“Qancha qolganingizni Robbingiz yaxshi bilguvchidir, shaharga biringizni ushbu pulingiz ila yuboring, nazar solib, yaxshi taomni tanlab, undan rizq keltirsin va diqqatli (mo''tadil) bo'lsin” (Kahf surasi, 19-oyat).
“Mo''tadil bo'lsin” so'zining Qur'onning qoq o'rtasida kelishi juda ajoyib holat. Mo''tadillik bu vasatiylik, o'rtabinlikning bir turidir. Bu so'z Qur'onning eng o'rtasida kelgan. Bu esa ayni vaqtda Rabboniy yo'l bo'lmish – vasatiylikning ahamiyatini belgilab beradi.
Dushmanlar bilan mo''tadil muomalada bo'lish talab qilinar ekan, mo'minlar haqida-ku gapirmasa ham bo'ladi.
Masjidga kelgan bir yigitning telefoni namoz ichida bexosdan jiringlab qolibdi, keyin namozxonlar: “Allohning uyida Unga osiylik qilyapsanmi?! Alloh seni erga yuttirishidan qo'rqmaysanmi?!” deya o'kira ketishibdi.
Haligi yigit masjiddan shu chiqqani bo'yicha qaytib qadam ham bosmabdi.
O'sha kuni bir qahvaxonaga boribdi va bir shisha idishning qopqog'ini bilmasdan erga tushirib sindirib qo'yibdi. Shunda qahvaxona egasi unga qarab: “Hijolat bo'lmang, janob! Mingta qopqoq sizdan aylansin”, debdi.
Shu kundan boshlab u qahvaxonaning doimiy mijoziga aylanibdi!
“Hushxabar beringlar, nafratlantirmanglar”. Bu Habibimiz sollallohu alayhi vasallamning nasihatlaridir.
Agar ota-onalar, er-xotinlar atroflaridagi yaqinlariga xushmuomalada bo'lsalar, ko'p muammolar o'z-o'zidan echim topadi va ko'pchilik xonadonlarni tinchlik, hamjihatlik qamrab oladi!
Odamlar o'rtasidagi aloqalar xuddi qushlarga o'xshaydi, mahkam ushlab olasangiz, o'lib qoladi, engil ushlasangiz uchib ketadi!
E'tibor bilan ushlashingiz kerak, shunda siz bilan qoladi, hech qayerga uchib ketolmaydi, o'lib ham qolmaydi.
Yumshoq so'zchalik, yoqimli tabassumchalik, samimiylik va xolislik kabi hech narsa qalblarni mahv etolmaydi.
Hazrati Umar roziyallohu anhu tunda yoqilgan gulxanni ko'rganida: “Ey yorug'lik ahli” deb nido qilgan ekanlar. “Hoy olov ahli” deyishni ma'qul ko'rmaganlar.
Bularning hamma-hammasi Alloh taoloning quyidagi oyatiga asoslanadi: “Bandalarimga aytgin, ular eng go'zal bo'lgan narsani aytsinlar. Albatta, shayton oralarini buzib turadir”(Isro surasi, 53-oyat).
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki yumshoqfe'llik bilan nasibalangan bo'lsa, yaxshilik bilan nasibalangan bo'ladi. Kim bundan mahrum bo'lsa, yaxshilikdan ham mahrum bo'ladi”.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechtasi safarga chiqishdi. Ular arab mahallalaridan biriga tushib, mehmon qilishini so‘rashdi. Mahalladagilar esa ularni mehmon qilishdan bosh tortishdi. Nogahon, ana shu mahalla oqsoqolini bir narsa chaqib oldi. Unga hamma narsani qilib ko‘rishdi, ammo foyda bermadi. Ba’zilar: «Ana u mehmonlarga boringlar-chi, shoyad, ularda biror narsa bo‘lsa?» deyishdi. Ular borib: «Ey mehmonlar jamoasi, bizning boshlig‘imizni bir narsa chaqib oldi. Hamma harakatni qilib ko‘rdik, ammo foyda bermadi. Sizlarda biror narsa bormi?» deb so‘rashdi.
Mehmonlardan bittasi: «Allohga qasamki, men dam solinadigan bir duoni bilaman. Lekin sizlardan bizni mehmon qilishingizni so‘raganimizda, rad etdinglar. Bizga bu duoning evaziga biror narsa bermasanglar, uni aytmayman», dedi. Ular bir to‘da qo‘y berishga kelishib olishdi. Shunda u sahoba «Alhamdu lillahi Robbil ’alamiyn»ni (ya’ni, Fotiha surasini) o‘qib sufladi. Oqsoqol go‘yo arqon yechilganidek harakatga keldi. Unda biror og‘riq qolmay yurib ketdi. Keyin ular kelishilgan narsani berishdi. Sahobalar: «Uni taqsimlanglar», deyishgan edi, dam solgan kishi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan bu to‘g‘rida so‘rab, bizga biror narsani buyurmagunlaricha taqsimlamanglar», dedi. Sahobalar Nabiy sollallohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bu voqeani aytib berishdi. Shunda u zot: «Sen uning (Fotiha surasining) shifo ekanini qayerdan bilding? - dedilar, so‘ngra to‘g‘ri qilibsizlar, ularni taqsimlanglar. Menga ham ulush ajratinglar», deb Nabiy sollallohu alayhi vasallam kulib qo‘ydilar».
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari.
Mana shu imom Buxoriyning rivoyatlari mukammalroqdir.
Boshqa rivoyatda esa: «Fotihani o‘qib, tufugini to‘plab suflab qo‘ydi. So‘ng haligi kishi tuzalib ketdi», deyiladi.
Imom Navaviyning «Al-Azkor» kitobidan