko‘zni avvalgi holatiga qaytarishga qaratilgan. Gohida kimyoviy yo‘l bilan imkon topiladi. Bu o‘zgartirish juz’iy xolos, mukammal bo‘lmaydi. Ammo kimyoviy yo‘lni ko‘z gavharidagi proteinga qo‘llash mumkin emas.


Savol: Mana shunday nuqsonli yechimlargina mavjud bo‘lgan kasallikka qanday qilib siz Qur’oni karim orqali davo topdingiz?

Javob: Yuqorida aytib o‘tganimdek, ko‘z gavharining tashqi yuzasi parda bilan qoplangan bo‘lib, unda protein bor. O‘sha proteinning tarkibi o‘zgarsa, gavharning holati ham o‘zgarib, oqibatda xiralik kelib chiqadi. Shuning uchun biz o‘sha proteindagi fiziologik o‘zgarishni tiklashning tabiiy uslubini qidirdik. Bunda bizga Yusuf surasidagi quyidagi oyatlar yordam berdi:

«U bulardan yuz o‘girib, «Esizgina Yusuf!» dedi va qayg‘udan ko‘zlariga oq tushdi. U dardini ichiga yutdi (ojiz bo‘lib qoldi)» (84-oyat). Yusuf alayhissalom Robbimizdan kelgan vahiy sababli akalaridan otalari huzuriga ko‘ylagini olib borishni talab qildilar:

«Mana bu ko‘ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko‘zi ochilur. So‘ng barchangiz ahlingiz ila huzurimga kelinglar. Karvon (Misrdan) yo‘lga chiqqan vaqtda otalari (Ya’qub alayhissalom o‘z uylarida turib, huziridagi kishilarga): «Meni aqldan ozgan demanglar u, lekin men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi. Ular: «Allohga qasamki, albatta, sen eski adashuvingdasan», dedilar. Xushxabarchi kelib, (ko‘ylakni) uning yuziga tashlagan edi, u yana ko‘radigan bo‘ldi. U: «Men sizlarga: «Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman», demaganmidim?» dedi» (Yusuf surasi, 93–96-oyatlar).

Yusuf alayhissalomning ko‘ylaklarida qanday shifo bo‘lishi mumkin edi? Bu haqda o‘ylab-o‘ylab, terdan boshqa narsani topmadik. Shundan so‘ng inson tanasidan ajraladigan terning tarkibiy elementlarini o‘rgandik. An’anaviy jarrohlik yo‘li bilan ko‘zdan chiqarib olingan, xiralashgan gavharni olib, terga botirib ko‘rganimizda uning biroz shaffoflashganini ko‘rdik. So‘ngra savol tug‘ildi: bu holatda terdagi barcha moddalarning shunday ta’siri bormi yoki undagi qaysidir bir moddaningmi? Javob shuki, bu uning tarkibidagi bir moddaning – karbamidning («mochevina») ta’siri ekan. Bu moddani kimyoviy usul bilan ham tayyorlab, laboratoriya sharoitida ko‘zi xiralashgan yoki ko‘ziga oq tushgan hayvonlarda sinab ko‘rildi. Biroq kuzatuvlar davomida kimyoviy yo‘l bilan tayyorlangan o‘sha malham bu kasallikni tuzatmadi, balki ko‘z gavhariga oq tushishiga sabab bo‘ldi. Bu narsa yo‘naltirilgan maxsus chiroq (slit lamp), ultratovush hamda ko‘z gavharidan akslangan ultrabinafsha nur yordamida tekshirib ko‘rildi. Bundan keyin kompyuterdagi fiziologik okulyarda 250 ming dollar to‘lab, yarim soat tajriba o‘tkazilganida uning yorug‘lik akslantirish darajasi 2 foizdan oshmadi. Lekin inson teridan tayyorlangan tomchi quyilganda 15 daqiqada 2 foizdan 60 foizga yorug‘lik darchasi ochildi. 20 daqiqada 90 foizga ziyodalashdi. 30 daqiqada 95 foizga ziyodalashdi. 60 daqiqada 99 foizga ziyodalashdi.


Savol: Bu tomchida nojo‘ya ta’sirlar kuzatildimi?

Javob: Mutlaqo. Ter tanadan ajralib chiqadigan modda bo‘lib, yuqorida aytganimizdek, uning tarkibi karbamidning tarkibi bilan deyarli bir xil. Shuning uchun bu malham konsentratsiyasini o‘n barobarga oshirib, hayvonlarda tajriba o‘tkazish lozim. Bunda malham organizmga og‘iz orqali yoki bevosita yurakning protein pardasiga kiritish orqali singdirildi. Ushbu tajribada ham nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmadi, malham jigar, buyrak, miyaga yoki qon tarkibiga umuman ta’sir ko‘rsatmadi.


Savol: Bu tajriba quyonlar ustida o‘tkazilgan ekan. Agar buni insonning fiziologik ko‘zi ustida o‘tkazilsa, nima bo‘ladi?

Javob: Bunday tajriba 250 ta ko‘ngilli ishtirokchi ustida o‘tkazilganida 90 foizdan ko‘proq kishilarning ko‘zidagi oqlik ketib, ko‘rishi avvalgi holiga qaytdi. Klinik tekshiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qolgan 10 foiz kishilarning ko‘z gavharida shaffoflik kuzatilgan, biroq ko‘z to‘rida boshqa kasallik bo‘lgani uchun ularning ko‘rishi yaxshilanmagan.


Savol: Ana shu tomchi ko‘zdagi kataraktadan boshqa ko‘z kasalliklariga shifo bo‘la oladimi?

Javob: Ha, ko‘zdagi shox pardaga ham shifo bo‘ladi. Ko‘z zaiflashganda oqlik yuzaga kelishi ana shu shox parda sirtida sodir bo‘ladi. Bu qon quyilgandagi yoki shox parda tarkibidagi proteinining tabiatida o‘zgarish bo‘lgandagi holatdir. Tajribalardan sobit bo‘ldiki, ushbu tomchini ikki hafta davomida har kuni ikki martadan quyib borilsa, ko‘rish xususiyati yaxshilanib, asl holiga qaytadi.


Savol:  Shox pardadagi oqlik avvallari qanday muolaja qilinar edi?

Javob: Avvallari o‘lgan kishining ko‘z shox pardasini ko‘chirib o‘tkazish orqali muolaja qilinar edi. Ilova qilib aytadigan bo‘lsak, bunda ko‘rish quvvati avvalgi holiga qaytmas edi.


Savol: Siz o‘zingizni qanday his qildingiz? Chunki siz butun insoniyatga Qur’on voqeligidan muolaja taqdim qildingiz. Vaholanki, ichimizdagi ba’zi kishilar dunyoviy ishlarga yoki ilmiy bahslarga Qur’onning aloqasi yo‘q deb hisoblashadi.

Javob: Men bu ishim bilan ilmning zakotini ado qildim, deb hisoblayman. Axir molning zakoti chiqarilganidek, ilmning ham zakoti chiqariladi-ku? Axir ilm insonlarning yaxshi kuniga xizmat qilishi kerak! Bundan tashqari, ushbu amaliy tajriba sababli Qur’oni karimning azamatini va ulug‘ligini yana bir bor his etdim. «Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas» (Isro surasi, 82-oyat). Shunga binoan, bu ulug‘ Kitobga qaytishni umid qilaman. Agar haqiqiy ma’noda qaytsakkina, avvalgi davrimizni qo‘lga kiritib, butun insoniyatni hidoyatga chorlay olamiz.


Savol: Bu dori bozorlarga chiqarilganida unga «Qur’oniy dori» deb ishora qilinadimi?

Javob: Ha, biz bu dorini ishlab chiqaruvchi shirkatga «Bu Qur’oniy dori», deb yozib qo‘yishni shart qilganmiz. Toki butun olam ana shu Qur’onning rostligini, dunyo va oxiratda odamlarni baxtli qilishda faol ekanini bilsin. Suhbatimiz oxirida yangi bir bahsni, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) hadisi sharifda vasf qilganlaridek, ko‘z tibbiyotidagi boshqa bir dorini taqdim etmoqchiman. Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) «Qo‘ziqorin ham bir ovqat turi bo‘lib, uning suvi ko‘z uchun shifodir», deganlar.

Inshaalloh, Allohning izni bilan mana shu bahs ham kelajakda keng qamrovli ilmlarni ochib beradi.

“Qur’on va Sunnatdagi ilmiy mo‘jizalar” kitobidan