Og‘ir kunlarda doimo bir-biriga yelkadosh bo‘lgan xalqimiz shu kunlarda metroning “Yunusobod” yo‘nalishida sodir bo‘lgan fojiada halok bo‘lgan hamyurtlarimiz oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta’ziya bildirishda davom etishmoqda.
Hatto qo‘shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg‘uli kunlarida sherik ekanlarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo‘lgan diniy soha xodimlari bu ishda ham ibrat bo‘lishmoqda.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida 90 ta xatmi Qur’on o‘qilib, halok bo‘lganlar ruhi poklariga bag‘shida qilindi.
Xatmi Qur’onlar yakunida Yaratgan Parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kimki mo‘min va mo‘minalar haqqiga istig‘for aytsa, Alloh unga har bir mo‘min va mo‘mina hisobida bittadan yaxshilik yozadi", deganlar.
Sharh: Agar biror (tanigan va tanimagan) mo‘min-mo‘minaning haqqiga istig‘for aytsangiz, Alloh taolo buning evaziga o‘sha mo‘min va mo‘mina nomidan sizga yaxshilik (savob) yozadi.
Alloh taolo bunday marhamat qiladi: "Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo‘minlarni hisob qilinadigan kuni mag‘firat aylagin" (Ibrohim surasi, 41-oyat).
Allohim Odam alayhissalomdan to Qiyomatga qadar keladigan jamiki mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat etgin.