Og‘ir kunlarda doimo bir-biriga yelkadosh bo‘lgan xalqimiz shu kunlarda metroning “Yunusobod” yo‘nalishida sodir bo‘lgan fojiada halok bo‘lgan hamyurtlarimiz oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirib, ta’ziya bildirishda davom etishmoqda.
Hatto qo‘shni va olis viloyatlardan ham kelib, bunday qayg‘uli kunlarida sherik ekanlarini izhor qilishmoqda. Savobli ishlarda peshqadam bo‘lgan diniy soha xodimlari bu ishda ham ibrat bo‘lishmoqda.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasalarida 90 ta xatmi Qur’on o‘qilib, halok bo‘lganlar ruhi poklariga bag‘shida qilindi.
Xatmi Qur’onlar yakunida Yaratgan Parvardigordan halok bo‘lganlarning solih amallarini o‘zlariga hamroh qilishini, gunohlarini mag‘firat etishini, yotgan joylarini jannat bog‘laridan bir bog‘ qilishini iltijo qilib so‘raldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Cavol: Namoz o‘qiyotganimda bolam ro‘molimni tortib yechib yubordi. Namozim nima bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra namozda berkilishi shart bo‘lgan a’zolardan birining to‘rtdan bir va undan ko‘p qismi uch tasbeh (Subhanalloh) aytish muddaticha ochiq tursa, namoz buziladi. Agar uch tasbeh aytish muddatiga yetmasdan, bir qo‘lda yengil harakat bilan yopib olsa, namoz buzilmaydi. Sizdagi holat ham mana shu hukmga tushadi. Bu holatda ro‘molning o‘zi tushib ketishi yoki kimningdir tushirib yuborishi o‘rtasida farq yo‘q (“Muxtasar fil fiqhil hanafiy”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.