Bugun, 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ham oila a’zolari bilan birgalikda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 162-saylov uchastkasiga tashrif buyurib, ovoz berish jarayonida qatnashdilar.
Ta’kidlash joizki, bu yilgi saylovlar har qachongidan ko‘ra faollik bilan yanada fayzli o‘tdi. Muftiy hazratlari ham oila a’zolarimiz bilan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 162-saylov uchastkasiga birga kelib, o‘zlariga ma’qul topgan nomzodlarga ovoz berdilar. Shundan so‘ng, muftiy hazratlari ushbu uchastka mas’ullari bilan suhbat qurib, mamlakatimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik va saylov jarayonlari muvaffaqiyatli o‘tishini tilab, ezgu duolar qildilar.
O‘z navbatida aytish kerakki, bu yilgi saylovlarni muvaffaqiyatli o‘tishiga ulamolar, imom-domlalar va mudarrislar ham munosib hissa qo‘shdilar. Bugungi ovoz berish jarayonlarida diniy soha xodimlari, ayniqsa, imom-xatiblar ham faol ishtirok etib, barchaga namuna bo‘lganlarini alohida qayd etish kerak.
Darhaqiqat, saylovlar oldidan deputatlikka nomzodlar dilidagi shijoat, tayyorgarlik jarayonidagi jo‘shqinlik saylovchilarni ham faollikka undadi. Saylovoldi dasturlaridagi milliylikka alohida e’tibor qaratish, yoshlar ta’lim-tarbiyasini mustahkamlash va ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish bilan bog‘liq rejalar katta ahamiyatga egadir.
Ma’lumki, oxirgi yillardagi diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar va xayrli islohotlar natijasida yangi masjid-madrasalarning ochilishi, mo‘min-musulmonlarga keng imkoniyatlar berilishi Yaratgan Parvardigorning yurtimizga bergan ulug‘ ne’matlari bo‘ldi.
Bugungi saylovlarda mo‘min-musulmonlarimizda kelajakka bo‘lgan ishonch va mamlakat taqdiriga daxldorlik hissi yanada kuchaygani yaqqol namoyon bo‘ldi.
Alloh taolo mamlakatimiz tinchligini barqaror va xalqimiz faravonligini yanada ziyoda aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiroat qilganlarida oyatlarni ajratib-ajratib o‘qirdilar” (Imom Abu Dovud, Imom Ahmad rivoyati).
Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qiroatalarini oyat-oyat qilib ajratardilar: «Alhamdu lillahi Robbil-’alamin» deb, so‘ng vaqf qilardilar, «Arrohmanir-Rohiym» deb, so‘ng vaqf qilardilar» (Imom Termiziy, Imom Hokim rivoyati).
Ya’lo ibn Mamlakdan rivoyat qilinadi: «U Ummu Salama roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning namozlari haqida so‘radi. Shunda u kishi: «Sizlar qayoqdayu, u zotning namozlari qayoqda?! U zot namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganchalk uxlar, so‘ng uxlaganlaricha namoz o‘qir, so‘ng namoz o‘qiganlaricha uxlar edilar. To tongacha shunday bo‘lar edi», dedi-da, u zotning qiroatlarini maqtay ketdi. U zotning qiroatlarini maqtay turib: «Harfma-harf, aniq-aniq o‘qirdilar», dedi» Abu Dovud, Termiziy va Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan.
Qatodadan rivoyat qilinadi: «Anasdan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari qanday edi?» deb so‘raldi. Shunda u: «Cho‘ziq edi», dedi-da, keyin «Bismillahir-Rohmanir-Rohiym»ni «Bismillah»ni cho‘zib, «Ar-Rohman»ni cho‘zib, «Ar-Rohiym»ni cho‘zib o‘qib berdi». Ya’ni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mad – cho‘ziq unli bor o‘rinlarda madni aniq cho‘zib o‘qir edilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abdulloh ibn Abu Qaysdan rivoyat qilinadi: «Men Oisha roziyallohu anhodan Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qiroatlari haqida: «U zot qiroatni ichlarida qilarmidilar yoki jahriy (oshkora) qilarmidilar?» deb so‘radim. U: «Har qaysisini ham qilardilar. U zot (qiroatni) gohida ichlarida, gohida oshkora qilardilar», dedi» (Muttafaqun alayh).
Ummu Honiydan rivoyat qilinadi: «Men tunda yopig‘im ustida turib olib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ka’ba oldidagi qiroatlarini eshitar edim» (Nasoiy va Ibn Moja rivoyat qilgan).
Jubayr ibn Mut’im roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamnig shom namozida Tur surasini o‘qiyotganlarini eshitdim. «Yoki ular, hech narsadan hech narsa yo‘q, o‘zlari yaralganlarmi?! Yoki ular yaratuvchilarmi?» oyatiga kelganda qalbim uchib ketay dedi» (Imom Buxoriy rivoyati).
Baro ibn Ozib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xuftonda «Vattiyni vaz-zaytun»ni o‘qiyotganlarini eshitdim. Biror kishidan u zotning ovozlaridan ko‘ra chiroyli ovoz eshitmaganman» Muttafaqun alayh.
Abdulloh ibn Mug‘affaldan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tuyalarida Qur’on o‘qib ketayotganlarini ko‘rdim. Fath surasini mayin qilib o‘qib ketayotgan ekanlar. Ohang qilib o‘qib ketayotgandilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Avs ibn Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kecha Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga kech qolib chiqdilar. Biz: «Yo Allohning Rasuli, kech qolib ketdingizmi?» dedik. Shunda u zot: «Qur’ondan hizbim[1] qolib ketgan edi, o‘shani tugatmasdan chiqishni istamadim», dedilar. Keyin biz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as'hoblaridan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’onni qanday hizbga ajratar edilar?» deb so‘radik. Ular: «Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta (sura) va «Mufassal» hizbi», deyishdi» (Tabaroniy va Tahoviy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD
[1] Hizb – bo‘lak degani bo‘lib, Qur’ondan har kun uchun vazifa sifatida ajratib olingan bo‘lakka nisbatan ishlatilgan. Mufassal – Qur’onning Hujurot surasidan boshlab oxirigacha bo‘lgan qismi.